Tohir Malik. Savohil (II- qism) Ikkinchi qism Diydor Yoʻli Ikkinchi bob Umid yulduzi 1


Download 0.51 Mb.
Pdf ko'rish
bet8/8
Sana07.03.2017
Hajmi0.51 Mb.
#1874
1   2   3   4   5   6   7   8

Beshinchi bob - qaldirgʻoch

1

Kobuldan oʻn ikki chaqirim yuqorida, togʻ orasidagi vodiyda barpo etilgan Bogʻi Fagʻmon — amirning yozlik 

qarorgohi. Daraxtlar larzon-larzon soya tashlab, gul-chechaklar chaman ochilib yotgan bogʻdagi shiyponda 

Omonulloxon Qodir ogʻa hazrat bilan suhbatlashib oʻtirardi. Mahudbek Tarzi suhbat ustidan chiqib, toʻxtab qoldi. 

Amir qaynotasining ikkilanganini sezib, «bizda sir yoʻq, kelabering», deganday nigohi bilan im qoqdi. Tarzi hazrat 

bilan omonlashib, uning yonidagi boʻsh oʻrindiqdan joy oldi. Amir hazratga qarab, chala qolgan gapini davom 

ettirdi:


Tohir Malik. Savohil (II- qism)

52

— Alqissa, hazratim, jannatmakon bobom farmoni hanuz inobatga olinmaydur. Bu holga arkoni din ham ayblidur. 



Bu ne figʻonkim, yurt lutfiga molik aqrobalar-da hanuzga qadarli qullar va choʻrilar saqlashsa? Aqoid yoʻl 

qoʻymagani, jannatmakon bobom Abdurahmonxon farmon ila man etgani holda ham shariat hukmiga, ham amir 

farmoniga bosh egmaslikni ne deb izohlash kerak? Yurtda qullar, choʻrilar mavjud ekan. Afgʻonistonning ozodligi 

qayga bordi? Biz amru farmon qildik: qullar betoʻxtov ozod qilinmogʻi shart. Agar hoja choʻri ila birikkan boʻlsa, 

undan bola tugʻilgan boʻlsa, betoʻxtov nikohlanishi, soʻng ayol xohish bildirsa, roʻzgʻordagi ulushini ayirib, istagan 

yeriga eltib qoʻyilishi lozim. Umid shulkim, bizim bu farmoni oliyimiz arkoni din tomonidan quvvatlangʻay. 

— Ollohning oʻzi madad berib, qoʻllab-quvvatlagʻay sizni, — Qodir ogʻa hazrat shunday deb, tasbeh donalarini 

terganicha oʻyga botdi. 

Amir ham, Tarzi ham uning bir dardi borligini sezib, soʻz boshlashini indamay kutishdi. Hazratning aytadigani tayin, 

lekin u niyatini Tarzi huzurida bildirgisi kelmayotgan edi. Shuning barobarida aytmay chiqib keta olmas ham edi. 

Tarzi boʻlmaganida maqsadini loʻnda qilib aytib qoʻya qolardi. Nachora, gapni aylantirib, burab, maqsadni izhor 

qilishi zarur. Hazrat shuning uchun oʻylanib qolgan edi. Bir qarorga kelib, aytadiganlarini fikr tarozisidan oʻtkazib, 

koʻzini tasbeh donalaridan oldi-da, amirga qaradi: — Musulmon xalqlarining buyuk oilasi, nadomatkim, oʻz 

tashvishiga oʻzi bandi boʻlib qoldi. Turklar turk eli, arablar arab eli, hindlar hind eli, eronilar eroni eli, buxoroliklar 

buxoro eli yumushlari bilan band. Islom taraqqiysi xususinda kim qaygʻu chekadi? Hech kim... Astagʻfirulloh... 

gunohlarimizni oʻzing kechirgaysan. Ollohga hazor-hazor shukrkim, gunohkor bandalariga yana rahm etib, islomni 

sharmandalik chohida qutqarish uchun qudrat yubordi yerga. Bu qudrat sizsiz, hazrat amir sohib. Buxoroi Sharifga 

kofurlar tahdid soladimi. Hindiston musulmonlarning jihodi akbari alanga oladimi, Makkai Madinaga kofurlar 

qadami yetadimi yoʻqmi, bu muammolarning bari sizning zimmangizga yuklangan. Musulmon olamining taqdiri 

sizning qoʻlingizda. Buni bilib, huzuringizga bosh urib kelgan musulmon vakolalarining dardu hasratini tinglab, 

chora-tadbir koʻrmogʻingiz farzdur. Turkistondan kelmish vakola diydoringizga yetishmoq ilinjida. 

— Kimlar ular? 

— Men... ularni avval sizga aytib edim... 

— Xorijiya noziri ham bilsin, ayting. 

— Vakola sarvari Turkistonning e’tiborli amlokdorlaridan Mirkomilboy hoji. Uning qanotida Toshkentning e’tiborli 

ulamolaridan Xasanxon hazrat, Fargʻona ulamolari, shuning qatorida Qoʻqon xoni Xudoyorxon avlodlaridan 

Akromxon toʻra... 

— Xauston deganlari-chi? 

Tarzining kutilmagan savoli hazratni gangitib qoʻydi. Hazrat ichidan zil ketgan boʻlsa-da, sarosimasini sirtiga 

chiqarmadi. 

— Kim u, inglismi? — deb soʻradi Omonulloxon Tarzidan. 

— Ha, inglis, — dedi Tarzi va hazratga tikilib qaradi. 

— Astagʻfirulloh, bu qanday igʻvo boʻldi?! Musulmonlar orasida inglis mavjudligi?.. 

Amirning savoliga javob topmay turib, Tarzining savoliga duch keldi: 

— Hazratim, ma’zur tuting, menga Hirotdan noma yetib keldi. Afgʻonistondan qalandarlar sarhad hatlab, nojoiz 

soʻzlar aytib yurishibdi ekan. Ya’nikim, daryoning ul beti Afgʻonistonga tobedur, degan gaplar hamhudud davlatlar 

orasida igʻvo uygʻotmogʻi mumkin. Bu voqeadan darak topganmisiz? 

— Astagʻfirulloh... Bu qandayin bedodlik! Qalandar ahli Ollohning suygan bandalari, yurtga omonlik tilab, 

toat-ibodat qilishdan boʻlak yumushlari yoʻq. Ma’lumingiz boʻlsinkim, oʻrus vakolasi Hirot yoʻlida bir begunoh 

qalandar joniga qasd qilgan. 

— Shu rostmi? — dedi Omonulloxon Tarziga yalt etib qarab. 

— Rost, amir sohib. Ammo qotil gʻoyib boʻlgan. Bul qalandar Koʻshkda hibs qilinub, huzuringizga keltirilayotgan 

ekan. Noib Hirotda soʻroq qilganida qalandar hazratning nomlarini tilga olibdi, qalandarlar hazratning yoʻrigʻi ila ish 

yuritishayotgan ekan. 

— Hazrat! — amir shunday deb oʻrnidan turib ketdi. — Kim vakolat berdi sizga? 

— Amir sohib, badxohlik bu, tahayyur1dan jonim boʻgʻzimga keldi. Vodarigʻ, vodarigʻ... nahot shunday tahavvur2ga



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

53

men sa’y etsam? Vallohi a’lam, padaringiz men ila bu xilda muomalada boʻlmas edilar? 



— Ha! — Amir qoʻlini orqasiga qilib, shiypon boʻylab yurdi. — Voqean shunday. Noxalaf oʻgʻil boʻlishdan

Ollohning oʻzi asrasin. Sardor, — u qaynotasiga murojaat qildi, — bu soʻzlarni zinhor tildan uchira koʻrmangiz.

Osmontazin hazrat sha’niga mutlaq munosib emas, ha! Omonulloxon hazrat roʻparasida toʻxtadi: — Musulmon

vakolaga ma’lum qiling: suhbatimdan ertaga bahramand boʻlgulari. 

Qodir ogʻa hazrat oʻrnidan turib, yengil ta’zim qildi. Bu yerda qiladigan oʻzga yumushi yoʻqligini bilib, amirga

omonlik tiladi-da, shiypondan tushdi. 

— Soʻzlaringiz haqiqatmi? — dedi amir, hazrat uzoqlashgach. 

— Muhammad Sarvarxon darak qildi. 

— U holda noxanjor1 soʻz aytibsiz. Sharafli xadisga koʻra, bir togʻning oʻrnidan koʻchub ketganini eshitsangiz

inoningiz, ammo hazratning xulqi boʻlak boʻldi, deb eshitsangiz inonmangiz. Ilon dumini bosish xayrli emas.

Hazratning fatvosi inglisning zambaragidan a’loroq. 

Tarzi miyigʻida kulimsiradi: 

— Inglistondan choʻchimagan amir bir johildan qoʻrqsa? 

— Ha, qoʻrqaman! — amir shunday deb, qaynotasiga qovoq uyib qaradi. — Siz, dono odam, avomni oʻsha johil

izidan menga qaytarib bering-chi? Indamaysiz? Inglistonga tigʻ koʻtarganda avomning izimdan borishiga amin edim.

Hazratga qarshi yursam, avom meni tigʻ bilan kutib oladi, fahmingiz yetmaydimi shunga? 

— Fahmim yetadi, amir sohib, siz hazratga qarshi bormaysiz, lekin qoʻrqishingizni sezdirib qoʻyganingiz chakki. 

— Sezdimi? Yoʻq, sezmadi. Siz ilonning dumini bosdingiz. Men esam afsun qilib oʻynataman bu ilonni.

Haqgoʻyligingiz bilan menga xalal bermang. 

— Hali-zamon Shuravi Rusi vakolasi huzuringizga yetib keladi. 

— Nur alan-nur. Muzokara vaqti yetdi.

Asadulla oʻrnidan turib yuradigan ahvolda emasdi. Koʻkrakdagi ogʻriq tuni bilan azob berib chiqdi. Koʻzlari qizarib, 

qovoqlari salqib qoldi. Qadam tashlasa qattiq yerda emas, yuzlarini poʻpanak bosib qalqib turgan koʻlmakdan 

yurayotganday boʻladi. 

— Bu ahvolda bormaganim ma’qulmikin, — dedi u Xmaringa. 

— Siz vakoladagi yagona musulmonsiz. Amirning koʻngliga boshqa gap keladi. Tishni tishga qoʻyib, ogʻriqlarga 

chidab, borib kelmasangiz boʻlmaydi. 

Asadulla avtomobilda borayotganda ham, bogʻi Fagʻmonda undan tushib yurganda ham, Tarzi bilan koʻrishganda 

ham «ishqilib, hushimni yoʻqotmasam edi», deb havotirlandi. Bu ravzamonand bogʻning havosi, manzarasi Toshkent 

biqinidagi Chimyonni eslatganidanmi, sal yengil tortganday boʻldi. 

Harbiy libosdagi amir ularni bir tarafi oynabandlik qasrda qarshi oldi. Omonulloxonga dastlab Xmarin roʻpara boʻldi. 

U Turkiston Tashqi ishlar xalq noziri imzolagan yorliqni yengil ta’zim bilan uzatdi. Omonulloxon uni olib, Tarziga 

berdi. 

— E’timodnoma1, — dedi Tarzi uni ochib oʻqib. — «Hamhudud, doʻst va ozod Afgʻoniston hukumatiga birodarlik 



samimiy salomlari yoʻllash barobarinda ushbuni ma’lum etamizki, Rossiya Ijtimoiy Shoʻrolar jumhuriyati taxtdan 

agʻdarilgan podsho hukumatining barcha shartnomalarini, jumladan, olam yirtqichi Ingliston qiroli va hukumati ila 

imzolangan, Istambulni mahv etish, turk, eron, shuningdek, afgʻon yerlarini munosafa2 etmoq xususindagi 

kelishuvlarni mutlaq bekor qildi. Rossiya jumhuriyati bir-birovini oʻzaro hurmatlash asosinda Turkiya ila shartnoma 

tuzdi. Hamda oʻzga xalqlar yerlariga qoʻshin tortish siyosatidan yuz oʻgirish, hamhudud davlatlar mustaqilligini tan 

olish hamda ular bilan birodarlik, samimiy ham hududlik va tijorat aloqalari bino qilish xususinda qaror qabul etdi. 

Mazkur qarorni amalga oshirish maqsadida Rossiya hukumati janob Xmarinni Afgʻonistonga vakil qilib joʻnatadi. 

Janob Xmarin saforat ishlarida xoʻp tajriba orttirgan, Eronda birmuncha vaqt saforatxona yumushlari ila band 

boʻlgan, sharqni durust biluvchi, oʻzini sharq xalqlarining doʻsti deb hisoblovchi, musulmon xalqlarining 

mustaqilligini tabrik etuvchi xolis niyatli zotdir...» 

Tarzi qogʻozni oʻqib boʻlib, amirga qaradi. 

— Men Shoʻro jumhuriyati hukumati nomidan Afgʻoniston mustaqilligining tan olinganini rasmiy ma’lum etishga



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

54

vakil qilinganman. Rossiya Afgʻoniston mustaqilligi va ozodligin tabrik etadi. 



— Nur alan-nur! — dedi amir elchiga va xorijiya noziriga ma’nodor qarab qoʻyib, dedi: — Hukumatingizning munir 

niyatlari, inshoolloh, ijobat boʻlgʻay, Fikri ojizimcha, hamhudud Eronga ham lutflar koʻrgazilgan, shundaymi? 

— Shunday, hazrat amir, Eronning inon-ixtiyori oʻziga qaytarilgan. 

— Bizga Erondan yetib kelgan daraklar koʻngulni xushlamaydi. Oʻrus askarlari yovgarchilik boshlab, barqi ibtiloni 

chorlab, Tehron ila Tabriz fuqarosini tigʻdan oʻtkazgan emishlar? 

— Amir hazrat, bu voqeaga oʻzim shohid boʻlib edim, — dedi Xmarin. — Shoʻrish yangi hukumat tomonidan emas, 

podshohning qochoq askarlari tomonidan koʻtarilgan. Ularga Turk hamda Angliya hukumati koʻmak bergani aniq. 

Shunga qaramay, Rossiyaning yangi hukumati Eron fuqarosiga yetkurilgan zararni qoplamoq uchun xayrli ishlar 

qildi. 

— Ma’qul, — amir shunday deb Asadulla tomon bir qadam qoʻydi. — Turkiston musulmonlarining ahvollari 



nechuk? Ularga-da ozodlik in’om etilurdimi? 

— Ha, amir sohib, — dedi Asadulla, kalta-kalta nafas olib, — ozodlik, hurlikka erishganmiz. Taqdirimizni belgilash 

huquqi berilib edi. Biz rus xalqi ila birga qolishni ma’qul koʻrdik. 

— Sabab? 

— Rus xalqi va bizim xalq taqdir ipi ila bogʻlangan. Ruslar rostbasar xalq. 

— Afgʻonlarga taqdir ipi ila bogʻlanmoq mumkin emasmi edi? 

Amirning bu savoli Asadullani gangitib qoʻydi. Bu gangish javob topish mushkulligidan emas, aksincha, haq 

javobning amirga nomaqbul kelishi aniqligidan edi. Qolaversa, xastalik zahmi uni gapni muhtasar etishga undardi. 

Lekin savol berilgan, undan boʻyin tovlash noxush fikrlarga sabab boʻluvi mumkin edi. Shuning uchun Asadulla 

gapning poʻstkallasini ayta qoldi: 

— Dunyodagi insonlar doʻstlikning mehr va muhabbati soyasida yasharlar. Afgʻonlar ila doʻstligimiz zamonlarning 

tubsiz qa’ridan oqib kelib, bizni qovushtiradi. Rafiqi jovidoniy, rafiqi mavaddatliq1 bizning yozugʻimiz. Ammo alhol 

borajak yoʻlimiz ayri. Bizda arkoni mulk barham topib, avomning inon-ixtiyori oʻziga berilgan. 

— Arkoni mulk barham topmagan, — dedi amir uning soʻzini boʻlib. 

Asadulla gaplari amirga malol kelganini fahmlab: 

— Shu bois yurt notinch, — deb izoh berdi. 

— Ota-ona farzandga, farzand ota-onaga muhtoj boʻlgandek, boy faqirga, faqir boyga muhtojdir. Ha! 

Asadulla oʻjarligi bilinib turgan bu yosh amir bilan bahslashishning befoyda ekanini bilib, e’tiroz bildirmadi. Baxtiga 

Omonulloxon undan javob kutmay, Shuvalovga yuzlandi. 

— Harbiy maslahatchimiz, — dedi Xmarin uni tanishtirib. 

— Afgʻon lashkarlarining yarogʻini koʻrdingizmi? Ma’qulmi? — deb soʻradi amir Shuvalovdan. Xmarin tarjima 

qildi. 


— Yarogʻlari mukammal, aksar inglisniki ekan. Biroq... kiyimlari bir oz qoʻpolroqmi... chaqqon harakat qilish qiyin. 

— Ma’qul. Buxoroniki-chi? Biznikidan afzalmi? 

— Yoʻq. Nochorroq. 

— Sizniki-chi? 

Shuvalov kulimsiradi. 

— Biz jang qilyapmiz, janob amir, bu xususda soʻramang. 

— Durust, — amir shunday deb Ushinskiyga yuzlandi. 

— Siyosiy maslahatchimiz, — dedi Xmarin. 

— Siz Oʻrusiya podshohi a’lamdan taxtni tortib oldingiz. Podshohdan yuz oʻgirgan hukumat amir bilan doʻst boʻla 

oluviga imoningiz komilmi? 

Asadulla «qovun tushirmasmikin» degan xavotirda Ushinskiyga qaradi. Ushinskiy gapni aylantirib oʻtirmadi, 

loʻndasini aytib qoʻya qoldi: 

— Siz xalqingizni oʻz yoʻlingiz bilan saodatga olib bormoqchisiz. Biz oʻz yoʻlimiz bilan. Qaysi yoʻldan borish har 

birimizning ichki ishimiz. Bunga aralashmaymiz. Imperator xalqni saodatga emas, jarga boshlagan edi. Shu sababli



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

55

hokimiyatni oldik, vassalom. 



— Ma’qul, — amir shunday deb ularni oʻtirishga taklif etdi. Ana shunda Asadulla muvozanatini yoʻqotdi. Xmarin

suyab qolmaganida yiqilib tushishi tayin edi. 

— Toblari yoʻq. Hazrat amir suhbatlaridan bebahra qolmay deb kelib edilar, — dedi Xmarin izoh berib. 

— Sardor, — dedi Omonulloxon Tarziga qarab, — zudlik bilan shifoxonaga elting. Biz janoblar bilan birgalikda

ahvoli olamdan soʻz yuritajakmiz. Siz... — amir Asadullaga tikildi, — erta bilan tashrif buyurarsiz, alohida suhbat

qururmiz.



2

Mizbekning davosi bu safar picha amal qilib, Asadulla kechga tomon oʻzini bir oz bardam sezdi. Bu tun uyqusi ham 

xotirjam kechdi. Tongda tiniqib turdi. 

Nonushtadan soʻng Asadullaning amir huzuriga yolgʻiz borishi yoki bormasligi muhokama qilindi. Amirning bu 

uchrashuvdan koʻzlagan maqsadini bilolmay gangishdi. 

— Amirning xohishiga boʻysunishga majburmiz, — dedi Xmarin bahsga yakun yasab. — Mahmud Tarzining 

gaplarini unutmang: — «Bir-biringizga ishonmaysizmi?» degani yodingizdami? Bolshevik boʻlmaganim uchun 

menga uncha ishonmaysizlar. Asadulla Mira’lamovich bolshevik-ku. Diplomatiya qonun-qoidalariga binoan suhbat 

qura olishlariga shaxsan men aminman. 

Asadulla Xmarinning bu iltifoti, bu ishonchi uchun minnatdorlik bildirishi kerak edi. Xmarin undan soʻz bilan 

boʻlmasa-da, koʻz qarashiga koʻchgan minnatdorlik uchqunini kutdi. Ammo Asadulla uni ajablantirib, sovuqroq 

qarashini oʻzgartirmadi. Xmarin keyingi kunlarga ichi Asadullaning munosabatida sovuqlik seza boshlagan, buni 

Gʻulomqodirning yoki Sinelnikovaning oʻlimiga doir ruhiy iztirob natijasiga yoʻygan edi. Kechki sayr chogʻidagi 

Ushinskiy bilan boʻlgan dilkash suhbatiga Asadullaning guvoh boʻlgani esa xayoliga kelmasdi. 

... Gʻulomqodirning oʻlimidan keyingi kunlar edi... 

Uyqusizlik dardi temir tirnoqlarini ishga solgan damda, Asadulla xonasida yota olmay, boqqa chiqdi. Yulduzli 

osmon ostida yolgʻiz sayr qilyapman, deb oʻylagan edi. Bogʻ yoʻlkasi boʻylab bir oz yurgach, pastlik tomondan 

Xmarinning, soʻng esa Ushinskiyning ovozini eshitib, toʻxtadi. Dastlab ikkovi avvalgi gʻalvasini davom ettiryaptimi, 

deb oʻyladi. Uning gap poylash odati yoʻq edi. Iziga qaytmoqchi boʻlganda Ushinskiyning: «Bilaman, siz 

bolsheviklarni yomon koʻrasiz», degan gapi uni toʻxtatdi. 

— Ha. Buni yashirishga hojat yoʻq asli. Kim qaysi partiyani xushlasa, oʻshanga ergashadi, — dedi Xmarin. — Har 

holda Yevropaning ilgʻor mamlakatlarida shunday. Men barchani baravar emas, asosan bolsheviklarning rahbarini 

yoqlay olmayman. 

— Bolsheviklar sizga ishonch bildirishdi, buni hisobga olmaysizmi? 

— Siz menga ochiq gaplashishni taklif etdingiz. Shu taklifingizga koʻra men fikrimni yashirmayapman. 

Bolsheviklarning taklifiga nima uchun koʻndim, aytaymi? 

— Ha, albatta, ayting. 

— Turkistonni boshqarishni ruslar oʻz qoʻllarida saqlab qolganlari uchun. Bolsheviklarning eng aqlli ishlaridan biri 

shu, deb oʻylayman. Men bolshevik ham eser ham, boshqa balo ham emasman. Men rusman va Rossiya manfaatini 

hamma narsadan ustun qoʻyaman. Ota-bobolarimning qoni toʻkilgan bu yerlar Rossiyaniki va bu haqda boshqacha 

soʻz boʻlishi mumkin emas. Bitta ahmoqning dekreti bilan bu yerlarning qoʻldan ketishiga jimgina qarab tura 

olmayman. Siz bolsheviklar tomoniga yaqinda oʻtgan ekansiz. Nima maqsadda oʻtgansiz, bilmayman, biroq, sizning 

bu partiyangiz xoinligi uchun kelajak oldida javob beradi. 

— Xoinlik dedingizmi? Tushunmadim, janoblari? 

— Rossiyani parokanda qilish xoinlik emasmi? Finlyandiyani, Polshani, Ukraina va Belorussiyaning gʻarbini 

qoʻldan chiqarish, aniqrogʻi ahmaqona tarzda in’om etish xoinlikka kirmaydimi? Endi sharqqa ham ozodlik beradimi 

u nodon? 

— Bu masalada shoshqich xulosa chiqarmang. Sharqni berib qoʻyadigan ahmoq yoʻq. 

— Vaqtida general Gorchakov esi pastlik qilmaganida biz bu yerlarga hozirgiday elchi sifatida emas, xoʻjayin


Tohir Malik. Savohil (II- qism)

56

sifatida kelar edik. Angliyaning jigʻini ezib qoʻyishga Rossiyaning kuchi yetardi. Hirotga yaqinlashib qolgan edi.



Yana bir zarba berilsa, Afgʻonistonni egallash, hatto Hindistonning gʻarbini bosib olib, Hind okeaniga chiqish

imkoni tugʻilardi. Nimalarni boy berganimizni tasavvur etib koʻring! Bu nodonliklarni avlodlar kechirishmaydi. Agar

bu nodonliklar davom etaversa, bilmadim, nima boʻlarkin... 

— Har narsaning cheki boʻladi, vaqtiki kelib, chegaramiz Hind okeaniga qadar kengayadi. Bizning bu safarimiz

oʻsha yutuqlarga poydevor boʻlib xizmat qiladi. Davlat tuzib, davlat yuritishga bu osiyoliklarning aqli yetmaydi. Ular

qullik uchun yaratilganlar, shunday boʻlib qolishlari kerak. 

— Ayrim hollarda kelisholmaslik ham, bu masalada hamfikr ekanmiz, men bundan mamnunman, — dedi Xmarin. 

Bu gaplarni eshitish Asadullaga azob boʻlsa-da, yangilik ham emasdi. Ushinskiy va unga oʻxshaganlardan shu kabi

da’volarni avval eshitgan, ammo «tarix gʻildiragi bir hovuch telbalarning fikri bilan aylanmaydi», deb ozodlikka

boʻlgan ishonchini soʻndirmagan edi.

Asadulla sal nari ketdi-yu, xonasiga kirib yotishga yuragi betlamadi. Yoʻgʻonligi salkam ikki quloch keladigan

chinor poyiga toʻsha qoʻyilgan gilam ustiga oʻtirdi. Hozirgi nohush suhbat unga safari arafasidagi Munavvar qorining

soʻzlarini eslatdi. Munavvar qori — ilgari Asadulla bilan yaqin birodar boʻlgan, soʻngroq esa Turkiston taqdiri

xususida fikriy ayrilik tufayli sal uzoqlashgan doʻsti Miroboddagi uyiga xayrlashgani kelgan edi.

— Sizni safardan aynitish niyatim yoʻq, — degan edi u. — Faqat iltimosim bor: ruslarning sharqqa doir siyosatini

toʻgʻri anglab, Afgʻon amiriga toʻgʻri talqin etib bering. Turkistonni mustaqil emas, muxtoriyat holiga keltirgan

ruslarning mamlakatni oʻzlari boshqarayotganlarini amir bilishi kerak. Komissarlar nima uchun Turkiston nomidan

oʻzlari kabini emas, oʻzbekni yuborayotganlarini oʻzingiz anglang-u, ularga ham anglating. Biz ularga ishonib, chuv

tushib yotibmiz, ular aldanishmasin. Dumaga boʻlgan saylovlarni unutmang. Ruslar bizning emas, «Ulamo»ning

aylanmogʻidan manfaatdor boʻldilarmi? Ular bizdan qoʻrqishdi. Chunki biz ahvoli olamdan boxabar edik. Bizda

siyosat yurita olish ilmi bor edi. Oʻrus lisonida bahslashib ularga bas kela olar edik. «Ulamo»da esa bundaylar

yoʻqligini ular durust fahmladilar. Oʻruslarga dumada shunday omi odamlar kerak edi. Toki ishlarni oʻzlari

yuritsinlarda va oqibat desinlarki: «Qarang, yerli millat davlat yuritmakni bilmaydigan aqli qosirdirlar»... Siz shularni

amirga anglatishning evini qila olasizmi?

Oʻsha kuni Asadulla bir oz e’tiroz bildirmoqni ixtiyor qilgan boʻlsa-da, oʻzini tiygan edi. Xmarin bilan Ushinskiyning

suhbatidan keyin oʻsha gaplarni eslab, «Bahslashmay toʻgʻri qilgan ekanman», deb qoʻydi.

«Shu topga qadar Afgʻoniston amiri bilan baqamti suhbat qurish imkoni tugʻilgani yoʻq. Balki bugun erkin soʻzlasha

olar. Bular aslida shundan bezovta. Men-chi? Men qorimning aytganlarini bajara olamanmi? «Oʻrusiya bilan oshna

boʻlavering-u, biroq, yoningizdagi oyboltani qoʻymang», deya olamanmi?»

Asadullaning bu xayoli chaqmoq umri misol edi. Ortiq oʻylashga fursati yoʻq. Shu bois ish vaziyatga koʻra boʻlar,

degan qarorga keldi-da, yoʻlga chiqdi.

Bogʻi Fagʻmonda uni Mahmud Tarzi kutib oldi.

— Amir sohib huzuriga mehmonlar tashrif buyurishgan, sabr qilmoqqa majbursiz. 

— Nailoj, — Asadulla shunday deb jilmaydi. — Barcha eshiklarning kaliti — sabr, deydilar. 

— Biz boʻlakcharoq naql qilamiz: toqatligʻa togʻlar egar boshini... — Tarzi shunday deb uni bahavo yerga 

qoʻndirilgan, xarrotlar san’atidan chiroy ochgan shiyponga boshladi. 

— Sabr-toqat yaxshi xislat, ammo odam bolasi buning chegarasini bilmaydi. Zulmga ham toqat qila beradi, 

nohaqlikka ham... Oqibat abgor boʻlganini sezmay qoladi. Sabr-toqqat kurash darbozalarini qulflab qoʻyadigan kalit. 

— Gaplaringiz bama’ni, Asadulla Mira’lam, mehmonlar bahona siz bilan bafurja suhbat qurish imkoni tugʻildi. 

— Darvoqe... mehmonlar... Turkistonliklar emasmi? 

— Topdingiz, oʻshalar. 

— Amir ular bilan muzokara yuritmaydi, deb edingiz? 

— Muzokara emas bu, Qodir ogʻa hazratning soʻzi yerda qolmasligi kerak. Faqat sizlar bilan chin muzokara 

yuritishimizga inoningu boshqasini surishtirmang. Amirning umidlari koʻkrak sutiday toza. U fuqaroni saodati 

abadiyatga eltmoqchi, avomni johillik uyqusidan uygʻotmoqchi, hatto ayollar uchun «maktabi masturat» ochmoqchi.


Tohir Malik. Savohil (II- qism)

57

Dorul Omon deyilmish yangi poytaxt bino qilmoqchi. Oʻrusiya bilan doʻst boʻlib, Ovruponing boʻlak davlatlariga-da 



yetmoqchi. Bu niyatlarga yetishmoq uchun ulamolarga emas, hukumatga suyanish lozimligiga uning-da farosati 

yetadi. Turkiston ulamolari nimayu Afgʻoniston ulamolari nima? Bilmaysizmi? Gʻaflat ular, gʻaflat... Yurtga 

qorongʻilik urugʻini sochib, zulmat mevasini koʻpaytiradilar. O, avom ilmga qanchalar tashna, bular ilmga qanchalar 

gʻanim! Kalomullo «Ilm oling, oʻqung» degani holda, bular «koʻzni yumung» deb avraydilar. Men umrimni 

ma’rifatga sarf etganimga achinmayman, zinhor, men johillar koʻzini ocholmayotganimdan nadomat chekaman. 

— Bundaylar Turkiston elida ham bisyor. 

— Mamatsharif aytar edi. Yozugʻimiz bir bizning. 

— Paygʻambar afandimiz: «Olim boʻl yoki ilm talab qiluvchi, yoxud ilmni eshituvchi boʻl, hech biri qoʻlingdan 

kelmasa shularga muhabbat qiluvchi boʻl, beshinchisini tanlama, u holda seni halokat kutadi», deganlar. Bizda ana 

shu «beshinchi»lar me’yordan oshgan. 

— Beshikdan to qabrga qadar ilm oʻrganmagan inson bolasi ne uchun tugʻilib, ne uchun yashaganini fahmlamay 

ketadi bu dunyodan. Insonlar hayvonlardan soʻz va aql ila ayrilmish. Insonning yozugʻi faqat tugʻilish, osh oshalashu 

oʻlim boʻlsa, hayvonlardan ayirmas edi. 

— Ma’rifat ahli Turkiston yoshlarini ilmga tortmoq maqsadida koʻp xayrli ishlar qildi. Dorilfunun ochdi. Yangi usul 

maktablar koʻpaydi. Millatning saodati, davlatning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bogʻliq. 

Afgʻonistonda ham shunday maktablarni koʻpaytirish lozimmikin? 

— Ha, fikrimiz shu. Yoshlarni Farangistonga yubormoqni lozim koʻrduk. Vaqtiki kelib sizning-da dorilfununingizga 

yubormogʻimiz mumkin. 

— Ovrupoga yuborajagingiz koʻp ibratli ish. Bu kunda ulardan oʻrganmoq joiz. Madaniy millatlar muhoribalardan 

oʻzni tiyib, tijorat va sanoatda raqobat qilmoqdalar. Sehr va jodu bilan emas, tijorat va sanoatgarlik ila cholishqon 

Ovrupo Afriqo va Osiyoni oʻziga asir va musaxxar1 qilmoqda. Ular bir dona bugʻdoy ekub, yigirma qadoq don 

olurlar, oʻzimizdan olgan besh tiyinlik paxtamizni keturib, oʻzimizga yigirma besh tiyinga soturlar. Osiyoliklar 

dumba sotib — chandir chaynab, qaymoq berub — sut oshab, non oʻrniga kesak tishlab yurdilar, bagʻoyat uzoq 

yurdilar. Endi bular barham topqusi... 

Mahmudbek Tarzi Asadullaning fikrini ma’qullab, uni savolga tutib, hayoti bilan qiziqa boshladi. Asadulla 

qisqa-qisqa javoblar bilan kifoyalanib, Bokuga borgani, Mamatsharif bilan ilk daf’a oʻsha yerda uchrashgani, qaytib 

Toshkentda teatr tashkil qilganini aytganda, Tarzi hayajonga tushdi: 

— Teatru dedingizmi? Farangistonda koʻrib orzu qilib edim, — dedi u. — Nahot Toshkandda boʻlsa shunday 

ajoyibot? 

— Ha, bor. 

— Ajab! Ajab! Umidim yulduzi Turkiston osmonida charaqlagan ekan, muborak boʻlgʻay. Kobulda ham shunday 

teatru ochgumizdur albatta. 

Ularning suhbati peshinga qadar, hojib kelib, amir muntazir ekanini aytguncha choʻzildi. 

Amir ularni kechagi joyda emas, unga baqamti qurilgan, kattaroq qasrda kutar edi. Keng xonaga dasturxon tuzalgan, 

toʻrda amir, soʻl tomonida Qodir ogʻa hazrat va uning qatorida turkistonlik mehmonlar oʻtirar, oʻng tomon esa boʻsh 

edi. Tarzi bilan Asadulla shu yoqqa oʻtirishdi. 

— Taom mahtal boʻlmasin, — dedi amir. 

Asadulla Mirkomilboyning roʻparasida oʻtirar, vaqti-vaqti bilan beixtiyor koʻz-koʻzga tushar edi. Asadulla 

boshqalarni tanimadi, ammo kiyinishlaridan fargʻonalik ekanliklari ma’lum edi. Xauston ular orasida yoʻq edi. 

«Ayyorlikda shaytonga dars bersa kerak», deb qoʻydi u oʻzicha. Asadullaning qoʻli tovoqqa beixtiyor borib kelardi. 

Taomga hech ishtahasi yoʻq, xayoli shu xonada boʻlib oʻtgan suhbatda: «Nimani gaplashdilar, amirdan nimani 

soʻradilar, amir nimalarni va’da qildi?» 

Mirkomilboy ham taomga befarq, uning xayoli Asadullada edi: «Joni temirdan ekan buning. Shuncha oʻtdan tirik 

chiqibdi-ya! Endi amir huzurida, amirning oʻng tomonida osh oshalasa. Amirning shu ishi chakki boʻldi. Ularning 

meni koʻrmaganlari ma’qul edi. Endi Toshkentga qaytuvim mushkullashadi. Unda ularni chalgʻitib yoʻlga chiqqanim 

nima boʻldi-yu, bunda bular bilan uchrashganim nima boʻldi?..» 



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

58

Amir taomni shoshilib yegani bilan dam oʻng, dam soʻl tomoniga qarab-qarab-qarab qoʻyardi. Ularning ichida



oʻtayotgan gaplarni aniq bilmasa ham faraz qilardi. «Qaysi millat orasinda birlik koʻtarilib, nifoq va adovat hukm

surgan boʻlsa, ul qavmning inqiroz dunyosiga yuzlangani aniqdir. Bular shuni fahmlamaydilarmi?» 

Mahmudbek Tarzi ham mehmonlarga qarab, oʻzicha fikr qilardi: «Dildagi adovat temirdagi zangga oʻxshaydi. Zang

temirni yegani kabi, adovat Vatanni azobga soladi. Odamlar nahot adovatdan chekina olmasalar?..» 

Omonulloxon bilan Mahmud Tarzi bu damdagi ahvolni oʻz qarichlari bilan oʻlchar edilar. 

Taom pallasi shunday oʻy-xayollar bilan oʻtdi. Amir mehmonlarning imillab oʻtirishlariga koʻp toqat qilolmadi.

Qodir ogʻa hazratga qarab, fotihaga qoʻl ochdi. 

Ulamolar bilan qasr ostonasida xayrlashib, Asadullani shiyponga boshladi. 

— Adovatingiz behad ekan, fahmladim, — dedi amir. — Bu hol menga ajab tuyuldi. Sababki, ularning niyati-da

durust. 


— Amir sohib, johilning yaxshi niyati fozilning husumatidan zararliroqdir. 

— Ularni johil deysizmi? 

— Johilgina emas, ular xiyonatkorlar... Sadafdan inju, ilondan zahar hosil boʻlgani kabi, fidoyilikdan vatan sadoqati,

xiyonatdan bebaxtlik zuhur boʻlur. 

— Ular xiyonatda sizlarni aybladilar. 

Asadulla bosh chayqab, zaharxanda bilan dedi: 

— Betahorat benamozni boʻyniga qoʻyar ekan... Ular Turkistonni Inglistonga sotganlarini aytmadilarmi? 

— Sotganlarini? 

— Ha, amir sohib, sotib edilar. Isyon qildilar, begunoh qonlar toʻkildi. 

— Alhazar! 

— Ular hokimiyatni olmasdan taxt talashadilar. Ingliston islomga homiy boʻlsa Afgʻonistonga tigʻ koʻtararmidi? 

Amir bu gaplardan oʻylanib qoldi. Tarzi Asadullaning dono fikrlaridan mamnun boʻlib, suhbatga aralashmay oʻtirdi. 

— Muhorida Ingliston hindlarga, barak bazaylarga-da yarogʻ berib, bizni mahv etmoqqa yoʻllab edi, — dedi amir.

— Unda oʻzbeklar oʻzbeklarni mahv qilabera... Vodarigʻo!.. 

— Mol va ashyo oʻgʻrilaridan koʻra odamlar orasinda doʻstlik, ulfat, muhabbat, oqibat, qadrni oʻgʻirlaydurgon

odamlardan saqlanmoqni ma’qul koʻramiz biz. Tomchi sel boʻlolmaganidek, bular yurt ogʻasi boʻlolmaydi. Fuqaro

ularga ergashmaydi, egri tayoqqa suyanmaydi. Bugungi shoʻrishlar oʻtadi-ketadi. 

Amir kutilmaganda suhbat mavzuini burib yubordi. Ob-havodan gapirdi. Asadullaning yoʻl taassurotlari bilan

qiziqdi. Asadulla shundan bildiki, amirning bugungi chorlovidan niyati suhbatlashish emas, balki ulamo vakolasi

bilan yuzlashtirish. Lekin ana shu yuzlashtirishdan maqsadi nima? Asadullaga bu qorongʻi edi. Amirning amalga

oshmagan kichik hiylasi, ya’nikim, adovatdagi ikki odam yuzlashgan chogʻida hech boʻlmasa biri yoriladi, bir-biriga

ta’na toshlari otilajak chogʻida haqiqat suv yuzasiga qalqib chiqadi, degan umidi hatto Tarzi uchun ham sir boʻlib

qolaverdi.

3

Amir Omonulloxon goʻyo vakola hay’atini unutib qoʻyganday edi. Navbatdagi chorlovdan anchagacha darak 

boʻlmadi. Mahmud Tarzi haftada bir kelib, gurung qilib ketadi. Vakolaning savoliga: «Amir oʻylayapti», deb qisqa 

javob berishdan nariga oʻtmaydi. 

Bu orada sunbula tugʻdi, suvlar tinib, havo salqinlashib, kuzning nafasi sezilib qoldi. 

— Yozning jaziramasida kelgan edik, endi qishning sovugʻida qaytamiz shekilli? — deb nolib qoldi Ushinskiy. — 

Nimaga keldigu nima qildik bu yerda. Amirning bitta savoliga javob berib qaytaveramizmi? 

— Sizning oʻsha bitta javobingiz hammasidan zoʻr boʻldi, — dedi Shuvalov. — Sizdan kutmagan edim. 

— Bilaman, siz mendan faqat yomonlik kutgansiz. Lekin sizdan xafa emasman. Kasbingiz shunaqa. 

— Janoblar, diqqat, Mirza Qandilxon kelyapti, — dedi Xmarin ularning suhbatini boʻlib. — Garov oʻynayman, 

xushxabar aytadi: qadam olishi chaqqon. 

Chindan ham Mirza Qandilxon kelib, amir hazrat yoʻqlayotganini bildirdi.



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

59

Omonulloxon bu safar ham ularni oʻsha oynaband qasrda kutib oldi. Uning koʻrinishi ilgarigiday jiddiy emas,



aksincha, nimadandir xursand koʻrinardi. 

— Kobul kuzga bandi boʻlyapti, — dedi u mehmonlarga bir-bir qarab chiqib. — Lekin kuzda bahor nafasi ufuryapti,

sezyapsizmi? Sababi qaldirgʻoch kelgan, — amir oʻzining tashbihidan huzurlanib, yayrab jilmaydi. — Qaldirgʻoch

deganim — sizlarsiz. Saltanatim umri bahoriga yuz tutgan. Qaldirgʻoch bahor darakchisi... Alqissa, sizlarni

qarorimizdan ogoh etmoq maqsadida chorladim. Ahdimiz shunday: Afgʻoniston Shoʻravi Rusi ila muzokara

boshlashga rozi. Muxtor vakil yetib kelgunga qadar siz, janobning, — amir Xmaringa yuzlandi, — Kobulda

qolishingiz ayni muddao. Ayrim muammolarni hal qilishga zudlik bilan kirishmogʻimiz lozim. Shuning barobarinda

Hirotda ham saforatxona ochib, siz, janobning, — amir Asadullaga yuzlandi, — oʻsha yerda ish yuritmogʻingiz joiz.

Muxtor vakil yetib kelgach, Mazori Sharif ila Maymanada ham saforatxona ochgumiz. 

Amirning kutilmagan bu gaplaridan barchalari hayratda edilar. Bu onda faqat Xmaringina tezda oʻzini qoʻlga oldi. 

— Rossiya hukumati nomidan shuni ma’lum etamanki, — dedi u, — Afgʻoniston hukumati Rossiyaning istagan

shaharida saforatxona ochib, ish yuritmogʻi mumkin. Bu borada cheklanish yoʻqdur. 

— Shoʻravi Rusi bizga yana nimalarni va’da qila oladi? 

— Rossiya hukumati Afgʻonistonga moddiy yordam bermoqqa tayyor. 

— Qancha? 

— Bu maxsus muzokara talab etadi, amir hazrat. Tijorat ishlari yoʻlga qoʻyilsa, avvalgidan koʻproq mol olib koʻproq

sotib oladi. Mendagi dalillarga qaraganda jahon muhoribasiga qadar Rossiya Afgʻon eliga sotgan molning sakson

besh foizi gazlama, olti foizi qand, ikki foizi shisha va chinni buyum, soʻng ipak, temir jihozlar, yermoy, gugurt

boʻlgan. Afgʻonistondan sotib olingan mollarning yigirma toʻrt foizi paxta, oʻn yetti foizi jun, oʻn ikki foizi qoʻy...

boʻlgan. Kunjut urugʻi, pista, uzum, gilam, xom terilar ham xarid qilingan. 

Omonulloxon: «Nechun bulardan biz bexabarmiz?» degan ma’noda Tarziga norozi qiyofada bir qarab oldi-da,

Xmarin bilan boshlagan suhbatini davom ettirdi: 

— Shoʻravi Rusi bularni oshirishga qodirmi? 

— Shak-shubhasiz. 

— Shoʻravi Rusi mollarni olib kelishda yoʻl chiqimidan bizlarni holi qila oladimi? 

— Bu ham alohida muzokara talab etadi. Yanglishmasam, Afgʻoniston Ovruponing boʻlak davlatlari bilan ham

birodarlik aloqalari oʻrnatib, tijorat ishlarini-da yoʻlga qoʻyar. U holda, mollar Rossiya temir yoʻllari orqali

yetkazilar? Bu xususda ayni shu damda aniq javob berolmasam-da, Afgʻoniston mushkulining yengil boʻlishiga

ishonchim bor. Shuningdek, Rossiya hukumati Afgʻonistonning ichki ishlariga aralashmaydi, boʻlak davlatlar ila

Afgʻoniston sha’niga, osoyishtaligiga qarshi sulh tuzmaydi.

— Bizim yana bir istagimiz bor: biz inglistonning gʻarazli yordamlaridan voz kechib, Shoʻravi Rusi tomon yuz 

tutdik. Hamonki Shoʻravi Rusi pok niyat ila bizga koʻmak bermakchi ekan, afgʻon eliga unumli yerlarni qaytarib 

oladimi? Jayhun nahrining ul qirgʻogʻini Afgʻonistonga bermogʻi mumkinmi? Qal’alar Afgʻoniston xavfsizligi uchun 

gʻoyat zarur. Shuningdek, Kobulda radiostansa tiklab, havo tilgiromini mukammal suratdagi ashyolari ila bera 

oladimi? Bu mavjud boʻlmasa, Koʻshkdan Kobulga qadar simli tilgirom tortilsa-chi? 

Bu gapni eshitib, Asadulla: «Qodir ogʻa hazratning tazyiqi bari bir oʻtibdi-da. Xmarin in’om etib yubormasa edi», deb 

xavotirlandi. Yoʻq, Xmarin shu qadar nozik ta’b bilan javob qildiki, bunga hatto amir ham tan berdi. 

— Afgʻon eli muhoribada ulugʻ zahmatlar chekdi. Yurtga ozor yetdi. Buni oʻzimiz ham koʻrduk. Buyuk 

Afgʻonistonga beminnat koʻmak zarur. Anglab turibmiz. Biroq bizga bunday muammolarni hukm qilmoqqa huquq 

berilmagan. Talabingizni hukumatga yetkazgum, bu xususda ham maxsus muzokara yurgizilsa ajab emas. Bu 

talabning rad yoki qabuli markazning hukmiga vobastadir. Radiostantsiya va telegraf xususida iltimosingiz 

qondirilishi muqarrarligiga aminman. 

— Yaqin orada Ingliston ila qayta muzokara boshlangusi. Men siz janobni bu muzokarada ishtirok etmogʻingizni 

istar edim. 

— Minnadorman, amir sohib.


Tohir Malik. Savohil (II- qism)

60

Amir jilmayib Tarziga, Tarzi ostonada turgan hojibga im qoqdi. Toʻrt xizmatkor qoʻlida narsalar bilan kirib, ta’zim



qildi. 

— Sizlarning tashriflaringizdan bisyor shodman, — dedi amir va birinchi xizmatkor qoʻlidagi qutichani ochib,

zanjirli tilla soatni oldi. — Xayrbod onidan yodgorlik boʻlsin. — Shunday deb, soatni Xmaringa uzatdi. Xmarin,

sovgʻani olib, yengil ta’zim bilan minnatdorlik izhor qildi. Amir xuddi shunday soatni Asadullaga ham uzatdi.

Mahmud Tarzi esa uning yelkasiga zar chopon yopdi. Amir xizmatkor qoʻlidagi qalin kitobni olib, varaqladi: 

— Mirzo Boburning devoni. Shohning barmoqlari tekkan tabarruk kitob. Sizga yoʻldosh boʻlsin, — amir kitobni ikki

qoʻllab uzatdi. 

— Yurtingiz yovlariga qiron kelsin, — amir shunday deb Shuvalovga kumush bezakli qilich tutdi. — Siza yana bir

chavkar-da atalgan. 

Ushinskiyga ham soat in’om etilgach, boshqa xonaga yoʻl oldilar. 

Xayrbod ziyofat ila yakunlanib, ular yaxshi kayfiyat bilan qarorgohlariga qaytdilar. 

Ertasiga Rossiya Ijtimoiy Shoʻrolar jumhuriyati saforatxonasi uchun ajratilgan bir qavatli binoga Xmarinni koʻchirib

bordilar. Yana bir kundan soʻng Xmarin ular bilan xayrlashdi. 

— Siz bilan birga uzoq ishlashni xohlar edim, — dedi Xmarin Asadullaga. — Uch yarim oy birga boʻldigu

nazarimda, uch yarim asrdan beri sizni biladigandayman. Siz Bogʻi Boburda toʻgʻri aytgan edingiz: men Rossiya

istiqboli uchun jonimni tikkanman. Agar Vatanimga qaytish nasib etmasa, sizdan iltimos, Rossiya tomonlarga

oʻtsangiz, tuprogʻiga men uchun ta’zim qilib qoʻying.

Xotima

Yigirma olti kunlik bexatar yoʻl Hirotga olib keldi. Hirot volisi ularni xushxabar bilan qarshiladi. Koʻshkdan kelgan

darakka qaraganda Orenburg yoʻli ochilib, Muhammad Valixon Moskvaga yetib borgan, Moskva vakolasi esa

Toshkentga beshikast kelib, Hirot sari otlanmoqdi ekan. Noib saforatxona uchun Chahorbogʻ atalmish hukumat

oʻrdasi yonidan bir saroycha tayin qilib qoʻygan ekan, shu yerga tushishdi.

Shuvalov, Ushinskiy va Kobuldan birga qaytayotgan qizil askarlar bu saroychada bir kungina qoʻnoq boʻlishdi.

Saharda toʻrt askarni qoldirib, yoʻlga otlanishdi.

Ming-minglab odamaro Shuvalov bilan Asadulla gʻoyibona ip bilan qattiq ulangan edi. Bu ishining uzilish oni

yetdimi? Ajab... Hayotda yuzlab odamlar bilan tanishasan, aksari chin doʻstday tuyuladi, ammo koʻp vaqt oʻtmay

biron-bir sabab bilan chetga chiqadi. Chin doʻst topganingda, u bilan umrning adogʻigacha qolmoqchi boʻlganingda

umiding rishtasi shart uziladi-yu, undan ajrab qolganingdan soʻng boshingni qaysi toshlarga urishni bilmay qolasan.

Asadulla doʻstga yetishdim, deganda ham jisman, ham ma’nan ayriliqqa koʻp duch kelgan. Ana endi Hirotda

Shuvalov uni yana bir ayriliq gulxaniga tashlab ketyapti.

Xayrlashuv mahalida ortiqcha soʻzlar aytilmadi.

— Amirning gapi esingizdami, bizni qaldirgʻochga oʻxshatdi, — dedi Shuvalov. — Qaldirgʻochning qismatida

bahorning shiddatli shamollari, momaqaldiroqlarini koʻrish bor. Biz boʻronlardan omon chiqib, bahorning chiroyidan

ham bahramand boʻlishimiz kerak.

Asadulla Hirotda qolganidan beri tundagi yolgʻizlik azoblaridan qutula olmaydi. Gʻulomqodirning oʻlimga bunchalik 

talpinish sababini shunda aniq bildi. Dam-badam uni eslab, hayotning shafqatsizligidan figʻon chekdi. Yoshlik bilan 

gul chiroyini bir-biriga oʻxshatadilar. Ne dodki, ularning umri ham oʻxshash — qisqa. Gul tez soʻliydi, chiroyini 

yoʻqotadi, yoshlik esa koʻz ochib yumguncha oʻtadi-ketadi. Biroq, shu qisqa davrning bemarvid uzilishi eng katta 

nohaqlik ekanini Gʻulomqodirning oʻlimi isbotladi. 

Ilgari faqat xotini, bolalari tunning mehmonlari boʻlishsa, endi Gʻulomqodir, ba’zida Zikriyo afandi keladi. Goʻyo 

ular bu dunyodagi armonlari, figʻonlari, alamlarini Asadullaga meros qoldirganday. Asadulla oqshom tushishini 

yuragi bezillab qarshi oladigan boʻlib qoldi. Chunki oqshom — qorongʻilik elchisi: qorongʻilik esa yolgʻizlik 

boshlanganidan darak beradi. U kunni, nainki kunni, oylarni, yillarni orqaga surgisi, hammasini bir boshdan 

boshlagisi keladi. Buning imkoni yoʻqligidan ezildi. Umr oʻq, nishon esa oʻlim, oʻq iziga qaytmaganidek, vaqt 

sanoqli, qoʻldan ketgan baxt ham qaytmaydi. Yolgʻizligi boshlanishi bilan koʻz oʻngida hammayoq xira tortadi.



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

61

Atrofda nido yoʻq. Faqat tor koʻkragidagi bandi yuragi behalovat tepadi. Koʻkrak qafasini sindirib qochib ketishni,



bu vujudni tark etgisi keladi. 

Armonlar tugamay kunduz tugaydi. Ruhi titilib ketadi. Hammaga orom bera oladigan tun uni chetlab oʻtadi. Orom

koʻzlariga kela qolsa, tunning nafasi kipriklarini yuma qolsa boʻlmaydimi? Uyqu kela qolsa, halovat tushlarini bera

qolsa boʻlmaydimi? Bu holda subhidamgacha qanday chidaydi? 

Har tun ahvol shu. Yaxshi hamki, kunduz bor. Yaxshi hamki, yumush bilan band... 

Vujudi parokanda boʻlib yurganida Hirotga Mamatsharif keldi. Toshkent nafasini, doʻstlar salomini ola keldi.

Asadulla uni quchoqlab, qoʻyib yuborsa shu onning oʻzida qochib ketadiganday anchagacha bagʻridan boʻshatmadi.

Mamatsharif uning ahvol-ruhiyasini bilib, yelkalarini beozor siladi. 

— Yuragimda ogʻir tosh bilan qaytyapman, — dedi u. — Tuz haqqini oʻtaganimdan soʻng birga qaytamiz yurtga... 

Asadullaning baxtiga ular Hirotda ikki kecha-kunduz qoldilar. 

Umrini yashab boʻlgan yaproqlarga xazin nuqsi urilgan oftobsiz, rangpar kunda xayrlashdilar. 

Asadulla noib lutfi bilan berilgan foytunda Mamatsharif bilan suhbat qurib, Hirotdan picha uzoqlashganini sezmay

qoldi. Foytunchi yigitning: «Yuraveramizmi, sohib?» degan savolidan keyin xayrlashdilar. 

Foytun qaytishda ildamladi. 

Tosh yoʻlda foytun bir narsaga urildimi yo tepadan katta tosh tushdimi, yo gʻildirak chiqib ketdimi, Asadulla bilmay

qoldi. Avvaliga foytunchi yigit baqirib yubordi, soʻng hammasi agʻdar-toʻntar boʻlib ketdi. Asadulla, nazarida, qattiq

yerga yiqilmay, bulut ustiga tushganday, suzib yurganday edi. 

Osmonni oʻrkach-oʻrkach, hoshiyalari qoramtir, bukri bulutlar egallab olgan. Bir oʻrkachda u oʻtiribdi. Birda xotini,

bolalari... 

— Ehtiyot boʻling, tushib ketmang, — deydi xotini. 

U oʻsha oʻrkachga oʻtmoqchi boʻladi. Oyoq ostiga qarasa — tubsizlik. 

— Toʻxtang, dadasi, toʻxtang, — deydi xotini. — Biz oʻzimiz oʻtamiz. Biz tushib ketmaymiz, uchib yuramiz. 

— Dada, qarang, qaldirgʻochlar kelibdi, — deydi katta oʻgʻli quvonib. 

Qaldirgʻochlar, dumi ayri, beozor qushlar bulut bagʻridan oʻqday otilib chiqib, charx uradi, vijir-vijir qiladi. 

Qaldirgʻoch osoyishta xonadonga in qoʻyadi, deydilar. Haq gap. Ularning xonadoni osoyishta ei. Uyini yondirishdi,

qaldirgʻochni qoʻshib yondirishdi-ya! Yoʻq, qaldirgʻochlar uchib ketib jon saqlashgandir, boshqa osoyishta

xonadonga uy qurib olishgandir... Uning xotini, bolalari ucholmagan... 

— Toʻxtanglar, yiqilib tushasizlar! — deb baqirdi Asadulla. 

Ular eshitishmay, yura boshladilar. 

Asadulla jonholatda ular tomon yurdi. Bulut oʻrkachidan tushib ketdi. 

Yuragi shuvillab, tubsizlik chohiga qulayotganda, qaldirgʻochlar uni ushlab qolib, yana yuqoriga koʻtarishdi. 

Bulutlar ustida endi hech kim yoʻq edi. 

Bulutlar tepasida quyosh begʻubor nur sochardi. 

Qaldirgʻochlar quyosh otashidan qoʻrqmay tobora yuksakroq uchardilar...



1985

Bir-ikki soʻz

Alhamdulillahkim, nihoyat, soʻnggi nuqta qoʻyildi. Koʻp yillar davomida men bilan birga boʻlgan, izlab topganim, 

eshitganim — voqealar, taqdirlar... qogʻozga tushdi. Yelkamdagi ogʻir togʻ quladi-yu, vujudim boʻshab qolganday 

boʻldi. Odatda, yozuvchi asarga xotima yozib, izohlar bermaydi. Ammo bu asarni yozish uchun qoʻlga qalam olishim 

sabablarini aytib oʻtishim lozim. 

1978 yil edi. Atoqli siyosiy arbob, ma’rifatparvar, oʻzbek teatrining asoschilaridan biri Abdulla Avloniy 

tavalludining 100 yilligi arafasida «Guliston» jurnalida xizmat qilar edim. Bosh muharrir oʻrinbosari Vahob 

Roʻzimatov menga bir surat koʻrsatib: «Afgʻonistonga borgan birinchi elchilar delegatsiyasi. Bu odam Abdulla 

Avloniy. Mana bu ayol «Hayotbaxsh oʻlim»dagi komissar ayolning prototipi Larisa Reysner degan taxmin bor. Shuni 

aniqlash kerak», dedilar. Abdulla Avloniyning oʻylariga bordim. Qizlari — Toshkent pedagogika institutining



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

62

dotsenti Hakima Avloniy, injener-irrigator, fan kandidati Karima Avloniy, oʻgʻillari, kimyogar olim Kenja Avloniy,



shogirdlari jumhuriyatda xizmat koʻrsatgan muallim Mirjalil ota Karimov bilan uchrashdim. Shu masalalarni

aniqlash uchun Moskvaga otlanganimda dadam Malik Hobil oʻgʻillari maqsadimni bilib: «Avloniy bizni oʻqitganlar»,

deb qoldilar. Oʻrta Osiyo millatlari harbiy maktabi bitiruvchilarining suratini qoʻlga oldik. Bolalik chogʻlarimda yuz

martalab tomosha qilgan suratda tanish chehrani koʻrdim. Soʻng togʻam — Mirzakalon Ismoiliyga niyatimni aytdim.

«Avloniymi? Bizni oʻqitganlar u kishi...» Qarangki, menga faoliyati noma’lum boʻlgan odam oilamiz kattalariga

ustozlik qilgan ekanlar. Oʻsha suhbatda togʻam oʻzbek ziyolilarining taqdirini yozish kerak, deb qoldilar. Bu istak

yuragimga choʻgʻ soldi. 

Kutubxonalardagi, SSSR tashqi ishlar vazirligining noyob hujjatxonalaridagi izlanishlar ortda qolib, shu asar

vujudga keldi. Asar garchi Abdulla Avloniyga bagʻishlangan, unga shoirning hayotidagi koʻp voqealar kirgan

boʻlsa-da, u Avloniy tarjimai holi sifatida bitilmadi. Kamina Asadulla Mir’alam siymosida oʻzbek ziyolilalarining

eng yaxshi fazilatlarini jamlashga, shuningdek, oʻktabr toʻntarishidan keyingi adashishlarini bayon etishga harakat

qildim. Bolsheviklar oʻzbek ziyolilari va shariat peshvolari orasidagi ixtilofdan ustalik bilan foydalanganlar. Ularni

ayri-ayri sohillarga tashlab, soʻng birma bir qirib yuborganlar. Tarixning bu mash’um sahifalari bugungi avlod uchun

ibrat boʻlmogʻi lozim. 

Mazkur asar togʻamning vasiyatlarini bajarishda, XX asr boshlaridagi oʻzbek ziyolilarining murakkab va fojiali

taqdirlarini tasvirlashda dastlabki qadamdir. Uni shogirdning ustozlarga ta’zimi, minnatdorligi sifatida

baholashlaringizni istar edim. Oʻqiganingiz bu asarda Alisher Navoiy, Mirzo Bedil, Mirzo Bobur, Rabindranat Taxur

she’rlari qatorida Abdulla Avloniyning she’rlari, hikmatlari, xotiralaridan ham foydalandim. 

Soʻzim oxirida muhtaram oʻquvchiga men bilan birgalikda yaqin oʻtmishga safar qilganlari uchun rahmatlar

aytaman. 

Muallif.


Article Sources and Contributors

63

Article Sources and Contributors



Tohir Malik. Savohil (II- qism)  Source: http://www.kutubxona.com/wiki/index.php?title=Tohir_Malik._Savohil_%28II-_qism%29  Contributors: Uzgen

Image Sources, Licenses and Contributors

Tasvir:Aquote1.png  Source: http://www.kutubxona.com/wiki/index.php?title=Tasvir:Aquote1.png  License: unknown  Contributors: Uzgen

Tasvir:Aquote2.png  Source: http://www.kutubxona.com/wiki/index.php?title=Tasvir:Aquote2.png  License: unknown  Contributors: Uzgen

Document Outline

  • Tohir Malik. Savohil (II- qism)
    • Ikkinchi qism - Diydor Yoʻli
      • Ikkinchi bob - Umid yulduzi
        • 1
        • 2
        • 3
      • Uchinchi bob - tahlikali kunlar
        • 1
        • 2
        • 3
        • 4
        • 5
    • Uchinchi qism - Kuzdagi bahor nafasi
      • Birinchi bob - hirot
        • 1
        • 2
        • 3
        • 4
      • Ikkinchi bob - ayriliq va diydor
        • 1
        • 2
        • 3
      • Uchinchi bob - tahlika va umid
        • 1
        • 2
      • Turtinchi bob - kobul
        • 1
        • 2
      • Beshinchi bob - qaldirgʻoch
        • 1
        • 2
        • 3
    • Xotima
    • Bir-ikki soʻz

Download 0.51 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling