Tohir Malik. Savohil (II- qism) Ikkinchi qism Diydor Yoʻli Ikkinchi bob Umid yulduzi 1
Download 0.51 Mb. Pdf ko'rish
|
4 Koʻshk yoʻli bexatar boʻlsa-da, Asadullaning yurak-bagʻrini ezib yubordi. Yoʻl chetlarida urush dahshatidan darak berib turuvchi kuygan uylar, qoraygan oʻchoqlar, soʻppayib qolgan moʻrilar, yaqin-yaqin yerdagi inson mozorlari, hayvonlarning oʻlimtiklari... Goʻyo bu qumlik ulugʻ mahshargoh koʻrinadi. Mana shu kuygan uylar odamlarning baxti edi. Bu uylarga ham qaldirgʻochlar bahor keltirar edilar. Bu uylarga ham qaldirgʻochlar oz boʻlsa-da baxt, oz boʻlsa-da shodlik olib kirar edilar. Endi uylar kuygan. Endi qaldirgʻochlar yoʻq. Insonlarning notinchligi beozor qushlarni ham toʻzitgan. Qaygʻuga bandi boʻlganda koʻzga tor koʻringan bu uy baxti chechagi kulganida olam qadar keng, olam qadar goʻzal koʻrinardi. Endi bu odamlar qayda? Tirikmi ular? Yo mozoristonni makon qilganmilar? Yo ayriliqning temir tirnoqlari orasida nola chekib, bu yerlardan bosh olib ketganmilar? Bundagi qaldirgʻochlar qayda? Qay yerlarda osoyishtalik izlab charx urayotgan ekanlar? Asadulla shu oʻylar girdobida turib, oʻz uyini esladi. Oʻsha qorayib, tutayotgan uyini, supa ustini, supada jizgʻanagi chiqib yotgan xotini, unga yopishgan kenjasini esladi. Koʻz oldidagi hamma narsa ayqash-uyqash boʻlib ketdi. Xarobazorlar yerdan uzilib, vagon bilan yonma-yon chopayotganday, «menga qara, mendan koʻz yumma, meni unutma», deb nola qilayotganday boʻldi. Xarobalar «yugura-yugura» charchaganday, ortda qolib ketdi. Ana shunda... bolalari koʻrindi. Shod, chaq-chaqlab oʻynayotgan bolalari emas, kuygan azoblangan bolalari koʻrindi. Ular tinmay yugurishadi. Nimadir deb baqirishadi. Asadulla eshitmaydi. Poezd gʻildiraklarining taraq-turuqidan boshqa tovush qulogʻiga kirmaydi. Gʻildiraklar esa bir me’yorda, «Bu nimasi? Bu nimasi?», deb ovoz chiqarayotganday... Asadulla anchagacha shu tuygʻularga bandi boʻlib turdi, keyin oʻzini bosib, fikri tiniqlashgach, xayoliga satrlar quyilganini oʻzi ham sezmadi: Gullar xazon oʻlmish, tikoni qolmish, Bogʻlar barbod oʻlmish, xazoni qolmish. Zolim falak bu ellarga qahr etmish, Xonavayron, singan qozoni qolmish... Koʻpdan beri, ayniqsa, uyi yongandan beri xayoliga she’r kelmagan edi. Dahshatli manzaralar uni kutilmaganda she’rga qaytardi. Lekin bu oniy holat uni tezda tark etdi. Koʻkragidagi ogʻriq qoʻzgʻalib, koʻzlarini yumdi. Shuvalovning maslahatiga koʻra, yaxshi kunlarni, baxtli damlarni eslashga harakat qildi. Dahshatga tirik guvoh boʻlib turganingda quvonchli damlarni eslashga urinish bachkana tuyularkan. Oʻzining harakatidan oʻzi nafratlanib, koʻzini ochdi: roʻparada Zikriyo afandi koʻzini yumib yotardi. Pastki oʻrindiqda boshi bogʻloqliq Shuvalov oʻyga tolgan. Ushinskiy tirsagiga tayanib, nigohini tashqariga tikkan. «U ham xarobazordan dahshatga tushganmikin? Indamay qolgani qiziq. Axir temir emas, odam-ku, yuragiga nayza botgandir, jim ketishi shundandir. Yo boshqa sababmi? Rafiq aytgan gʻayridin shu emasmi? Shuvalov asosan shundan shubhalanyapti. Ushinskiy Karki yoʻlidan boramiz, deb turib olganidan keyin shubhasi yana ham ortdi. «Boz gardad ba asli xud hama chiz, zari sofiyu nuqrau arziz»1, deyishlari bejizmas. Mana, Said Gʻafforbek — Rafiq Irisov soʻnggi nafasi oldida asliga qaytdi-ku? Ushinskiy asl qiyofasini qachon koʻrsatadi? Agar Shuvalovning shubhasi toʻgʻri chiqsa, koʻp vaqt niqobda yurmaydi, safar oyoqlamay oʻzini oʻzi fosh etishga majbur boʻladi. Balki u dushman odami emasdir? Bu ahvolda qancha yuradi? Yurt boshiga musibat tushgunchami? Ha, bunaqalar musibatning ilk daqiqasidayoq boshqa tomonga oʻtishga mamnuniyat ila shay turishadi. Eng xavflisi ham shu — koʻzingning yogʻini yeb yuradi, suyansam suyanchigʻim,
Tohir Malik. Savohil (II- qism) 17 yopinsam yopinchigʻim, deganingda ham suyanchiqsiz, ham yopinchiqsiz qolasan. Ushinskiy lip-lip oʻtayotgan yoʻl chetidagi xarobazorga koʻzlarini tikib oʻtirgan boʻlsa-da, xayoli boshqa yoqda edi. «Mira’lamovning fe’lini bilardim, bularga qoʻshilmasligim kerak edi. Sodiqligimni koʻrsataman, deb topshiriqqa boʻysunishim — mening kaltabinligim. Sodiq odamdan qachon minnatdor boʻlishibdi? Sodiq odamning qismati bir — bevaqt sharafsiz oʻlim. Bular safiga oʻtgan edim, menga kim qoʻyuvdi sadoqatni koʻz-koʻz qilishni. Sadoqatlilarning oʻn toʻrttasi yotibdi yer tishlab. Shularni koʻrib ham aqlim kirmabdi-ya. Umuman, oʻyindan chiqishim kerak edi. Payt poylashim kerak edi. Endi kech... Manavi jandarmdan ehtiyot boʻlishim kerak. Menga kun bermaydi endi...» Shuvalov koʻzlarini yumib yotgani bilan uygʻoq edi. U Orenburgni, unda qolgan xotini, bir oʻgʻil, bir qizini oʻylardi. Oilasini Moskvaga joʻnatolmay qoldi. Oʻrtoqlari va’da berishgani bilan koʻngli notinch. Agar Dutovning odamlari sobiq jandarm Shuvalovning bolshevik ekani, hozir Turkiston ChKsida xizmat qilayotganidan xabar topishsa oilasini omon qoʻyishmaydi. U oilasini Moskvaga, undan Tulaga, otasining huzuriga joʻnatmoqchi edi. Yoʻlning xatarga toʻla ekanini bilardi, ammo oʻzga chorasi yoʻq edi. Shuvalovning ham qalbida ayriliq jafosi bor edi, shu sabab Asadullaning dardini eslasa, oilasi yodiga tushaveradi. Nazarida bolalarini ataman Dutov tiriklayin oʻtga tashlaganday boʻladi. Hozir ham xayolini shu mash’um fikr yoritdi. Seskanib, shart koʻzini ochdi. — Kuningiz xayrli boʻlsin, — dedi Ushinskiy, xuddi uning uygʻonishini poylab oʻtirganday, — yaxshi tushlar koʻrdingizmi? Shuvalov yomon xayolini haydamoqchi boʻlganday, boshini silkib, kerishdi. — Bunaqa shohona vagonda faqat shohona tush koʻriladi. Agar lozim boʻlsa, aytib berishim mumkin. — Vitaliy Sergeevich, piching qilmang. Shuvalov uning koʻziga tikilib, yovuzlik uchqunini koʻrmadi. Xayolida kutilmaganda uygʻongan gap oʻziga ma’qul kelib, soxta jilmaydi. — Piching qilayotganim yoʻq, Veniamin Samoylovich, tushimda izimizga tushgan aygʻoqchini naq peshonasidan otib tashlabman. Mening tushim hamisha oʻngidan keladi. — Aygʻoqchi? — Ushinskiy sarosimalandi. Barmoqlari yengil titradi. Buni Shuvalov ham, tepada kuzatib yotgan Asadulla ham sezdi. — Ichimizda aygʻoqchi bor ekanmi? — Kim aytdi? — dedi Shuvalov uning koʻziga tikilib. — Oʻzingiz, hozir aytdingiz-ku? — E, omon boʻling, men tushimni aytdim sizga. Shuvalov shunday deb kuldi-da, Ushinskiyning yelkasiga ohista urib qoʻyib, dahlizga chiqdi. Asadulla ularning suhbatiga aralashmadi. Koʻzini yumib yotgan Zikriyo afandi boʻlib oʻtgan suhbat tubida ogʻir tosh yashiringanini sezdi. «Oralarida ixtilof bor. Ushinskiy deganlari boshqacha odam. Shuvalovning turgan-bitgani sir. Xmarin, kiborligi demasa, bama’ni, bilimdonga oʻxshaydi. Xonimchaning sirli qarashlari, nozli kulishlari gʻalati, bu Ovrupo odamlari uchun gʻayritabiiy emas, ammo sharqliklarga hazm boʻlishi qiyin. Safarga ayolni olib nima qilardi. Shuni deb gʻalva chiqmasa edi. Ixtilofga barham bera olishmasa, oqibat nima boʻladi? Yurt ahvoli nima kechadi?» Zikriyo afandi yoʻlga chiqqanida Kobulga yetib borishni, Hindiston muvaqqat hukumati a’zolariga vakola hay’atini tanishtirishni orzu qilgan edi. Bularning ahil emasligini sezib, koʻngliga gʻulgʻula tushdi. Biri bir gʻoyani, ikkinchisi ikkinchi gʻoyani aytib tursa, hukumat a’zolari nima deyishadi? Poezd xarish boʻlgan bedavo otday sudralardi. Vagon dam-badam silkitganda chalqancha yotgan Sinelnikovaning koʻkraklari yupqa koʻylakni titratadi. Qoʻllarini bolish qilib olgan bu zebo ayol eshik oʻrniga tortilgan pardaga koʻz tikkan. Kimningdir, kim boʻlsa mayli, kirib kelishini kutadi. Avvaliga Asadullaning kirib kelishini istadi. Beva erkak ayol imosiga ilhaq boʻladi, lekin bu Mira’alamovichdan sado chiqmaydi. Shoir boʻlib sevgi haqida she’r bitmagan erkak erkakmi? Sinelnikova shuni oʻylayverib, boshi qotib ketdi. Oxiri Asadulla haqida oʻylamaslikka qaror qildi. «Bu erkak bilan zerikkan mahalda faqat adabiyot haqida suhbatlashish mumkin», deb qoʻydi. «Veniamin Samoylovich — tayyor pishgan osh. Istasam yeyman, istasam chaynab, tupurib tashlayman, istasam itlarga Tohir Malik. Savohil (II- qism) 18 beraman... Bunaqa shilta, arzon-garov odamlarni itga bergan ma’qul. Ungacha silab-siypab turish kerak. Muhojirning ishi oson. Nafasim tegsa, boshi aylanib, tiz choʻkkanini oʻzi ham bilmay qoladi. Chekist — chaqilmaydigan yongʻoq. Unga qip-yalangʻoch roʻpara boʻlsang ham, avval hujjat tekshiradi. Bunaqalardan uzoqroq yurgan ma’qul. Xmarin... O, u mening sodiq qulim boʻlishi kerak. Hozir goʻyo men sichqonu u qorni toʻq mushuk. Nima ham qilardik, mushuk janoblarining qorni ochar, keyin izimdan emaklab qolarlar...» Shundoqqina qoʻshni xonada Xmarin oyoqlarini chalishtirib yotgan holda papiros tutatardi. Siniq derazadan kirayotgan iliq shamol papiros tutunini bir onda toʻzitib, koʻzdan yoʻqotardi. «Biz ham tutunga oʻxshab qoldik, — deb oʻyladi u, — Rossiya toʻzib ketdi. Bechora Rossiya. Shunday qudratli mamlakatning parokanda boʻlishi mumkinligi gʻalati hol. Aqlga sigʻmaydigan hodisa. Tarixning qaltis xatosi. Imperator-ku, ildiziga qurt tushgan, chirib ado boʻlgan daraxt edi. Kerenskiy hukumati-chi? Nimaga anqovsiradi? Nima uchun hokimiyatni boy berib qoʻydi? Na siyosatdan, na davlat yuritishdan xabari boʻlgan odamlarning qoʻli baland kelsa?! Ushinskiy deganlarini elchixonaga farrosh qilib olmas edim. Endi menga aql oʻrgatmoqchi. Nodon! Unga faqat Shuvalov bas keladi. Har holda dvoryan dvoryan-da. Muomalasidan bilinib turibdi. Bolsheviklarga nimaga aralashib qolgan ekan bu? Yana ChKga... Mira’lamov pokiza odam ekan. Unga diplomatiyani oʻrgatmasa ham boʻladi. Sharqli ziyolilar muomalasining oʻziyoq diplomatga xos. Boshiga ogʻir kulfat tushsa ham bildirgisi kelmaydi. Bu odam loydan emas, toshdan yasalgan boʻlsa kerak. Muhojirning fe’li ham Mira’lamovga oʻxshaydi. Buning xomxayolligiga hayronman. Hindistonni Angliya changalidan tortib olib boʻlarkanmi? Hindiston — Angliyaga bir umrga berilgan ne’mat. Afgʻoniston ham uzoqqa bormaydi. Bu urinishlari avvalgi buyuk Rossiya davrida naf berardi. Bolsheviklar inglizlarga qarshi nima qila olishardi? Diplomatlar vagonining ahvoli bu. Yaxshi hamki shu vagonlarda Kobulga kirib bormaymiz. Yoʻqsa... E, Tangrim, Rossiyada nima qasding bor edi? Men nima gunoh qilgan edim. Men sargardonlikni emas, saroylarda viqor toʻkib yurishlarni umid qilib edim-ku? Yuragim kechagina toʻlgan kosa yangligʻ edi. Bugun egasiz boʻsh yotoqqa aylandi. Goho ravshan, goho xira bu olamdagi dabdabalar momaqaldiroqday oʻtkinchi ekan-da, a? Rossiyaning qudratini qaytarib ber, Tangrim. Iso Masixning jonini qaytarib bergansan-ku, uning ummatlariga ham ishonchni, qudratni qaytar...! «Xmarin xayolidan shu gaplar oʻtib beixtiyor oʻrnidan turdi-da, shoshilib choʻqinib qoʻydi. U xudojoʻy emas, choʻqingan onlari kamdan-kam boʻlardi. Hozirgi ishi bir ozdan soʻng oʻziga ham nasha qilib, achchiq kulimsiradi. «Asablarim charchabdi. Bu odamlar bilan muomala qilish uchun temir asab kerak. Yaxshi ham Valyushani yonimga oldim. Lekin... xonimning koʻz suzishlari sal boshqacha boʻlyapti. Ogohlantirib qoʻyishim kerak... «Imroʻz bukush chu metavon kusht. Otash chu baland shud jahon soʻxt»1, deganlari rost...» Xmarin shu qarorga kelib, oʻrnidan turdi. Qoʻshni vagon afgʻonlarga berilgan, Gʻulomqodir eshikka yaqin boʻlmada, uch sarboz bilan birga edi. Yuragiga gap sigʻmay, sarbozlar gurungiga qoʻshila olmagan Gʻulomqodir vagon eshigini ochib, zinaga oʻtirib oldi. Iliq shamol uni yalab-yulqay boshladi. Kemada Karki tomon yoʻlga chiqishganda u xotirjam edi. Hatto pistirmaga duch kelganda ham oʻzini yoʻqotmadi. Lekin Koʻshk — Hirot orqali Kobulga borilajagini bilib, bezovtalandi. Kobulga agar Hazora yoʻli bilan ketilsa, Choraymoqni bosib oʻtishadi. Demak oʻsha yerda... uning kuni tugaydi. Kindik qon toʻkilgan ochofat yerga endi yurak qoni toʻkiladi. Uning gunohlari behisob koʻpaydi. Ollohning marhamatiga umid yoʻq. Sersoqolni otganda koʻzi tindi. Ilgari hech bunday boʻlmagan edi. Begunoh odamni otib, Xudoning qahrini keltirdimi? Olloh shuning uchun uni Karki yoʻlidan qaytarib, Hazora yoʻliga roʻpara qildimi? Choraymoqda kimning qilichi qonsiragan ekan? Uning jonini kim olar ekan? Peshonasida shunday sharmandali oʻlim borligini bilsa, bunchalar sargardonlikka koʻnarmidi... Gʻulomqodirning yozugʻi faqat shumi?.. Shu gaplarni xayolidan oʻtkazgan sovar koʻzlarini chirt yumib, ingrab yubordi. Vagon toʻrida, alohida boʻlmaga joy qildirgan Mirza Qandilxon xayoli kemadagi voqealar bilan band edi. Buxoro amirining istagi bilan qoʻshilgan Said Gʻafforbekning xatti-harakati, halokati unga sir boʻlib qoldi. Buxoro yerida otish ochganlarga amir nomidan soʻz aytmagani bir sir, otishda oʻzini tutmay, toʻpponcha bilan tashqariga chiqib, oqibatda oʻq yeb pastga qulashi oʻn sir, «bolshevik sardor»ga gap aytgani yuz sir edi. Eng alam qiladigani — bu sirlarning birontasiga ham uning tishi oʻtmas edi. Kemadan poezdga emas, sirlar qanotidan alam qanotiga oʻtganday bezovta edi u. Tohir Malik. Savohil (II- qism) 19 ... Poezd imillab yoʻl bosadi. Vakola hay’ati, afgʻonlar, askarlar... har biri oʻz xayoli, umidi, ilinji, oʻz tashvishi, hijroni, dardini ortmoqlab Turkiston hududiga tobora yaqinlashar edi. 5 Chillaning uchinchi kuni Koʻshk ularni otash nafasi bilan qarshiladi. Qizigan tosh ustida tuxum tugul kabob pishirsa ham boʻlguli edi. Togʻu tosh tabiiy istehkom vazifasini oʻtovchi bu qadimiy tilsimot qal’aning buloqlar otilib turgan soya yerida jon saqladilar. Asadulla, Shuvalov va qal’a komendanti ichkariga kirib, Toshkent bilan bogʻlandilar. Karki yoʻlidagi voqea shundan soʻng oydin boʻldi: polkovnik Lamkard Karkini oʻrab olib, qal’ani topshirishlarini Asxobod hukumati nomidan talab qilgan, Karki yoʻlida uchragan zotni qirib tashlagan edi. — Hammasi puxta reja bilan qilingan, — dedi Shuvalov, telegraf tasmasini oʻqir ekan. — Qirgʻinni boshlashlari bilan ovullarga xabar ketgan. Turkmanlar haqiqatni anglashga ulgurmaganlar. — Oʻrtoq Shuvalov, — dedi komendant, — kecha menga gʻalati xabar yetkazdilar. Shahar atrofida qalandarlarmi, shayxlarmi, paydo boʻlib, aholini Afgʻoniston ixtiyoriga oʻtishga chorlayotgan emish. Bu yerlarni ruslar bosib olishgan, endi Afgʻonistonga deyishayotganmish. — Bugunoq ularni qoʻlga oling. — Axir ular qalandarlar... xalq norozi boʻladi. — Bizga shu qalandarlar kerak, — dedi Shuvalov qat’iy ohangda. Komendant tushunmaganday yelka qisib qoʻydi. Bu paytda yoniga sarbozlarni olib yoʻlga chiqqan Mirza Qandilxon Afgʻonistonning sarhad hokimiga roʻpara boʻldi. Yoʻldagi sarguzashtlarni bayon qilib, vakolaning Kobul sari yurmagi uchun lozim boʻlgan ot-ulov roʻyxatini berdi. Sarhad hokimi Hirot noibiga hoziroq chopar joʻnatajagini ma’lum qilib, yoʻl bosib horigan birodarlariga dasturxon tuzadi.
Inglistonning muhoribani bas qilgani haqidagi xushxabar shu dasturxon ustida aytildi. Barcha shukrlar aytib, bir-birini muborakbod etganda Gʻulomqodirning ichini mushuk tatalaganday boʻldi. Yoʻq, u xushxabardan norizo emasdi, bil’aks, yurtga omonlik musharraf etilganidan mamnun edi, ammo burchini, qasamini ado etolmaganidan, muhoribadan yiroq yerlarda oʻzga yumush bilan band ekanidan, endi qasos umidi soʻnggi nafasiga qadar armon boʻlib qolishidan afsusda edi. Umri tobora qisqarib borayotganini sezgani uchun emas, armonda koʻz yumajagini bilgani uchun figʻon chekardi. Uning nolayu figʻonlariga begona birodarlari esa ham xushxabardan, ham yurt tuprogʻiga eson-omon yetib kelganlaridan sarmast edilar... Ular qosh qorayganda yotoqlariga qaytishdi. Kechki salqinda bahri-dili yayragan Xmarin ularni koʻrib, gap qotdi: — Mirza Qandilxon, bizni tashlab Afgʻonistonga oʻzingiz joʻnavordingizmi, degan xavotirda edim. Mirza Qandilxon tabiatan hazilga tobi toqati yoʻqroq edi. Ustiga-ustak noʻnoq hazil bilan qarshilanib, dami ichiga tushib ketdi. Yomon gap aytib yuborib, baloga qolmay, deb tilini tishladi. Xmarin esa buning holatini tushunmay: «Gʻalati kishi ekan-ku», deb hayron boʻldi. Yoʻl azobi kuchini koʻrsatdi, tong beozorgina, jimgina bostirib kirib, qushlarni uygʻotdi, ammo ularni uygʻotmadi. Shuvalovning buyrugʻini bajarib, qalandarni boshlab kelgan komendant ularni uygʻotgisi kelmay, buloq boʻyida anchagacha oʻtirdi. Birinchi boʻlib Xmarin uygʻondi. Yarim-yalangʻoch holda yuvingani chiqqan elchi daraxtga suyanib, oyoqlarini bahuzur uzatib oʻtirgan qalandarni, undan sal narida miltiq ushlagan askarni koʻrib, ajablandi. — Kim bu? — deb soʻradi komendantdan. — Qalandar... Teskari tashviqot bilan shugʻullanayotgan ekan. — Qiziq... qiziq... — dedi Xmarin, — qalandarlar ham siyosatchi boʻlib ketishibdimi? Bu yerga nima uchun olib keldingiz? — Buyurilgan, — dedi komendant, gapni qisqa qilib. — Qiziq... qiziq diplomatlarning ham ishi oʻzgarib ketgan shekilli?
Tohir Malik. Savohil (II- qism) 20 — Xmarin shunday deb uy tomon qarab baqirdi: — Vitaliy Sergeevich, sizni kutishyapti! Xmarin yuvinib olgunicha ichkaridan boshqalar ham chiqib, qalandar suyanib oʻtirgan chinor oldida toʻplanishdi. — Mira’lamovich, soʻrab koʻr-chi, turkmanlarni nimaga avrashyapti ekan? Asadulla tarjima qildi. — Afgʻoniston muhoribadan aziyat chekyapti, yovqur sarbozlar kerak. Turkman birodarlarimizning koʻmagiga muhtojmiz, — dedi qalandar. — Yerlariga-chi? Yerlariga muhtoj emasmisizlar?— dedi Asadulla. Qalandar yelka qisib qoʻydi, ammo javob bermadi. — Menga qarang, — dedi Xmarin qalandarga, — qachondan beri askar toʻplash qalandarlarga qolgan? — Biz pirimizning istaklarini bajo keltiryapmiz. — Piringiz kim? Qalandar oʻylab oʻtirmay, kallasiga kelgan nomni aytdi. — Urush tugagandan keyin askar toʻplashi qiziq bularning, — dedi komendant. — Ha. Bularning maqsadi faqat askar toʻplash emas... — dedi Shuvalov. oʻychan holda. — Nikolay Zaxarovich, buni eslab qoling. Bularning boshqa da’vosi borga oʻxshaydi. — Bu tabiiy, azizim, — dedi Xmarin. — Ikki qoʻshni mamlakat aloqa oʻrnatayotganda albatta chegara masalasi koʻtariladi. — Chegara masalasi? — dedi Ushinskiy hayron boʻlib. — Biz afgʻonlarning yeriga da’vo qilmaymiz. — Bunaqa narsalarni yoʻlga chiqmay oʻrganish kerak edi, azizim Veniamin Samoylovich, — dedi Xmarin. — Diplomatik aloqa oʻrnatish oson emas. Amirning maslahatchilari uni turli maqomga solishlari mumkin. Bunaqa gaplarga shay turishimiz lozim. Karki yoʻlini toʻsganlar amir bilan doʻst tutinishimizga osonlikcha koʻna qolishmas. Ularning bir nayrangi, mana, oydin boʻlib turibdi. Ular daryoning bu betini soʻrashsa kerak. «Ahvolimiz tang, xalq och, unumli yerlarga muhtojmiz» deydi, u deydi, bu deydi, xullas, ming bahona roʻkach qilishadi. Bu qalandaringiz shunga poydevor hozirlayapti, ishonavering. Diplomatiya tarixida bunaqa oʻyinlar koʻp boʻlgan. — Buni nima qilamiz unda? — dedi Shuvalov ikkilanib. — Nimaga tuttirdingiz? Soʻroq qilish uchunmi? Soʻroq qiling. — Nimani soʻrayman, ma’lum-ku? — Ma’lum emas, azizim, bu odamga yaxshiroq qarang: qalandarga oʻxshamaydi. Jandani yaqinda kiygan. Yuzlariga qarang: oftobda kuymagan. Bu oyoqlar koʻp piyoda yurmagan. Qalandarlarni bilmas ekansiz. — Qaydan bilaman... Rahmat sizga, Nikolay Zaxarovich... Mira’lamovich, unga tarjima qil: toʻgʻrisini aytsa aytsin. Nimaga yuborilganini bilamiz. U bilan pachakilashib oʻtirmaymiz, harbiy holat qonuniga koʻra shu yerda otib tashlaymiz. Asadulla tarjima qildi. Shuvalov toʻpponchani gʻilofdan chiqardi. — Bunday qila koʻrmang, — dedi Ushinskiy. — Jim boʻling, — dedi Shuvalov zarda bilan, keyin bir-ikki qadam oldinga bosdi. Qalandar birpas javdirab turdi-da, soʻng ikki qoʻlini koʻtarib, tiz choʻkib, jonholatda gapira boshladi. Shuvalovning tavakkal bilan yuritgan ishi kutilgan samara berdi. — Pirining nomini aytdi: kobullik Qodir ogʻa hazrat ekan, — dedi Asadulla. — Yaxshi. Pirining oldiga biz bilan birga boradi. Soʻrab koʻr-chi, bu amirning farmoni emasmikin? Bu savolga javoban qalandar bosh chayqadi. — Komendant, ketgunimizcha qamab qoʻying. Boshingiz bilan javob berasiz. Mira’lamovich, sen afgʻonlar bilan gaplashib koʻr-chi, bu pirning saroyda mavqei bormikin? Komendant bilan askar qalandarni olib ketdilar. Xuddi Neva sohillarida sayr qilish uchun otlanganday kiyinib olgan Sinelnikova ularga yaqinlashib, nozli ohangda dedi:
— Sirli majlisingiz sizlarga ovqat oʻrnida oʻtar, ammo men nonushtani afzal koʻraman. Veniamin Samoylovich, siz-chi? Tohir Malik. Savohil (II- qism) 21 Bu savoldan Xmarinning gʻashi kelib, teskari qarab oldi. Aytgan edi-ya, bu xonimchaga, erkaklarga suykalma deb, yo atayin gʻashiga tegyaptimi? Ushinskiy Sinelnikovaning savoliga javobni hayallatmadi. — Ha, oʻrtoqlar, xonimning tanbehlari oʻrinli, — u shunday deb oldinga tushdi. Sinelnikova uni qoʻltiqlab oldi. — Ertalabdan nima gʻalva, Veniamin Samoylovich, bir ta’viya oʻtiruvdi anavi yerda, birovni oʻldirmoqchi ekanmi? — E, yoʻq, shunchaki bir qalandar. Pirining gapiga kirib bu yerlar Afgʻonistonga oʻtishi kerak, deb tashviqot qilib yurgan ekan. — Shunga shunchami, endi uni otsalar kerak, a? — Yoʻq, Valentina Nikolaevna, biz bilan birga ketar ekan. — Shu yetmay turuvdi. — Siz aziyat chekmang, afgʻonlarga qoʻshib qoʻyamiz. Oʻzlari olib borishadi. — Veniamin Samoylovich, sut ichganimiz yoʻgʻ-a? Sinelnikova shunday deb gapni ustalik bilan chalgʻitib yubordi. Ushinskiy izma-iz kelayotgan Xmarin koʻzidagi gʻazabdan bexabar, Sinelnikovaning iyib qolganidan oʻzida yoʻq xursand edi... Koʻshk ularni ipsiz bogʻladi. Ular Hirotdan darak, nafaqat darak, ot-ulov yetib kelgunga qadar kutishga mahkum edilar. Kutish hammadan ham Xmarinni ezib yubordi. U kotibasining qiliqlaridan xavotirga tushdi. Nazarida bu dunyoni alanga olib boʻlgan, endi oʻchirish amrimahol edi. Xmarin oxirgi chorani qoʻllab, «Toshkentga qaytarib yuboraman», deb poʻpisa qilgach, Sinelnikova picha insofga kirdi. Shunda ham Xmarinning koʻngli tinchimadi. Ipsiz bogʻlanishning uchinchi kuni, oqshom mahalida ularning qarorgohiga oʻnga yaqin ruslar kirib kelib, baravariga ta’zim qilishdi. — Kelinglar, mehmonlar, — dedi Xmarin ularga peshvoz chiqib. Koʻnglidan esa, «mujiklarning shunday ta’zim qilishi qanday yaxshi», degan gap oʻtdi. — Biz shu yerlik dehqonlarmiz, janob, — dedi qoruvli, tepakal odam. — Bilishimcha, afgʻon amirining vakili bor emish.
— Ha, bor, nima edi? — Arz bilan keldik. — Nima, siz Afgʻoniston yerida yashaysizmi? — Yoʻq, janob, lekin afgʻonlarga arzimiz bor. Mirza Qandilxon chinor yonidagi supaga toʻshalgan koʻrpachada yonboshlab, chilimni gʻurillatib tutatardi. Xmarin uni koʻrsatdi. — Amirning vakili oʻsha odam. Sizlarga... tarjimon kerakdir? — Yoʻq, janob, minnatdormiz sizdan, biz forsiyda gaplashaveramiz. Umrimiz shu yerlarda oʻtyapti, tilini oʻrganib olganmiz. Dehqonlar supaga yaqinlashib, Mirza Qandilxonga egilib ta’zim qildilar. Xmarin qiziqib, ular ortidan bordi. — Sardor, — dedi qoruvli, tepakal dehqon, — sizga arzimiz bor. — Mengami? — Mirza Qandilxon ajablanib, Xmaringa qaradi. — Sizga, sardor, — dedi mehmon, — arzimiz shuki, Afgʻonistondan qaroqchi bosyapti. Jamshidiy degan bir qabila bor ekan. Ular bu tuproqqa oʻtib, mollarimizni afgʻon tuprogʻiga haydab, shuyla oʻgʻirlik ila kasbi maishat qilyaptilar. — Jamshidiylarmi? Kim aytdi sizga? — Birovini tutdik. — Qani u? — Jamshidiylarni insofga keltirishga va’da bersangiz, uni sizga topshiramiz, yoʻqsa, oʻzimiz chorasini koʻramiz. — Men sarhad hokimiga, undan oʻtib, Hirot noibi ul hukumasiga arzingizni aytaman. Siz tutgan odamni noibga yetkazaman. Ikki dehqon toʻpdan ayrilib, dam oʻtmay aftlari momataloq boʻlib ketgan bir qoʻlli odamni boshlab kelishdi. Tohir Malik. Savohil (II- qism) 22 — Yurtni sarafkanda qilyapsanmi, qoʻling chopilgani kam edimi, mal’un, endi boshing ketgay! — Mirza Qandilxon shunday deb gunohkorni tepdi. Bir qoʻllik odam chekindi-da, oʻzini oʻnglay olmay, gursillab yiqildi, anchagacha oʻziga kelolmadi. — Gʻulomqodir! — deb qichqirdi Mirza Qandilxon, joyiga qaytar ekan, — Oyoq-qoʻlini bogʻla, Hirotga eltgaymiz. «Safimiz ikki kishiga koʻpayibdi-da», deb koʻnglidan oʻtkazdi Xmarin. Kechki ovqatdan soʻng, choyxoʻrlik qilib oʻtirishganda Xmarin daf’atan Mirza Qandilxonga gap otib qoldi. — Soʻzlaringiz e’tibori bormi oʻzi, uch kundan beri tiriklay mixladingiz-ku, yo amirning oʻzi bunga kelmoqchimi? Mirza Qandilxonning piyola oʻshlagan qoʻli bir zum muallaq qoldi. Oʻzicha bir nima deb gʻoʻldiradi, biroq soʻz aytmadi. Piyolani doʻq etib dasturxon ustiga qoʻydi-da, oʻrnidan turib ketdi. Ushinskiy bilan Shuvalov ular orasida nima gap oʻtganini tushunishmadi. Shu sababli Asadulla Xmaringa forschalab dedi: — Nikolay Zaxarovich, oʻrinsiz ta’na qildingiz. Axir afgʻonlar bizni bu yerda kutishmagan-ku? Hirotga temir yoʻl boʻlsaykan, poezdga chiqib ketaversak. Uch-toʻrt kishi boʻlsak ekan, uch-toʻrt ot bilan yoʻlga tushsak. Xabar borib, to ot-ulov hozirlanguncha chidaymiz-da. Shuni boshqalar aytsa ham siz aytmasligingiz lozim edi. Siz bu yerlarning sharoitini yaxshi bilasiz. — Men hazillashmoqchi edim. — Hazilingiz qoʻpolroq chiqdi. Uzr soʻrasangiz chakki boʻlmas. — Menmi? — Xmarin hayratlandi. Keyin bir oz hovurdan tushdi. — Yaxshi... — Nima boʻldi oʻzi? — dedi Shuvalov, Xmarin oʻrnidan turib ketgach. — Shunchaki... — dedi Asadulla, — shaxsiy gap bu. Nonushtada Mirza Qandilxon koʻrinmadi. Garchi Xmarin uzr soʻragan boʻlsa-da, shomda aytilgan gap kechasi bilan unga tinchlik bermay, tong-sahar uygʻotib, sarhad hokimiga yetakladi. Peshinga yaqin ancha chiroyi ochilgan holda keldi. — Marhamatli sohib, — dedi u Xmaringa yengil qulluq qilib. — Afgʻoniston tufrogʻi sizlarning poyi qadamlaringizga mahtal. Hirotdan minmagingiz uchun sara otlar, yoʻlda tikmak uchun hayma1, har xil asbob-taomlarni yuklab ketmoqgʻa ulov, sizlarni aziz jonlaringizni muhofaza etib ketmoqgʻa oz boʻlgʻonda ellik askar yoʻlga chiqib, kechi bilan ertaga Koʻshkda boʻlur2. Daryodagi azoblar, majruh vagonlardagi safardan soʻng otda yoʻlga chiqish koʻpchilikka surur boʻlib koʻrindi. Mirza Qandilxon aytganday, ot-ulov ertasiga peshinda yetib keldi. Bu hashamni koʻrib, boshqalar u yoqda tursin, diplomatiya dabdabalaridan boxabar Xmarin ham hayratga tushdi. «Bunaqa shohona safar tushimga ham kirmagan edi», dedi u Asadullaga. «Shundan bilingki, bizga ilhaq ular», dedi Asadulla.
Download 0.51 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling