Tohir Malik. Savohil (II- qism) Ikkinchi qism Diydor Yoʻli Ikkinchi bob Umid yulduzi 1
Download 0.51 Mb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- Uchinchi bob - tahlikali kunlar 1
Tohir Malik. Savohil (II- qism) 1
Ikkinchi qism - Diydor Yoʻli Ikkinchi bob - Umid yulduzi 1 Lord Chelmsford Vaziristondan kelgan xabardan butunlay gangib qoldi. Oʻtgan kuni shimoli-gʻarb chegara viloyatidan olingan noma qabila boshliqlarini hech qanday pulga sotib olish mumkin emasligini bildirgan edi. «Bu — Shimoliy Hindistondagi ahvol chatoq, degan gap, — deb oʻyladi Chelmsford. — Bosh shtabning bugungi axboroti esa Kobulning hali-beri taslim boʻlmasligini aniq qilib qoʻydi. General Nodirxonning qoʻshini oʻtgan haftada Sulaymontogʻda gʻoyib boʻlgan edi. Tal shahri ostonasida qoʻqqis chiqib qolgani nimasi? Yana zambaraklari bilan! Bosh shtabning xabariga ishonsam, afgʻonlar xaritada belgilanmagan yoʻllar bilan kelishgan. Bu qanaqasi?! Xaritada belgilanmagan yoʻllar yana bordir balki. Ularning biri Simlaga — Bosh shtabga olib kelmaydimi? Yana biri Dehliga boshlar...» Chelmsford bosh shtabdan kelgan nomani yirtib tashladi. Qoʻngʻiroq tugmasini bosib, Gamilton Grantni chaqirtirdi. Oʻn yettinchi yilning adogʻida Chelmsford Londondan telegramma olgan edi: «Biz bolsheviklarning gʻoyat xavfli varaqasidan xabar topdik. Rus hukumatining Rossiya va Sharq musulmonlariga, ayniqsa, Eron va Hindiston xalqlariga murojaati bizni xavotirga soldi. U mumkin qadar uzoq vaqt qoʻl ostimizdagi xalqlar uchun sir tutulmogʻi shart». Oradan koʻp oʻtmay noib-qirol oʻsha «gʻoyat xavfli varaqa» bilan ham tanishdi: «Endi jim turmoq mumkin emas. Vaqtni boy bermay, mutelik zanjiridan qutulingiz, mustabidlarni mahv etingiz. Tabarruk tuproqlaringizning zolimlar oyogʻi ostida toptalishiga yoʻl qoʻymangiz! Oʻz yurtingizga oʻzingiz egalik qilingiz! Oʻz xohishingizga koʻra hayot kechirishga haqqingiz bor. Taqdiringiz oʻz qoʻlingizda!..» Lord Chelmsford hozir shuni esladi. Aniqrogʻi, bu xavfli chaqiriqlarni hali unutganicha yoʻq. Hindistonning qaerida gʻalayon koʻtarilsa bot-bot eslaydi. Mayda gʻalayonlar tobora yiriklashib, mana endi subsidiyaga qanoat qilayotgan «chivinday mamlakat» katta gʻavgʻolar boshladi. Bu oxir-oqibat Chelmsfordni Hindistonda qolish yo qolmasligiga ta’sir oʻtkazmasa edi. «Qay masalani hal etishda yanglishdim? Habibulloxonni oʻldirilishidami? Bolsheviklarning varaqalari bu yerga qanday yetib keldi?» Chelmsford notinchlik boisini xalqning toʻlib-toshgan sabr-kosasidan izlamas edi. Zero, ezilgan fuqaroning dardi unga begona, mazlumning nolasi esa tushunuksiz edi. Shuning uchun ham u vaziyatga toʻgʻri baho berish qudratidan mahrum edi. Gamilton Grant kirib kelganda ham u hali xayollar domida edi. — Oradan oy oʻtyapti, — dedi noib-qirol, unga bir qarab olib. — Bir haftalik urush deb ishontirgan edinglar. Gamiltonning tili gapga kelmay, yelka qisdi. — General Yustesning holi tang. Talni ushlab qololmaydiganga oʻxshaydi. — Toʻxtatish kerak. — Kimni, afgʻonlarnimi? — dedi Chelmsford ovozini balandlatib. — Urushni... urushni toʻxtatish kerak. Chelmsford odamni tahlikaga solishi mumkin boʻlgan oʻtkir nigohini Gamiltonga qadadi. — Keyin-chi? — Afgʻonlarning oʻylab koʻrishiga fursat beramiz. Bizning yordamimizsiz ular uzoqqa borisholmaydi. — Rossiyaning yordami-chi? — Rossiya yordam berish qudratiga ega boʻlguncha mamlakatning sillasi quriydi. Omonulloxon tavbasiga tayanadi. Shu urushning oʻziyoq uni nochor ahvolga solib qoʻydi. Ma’lumotlarga qaraganda saroydagi ayrim qimmatbaho mollar sotilgan. Ruhoniylar urushdan norozi. Bu katta gap. Buxoro amiri bu tentak Omonulloxonga ta’sirini oʻtkaza oladi, deb oʻylayman. Buxoro Qizil Turkistonga urush ochishi bilan Afgʻoniston oʻz-oʻzidan jihodga qoʻshiladi. Tohir Malik. Savohil (II- qism) 2 Turkiston yerlari hisobiga mulkni kengaytirishdan qaytadigan amir hali dunyoga kelmagan. Hatto Habibulloxon ham shunaqa umidda edi. — Yanglishmasam, Habibulloxonning Hindistonga ham ishtahasi bor edi, a? — Habibulloxon ahmoq, xomxayol edi. — Gamilton, bas qiling, — dedi Chelmsford jahl bilan, — bu safsata, bu xom rejalarga hatto oʻzingiz ham ishonmaysiz. Toshkentdan yangilik bormi? — Bor, ser. Omonulloxonning elchilari Toshkentda toʻxtab qolganlar. Toshkent — Moskva yoʻli berk... Lekin... Moskva Leninning Omonulloxonga javob maktubini ochiq matn bilan Toshkentga bergan. Kobulga qanday yetkazilishi sir. — Ruslarning elchisi-chi? — Yoʻlga chiqishgan. Elchi — Xmarin. Eronda bir tasodif bilan omon qolgan edi. — Ana, koʻrdingizmi? Eronda tasodif bilan omon qolgan. Bir tasodif bilan yoʻlga chiqdi. Yana bir tasodif bilan Kobulga yetib keladi. Keyin qarabsizki, diplomatik aloqa oʻrnatilib, shartnomalar imzolanib turibdi! — Ser, ular hali Kobulga yetib kelishgani yoʻq. Biz hammasini aniq rejalashtirganmiz. — Gamilton, ular chegaradan oʻtgan kuni bu yerdan qorangiz oʻchadi. Gamilton bosh egdi. — Xotirjam boʻling, ser, biz hali siz bilan birga koʻp ishlaymiz. Chelmsford uning bu surbetligidan gʻashi kelib, «boring», deganday qoʻl siltadi. Gamilton yengil ta’zim qilib chiqib ketdi.
Oʻsha kuni Chelmsford Bosh shtabga buyruq joʻnatdi. Bir oy davom etgan urush Buyuk Britaniya uchun samarasiz barham topdi. 2 Tashvishni botmonlab bergan, fursati kelganda shodlikni ham qoʻsha-qoʻsha berarkan. Bir oy mobaynida yurtni bosib turgan rutubat koʻtarilib, hech kutilmaganda quyosh koʻrindi. Bomdoddan soʻng boqqa chiqqan Omonulloxonning koʻngli ravshan tortdi. Nazarida Kobulda hech mahal bugungiday beozor tong otmagan edi. Osmon tiniqligi shu bugungiday bokira, qushlar chugʻuri shu bugungiday serjarang, barglar shiviri shu bugungiday huzurbaxsh boʻlmagan edi. Bu tong unga uzoq xastalikdan forigʻ boʻlib, koʻzi charaqlab ochilgan kishi quvonchini nasib etdi. Avval sardor Nodirxonning sarhadni kechib oʻtib, inglislarni gʻaflatda bosgani haqidagi xabardan koʻngli yoz boʻldi. Otasining oʻlimida uning ham aybi muqarrar deb bir necha kun hibsda ushlab turganiga, sardor salorlik unvonidan mahrum qilganiga pushaymon yedi. Vaqtida insof berib, sardorni ozod etgani, unga qanot qoʻshinni ishonib topshirganidan bir nav quvonib, Xalloqi olamga shukrlar aytdi. Kecha oqshom esa barqi ibtilo1 barham topgani, inglislar muhoribani bas qilgani haqidagi xushxabar bagʻri-dilini yoritib yubordi. Qorongʻilik elchisi boʻlmish oqshom yurtning quyoshli kunlari boshlangani haqida xabar keltirdi. «Jannatmakon padarim to soʻnggi nafasiga qadar jur’at qilolmadi. Hazor-hazor lashkari boʻlgani bilan inglisning ahvoli bu ekan. Bir oylik zarbamizdan hayiqdi. Buyuk Afgʻonistonning ozodligiga endi kim shak keltira oladi? Hech kim!» Amir xayoliga kelgan bu gapdan kulimsirab qoʻydi. Orqa tomonda oyoq sharpasi kelib, amir shart oʻgirildi. — Amir sohib, xushxabar oldik, — dedi Tarzi unga yaqinlashib. — Lashkarimiz Simlaga yetibdimi? — dedi amir hazil ohangida. — Bundan ham a’lo xushxabar, amir sohib. Oʻrusiya poytaxtidan javobnoma yetib keldi. — Tarzi shunday deb qoʻlidagi qogʻozni uzatdi. — Oʻqing, — dedi amir nomani qoʻliga olmay. Tarzi burniga koʻzoynagini qoʻndirib, oʻqishga tutindi: «Afgʻoniston amiri amir Omonulloxonga. Ozod va mustaqil afgʻon millati nomidan rus xalqiga salom yoʻllab yozilgan hamda siz, hazrat oliylarining taxtga
Tohir Malik. Savohil (II- qism) 3 oʻtirganingiz xabar qilingan ilk maktubni olib, ishchi-dehqon hukumati va butun rus xalqi nomidan oʻz ozodligini xorijiy mustabidlardan qahramonona himoya etgan mustaqil afgʻon xalqiga shoshilinch javob salomini yoʻllaymiz. Siz, hazrat oliylarini, 1919 yil 21 fevralda taxtga oʻtiruvingiz munosabati ila muborakbod etamiz... ... Mazkur salomnomani afgʻon xalqiga yoʻllar ekanmiz, oʻzimizni behad baxtli hisoblab, siz hazrat oliylaridan xalqingiz doʻstlarining doʻstona ta’zimini qabul qilishingizni soʻraymiz. Moskva shahrida 1919 yilning 27 may kuni yozildi». Tarzi qogʻozdan koʻzini olib, amirga qaradi. Omonulloxonning nigohi uzoqqa, poytaxt etagi borib tutashgan ufqda edi. U eshitganlarini bir-bir xayolida takrorlab, mushohadaga berildi. Tarzi undan sado chiqishini ancha kutdi. — Shoʻravi Rusi bizga bagʻrini samimiy tarzda ochgani rost boʻlsa, endi bu yurt orqali Ovruponing barcha yerlariga boruvimiz mumkin. Mustaqil Afgʻoniston yoʻllari ochildi. Amir Rossiyaning gʻarbidagi davlatlar bilan hali-beri til topisha olmasligini hozir, shu topda xayoliga keltira olmas edi. Uning fikricha, Afgʻonistonning yagona dushmani — Ingliston, qolgan mamlakatlar esa ular bilan bajonidil doʻst tutinadilar. Omonulloxon achchiq haqiqat bilan keyinroq, yil oyoqlaganda, RSFSR Tashqi ishlar xalq noziri Chicherindan noma olib, gʻarbdagi mamlakatlar Muhammad Valixonning safariga monelik bildirganlaridan xabar topganida yuzma-yuz keladi. Hozir esa bu noxushliklardan ancha berida, dastlabki quvonchli xabar ogʻushida nekbin rejalar tuzadi. — Xushxabar faqat shugina emas, amir sohib. Chopara muxtor vazirimizning Toshkentga yetganini ham xabar qildi. Toshkentda Kobulga qarab Shoʻravi Rusi vakolasining yoʻlga chiqishiga harakat bor emish. — Nur alan-nur. Shimoldagi noiblarga farmon joʻnating, saforat ishlari bilan kelmish Shoʻravi Rusi a’yonlariga afgʻon xalqining eng aziz mehmonlari qatorida izzat koʻrsatilsin. Ziyon-zahmatsiz yetib keluvlari uchun javobgardir ular.
Amir bir-ikki qadam yurib, yana toʻxtadi. — Padarim Oʻrusiyaning niyatini bilmoq istagida edi, — dedi oʻychan ohangda. — Arqonni uzun tashladi, behad uzun tashlab yubordi. Bu faqat Inglistonga naf berdi, katta naf berdi. Endi nadomatdan ne foyda? Kamolni oʻylamoq vaqti yetdi. Endi tijorat ishlarini yoʻlga qoʻymoqni mulohaza qilish darkor. Ovrupo bilan boʻlajak tijorat ishlarini afgʻon savdogarlari qoʻliga bermoq lozim. Ibriylar, tojiklar, oʻzbeklar tijoratda afgʻonlarni siqib qoʻyishlari barham topmogʻi shart. Afgʻon tijorat ahli bunga qodirmi? — Shak-shubhasiz, «Semmar» tijorat jamiyati — qand, quruq meva boʻyicha, «Omonie» — teri, «Birodaroni afgʻon» attorlik, gazmol boʻyicha mustaqil ish yuritishlari mumkin. — Bu kifoya emas. Bu bahr yuziga tomgan shabnam, xolos. Yaxshi qoʻshniga ega boʻlgan yurt bunga kifoya qila olmaydi.
Amir shunday deb bogʻdan chiqdi. Ikkinchi qavatga koʻtarilib, mukammal bejalgan serbar xonasiga kirdi-da, yumshoq oʻrindiqqa oʻtirib, qaynotasiga yonidan joy koʻrsatdi. — Olloh koʻnglimga yaxshi niyat soldi, — dedi. — Muborak boʻlsin, - dedi Tarzi. — Mustaqilligimiz hamda muhoribadagi gʻalabamiz sharafiga yangi dorulsaltanat bino qilamiz. Unga... Dorul Omon deb nom beramiz. Bu istagimizni «Siroj ul axbor»ingiz orqali fuqaroga yetkazing. Darvoqe, — amir kursi ustidagi gazetani qoʻliga oldi, — qoʻshiqlar beribsiz, oʻzingiz yozganmisiz? Amir javob kutmay oʻqidi: Inglislar uylarimiz xonavayron ayladi, Yulduz misol tillo sochib, tangu sarson ayladi. Niyati qul qilmoq erdi, bizni hayron ayladi, Qon qusgan yurt boʻldi doʻzax, ani makon ayladi. — Durust aytilgan. Doʻzaxni makon aylaganlari rost. — Amir sohib, bu qoʻshiq fuqaro ogʻzida yuribdi, men toʻqiganim yoʻq. Shoʻrbozorda eshitib, yozib olib, menga keltirdilar. — Dono odam toʻqibdi. Nomi ma’lum boʻlganda zarga oʻrar edim. Tohir Malik. Savohil (II- qism) 4 — Bu qoʻshiq qalbning mahsuli. Bu qalb zarga emas, ozodlikka muhtoj edi, yetishdi. Unga bundan ulugʻ mukofot darkor emas. — Shoʻrbozorda shunday qoʻshiqlar aytilar ekan, yurt osoyishtaligidan koʻnglim toʻq, — dedi amir shodligini yashirmay. — Koʻngiltoʻqlikka hali fursat bor. Qoʻshiqlarni eshitmay, deb quloqlarini berkitib oladiganlar hisobsiz hali. — Biz bu quloqlarga qoʻrgʻoshin quyamiz. Bunga qudratimiz yetadi, ha!
Qodir ogʻa hazrat koʻzlarini yumdi. «Bu qanday baloligʻ boʻldi? Inglistondek ulugʻ qudrat muhoribani nechun bas qildi. Yarashni Omonulloxon taklif etmagi oʻrniga, ular past keldilar. Omonulloxonni endi tizginlab boʻlar ekanmi? Oʻrusiya vakolasi Kobulga yetib kelgan taqdirda bu shakkok zinhor-bazinhor jihodga koʻtarilmaydi...» Qodir ogʻa hazrat xayoliga kelgan bu fikrdan oʻzi ham seskanib ketdi. Beixtiyor qarsak chaldi. Eshik ogʻzida oʻspirin koʻrindi. — Davot-qalam keltir, — dedi hazrat. Oʻspirin aytilganni muhayyo qilib chiqib ketgach, hazrat xat bita boshladi: «Bismillohir ar-rahmonir ar-rohiym... Mazori Sharifning noibi Vazir Adali hazrat noibga duoyi salom. Ulugʻ Afgʻonistonimizning aziz boshiga yogʻilayotgan kulfatlar, yogʻilajak musibatlar munosabati ila sizga murojaat qilmakni lozim topdim. Omonulloxonning taxtga oʻtiruvidan norizo ekaningizdan benihoya quvondim, bu shijoatingiz va donoligingiz evaziga Ollohning marhamatiga erishgaysiz. Omonulloxonning aldangan sarbozlar qudrati ila taxtga erishgani Yaratganga maqbul kelmaydi. Halloq oʻziga maqbul moʻminga lozim koʻradi taxtni. Shukrkim, yurtning asl amiri Nasrulloxon, amirzoda Inoyatulloxon sihatiga ziyon-zahmat yetmadi. Ularning joni saqlab qolingan ekan, taxtning ham qaytarib beriluvi muqarrardir. Taxt ularga ravo koʻrilmagan taqdirda, sizdek musulmonsheva va xiradpeshalar borki, yurt amirsiz qolmas.
Tohir Malik. Savohil (II- qism) 5 Alqissa, xudodot yurtimiz taqdiriga kuyinmoq vaqti yetdi. Inglistonning muhoribani bas qilgʻoni yurtga kamol bermas, bil’aks, musibatlarga roʻbaru qilar. Shul bois, Omonulloxon Ingliston hukumatiga uzrnoma bitishi joizdirki, uning bunday qiluviga ishonchim yoʻq. Amir Oʻrusiya ila doʻstlashmoqda, alar koʻmagiga umidvor. Bu umid iplarini qirqa olsak, Ingliston marhamatiga erishamiz, bu demak, Turkiston yerlari hisobiga Afgʻoniston mulki kengayib, qudratiga qudrat qoʻshilgusi, Amir nomasining Mazori Sharif orqali Tirmizga yetkazuvlari sizdan oʻtgan xatolikdir. Siz bunga yoʻl bermasligingiz lozim edi. Menga yetib kelgan axbor Oʻrusiya elchilarining yoʻlga hozirlanayotganlarini ma’lum qildi. Vakola zinhor Mazori Sharifga kirmasligi darkor. Oʻrusiya vakolasidan ilgari tuprogʻimizga Toshkanddin tabarruk zot qadam qoʻyadi. Sizning qanotingizdagi yana bir oliy zot hamrohligida u Mazori Sharifda uzoq qolmay, shoshqich Kobulga yetib keluvi shart. Sizning xizmatingiz, Yaratganning inoyati ila, inshoolloh, shunday boʻlajak. Shuning bilan birgalikda, ishonchli mulozimlaringizni daryoning u qirgʻogʻiga joʻnating, ular Oʻrusiyaning zulmi, Afgʻonistonning muruvvati haqida gap yoysinlar. Avomni bunga ishontira olsak, u yerlarni Afgʻoniston mulkiga qoʻshmoq oson kechadi. Siz bilan xudodot yurtimizning omonli kunlarida diydor koʻrishmak nasib etishini Ollohdan iltijo etib, duoyi joningiz qilib qoluvchi piringiz...» Qodir ogʻa hazrat nomani yana bir qayta oʻqib, koʻngli xotirjam topgach, qarsak chaldi. — Akangni chaqir, — dedi u, ostona hatlab ta’zim qilgan oʻspiringa. Bir zumdan soʻng qoruvli yigit kirib keldi. — Qalandarlar bilan safarga otlan. Mana bu nomani Mazori Sharifga tezlikda yetkaz. Boshing ketsa ketsin, nomaga oʻzgalar nazari tushmasin.
Asadullaning ham, Shuvalovning ham tundlashib qolganini Ushinskiy sezdi. Asadullaga bir-ikki savol berib, tayinli javob ololmagach, toqati toq boʻldi. Chorjoʻyga yetishgach, Shuvalovning: «Yuklarni tushirmay turinglar», degan gapini eshitib, sabri chidamadi. — Oʻrtoq Shuvalov, nima gapligini balki bizga tushuntirib berarsiz? — dedi u istehzo bilan. — Tushuntirib beraman, Veniamin Samoylovich, elchi bilan maslahatlashib olay-chi? — Elchi bilan birgalikda maslahatlashamiz. Shuvalov: «Bu qanaqasi?» — degan savol nazari bilan Asadullaga qaradi. — Paysalga solmaylik, — dedi Asadulla, — tezdan bir fikrga kelib olishimiz kerak. Uchovlari oldinma-keyin Xmarinning kupesiga kirdilar. Kiyimlarini jomadonga joylayotgan elchi bundan hayron boʻldi. — Nikolay Zaxarovich, — dedi Shuvalov, — safarni qaysi yoʻl bilan davom ettirishni oʻylab olishimiz kerak. — Nimasini oʻylaymiz, yoʻlimiz aniq belgilangan. Bu yerda paroxodga oʻtiramiz, keyin Karki... — Nikolay Zaxarovich, men faqat harbiy maslahatchi emasman, balki shu safar xavfsizligini ta’minlashga ham javob beraman. Shu sababli belgilangan yoʻlni oʻzgartirishni taklif qilaman. — Sabab? — dedi Xmarin ajablanib. — Ha, sababini ayting, — dedi Ushinskiy oraga suqilib. Shuvalov yoʻl-yoʻlakay mulohaza yuritib, orada gʻayri maqsadli odamlar borligini aytmaslikka qaror qilgan, bularning shunday savolni oʻrtaga qoʻyishlarini hisobga olib, javobni ham tayin qilib qoʻygan edi, shu sababli kalovlanib oʻtirmadi: — Biz Buxoro amiri yerlaridan oʻtib borishimiz kerak. Bunga amirning ruxsatini olgan boʻlsak ham, yoʻlimiz xatarli. Kutilmagan hodisaga duch kelishimiz mumkin. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, safarimizni toʻxtatishga qaratilgan harakatlar mavjud. Ular bizni aynan shu Karki yoʻlida kutishlari mumkin. Chunki, birinchidan, bu eng yaqin yoʻl, ikkinchidan, yurar yoʻlimiz ularga ma’lum boʻlishi kerak. Tohir Malik. Savohil (II- qism) 6 — «Ular» deganingiz kim? — dedi Ushinskiy. — Said Olimxon odamlarimi? — Kimligini aniq aytolmayman. — Nimani taklif qilasiz? — dedi Xmarin oʻyga tolib. — Mari, Koʻshk orqali Hirotga oʻtish kerak. Bu yoʻl uzoq, shuning uchun bizni kutishmaydi. — Safarimiz necha kun choʻziladi shunda? — dedi Ushinskiy norozi ohangda. — Yoʻq, oʻrtoq Shuvalov, siz vahimachi ekansiz. Yoʻlda pistirma boʻlsa nima? Quruq qoʻl bilan ketayotganimiz yoʻq-ku? Undan tashqari, «elchiga oʻlim yoʻq», degan gap bor. — Veniamin Samoylovich, hozir bunaqa qoidaga amal qiladigan zamon emas. — Bahslashmanglar. Men oʻylab koʻraman, — dedi Xmarin. — Bu nima deganingiz? — dedi Ushinskiy Xmaringa tikilib. — Tushunmadingizmi? Oʻylab koʻrib, bir qarorga kelaman. — Yoʻ-oʻq, azizim, bunaqa anarxiya ketmaydi. Birga oʻylab, birga qaror qilamiz. — Veniamin Samoylovich, men elchiman, demak, vakola hay’ati menga boʻysunishi kerak, diplomatiya qonuni bu. — Bunaqa qonunlar imperator zamonasida qolib ketgan, bu boshqa zamon. Siz bizga, firqa guruhiga boʻysunasiz. — Janoblar, uzr, grajdanlar, — dedi Xmarin tutaqib, — bu mutlaqo mumkin emas. Maslahatlaringizga albatta quloq solaman, ammo elchining yordamchilariga boʻysunishi... Agar bolsheviklar menga ishonishmasa, izimga qaytishim mumkin.
— Nikolay Zaxarovich, bu gapdan xafa boʻlmang, — dedi Asadulla, uni shahdidan tushirish maqsadida. — Biz diplomatiya ishlaridan bexabarmiz. Lekin koʻpchilik bilan bamaslahat bitadigan ish pishiqroq boʻladi. Bolsheviklar sizga ishonishmasa shunday muhim ishni yuklashmas edi. Biz hoziroq bir qarorga kelishimiz kerak. Vitaliy Sergeevich taklifini qabul qilsak, yuklarni tushirmasak. Men ham Hirot yoʻlini ma’qullayman. Koʻpning maslahatiga boʻysunish haqidagi gap Xmarinning hamiyatiga tegib, battar oʻjarligi tutdi: — Gap bunday, azizlarim, anarxiyaga yoʻl qoʻyilmas ekan, unda avvaldan belgilangan yoʻldan boramiz. — Men ma’qullayman, — dedi Ushinskiy shoshilib. Shuvalov yoʻlda pistirma bor-yoʻqligini aniq bilmas edi. Shu sababli ularga qat’iy qarshilik koʻrsata olmadi. Yuklar tushirilib, vakola ixtiyoriga ajratilgan eski paroxodga ortildi. Shuvalov ehtiyot choralarini koʻrishga majbur boʻldi. Chorjoʻy qal’asidan qoʻshimcha askar, oʻq-dori, bitta zambarak, bitta pulemyot olib, kemaga barja ulatdi. Kema dargʻasi bundan norozi boʻlib, toʻngʻilladi: — Shu dumsiz ham besh kunda zoʻrgʻa yetamiz, oqimga qarshi suzish oson ekanmi?.. Kun tikkaga kelganda, quyosh tigʻiga chiday olmaganlar oʻzlarini kayutalarga urdilar. Asadulla ham dastlab kayutada oʻtirdi. Keyin nafasi qaytib, yuqori sahnga chiqdi. Kemaning tumshuq tomoniga oʻtib, yoʻgʻon arqonga suyangancha ayqirib oqayotgan loyqa suvga tikildi. «Qadimda Jayhun deganlaricha bor, tentak daryo — boshini qayga urishni bilmaydi...» Shu paytda daryo toʻlqinlari uzra xotiralari qalqib-qalqib kela boshladi: «Hayotning oʻyini ham Jayhunning oqishiga oʻxshaydi: visol sari oqdi, desang, bir buriladi-yu, ayriliq oʻzaniga tushadi: quvonchga yoʻl ochdi, desang, qaygʻuga qarab boshlaydi. Endi hayotning nagʻmasi qanday boʻlarkin?.. Hayot ostonada kutib turolmaydi. Shu daryo mavjiday bostirib kelaveradi. Oʻzingni oʻnglab ololmasang, chilparchin qilib qirgʻoqqa uloqtiradi-yu, yana olgʻa ketaveradi. Hijron kishanlarini shu toʻlqinlarga ura olgan odamgina omon qoladi. Men shunga qodirmanmi?..» — Asad Mira’lamovich, xayollaringizga sherik qilasizmi? Asadulla nozli ovozdan oʻziga kelib, orqasiga qaradi: oq koʻylak, keng soyabonli oq shlyapa kiyib olgan dilbar ayol, elchining kotibasi — Valentina Nikolaevna unga shirin jilmayib turardi. Asadulla uning yoniga keldi. — Oftobdan qoʻrqmaysizmi? — Bu oftoblar menga begona emas, bu yerlarda koʻp boʻlganman. — Yoʻgʻ-e? — Ha, otamning Ishqobod1da, Marida ham zavodlari bor edi. Otam bilan koʻp kelganman. — Dadangiz?
Tohir Malik. Savohil (II- qism) 7 — Ha, dadam kapitalist edi, — ayol shunday deb kuldi. — Qoʻrqmang, men kapitalist emasman. Dadam shunchaki injener edilar. Hozir Petrogradda tinchgina yashab yuribdilar. Siyosatga aralashmaydilar. Men ham siyosatdan uzoqdaman. She’riyatni sevaman. Siz shoir ekansiz, a? — Kim aytdi? Bekor gap. Shunchaki havasmanadlik bor. — E, yoʻq, kamtarlik qilmang. Siz haqingizda Toshkentda yetarli ma’lumot toʻplaganman. — Shunaqami, siyosatdan uzoqdaman, deysizu razvedkaga yaqin ekansiz-da? — Ayol xandon otib kulib yubordi. Asadullaning koʻzi uning oq yuzidagi kulgichga tushib, eti jimirlashdi. Valentina Nikolaevna Sinelnikova oʻzining chiroyli ekanini ham, kulishi erkaklarga yoqishini ham bilardi. Hozir Asadulladagi oʻzgarishni ayollarga xos sezgirlik bilan payqadi. Payqadi-yu, odamovi tuyulgan bu erkakni ham iydira boshlaganidan oʻzicha yayradi. — Siz ayollarni bilmas ekansiz, ayollarning hammasi erkaklar saltanatidagi razvedkachi. Kerakli erkak haqida har qanday ma’lumotni toʻplashi mumkin. — Sizda yana kimlar haqida ma’lumot bor? — Hozircha faqat sizga tegishli ma’lumotga egaman, — Sinelnikova shunday deb nozli qarash qilib qoʻydi. Bundan Asadulla sergak tortib, jiddiylashdi. Undagi bu oʻzgarish ham ayol nazaridan chetda qolmadi. — Siz Pushkinni sevasizmi? — dedi ayol gapni boshqa yoqqa burib. — Uni koʻp oʻqiganman. Menga Krilov yoqadi, undan tarjimalar ham qilganman. — Pushkindan Krilovni afzal deb bilasizmi? Qiziq... Gurjistonning dardlarin, goʻzal, Kuylamagil chok etib dilni: U eslatar menga har mahal Oʻzga hayot, olis sohilni... Sinelnikova koʻzlarini yarim yumib, she’r sehridan mast boʻlib oʻqirdi. She’r Asadullani ham oʻziga tortdi. — Nahot shu she’rlardan Krilovni baland qoʻysangiz? — dedi ayol norozi ohangda. — Baland qoʻymayman, lekin... xalqini gʻaflat uyqusidan uygʻotmoqchi boʻlgan shoir ishqiy she’rlar bilan kun koʻrolmaydi. Buning uchun Krilovning she’rlari zarurroq. — Unda oʻzingiz ham shunaqa she’rlar yozarkansiz-da, a? — dedi Sinelnikova labini xiyol burib. — Oʻqib bering-chi... — Pushkinning shaydosiga oʻqiydigan emas-da. — Noz qilmang, Asad Mira’lamovich, erkaklarga yarashmaydi. Asadulla miyigʻida kulib, gapni hazilga olmoqchi boʻldi: Bizim Toshkand elida ancha loy koʻb, Hisobni bilmagan bema’ni boy koʻb... Sinelnikova kuldi, lekin boyagiday yayrab, xandon otib emas, koʻngil uchungina kuldi. — Hafsalangizni pir qildimmi? Aytdim-ku, shoir emasman, deb. — Menga ishqiy she’rlaringizdan oʻqing. — Ishqiy?.. Bunaqasi yoʻq menda. — Qoʻysangiz-chi, sharq she’riyatida ishqiy she’r yozmay boʻlarkanmi, jononning bitta xoliga Samarqandu, Buxoroni berib yuborasizlar-ku? — Duch kelganining xoliga emas, Valentina Nikolaevna, agar koʻngilni rom etsa oʻsha jonon... — Nima, sizning koʻnglingizni hech kim rom etmaganmi? — Rom etgan... Lekin mening koʻnglimda boshqa tashvish ham bor edi. Xalqimni jaholat uyqusidan uygʻotishga bor kuchimni sarflab, jononga Samarqandu Buxoroni berib yuborishni unutibman. — Hazilni ham bilar ekansiz, a, dastlab koʻrganimda serjahl odamdirsiz, deb oʻylovdim. — Xilvatda nimani sirlashyapsizlar? Ikkovi ham ovoz kelgan tomonga baravar qarashdi. Asadulla Ushinskiyni koʻrib, ta’bi tirriq boʻldi. Sinelnikova esa sir boy bermay jilmaydi. Tohir Malik. Savohil (II- qism) 8 — Veniamin Samoylovich, savolingiz bir hikoyatni esimga soldi, — dedi Asadulla ensasi qotganini yashirmay. — Bir bola qoʻshnining uyiga usti yopiq toboqda taom olib borayotgan ekan. Bir kishi uchrab: «E, oʻgʻlim, toboqda nima olib borursan? — debdi. Aqlli bola shunday javob beribdi: «Ey, otajon, toboq ichindagi narsani kishiga aytmoq va koʻrsatmoq darkor boʻlsa edi, usti oʻralmagan, ochiq boʻlar edi...» Xuddi shunga oʻxshash, sirlashayotgan boʻlsak, savolingizga nima deb javob qilamiz?.. — O, Veniamin Samoylovich, sharq shoirlari bilan hazillasha koʻrmang. Ayniqsa Krilovni qadrlaydiganlari ayab oʻtirmaydi. — Buni bilaman, Valentina Nikolaevna, Asadulla Mira’lamovichning tillari qilich damidan ham oʻtkir. — Boʻldi, chegaradan chiqmanglar, — dedi Sinelnikova piching toshlari otila boshlaganini fahmlab. — Biz Pushkinni eslayapmiz. Veniamin Samoylovich, qatorimizga qoʻshilishingiz mumkin. — Minnatdorman, xonim, Pushkin! O, buyuk daho! — Uni sevasizmi? — Uni sevmaslik — kaltabinlik! Asadulla tomoq qirb, teskari qaradi. Ayol undagi oʻngʻaysizlikni sezmaganga oldi. — Bitta she’rini oʻqib bering, Veniamin Samoylovich! — She’rini? — Ushinskiy beoʻxshov kulimsiradi. — Bu kallada she’rga oʻrin yoʻq. Hammasi manifestu chaqiriqlar bilan band. — Ayollarning koʻnglini shu manifestlar bilan olasizmi? — O, ayollarning koʻnglini qanday olishni bilamiz biz... Asadulla bu yerda ortiq qolgisi kelmadi. Shilqimlik isi kela boshlagan suhbatdan dimiqqan kayutani afzal bilib, ulardan uzr soʻradi. Download 0.51 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling