Tohir Malik. Savohil (II- qism) Ikkinchi qism Diydor Yoʻli Ikkinchi bob Umid yulduzi 1


Download 0.51 Mb.
Pdf просмотр
bet6/8
Sana07.03.2017
Hajmi0.51 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8

2

Kobulda elchilarni intiqlik bilan kutayotgan boʻlsalar-da, karvon oshiqmas edi. Vakola hay’atini togʻli-toshli

yoʻllarda urintirib qoʻymaslik uchun mehmondor karvonning ildamlashiga yoʻl qoʻymasdi. Kun yoyilmay bir

rabotdan yoʻlga chiqib, kun botarda ikkinchisiga qoʻnib, asta-sekinlik bilan Kobulga yaqinlashar edilar. Bosib oʻtgan

rabotlarining barchasi bir-biriga oʻxshash: bir suratda, bir qolipda, bir usulda ishlangan: biridan ikkinchisiga koʻchib

borgan kishi avvalgisidan bunisini ayirmogʻi uchun oʻtkir zehn sohibi boʻlmogʻi lozim edi. Rabotlarga amir

tomonidan tayin etilgan arboblar karvonni oqshom chogʻi ehtirom ila kutib olishar, sabohda esa lutflar koʻrsatib

uzatardilar. Shu zaylda karvon Hirot viloyati chegarasini bosib oʻtib, Kobul viloyatiga qadam qoʻydi.

Chilla chiqib, kun ancha salqinlashdi. Ayniqsa kechalari izgʻirin turib, Asadullannig koʻkragidagi ogʻriq bot-bot azob

bera boshladi. Ayniqsa, kunda olti-etti tosh masofani otliq bosib oʻtish mashaqqati ham holdan toydira berdi.

Bugun yoʻl ancha tekis boʻlganidan ildamroq yurishganmi, har holda Panjob rabotiga oqshom tushmay yetib

kelishdi. Besh tomondan besh irmoq kelib qoʻshiluvchi yerga qurilgan rabot atrofi benihoya manzarali edi. Shu

manzarasi bilan ham uni oʻzgalardan darhol farqlash mumkin boʻlardi.

Taom hozirlangunga qadar Asadulla rabotdan tashqariga chiqib, tiniq irmoq boʻyida bir oz hordiq chiqarmoqchi

boʻldi. Irmoq tomon yurdi-yu, katta xarsang ustida kunbotarga boqib oʻtirgan Gʻulomqodirni koʻrib, avvaliga

toʻxtadi. Unga xalal bergisi kelmadi. Oʻsha kundan beri necha rabot bosib oʻtsalar-da, Gʻulomqodir undan oʻzini nari

tutadi. Biroq, bu hamiyatli yigitni shu ahvolga solib qoʻyaverish ham insofdan emas. Jismoniy oʻlim changalidan

tortib olib, ma’naviy oʻlimga — uzoq davom etadigan azobga yem qilish — oʻtaketgan berahmlik, badkirdorlik

ekanini Asadulla bilar edi. Shu uchun ham yigitni oʻz holiga butkul tashlab qoʻya olmasdi.

U beixtiyor Gʻulomqodir tomon yurdi. Yigit sharpani sezib, orqasiga oʻgirildi. «Nimaga kelyapsiz?» — deganday

Asadullaga bir nafas tikildi-da, soʻng yana burilib oldi. Asadulla indamay kelib, uning yonidagi kichikroq toshga

omonat oʻtirdi. Irmoq adogʻiga, yigit tikilib turgan yoqqa qaradi: kun qizarib botyapti. Goʻyo ufq qonga belangan,

goʻyo irmoq qorli emas, qonli choʻqqidan boshlanadi, goʻyo bu irmoqdan suv emas, qon oqadi, soʻng kela-kelguncha

tinib, suvga oʻxshab qoladi...

Asadulla engashib, kaftiga suv oldi. «Bu yigitning qalbi shu suv kabi toza, tiniq. Shafaq suv yuziga rang berib, koʻzni 

aldayapti. Bu yigitning ham koʻngil koʻzi aldayapti. Shafaq ketsa, aldamchi rang yoʻqoladi. Ammo koʻngil koʻzidagi 

rang pardani qanday yoʻqotish mumkin?..» 

Gʻulomqodir yonida oʻtirgan Asadullaga qaramadi ham. Ufqqa tikilib oʻtira-oʻtira, oʻrnidan turdi. Asadulla ham 

qoʻzgʻaldi. 

— Inim, mendan ranjiganingiz nojoiz. 

Gʻulomqodir bu gapga dastlab parvo qilmadi. Ammo uch-toʻrt qadam bosgach toʻxtab, oʻgirildi: 

— Siz mening jonimni asrayman, deb jonimni qiynoqqa solib qoʻydingiz, sizdan rizo emasman, — dedi u sovuq 

ohangda. 

Bu safar uning gaplari toshlarga urilib, aks-sado bermadi, aksincha muz boʻlib, Asadullaning vujudini titratdi. 

— Men sizning joningizni emas, imoningizni asradim. Bejanoza ketishdan asradim sizni, — dedi u. 

— Bu nima deganingiz? 

— Siz xunxoʻrlarga joningizni in’om etmoqchi edingiz. Hech bir olishuvsiz, koʻksingizni xanjarga tutib berardingiz. 

Shundaymi? Ha, shunday. Bu esa inim, oʻz-oʻzini oʻldirmoq ila barobar. Bundaylarga janoza oʻqilmaydi, toʻngʻiz 

qavmida ketadi. Bu dunyoingiz kuygani kammi edi, u dunyoingizni ham kuydirsangiz. 

Gʻulomqodir birdan boʻshashdi. Sovuq boqayotgan koʻzlari moʻltillab qoldi. 

— Rostmi shu? — dedi u qult etib yutinib. 

— Shariat hukmi bu. Bundaylar ahli muslim yotgan qabristonga ham qoʻyilmaydi. Yakka-yolgʻiz, bir chetga 

qoʻyiladi. Men buni sizga ravo koʻrmadim. Aybim shu. 

Gʻulomqodir boshini xam qilgancha xarsangga qaytib oʻtirdi. 

— Men oʻlimni istayman, sohib, u mendan ne uchun qochdi? — dedi xoʻrsinib. 

— Oʻlimni oʻylashingiz chakki. Sizga zehn, idrok ne uchun berilgan, kuch-quvvat ne uchun berilgan, nodon oʻlimga 

boʻyin egish uchunmi! Yo yurtga omonlik keltirsin, ne’matlardan toʻyib-toʻyib, quvonib-quvonib bahramand boʻlsin



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

37

debmi? Siz yashashingiz, ortingizda zurriyod qoldirishingiz lozim. 



— Asadulla yigitni shu gaplari bilan ovuntirganday boʻldi. 

Rabot tomonda yana bir karvon koʻrindi. 

Asadulla yigitni yolgʻiz qoldirishni ma’qul koʻrib, iziga qaytdi. 

Rabotga kichik karvon qoʻngan edi. Rabot arbobining pitirlab qolganiga qaraganda baobroʻ odamlar kelgan 

koʻrinadi. Hovli sahniga koʻrk berib turgan chinor yonida Xmarin ikki a’yon bilan gaplashib turardi. Asadullani 

koʻrib, chaqirdi. 

Asadulla Mir’alamovich, buyoqqa keling. 

Ikkala a’yon ham Xmarin murojaat qilgan tomonga oʻgirildi. Biri uzun boʻyli, qotma, yonoqlari boʻrtib chiqqan 

afgʻon edi. Yana biri... oʻrta boʻy, toʻla, qoʻykoʻz, kalta soqol-moʻylab... yopiray... tushimi yo oʻngimi bu?! 

— Toshkentga borayotgan elchilar bilan uchrashganimizni qarang. Amir ketma-ket ikkinchi vakolani ham 

otlantiribdi. Tanishing: general mirzo Muhammadxon, maslahatchilari va tarjimonlari Mamatsharif... 

Xmarinning gaplari elas-elas qulogʻiga chalindi. Asadulla, koʻzlarini Mamatsharifdan uzmay, qulochini yoyib, 

qadamini tezlatdi. 

— Mir’alam oʻgʻli, sizmisiz? 

Taqdir panjalari ayirib, noma’lum tomonlarga, begona yurtlarga itqitib tashlagan hamfikrlar, bir-birovini koʻrish 

umidi xira tortgan birodarlarning tilidan boshqa gap uchmadi. Ayriliqlarni koʻraverib zada boʻlgan yuraklar bu 

kutilmagan diydordan larzaga tushdi. 

Xmarin bu uchrashuvdan unchalik ajablanmagan sardorga savol nazari bilan qaradi. 

— Mamatsharif oʻzbek. Hamyurtini uchratdi shekilli? — dedi sardor. 

«Koʻrinishlariga qaraganda faqat hamyurtga oʻxshamaydi», deb oʻyladi Xmarin. 

— Musofirlikda diydor koʻrishish peshonamizga yozilgan shekilli? Bir Bokuda koʻrishsak, bir bu yerda? — dedi 

Asadulla birodarini bagʻridan boʻshatib. 

— Mir’alam oʻgʻli, siz aytmang, men kuymay. Bu ne shodlik boʻldi, diydor koʻrishdik, bu ne gʻamki, yana 

ayriliqlardan bagʻrimiz yonsa? 

— Ayriliqdan gapirmang. Diydor koʻrishuvimizning oʻzi bir saodat. 

Kechki taom chogʻi ikki vakola bir dasturxon atrofida davra qurdi. Dasturxonga taom tortilmay turib, Asadulla 

doʻstini tanishtirdi: 

— Mamatsharif ma’rifatparvar shoirlarimizdan. Jaholatga, zulmga qarshi xoʻb va koʻp yozganlar. Vitaliy Sergeevich, 

bu kishining she’rlari hatto Orenburg gazetalarida ham bosilgan. 

— Unda men bilishim kerak. Taxalluslari nima edi? 

— Taxalluslari... bir oz gʻayritabiiyroq... zulmni la’natlab yozganlari uchun koʻproq «Vahshiy» deb imzo chekardilar. 

Shuvalov bilmas ekanman, deb bosh chayqadi. Gapni uning oʻrniga Sinelnikova ilib ketdi: 

— «Vahshiy»? — U Mamatsharifga ajablanib qaradi. — She’riyatda bunday nom bilan chiqish... Nafosatga bunday 

nom bilan kirish?.. 

— Bunda ramziylik bor, Valentina Nikolaevna. Hammayoqni siyosatga bostirib yuborsanglar... goʻzallik qayoqqa 

qochib jon saqlaydi? 

— Goʻzallikning qochishiga yoʻl qoʻymaymiz, — dedi suhbatga aralashmay turgan Mamatsharif rus tilida burro 

qilib. 


Gapga ogʻiz juftlagan Sinelnikovani Ushinskiyning savoli toʻxtadi: 

— Ayting-chi, Mamatsharif, Turkistonga qanday maqsad bilan boryapsizlar? 

— Amir farmoniga binoan tijorat ishlarini yoʻlga solmogʻimiz lozim. Turkiston hukumati bilan shu xususda 

muzokara yuritmoq niyatidamiz. — Mamatsharif shunday degach, berilgan savolni va oʻzining javobini elchiga 

tarjima qilib berdi. 

— Turkiston bizga nima sotishi mumkin? — deb soʻradi Muhammadxon Xmaringa yuzlanib. 

— Buni Toshkentga borganingizda batafsil bilib olasiz, — dedi Xmarin. 

— Bu yil gʻalla moʻl boʻldi. Biz gʻalla sotishimiz mumkin. 



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

38

— Juda yaxshi... — dedi Ushinskiy, ammo Xmarinning norozi qarashini anglab jim boʻldi. 



— Buni ham Toshkentda bafurja kelishib olasiz. Bir rabotda uchrashgan ikki elchining vazifasi bu emas, bil’aks,

taomni mahtal qilmaylik. 

Muhammadxon Xmarinning sharqona nozik qochirimini anglab, jilmaygan holda uning fikrini tasdiqladi. 

Yoʻl azobi kuchini koʻrsatib, asta-sekin oromga berildilar. Diydor bodasidan mast ikki shoir, ikki hammaslak, ikki

ma’rifatchi, bu kecha yoʻl azobini unutdi. Barglari shabada qoʻlida mayin siypalanayotgan chinor ostidagi supada

baqamti suhbat qurdilar. 

Irisovning xiyonatidan soʻng Mamatsharif Qoʻqonga, undan yurti Chustga, u yerda ham iziga tushishgach, sarhad

hatlab, xorijga bosh olib ketgan edi. Asadulla surgundan qaytgach, ayniqsa Qoʻqonda ish yuritgan kezlari

birodarlarini soʻrab-surishtirgan, ammo darak topmay armonda yurgan edi. Hozir ana shularni esladi. Irisovni, Said

Gʻafforbek libosida koʻz yumgan sotqinni esladi. 

— Oʻzgarishlardan xabar topdim. Qanotim boʻlsa uchar edim, biroq bu yurtni tashlab ketolmadim, — dedi

Mamatsharif afsus bilan. — Afgʻoniston ogʻir kunlarimda menga boshpana berdi, bu yerda yangi usul maktab

ochdim. Kobuldagi yagona gazitda ishtirok etuvimga monelik qilishmadi. Mahmudbek Tarzidek oqil inson bilan

fikrlashmoq baxtiga muyassar boʻldim. Bu baxtga erishuvim evaziga yurtning xizmatini ham qilishim lozim edi.

Esingizdami, kimki xalq manfaati yoʻlida qadam qoʻysa, uni tunu kun bad duo qilar edilar. Shu kunlarni koʻrib, bu

yurtga kelganimda bagʻrimga oftob tekkanda joʻnab qolishim insofsizlik boʻlmasmidi? 

Asadulla javob bermay, bosh irgʻab qoʻydi. 

— Bilishmcha, Turkiston notinch emish? 

— Sizlar faqat tijorat sababi bilan emas, shuni ham bilib kelgani boryapsizlar, shundaymi? 

— Amir atrofida turli niyatli odamlar bor. Uning chalgʻishi tabiiy. 

Asadulla Turkistondagi ahvolni muxtasar tarzda bayon qildi. 

— Men yoʻl-yoʻlakay razm solib kelyapman, afgʻonlarning ahvoli biznikidan yaxshi emas. Qayoqqa qarasang

xarobalik, jaholat izlari. Shia-sunniy qirgʻinlari, qabilalar aro shoʻrishlar oqibati... 

— Fuqaro ahvoli ogʻir, koʻzlari gʻaflat, jaholat uyqusida. Bizning dehqonlar qanday talansa, bularga ham shu qadar

zulm oʻtkazdilar. Bu yerda ham shayxlar — sayyod, saydi — johil bandalar. 

— Amir tuzumi bularga barham beruviga imoningiz komilmi? 

— Amir gʻoyatda dono, ma’rifatparvar, insonparvar. 

— Savolimga chap berdingiz? Nazarimda ishonmaysiz. Tarixda oqilu dono podshohlar koʻp oʻtgan, ammo hech biri

xalqqa toʻla ozodlik bermagan, hech biri xalqni jaholat botqogʻidan tortib olmagan. 

— Mira’lam oʻgʻli, alhol bunday xulosa vaqti emas. 

Mamatsharif shunday deb oʻylandi: oradagi yillarmi yo oradagi yiroq yoʻllarmi, ta’sirini oʻtkazibdi: maslakdosh

birodarlar fikrlarida farq sezilibdi. 

— Biz siz bilan uzoq vaqt koʻrishmadik, — dedi Asadulla xuddi uning xayolidagi gapni uqqanday. — Faqat odam

emas, olam oʻzgarib ketdi. Zulmga, nifoqlarga, urushlarga... faqat jaholat sabab, xalq savod chiqarsa hammasi

barham topadi, degan aqidamiz, u qadar toʻgʻri emas ekan. Xalqni birov zulmdan ozod etmas ekan, birov nifoqlarga

barham berolmas ekan. Qoʻlga qurol olib, kurashib, jon berib erishilar ekan bunday saodatlarga. Siz bu aqidalardan

yiroqda yurdingiz, hozir hazm qila olmassiz. Borib koʻrarsiz, amin boʻlarsiz. 

Mamatsharifning istagi bilan birovlari Kobul voqealaridan gapirsa, birovlari Toshkent voqealaridan hikoya qilib,

tong ottidilar. 

Kun yoyilmay turib, karvonning biri Kobulga, biri Toshkentga yoʻl oldi. 

Qisqa diydorning umri tugab, ikki birodar uchun yana ayriliq oni yetishdi. 

Mamatsharif xorijiya noziri Mahmudbek Tarzi nomiga maktub bitib, doʻstini ta’riflab berdi. Vakola hay’atining

taklifiga koʻra, Asadulla Turkiston Markazijroqoʻmiga mana bu xatni yozib berdi:

«Sana 1919 milodiy, 13 avgust, tufrogʻi Afgʻoniston, rabot Panjobda yozildi. 

Turkiston Markaziy Ijroiya Qoʻmitasiga. 

Muhtaram oʻrtoqlarga ma’lum etaramki, ushbu zot shavkat maob mirzo Muhammadxon sardor Afgʻoniston amiri



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

39

sharafi oliylaridan buyuk vakolat ila bizim Turkistonga tashrif buyurajaklar. 



Muhtaram oʻrtoqlar, har holda bu zotning ehtiromlarin yerina yeturingizga aminman. 

Ma’lumingiz boʻlsinkim, bizim vakola hay’ati Afgʻoniston tufrogʻinda beshikast yoʻl bosib Kobulga

yovuqlashmoqdadur. Biza koʻrsatilmish lutfu karamlardan ayonkim, afgʻonlar doʻstlik aloqa bogʻlanuvidan astoydil

manfaatdorlar va ularning samimiy istaklariga inonmoq lozim. 

Rusiya Ijtimoiy Shoʻrolar jumhuriyatining Afgʻoniston vakola hay’ati».

3

Karvon rabotlarni, yoʻl boʻyidagi yuzlab mozorlarni ortda qoldirib, tobora Kobulga yaqinlashardi. Kobulga 

yaqinlashgani uchunmi, yoʻl ancha jonlanib, serqatnov boʻlib qoldi. Askarlar qurshovidagi katta karvonni 

savdogarlar hadik bilan kuzatadilar. Seroʻt yerlarga koʻchayotgan qabilalar esa qiziqish bilan qarab turishadi. 

Vakola hay’ati orasida qalandarning oʻlimidan keyin sovuqchilik vujudga keldi. Ayniqsa Xmarin serjahl, odamovi 

boʻlib qoldi. Bir rabotda Ushinskiy Sinelnikova chodiriga kirib, unda tunab qolgach, somonxonaga yetishgan 

buzoqday boʻldi-qoldi — Xmarinni gapirmay ham qoʻydi. 

Zikriyo afandining oʻlimidan soʻng Asadullaning Shuvalovdan boʻlak suyanchigʻi yoʻq edi. Bugun ham ular 

yonma-yon borishyapti. Yoʻl chetiga sanoqsiz qoʻy-qoʻzi, uloq, yilqi, qoramolni yoyib asta jilayotgan qabilaning 

harakatini kuzatib bir voqeani koʻrishdiki, oqibatda buning dahshatidan anchagacha oʻzlariga kelolmay yurishdi. 

Qabrlari ustiga qoʻchqor shoxlari qoʻndirilgan, butalarga oq-koʻk lattalar bogʻlangan mozoristonda yigirmaga yaqin 

erkagu ayol faryod chekib, yuzlarini yulib turardi. Oʻrtada eti ustixoniga yopishgan, yoshini aniqlash amrimahol 

boʻlgan odam oyoq-qoʻlini uzatib yotar edi. Asadulla avvaliga uni murda deb oʻyladi. Bir vaqt yerda yotgan odam 

qoʻli harakatga keldi, faryod urayotganlarga nimadir dedi. Shundan soʻng ular atrofdan tosh olib kelib, tirik odam 

ustiga tera boshladilar. 

— Nima qilyaptilar, koʻmyaptilarmi? — dedi Shuvalov hayratlanib. 

— Shunaqaga oʻxshaydi, — dedi Asadulla odamlardana koʻz uzmay. 

Bu dahshatli manzarani oxirigacha koʻra olmay, ikkovi xuddi kelishib olgan misol baravariga otni niqtab oldinga 

intilishdi. Mirza Qandilxon ularning gaplarini beparvolik bilan eshitdi. 

— Bemordan umid boʻlmasa shunday qilishadi, — dedi. 

— Balki tabibingiz yordam berar? 

— Bularning odatiga aralashmagan ma’qul. Hammaning oʻz udumi bor. Begona bosh suqsa yoqtirmaydi. 

Shuvalov, «dahshat, dahshat», deb pichirlab, otning jilovini boʻshatdi. U asta-sekin ortda qola boshladi. Asadulla bir 

qancha vaqt Mirza Qandilxon bilan yonma-yon bordi. 

— Bu holda bemorlarni koʻmib ketaverishsa, qirilib bitishadi-ku? — dedi Asadulla. 

Mirza Qandilxon uning kuyinishiga kiprik ham qoqmadi. 

— Ollohning irodasi, — dedi u bepisandlik bilan. 

— Erkaklarning kamligi... balki shundandir? 

— Yoʻq, bundan emas. Erkaklar muhoribada... 

Mirza Qandilxonning bu holda, bu ohangda gapirishi Asadullaning gʻashini keltirdi. Jilovni tortib, otini toʻxtatdi. 

Mirza Qandilxon: «Nima boʻldi?» — deganday unga bir qarab qoʻyib, yoʻlida davom etaverdi. 

«Qishda qor yogʻishiga, yozda oftob chiqishiga odamlar ajablanishmaydi, — deb oʻyladi Asadulla. — Xuddi shuning 

kabi inson bolasining xoru xaroblik ila oʻlishiga, besabab, bemaqsad qirilishiga ham ajablanishmasa, ajablanish nima 

ekan, dahshatga tushishmasa, faryod urishmasa... 

Erkaklar muhoribada... Butkul yumushlar shu kasalmand, shu ayol, shu bola-baqra boʻynida. Oila boshligʻi ne 

sababdan ketdi, bilishmaydi. Odam odamga yov, qabila qabilaga, yurt yurtga... Qachon barham topadi bu? Bola otasi 

bilan, juvon eri, ona oʻgʻli bilan shod-shodon yashaydurgon davru davronlarga yetishuv baxti qachon yuz ochadi?..» 

Toshli yoʻlda ot tuyoqlaridan chiqqan ovozlar aks-sado beradi. Asadullaning nazarida bu dara, bu toshlar odamlarga 

faryod bilan murojaat qilayotganday: «Ey, muxtalif odam bolalari, — deyayotganday goʻyo, - na uchun siz bu qadar 

bir-biringizga dushman boʻldingiz? Tokaygacha bir-biringizga dushmanlik va haqorat nazari ila boqajaksiz.



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

40

Tokaygacha hayoti ijtimoiyaning yoʻllarina darbadar boʻlajaksiz?! Yoʻq, bu fikringizdan qaytingiz. Bu



hobgohlaringizdan chiqingiz, bu mutaassiblik, bu jaholatingiz chodirin uloqtiringiz! Bir kun kelur, bu qilmishingiz,

badkirdorligʻingizdan pushaymon boʻlajaksiz. Lekin soʻng oʻngaajagingiz foyda bermas. 

Na koʻrdi dunyoda inson buzuq bu ixtilofindan, 

Tugʻildi turli shoʻrishlar maishat ixtilofindan. 

Boʻlib bir-birga dushman kun kechurdi, koʻrmadi rohat, 

Qirildi, mahv oʻldi, kechdi ulfat ittifoqindan. 

Oyildi molu sarvatdan xarif oʻldi shaqovatga, 

Yiroq ketdi adolatdan hama millat xilofindan...»

Toshlar tuyoqlar zarbidan jaranglaydi. Goʻyo faryod qiladi. Tili boʻlganda edi bu toshlarning. Faryodiga inson bolasi

chidash bera olarmidi? Ne qirgʻinlarni, ne adolatsizliklarni koʻrmagan bu toshlar. Afsuskim, ularning zaboni yoʻq.

Boʻlganda edi, shubhasiz, Asadulla xayolidan oʻtgan gaplarni aytardi. Balki undan ziyoda qilib, inson bolasining

yuragini poralaydigan qilib aytardi. Afsus, ming afsus, tili yoʻq...

Agara bu yoʻllar harb-zarb emas, faqat xolis niyatli elchilar yoʻli boʻlsa edi, olamning kulgisi, qahqahasi oʻzgacha

yangrardi. Bu toshlar faryodining unini oʻchirib, bagʻriga singdirib, yashirib yuborardi.

Tahlikali, togʻli-toshli yoʻllarni ortda qoldirgan karvon shunday birodarlik, yaxshilik yoʻlini ochib borayotgan boʻlsa

ne ajab!


Uchinchi bob - tahlika va umid

1

Lord Chelmsford Ravalpindidagi sulh natijalarini batafsil eshitib, jahl bilan qoʻl siltadi. 

— Sharmandalik, — dedi u boʻgʻilib, — bu sharmandalik tamgʻasi uzoq vaqt unutilmaydi. Bu sharmandalik uchun 

Gamilton Grant bilan lord Chelmsfordni ayblashadi, ha, unutmang buni! 

— Ser, aybnomangiz nooʻrin, — dedi Gamilton norozi ohangda. — Birinchidan, avval ham Afgʻonistonga ikki karra 

qoʻshin tortib, maqsadga erisholmaganmiz. Ikkinchidan, bu sulh bundan ham sharmandaliroq boʻlishi mumkin edi. 

Mahmud Tarzining kelishiga norozilik bildirib yaxshi qildik. Muzokarani u yuritganda... bu sharmandalik holva edi. 

— Shundaymi? — Chelmsford unga oʻqraydi. — Uning qobiliyatini shu darajada yuqori qadrlaysizmi? Hind 

muhojiri-chi? Oti nima edi? 

— Abdul Gʻani. 

— Ha. Uning muzokarada ishtirok etuviga qanday yoʻl qoʻydingiz? U betoʻxtov qamoqqa olinishi kerak edi. 

— Ser, bu mumkin emas, axir u rasmiy vakola a’zosi, qolaversa, u Hindistonda gʻayri ishlarda ayblanmagan. 

Aksincha, Habibulloxon shunday ayb bilan qamoqqa olgan. 

— Habibulloxonning fahmi yetgan ishga sizning aqlingiz kaltalik qilibdi-da? 

— Ser, istagan diplomatingizdan soʻrang, bu ishda biz yutdik. Hayronman, Afgʻonistondan buncha qoʻrqib 

qolgansiz? 

— Qoʻrqib? — Chelmsford jahl bilan teskari qarab oldi. — Siz pashshadan qoʻrqasizmi, Gamilton? Ha, qoʻrqmaysiz. 

Lekin gʻingʻillashiga toqat qilolmaysiz. Afgʻoniston men uchun bir pashsha, bilib qoʻying. Shunday biqinimizda 

gʻingʻillashiga chidolmayman. 

— Xotirjam boʻling, ser, iqtisodiy qamalga Afgʻonistondan kuchliroq davlatlar ham bas kelolmaydi. 

— Qamal dedingizmi? Qiziq... qamal deganda chor-atrofdan oʻrab olish tushunilardi. Afgʻonistonning shimoldagi 

darvozasi langa ochiq tursa ham qamal deyilaveradimi? Yanglishmasam, rus elchilari Kobulga yaqinlashib 

qolganlar? Gamilton, mening gapim esingizdami? 

— Esimda, ser, biz hamma choralarni koʻrdik. Elchilar aylanma yoʻl bilan yurib, koʻp vaqt yoʻqotishdi. Hammasi 

reja bilan boryapti. Biz qoʻygan odam ishni puxta yurityapti. Elchilar orasida parokandalik bor. Amir bilan bir 

qarorga kelisha olishmaydi. Ulardan oldinroq Kobulga yetib kelgan Turkiston arboblari amirning fikrini oʻzgartirib 

yuborishadi.


Tohir Malik. Savohil (II- qism)

41

— Gamilton, men sizga qoyilman: boshingizga kelgan har bir bema’ni orzuni haqiqatday gapira olasiz. 



— Bu bema’ni orzu emas. Aniq boʻladigan ish. 

— Boʻlmasa-chi? 

— Unda soʻnggi choraga oʻtamiz. Afgʻonistonga kelgan har bir elchi bu tuproqda umrbod qoladi. 

— Terrormi? 

— Nimaga? — Gamilton ayyorlik bilan kulumsiradi. — Afgʻonistonda nima koʻp, kasallik koʻp, dordan qochgan 

kallakesar koʻp... Shu maqsadda Xaustonning Kobulda qolgani ma’qul. Siz uning qaytishiga ijozat bergan ekansiz? 

— Kobulda qola tursin, deysizmi? Yaxshi. Qolsin. Elchilarning Kobulga sogʻ-omon yetib kelishi — uning ham aybi. 

Ayblaringni birgalikda yuvinglar. Toshkentlik boyning oʻgʻillari Kobulga joʻnadimi? 

— Ha, ser. Ular otalari bilan Toshkentga qaytib, biz uchun ishlashadi. Xauston mana shu ishni juda yaxshi oʻylabdi. 

«Mening koʻnglumki gulning gʻunchasidek tah-batah qondur. Agar yuz ming bahor oʻlsa ochilmogʻi ne imkondir», 

deganlaridek, Ravalpindidagi sulhdan soʻng Mahmud Tarzining koʻngli xuftonligicha qolaverdi. Hatto bu tong 

amirni yoʻqlashni ham kanda qildi. Muhtasham xonasiga, xonani chirmab olgan yolgʻizlikka bandi boʻlib oʻtirdi. 

Uzoq oʻtirdi. Aqlini tanib koʻrgan begona yurtlarni esladi. Qorinlari toʻq edi. Muhtojlik ularga yaqin yoʻlamasdi. 

Biroq odam bolasi jigʻildon bilangina tirik emas ekan. Uning kindik qoni Afgʻonistonga toʻkilmagan boʻlsa-da, 

yuragi shu tomon talpinardi. Otasi uni gʻazal mulkiga boshlab, nuktadonlik ilmiga oshno qilaman deganda, xayoli 

uni oʻzga olamga chorlardi. Otasi unga koʻp tanbeh berdi. U esa farangi lisonini oʻrgandi. Farangi adiblarini forsiyga 

oʻgirdi. Farangi inqilobchilarini oʻrgandi. Otasi gʻazaliyotning nafisligini unga yuqtirmoqchi boʻldi. U esa she’riyatga 

isyonkorlik ruhini olib kirdi. 

Bir kuni otasi umidlari singan odam ahvolida undan gina qildi: 

— Seni nuktadon shoirlar qatorida koʻrmakni orzu qilib edim. 

— Nuktadonlik oliy xislat, — dedi Mahmudbek otasiga, — ammo yurtni koʻngil ishqi haqidagi gʻazallar bilan ozod 

etib boʻlmaydi. Yurtni ozod etmoq uchun xalqni jaholat uyqusidan uygʻotmoq kerak. Buning uchun faqat isyonkor 

she’r darkor... 

Otasi bosh chayqadi-yu, indamadi. Yurtdan quvilgan, yurt sogʻinchi vujudini kemirib tashlagan shoir oʻgʻlining fikri 

toʻgʻri ekanini tushunardi. Tushunardi-yu, oʻgʻli tahlikali yoʻl tanlaganidan bezovta edi. 

Dunyo tasodiflarga toʻla. Ammo quvgʻin qilgan zulmkor bilan quvgʻindagi bechoraning bir vaqtda olamdan koʻz 

yumishi kamyob hodisa. Afsus shuki, otasi amir Abdurahmonxon joni uzilganini bilmay ketdi. Amirdan bir kun, 

boringki, bir soat keyin koʻz yumganda ham armoni qolmas edi bu dunyoda. 

Mahmud Tarzi jon talvasasidagi otasining moʻltillagan koʻzlarini, soʻnggi nafasida bu koʻzlardan chiqqan ikki 

tomchi tiniq yoshni unutmaydi. Bu — armon, bu — ayriliq, bu — hijron koʻzyoshlari edi. Bu yosh koʻzdan emas, 

balki yurakning tub-tubidan, yurt sogʻinchi yashiringan yeridan chiqqan edi. Bu koʻzyoshlari oʻshanda goʻyo choʻqqa 

aylanib Mahmudbekning qalbiga toʻkildi. Oʻshandan beri bu tomchi-choʻgʻlar bot-bot uygʻonadi, uni qiynoqqa 

soladi. 

Ravalpindagi sulh natijasini eshitib shu koʻyga tushdi. 

Hojib kirib, amir yoʻqlayotganini aytganda ham oʻrnidan turgisi kelmadi. Bari bir borishi lozimligini bilib, noiloj 

xonasidan chiqdi. 

— Bunday saodatli tong kunda otavermaydi, — dedi amir gina ohangida. — Sizning muborakbod etmagingizga zor 

boʻldik. 

— Uzrliman, amir sohib, — dedi Tarzi undan koʻzini olib qochib, - tobim yoʻqroq... 

— Olloh saqlasin, — amir shunday deb, qaynotasini ikki yelkasidan ushlab, koʻziga tikildi. — Dilingiz bir nimadan 

aziyat chekdimi? 

— Ha, amir sohib... Xudodan yashirmaganni bandadan yashirmayman: sulhdan koʻnglimga aziyat yetdi. 

— Sulhdan? Ajab... Ingliston bizga yon bosdi, bundan quvonmoq oʻrniga... 

— Amir sohib, fikri ojizimcha, Ingliston bizni chalgʻitgan, laqillatgan. Hamonki sarhadlarimizni oʻzimiz belgilamas 

ekanmiz, ozodligimiz, mustaqilligimiz qayda qoldi? Ular afgʻon amirlari taxtga oʻtirar choqlarida bir oz erkalik 

qiladilaru, yana oyogʻimizga bosh urib keladilar, deb ishonib qolishgan. Bu uchun sizga olti oy fursat berishibdi.



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

42

Nahot anglamadingiz? 



— Men olti oydan soʻng bosh urib borarkanmanmi? Men-a?! 

Amir xona boʻylab asabiy yura boshladi. 

— Yov makrini yolgʻon yashiradi. Sulhga ishonmaslik kerak. Hindistondagi gʻalayonlarni bostirib, soʻng yana bizga

hujum qilmaklari aniq. 

— Bu fursatda biz qaddimizni oʻnglab olajakmiz. Oʻrusiya orqali Farangistonga chiqamiz. Almoniyaga yetamiz.

Ingliston hali koʻp pushaymon yeydi, ha!

Omonulloxon shunday deb, yana qaynotasi roʻparasida toʻxtadi:

— Shoʻravi Rusi yoʻllagan vakola qachon yetib keladi?

— Bir haftalik yoʻl qoldi chamamda.

— Bir hafta... Menga yetkurgan daraklariga inonsam, ular orasinda noittifoqlik mavjud emish. Bir-birlariga-da izzat

yoʻq emish?

— Ular mashaqqat ila olis yoʻl bosib kelmoqdalar. Bunday ahvolda yaqin xesh-aqrobalar orasinda ham nizo

koʻtarilmogʻi mumkin. Xulosa chiqarishga oshiqmang. Bil’aks, ular bilan qay holda muzokara yuritmoqni fikrlang.

— Turkistondan tashrif buyurmish a’yonlar vakolasi ila muzokaralarni boshlasam-chi?

— Zinhor! Bunday qila koʻrmang, amir sohib. Avval chin vakola soʻzlariga quloq tuting. Turkiston a’yonlari

vakolasi hokimiyatga erisholmagan, yuragi zada. Koʻngulda qoralik mavjud boʻlishi ehtimol. Ular sizni haq yoʻldan

ogʻdirishi mumkin.

— Dono fikr. Men ular bilan... bir vaqtda muzokara boshlayman. Soʻng bir vaqtda tarozi pallasiga qoʻyaman.

Tarzi Qodir ogʻa hazratning kecha amir huzurida boʻlganidan boxabar edi. Shuning uchun kuyovining bu fikriga

monelik qilmadi. Amirning miltigʻida bir oʻq boʻlgani holda ikki quyonni moʻljalga olish unda xavotir uygʻotdi.

Boʻlajak muzokaralarda tushunmovchiliklar, koʻngilsizliklara yuz berishi mumkinligini sezib, afsuslandi.




Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling