Tohir Malik. Savohil (II- qism) Ikkinchi qism Diydor Yoʻli Ikkinchi bob Umid yulduzi 1


Download 0.51 Mb.
Pdf ko'rish
bet2/8
Sana07.03.2017
Hajmi0.51 Mb.
#1874
1   2   3   4   5   6   7   8

2

Kun oqqanda kema langar tashladi. Shuvalov kayutada yotgan Asadullani yuqori sahnga chaqirdi. 

— Dargʻaning aytishicha, anov tepalik ortida turkmanlarning ovuli bor ekan. Yoningga bir-ikki musulmonlarni olib, 

borib kel, yon-atrof tinchmi, soʻrab-surishtir, — dedi. Keyin yaqinlashayotgan elchiga yuzlandi. — Nikolay 

Zaxarovich, shu yaqi oʻrtada ovul bor ekan. Mira’lamovich borib kelsin. Oziq-ovqat xarid qilish kerak. 

— Mayli, borsinlar, — dedi Xmarin hafsalasizlik bilan. 

Sinelnikovaning atrofida girdikapalak boʻlayotgan Ushinskiy Asadulla, Zikriyo afandi va toʻrt afgʻonning qirgʻoqqa 

tushganini bilmay, dogʻda qoldi. 

Bir barxanni oshib oʻtib, yalanglikka chiqdilar. Yalanglikda oʻttizga yaqin oʻtov tikilgan, atrofda qoʻy-echkilar 

yoyilgan edi. Ovulga yaqinlashayotgan begonalarni koʻrib, oqsoqol peshvoz chiqdi. 

— Xosh keldingizlar, — dedi u salomga alik olib. 

— Karkiga yoʻl olganmiz, ortiqcha non-goʻshtingiz boʻlsa sotib olaylik, — dedi Asadulla. 

— Musulmonmisanlar baring? 

Asadulla sheriklariga qarab oldi. 

— Alhamdulilloh... 

— Unda senmas ekansanlar. Bizga oʻruslar keladi, deyishib edi. Oʻruslar kelsa oʻtkazmanglar deyishgan. 

— Nimaga? 

— Karkida zulm qilishibdi. Bizga yarogʻ qoldirishdi. 

— Kimlar tashlab ketdi? 

— E, oʻgʻlon, surishtirishingdan oʻruslaring borga oʻxshaydi. Demak, senlar ekansan. Izzating borida qayt. 

Boshlaring balolalarga qolmasin. 

Qariya shunday deb irgʻay tayogʻini doʻqillatib, orqasiga qaytdi. 

Asadulla va Zikriyo afandi bir-biriga savol nazari bilan tikilgan holda turib qoldilar. Keyin orqalariga burildilar... 

— Ovullarni qurollantirishibdi, — dedi Asadulla Shuvalovga. 

— Qaytish kerak, hali ham kech emas, — dedi Shuvalov.


Tohir Malik. Savohil (II- qism)

9

— Bir gap topib keldingizmi? — dedi Xmarin ularga yaqinlashib. 



Asadulla aytdi. Bu orada Ushinskiy bilan Sinelnikova ham ularga qoʻshildi. Jiddiy maslahat ketayotganini bilib, 

Ushinskiy avval Zikriyo afandiga yuzlandi: 

— Bizning muhim gapimiz bor, iltimos, holi qoʻysangiz, — soʻng Sinelnikovaga qaradi. — Valentina Nikolaevna, 

uzr, sizni toliqtirib qoʻymaylik. 

— Veniamin Samoylovich, sizdan iltimos, Zikriyo afandiga bunday muomala qilmang. U hamma gapdan boxabar, 

— dedi Asadulla uning qiligʻidan norozi boʻlib. 

— Mana shu ishingiz bekor. Muhojirga ishonishga haqqimiz yoʻq. 

Ular past ovozda bahslashib, bir qarorga kela olmadilar. Sahnda davra qurib oʻtirgan afgʻonlar ularga qarab-qarab 

qoʻyib, bezovtalanishdi. 

— Ertalab hal qilamiz, — dedi Xmarin bahsga yakun yasab. — Hozir sir boy bermaylik. Yuringlar, afgʻonlar bilan 

gurung qilaylik. 

Afgʻonlar ularni oʻrinlaridan turib qarshiladilar. 

— Mirza Qandilxon, gapimiz chala qolib edi, — dedi Xmarin chordana qurib, — demak, amir Omonulloxon 

Inglistondan tap tortmabdi-da, a? 

— Ha, sohib, tap tortmadi. Avom jon desa jonini bermoqqa tayyor hozir. Eronda ham shu holmi? 

— Yoʻq, Mirza, Eronda butkul aksi. Rossiya Eronga mustaqillik bergan edi. Mustaqillikni asray olmadi. 

Xmarin Eron voqealarini aytishga tutindi. Afgʻonlar uni qiziqib jon qulogʻi bilan tinglashar, Said Gʻafforbek esa 

undan koʻzini uzmas edi. Xmarin bu oʻtkir nigohni sezdi. 

— Muhtaram Said Gʻafforbek, hikoyam sizga ma’qul kelib qoldi shekilli, a? — dedi u bir mahal. 

Said Gʻafforbek bunday murojaatni kutmagan edi, shu bois javobga shoshilib qoldi. 

— Ha, ha, —dedi u, — gʻoyat qiziq hikoya. Eronning ahvoli koʻp mushkul ekan. 

— Siz ham yurt kezganga oʻxshaysiz, koʻlaringiz aytib turibdi, yoʻl uzoq, hamsuhbat boʻlaylik, hangoma qilaylik. 

— Yurtlarni kezganim rost, biroq muxtasar gapni xushlayman: yoʻl quvlagan xazinaga, gap quvlagan baloga 

yoʻliqarkan. Xazinaga yoʻliqaylik ilohim, — u shunday deb yuziga fotiha tortdi. — Nasib qilsa hali koʻp suhbat 

qurarmiz. Hozir toliqdim. Yak nafas huzur — taxti Sulaymon, deydilar... 

Said Gʻafforbek oʻrnidan turib, kayutaga tushib ketdi. Shuvalov Asadulla bilan koʻz urishtirib oldi. 

«Biri — Gʻafforbek. Sherigi kim?» 

Har ikkovining xayolida shu jumboq hukmron edi. 

Telba daryo mast uyquga kirib toʻlgʻandi. Qorongʻilik hammayoqni bir tekisda bagʻriga oldi. Tiniq yulduzlar 

osmonga sochilgan choʻgʻday porillaydi. Daryodan koʻtarilgan yengil shabada goʻyo shu yulduz — choʻgʻlarni 

alanga oldirmoqchiday yuqoriga intiladi. Kemaga kuchi yetmagan toʻlqinlar barjani siltab-siltab tortadi. 

Kayutalardan xurrak ovozi eshitiladi. 

Asadullaning ham, Shuvalovning ham kiprigiga uyqu ilashavermadi. 

Shabada osmondagi choʻgʻlarni yondira olmadi, aksincha, oʻchirib qoʻyib, tongni uygʻotib yubordi. Barxanlar ortidan 

bostirib kelgan tong hademay yoyilib ketdi. 

Xmarin olgʻa qarab yurishni buyurdi. 

Peshinga yaqin oʻng qirgʻoqdagi barxanlar ustida turkmanlar koʻrinib, miltiqlarini silkitganlaricha baqira boshlashdi. 

— Toʻxtashni talab qilishyapti shekilli? — dedi Shuvalov ularga xavotir bilan qarab. — Toʻxtamasak, otishadi. 

— Toʻxtang! — deb buyurdi Xmarin, dargʻaga qarab. Keyin Asadullaga yana yuzlandi. — Gaplashib kelish kerak 

ular bilan, borib keling. 

— Men ham boraman. 

— Veniamin Samoylovich, bunaqa ishni musulmonlarning oʻzlari bajargani ma’qul, men bularning fe’lini bilaman, 

— dedi Xmarin. — Asadulla Mira’lamovich, Zikriyo afandi bilan birga boring. 

Ular oq bayroq koʻtarib, sohilga tushdilar. Arkoni harbdan ikki otliq ajralib, ularga yaqinlashdi. Otliqlarning ikkalasi 

ham yelkasiga miltiq, beliga qilich osgan, keksayib qolganiga qaramay, egarda tetik oʻtirishardi. Ular otdan tushib, 

elchilar bilan omonlashdilar. 



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

10

— Bekbobo, bu harakatlaringizning boisi ne? — deb soʻradi Asadulla. — Kemamizga oq bayroq ilganmiz. Bu



yerlardan oʻtuvimizga amiringiz Said Olimxon izn berganlar. 

Qariyalardan biri engagidagi siyrak soqolini silab, oʻtkir nigohini Asadullaga qadadi. Ammo savolga javob bermadi. 

— Bekbobo, — dedi yana Asadulla, — biz sizlarga mehmonmiz. Daryo uzorindan Karkiga borib, undan

Afgʻonistonga oʻtib ketajakmiz. Balki sizning askarlaringiz bizning kimlar ekanligimizni bilmaslar, balki bizlarni

dushman hisoblab otish ochgandirlar? 

— Bolam, bizlarni tentak fahmlama, — dedi tikilib turgan qariya, — sen bilganni biz-da bilamiz. Bizning oʻruslar

bilan oramiz buzuldi. 

— Sabab nima, bekbobo? 

— Sababini bilmaysanmi? Bilmasang aytay, eshit: oʻruslar Karkida turkmanlarga zulm qildilar. Beklarni tutib

oʻldurdilar. Uylarni yondurdilar. Bola-baqrani ham oʻldirishdan toymadilar. Insoniyat nuqtai nazaridan bunday

xoʻrlikka chidashga toqatimiz qolmadi. Yo najot, yo oʻlim! Yo ishlarimizni oʻngarib olamiz, yo barimiz qirilib

bitamiz.


— Qirilib bitishdan oʻzi asrasin, bekbobo, yaxshi nafas qiling. Turkmanlarning baxti ochilib ketsa ajabmas. 

Bekbobo, ruslarning zulmini oʻzingiz koʻrdingizmi? 

— Zamin bevafo boʻlib qoldi, bolam, hech kimga ishonolmaymiz! Mana sen musulmonsheva ekansan, gaplaring 

ma’nili, ammo ishonmayman. Hozir yaxshi gaplar gapirib, Karkidagi birodarlaringga yarogʻ olib ketayotgandirsan? 

Kemaning dumida zambarak koʻrdim? 

— Yarogʻimiz bor, ammo zinhor koʻmakka borayotganimiz yoʻq. Karkida turkmanlarga zulm qilinganini sizdan 

bilib, hayratda qoldim. Bunday boʻluviga sira ishonmayman. Sizlarni aldashgan. Soʻzimga inonmasangiz, mayli, 

kemani bunda qoldirib, oʻzimiz qayiqqa oʻtirib boraylik manzilimizga. 

— Boʻlmaydi, bolam, qayiq tugul chibinni ham oʻtkazmaymiz. Biz oʻtkazsak-da, narida boshqalar bor. Nobud 

boʻlishingiz tayin. 

— Bekbobo, unda bizning Afgʻonistonga safarimiz nima boʻladi? Biz urush boʻlmasin, musulmonlarning qoni 

behuda toʻkilmasin, musulmonlarning ham bagʻriga shamol tegsin, oʻzining nonini oʻzi yesin, boshqalar tortib 

olmasin, degan kelishuvni afgʻon amiriga yetkazmoq uchun xayrli safarga chiqib edik. 

— Gaping chinmi? 

— Bekbobo, sizni aldamoq gunoh emasmi? 

— U holda... Kemadan tushinglar. Elchiga oʻlim yoʻq. Yarogʻlaringni bizga beringlar. Biz sizlarni ot-arobaga 

oʻtqazub, bir kecha-kunduzda sarhadga yetkazib qoʻyamiz. 

— Ichimizda oʻruslar ham bor, ular-chi? 

— Kim boʻlsa boʻlsin, odam ayirmaymiz. 

— Bekbobo, oʻzingizni urintirmay, bizlarni oʻtkazib yubora qolmaysizlarmi? 

— Bolam oʻzbekmisan, oʻzbeklar oʻjarmas-ku? Men senga bogʻona aytdim. Karkiga bora-borguncha askar koʻp. 

— Bekbobo, u holda men kemaga qaytib, birodarlarim bilan maslahat quray. Balki yoningizga qaytarman. 

— Turkman bobongning gapiga kir. Nobud boʻlasan yoʻqsa. 

Asadulla kemaga qaytganda Shuvalov barchani qurollantirib ulgurgandi. Kema xizmatchilari pastdagi toy paxtalarni 

yuqoriga tashish bilan ovora edilar. Xmarin, Shuvalov, Ushinskiy kema quyrugʻida elchining qaytishini sabrsizlik 

bilan kutishardi. Asadulla ularga turkman begidan eshitganlarini aytayotganida Zikriyo afandi nari keta boshladi. 

— Zikriyo afandi, toʻxtang, sizdan yashirguvchi sir yoʻq, — dedi Xmarin. Ushinskiy e’tiroz bildirmoqchi edi, u oʻng 

qoʻlini koʻtarib: «Jim boʻling», degan ishora qildi. 

— Chol hiyla ishlatmayaptimikin? — dedi Xmarin Shuvalovga qarab. 

Shuvalov darrov javob bermadi. 

— Boshim qotib qoldi. Nazarimda qirgʻoqdagi turkman ovullarini oyoqqa turgʻazishgan. Bu cholning gapi gʻalati. 

Afgʻonistonga oʻtkazib qoʻyishiga ishonaylik. Lekin qurollarimizni topshirishimiz... Niyati qorongʻi. 

— Ishonmaslik kerak ularga, — dedi Ushinskiy.


Tohir Malik. Savohil (II- qism)

11

— Yoʻlda ketaberamizmi? — dedi Xmarin. 



— Orqaga qaytish kerak, hali ham kech emas, — dedi Shuvalov. 

— Siz zambarakdan bir oʻq uzing, qirgʻoqda askar zoti qolarmikin, — dedi Ushinskiy. — Ular otgan oʻq kemamizga

yetib kelmasa ham kerak. Kemaga shuncha askar olganimiz nimasiyu qochishni taklif qilganingiz nimasi? 

— Veniamin Samoylovich, miltiq otishni bilasizmi? 

— Men siyosiy arbobman. Vitaliy Sergeevich, hali meni jangga solmoqchimisiz? 

— Veniamin Samoylovich, uyoqdan uchib kelgan oʻq kim arbob, kim jangchi, deb surishtirib oʻtirmaydi. Yaxshisi

bejanjal ortga qaytaylik. 

— Endi qoʻrqityapsizmi? — dedi Xmarin zarda bilan. — Qarorimiz shu: olgʻa yurish. Kerak boʻlsa, jangga kiramiz.

Ha, Vitaliy Sergeevich, men yaxshigina merganman, hisobga olib qoʻying. 

Shuvalov, ilojim qancha, deganday yelka qisdi. 

Kemaning jilganini koʻrgan turkmanlar qiyqirib, pala-partish oʻq uzdilaru tinchidilar. 

— Ana, aytmadimmi? — dedi Ushinskiy quvonib. — Bular bir poʻpisa. Zambarakni koʻriboq, eslarini yigʻib

olganlar.

3

Hijron dardining yaralariga tuz sepuvchi tush tugamay, tun oyoqladi. Asadulla tushida bolalarini koʻrdi. Ularni shu 

yerda, shu daryo yuzida koʻrdi. Udar daryoning telba mavjlarini pisand qilmay, kema orqasidan izma-iz kelardilar. 

Asadulla ularga yetishay deb harakat qiladi, ammo kema atrofini oʻrab olgan yoʻgʻon arqonlarni oshib oʻtolmaydi. 

Birdan loyqa suv yermoyga aylandi-yu, yona boshladi... Uning alangasi Asadullaning koʻkragini kuydirdi, tutuni 

nafasini boʻgʻdi. Shu alpozda uygʻonib ketdi. Kayuta ichi dimiqib qolgan — yotolmadi. Shart oʻrnidan turib, sahnga 

chiqdi. 

Tong boʻzarish arafasida. Kema sahnida daryodan koʻtarilgan shabada hukm suradi, barxanlar ortidan oʻt purkovchi 

kuch yoʻq. Qumlarning tafti ham soʻngan. Tumshugʻini qumli orolga tiragan kemani uyqusirayotgan toʻlqinlar 

siltab-siltab qoʻyadi. 

Asadulla quyruq tomonda oʻtirgan odam qorasini koʻrib, dastlab tanimadi. Bagʻrini shabadaga tutib turganda 

Gʻulomqodir qoʻzgʻaldi-da, unga yaqinlashib salom berdi. 

— Ha, inim, uyqu qochdimi? — dedi Asadulla, uning salomiga alik olgach. 

Gʻulomqodir javob bermay yelka qisib qoʻya qoldi. 

— Uyingizni sogʻingandirsiz. Hademay yurtingizga yetasiz. Halovat topasiz. 

— Halovatni qoʻmsaganim yoʻq. 

Tundroq yuruvchi afgʻon yigitning bu gapidan Asadulla sezdi-ki, uning qalbida bir tosh bor. Odatda bunday tosh 

qoʻzgʻalsa, alam daryosi toʻlqin urib qirgʻoqdan toshib ketadi. Balki bu tun bir nima sabab boʻlib tosh qoʻzgʻalgandir. 

Balki yigit alamlari otashida qovjirayotgandir. Balki uning ham dardi ayriliqdandir. Shunday boʻlsa, ayriliq 

ogʻrigʻining qalbdagi kuchi, larzasi Asadullaga begona emas. 

— Siz nimadandir qattiq alamdasiz, — dedi Asadulla hamdard odamning ovozi bilan. 

Gʻulomqodir: «Qanday sezdingiz», deganday savol nazari bilan tikildi. 

— Alamsiz odam bormi? — dedi u picha sukutdan keyin. 

— Istasangiz ayting, koʻnglingiz yoziladi. 

— Gapingiz gʻalati, sohib, men erkakman, alamini baham koʻrgan erkakni koʻrganmisiz? 

— Ma’qul aytdingiz, inim, erkak nomini olish uchun oʻgʻil bola boʻlib tugʻilish kifoya emas, dardlar bandiligiga dosh 

berib, yengish ham lozim. Tan jarohatidan yurak jarohati yomon. Siz yoshsiz, bu azoblarga bardosh bera olasiz. 

— Sohib, men bilan bular haqda gaplashmang. 

— Xohishingiz... 

Asadullaning shunday deb jimib qolganini koʻrgan Gʻulomqodir, terslik qilganini fahmlab, izza boʻldi. 

— Ma’zur tuting, sohib, ijozat etsangiz bir soʻrogʻim bor edi. 

— Soʻrang.



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

12

— Yurtimni hali borib koʻrasiz. Fuqaro nochor. Amir, nazarimda, sizlarga koʻz tikib edi, yordamga mahtal edi.



Sizlar esa... oʻzim koʻrdim, bizday nochor ekansiz. Bizning boruvimiz, sizning keluvingizdan nima naf? 

— Nochorligimiz haq. Bizni urushlar yedi, inim, hozir ham urush tingani yoʻq. Ilgari faqir ming uqubat ila bitta non

topsa, oʻziga bir tishlamgina qolardi. Endi topgan nonimni oʻzim yeyman, desa urushib yotishibdi. Hademay urush

tugaydi, faqirning noni butun boʻladi. Sizning yurtingiz ham luqmasini Inglistonga bermaydi. Bunga yetishish uchun

qoʻshnilar inoq, ahil, tinch boʻlishi kerak. Biz shuning ahdlashuviga bormoqdamiz. 

— Oʻruslar noningizga sherikmasmi? 

Sahnga kema dargʻasi chiqib, Asadulla savolga javob bera olmadi, suhbatlari uzildi. Kema pishqirib, siltanib, qum

orol changalidan qutula boshladi. Birin-sirin uygʻonganlar sahnga chiqaverishdi. Shuvalov dargʻaga xaritani

koʻrsatib, nimanidir aniqlab olgach, barchani toʻpladi. 

— Agar kechagi cholning gapi rost boʻlsa, bugun yana turkmanlarga duch kelamiz. Besh-olti soatdan keyin

daryoning tor yeriga yetamiz. Pistirma uchun bundan bop joy yoʻq. Ehtiyotdan shay boʻlib turishimiz shart. 

Pistirmaga yetishni istamaganday kema tez-tez qumga tiqilaverdi. Bundan dargʻa ham, xizmatchilar ham holdan

toyishdi. Shuvalov aytgan joyga besh-olti soatda emas, kun peshindan oqqanda yetishdi. 

Olgʻa yurishganlari sayin sohil asta koʻtarilib, daryoni ikki tomondan siqib kela boshladi. Toʻlqinlarning bevoshligi

ortdi. Kema tor, chuqur oʻpqon sari kirib borganday boʻlaverdi. Ana shu paytda har ikki qirgʻoqdagi tepaliklar ustida

odamlar koʻrindi. Dam oʻtmay har ikki qirgʻoqdan oʻq doʻli yogʻa boshladi. 

Shuvalovning buyrugʻi bilan vakola hay’ati va afgʻon a’yonlari pastga tushib, kayutalarda jon saqlaydigan boʻlishdi.

Qolganlar tepada jang boshladilar. 

— Bular ogohlantirib ham oʻtirishmadi, demak, kuchlari koʻp, oʻzlariga ishonishadi. 

— Vahima qilmang, oʻrtoq Mira’lamov, oʻtiring, — dedi Ushinskiy zarda bilan. 

Asadulla unga javob bermay, tik turganicha yuqoriga quloq tutdi: zambarak uch-toʻrt oʻq uzib, jimib qoldi. Nima

boʻldi? Barjadagilar qirilib bitishdimi? Pulemyot ham bir me’yorda otmayapti. «Bema’nilik, bu holda jangga

kirmoqlik mutlaq tentaklik. Kema tayyor nishon-ku? Bu yoqdan otilgan oʻq tuproqqa sanchiladi, behuda ketadi.

Nahot Shuvalovning fahmi shunga yetmasa?» 

Kema imillab olgʻa boradi, oʻq doʻlining tinishidan esa darak yoʻq.

— Nikolay Zaxarovich, eshityapsizmi, turkmanlarda kuch koʻp. Orqaga qaytish kerak. 

— Tor oʻzandan chiqib olsak, ular bas kelisholmaydi. 

— Ungacha odamlarimiz nobud boʻlib ketishadi. 

— Vahima qilmang, azizim, oʻtiring. Odam bunaqa paytda oʻzini qoʻlga ola bilmogʻi kerak. 

Shu payt kayuta eshigi zarb bilan ochili, ichkariga afgʻon sarbozi yiqildi. Sinelnikova qonga belangan yigitni koʻrib 

qoʻrquvdan qichqirib yubordi. Ushinskiy dovdirab qoldi. Avval Asadulla, keyin Xmarin sarbozga yordam berish 

uchun shoshilishdi. Sarbozning oʻng bilagi oʻqdan titilib ketgan, ogʻriqdan gapirishga qurbi yetmasdi. 

— Oʻrus sardor oʻldi, — dedi ingrab. 

Asadulla oʻzi ham bilmagan holda yuqoriga intildi. 

— Mira’lamov, qayting! — deb buyurdi Xmarin. 

— Yaradorga qaranglar! — Asadulla shunday deb eshikni yopdi. 

Yuz-koʻzi qonga belangan Shuvalov toy paxtaga suyanganicha harakatsiz oʻtirardi. 

— Vitaliy Sergeevich! — dedi Asadulla, uni yelkasidan ushlab. 

— Tirikka oʻxshayman, Mira’lamovich, — dedi Shuvalov ingrab, — qara, kenglikka chiqdikmi? 

— Yoʻq. 


— Qaytish kerak. 

Asadulla paxtadan bir siqim yulib olib, Shuvalovning yuzidagi qonni artdi. Oʻq peshonasini yalab oʻtgan ekan. 

— Bogʻlab qoʻy, Mira’lamovich, toʻygacha tuzalib ketadi. 

— Bunaqada toʻyni koʻrmasligimiz ham mumkin. Kayutaga tushing. 

— Sen tushib ayt, orqaga qaytishga ruxsat bersin.


Tohir Malik. Savohil (II- qism)

13

Shu payt kema bir siltanib, toʻxtadi. 



— Qumga tiqildi, — dedi Asadulla asabiylashib. — Endi yem boʻlishimiz tayin. Zambarak nimaga jim? 

— Otilmayapti. 

«Ish yurishmasa bulamiq1 dandon sindiradi, degani shu», deb oʻyladi Asadulla, keyin dargʻaning yoniga yugurdi. 

— Kenglikka qachon chiqamiz? — dedi u baqirib. 

— Bu ahvolda ikki-uch soatsiz chiqib boʻlmaydi, — dedi dargʻa otishayotganlarga ishora qilib. 

— Orqaga haydang, qaytamiz, — dedi Asadulla qat’iy. Bu qat’iylikdan oʻzi ham hayron boʻldi. 

Kema siltanib-siltanib qum changalidan qutuldi-da, ortga qayta boshladi. Saldan soʻng kayuta eshigi qiya ochilib, 

Xmarinning boshi koʻrindi. 

— Nima gap? — dedi tahdidli ohangda. 

— Qaytyapmiz, — dedi Asadulla. — Qarang, oʻtish mumkin emas. 

Xmarin tashqariga chiqmadi. Shuvalovning ahvolini koʻrdi-yu, indamay eshikni yopdi. 

Turkmanlar ularni ancha yergacha ta’qib etib bordilar. Oqim iziga tushgan kema tezlashib ketdi. 

Omon qolgan askarlar yarador sheriklarining jarohatlarini bogʻlashdi. Toʻrt kishining jasadini kemaning quyruq 

tomoniga qoʻyib, ustiga mato tashlashdi. Barjada ham uch odam harakatsiz yotardi. 

Yarasi yuvilib, malham qoʻyib bogʻlangach, Shuvalov kayutaga tushdi. 

— Valentina Nikolaevna, malol kelmasa, yaradorlarga qarasangiz, — dedi Asadulla. 

Xmarin bosh irgʻab «boring» degach, Sinelnikova norozi kayfiyatda chiqib ketdi. 

— Yetti kishi halok boʻldi. Oʻttiz ikki odam yaralangan, ogʻirlari ham bor, — dedi Asadulla horgʻin ohangda. 

— Bunga Buxoro amiri javob berish kerak, — dedi Ushinsiy. 

— Veniamin Samoylovich, Buxoro amiri oʻliklarni tiriltirib berolmaydi. 

— Vitaliy Sergeevich, siz harbiy odamsiz. Shuni bilar ekansiz, nimaga qattiq turmadingiz, bizni ishontirmadingiz? 

— Veniamin Samoylovich, — dedi Xmarin asabiylashib, — iltimos, bunaqa bema’ni bahsni bas qiling. Axir oʻrni 

emas, nahot tushunmasangiz? 

Kayuta eshigi taraqlab ochilib, Gʻulomqodir koʻrindi. 

— Sohib, sizni yoʻqlashyapti, — dedi u Asadullaga. 

— Kim? 


— Mirzo Qandilxon sohib. Said Gʻafforbek sohib ogʻirlashib qoldilar. 

Gʻulomqodir shunday deb eshikni ohista yopdi. 

— Nima deyapti? — dedi Ushinskiy. 

Asadulla aytdi. Shuvalovning yarim yumuq koʻzi shart ochildi. 

— Tez chiqing, — dedi u. 

Afgʻonlarga ajratilgan kayutada koʻkraklari bogʻlangan Said Gʻafforbek hansirab yotardi. Asadullaning kirganini 

bilib, Mirza Qandilxonga «chiqinglar» deb iltimos qildi. Unga itoat etdilar. 

— Asadulla afandi, men Rafiqman, — dedi u oʻzbekchalab. 

— Bilaman. Sizga... bu yerda... qanaqasiga oʻq tegdi? 

— Xudo uraman desa, joy tanlamas ekan. Bir qaray deb edim... 

— Menda gapingiz bormi? 

— Gunohimdan oʻting meni. 

— Shuginami? 

— Toshkentga qaytsangiz, Xudo xohlasa qaytasiz, sizdan bir oʻtinchim bor: Oʻqchidagi uyimga boring. Koʻchadan 

kirishda oʻn bir qadam, ayvondan koʻchaga oʻn uch qadam yurib, soʻng qiblaga toʻrt qadam qoʻyasiz. Soʻng odam 

beli barobar qazisangiz bir xum chiqadi. Tillolarning yarmi, yoʻq, uchdan ikkisi sizga, roziman, oling. Qolganini 

zavjamga berib, bolalarim bilan Buxoroga yetkazing. Buxoroda akam bor, zavjamni nikohiga olib, bolalarimga 

otalik qilsin. Vasiyatim shu. 

— Toshkentga nima uchun borib edingiz? Toʻgʻrisini aytsangiz, vasiyatingizni bajo keltiramiz. Tillolaringiz menga 

kerak emas. 



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

14

Said Gʻafforbek koʻzlarini yumdi. Nafas olishi tezlashdi. 



— Moskvaga yetganda elchini oʻldirmagim lozim edi. 

— Oʻzingizga yarashmagan hunarni tanlagan ekansiz. Qotillikdan koʻra xoinlik durust emasmidi sizga? 

— Gapirmang... Xudo urdi meni. 

— Qaytishingiz sababi nima? 

— Moskva yoʻli berk... Valixonga boshqa odam boradi. Buxoroda Xauston degan inglis hammasining hisob-kitobini 

qilib bergan. U Toshkentdan odam kutayotgan edi. Kimligini bilmayman. Oʻsha odam kelsa, ular ham Afgʻonistonga 

yoʻl oladilar. Men... sizlarni yoʻq qilishim kerak edi. 

— Bir oʻzingiz-a? Sherigingiz kim? 

— Sherigimning kimligini bilmayman... bir odam bor yana, gʻayridinlardan... Endi vasiyatimni bajo keltirasizmi... 

qasam iching... 

— Istagingizni oilangizga yetkazaman. 

— Ilohim Toshkentga omon-eson qayting... 

Asadulla tashqariga chiqdi. «Meni oʻldirishi lozim boʻlgan odam, endi omonlik tilasa?! Ajab dunyo bu...» — dedi u 

oʻzicha. 

Koʻp oʻtmay afgʻonlar Said Gʻafforbek jasadini ham quyruqdagi murdalar yoniga qoʻydilar. 

Oqshom tushishi bilan kema daryo oʻrtasida langarandoz qildi. Marhumlarni sohilga dafn etdilar. Tun tahlika bilan 

kechdi. Tong yorishar-yorishmas langar koʻtarildi. Qosh qoraymay turib Termizga yetdilar. Yaradorlarni qal’a 

gospitaliga joʻnatgach, Xmarin Asadulla bilan birgalikda temir yoʻl bekatiga borib nazoratchiga Koʻshkka 

borajaklarini ma’lum etdi. 

— Poezdingiz Toshkentga joʻnab ketgan, — dedi nazoratchi. — Faqat xarob vagonlarim bor. 

Nazoratchi oʻqlar teshib oʻtgan, ayrim yerlari kuygan, derazalari singan vagonlarni koʻrsatdi. U yer-bu yerini tozalab, 

ertalabga tayyor qilishini aytdi. 

— Asadulla Mira’lamovich, siz Ushinskiyning nomzodiga qarshi chiqqan ekansiz. Buni eshitib, milliy adovat deb 

oʻylagan edim, yanglishgan ekanman. Siz uni yaxshi bilarkansiz, — dedi Xmarin. 

— Buni nimaga eslab qoldingiz? 

— Men oʻzimni oqlamayman, lekin koʻproq oʻsha aybdor, uning gaplari me’damga tegdi. 

— Nikolay Zaxarovich, bir-birimizni ayblamaylik. Oldinda hali uzoq yoʻl bor. 

— Siz hukumat a’zosisiz, shu odamni orqaga qaytarib yuborsangiz-chi? 

— Haqqim yoʻq, Nikolay Zaxarovich. Menga bunday huquq berilmagan. Undan tashqari u firqa guruhiga bosh. 

— Mushkulimizni oson qilib boʻlmas ekan, azizim, — dedi Xmarin afsuslanib. 

Asadulla unga qarab turib, dastlabki uchrashuvini esladi. Oʻshanda Xmarin Asadullada noxush taassurot qoldirgan 

edi. Ikki oy avval Turkiston Tashqi ishlar xalq nozirligiga chaqirilganda Asadulla yana Ishoqxonni joʻnatish 

masalasida gaplashmoqchidir, deb oʻyladi. Biroq xonaga kirishi bilan nozir uning qoʻliga arabcha imloda chiroyli 

qilib yozilgan maktub tutdi. 

— Afgʻonistonning yangi amiri Moskvaga maktub yuboribdi. Shu yerda tarjima qilib, radiotelegraf orqali 

yetkazamiz. Sizga Nikolay Zaxarovich yordam beradilar. Tanishing: Xmarin, Nikolay Zaxarovich. Rossiya 

imperiyasining Erondagi elchixonasida mas’ul vazifada ishlaganlar. Diplomatlar ichida birinchi boʻlib Sovet 

Rossiyasiga xizmat qilish istagini bildirganlar. Inglizlarning tazyiqi tufayli Eronni tashlab kelishga majbur 

boʻlganlar. 

— Siz men bilan istasangiz forsiyda, istasangiz rus tilida gaplashavering, — dedi qotmadan kelgan, orasta kiyingan, 

hali qirqni qoralamagan Xmarin unga qoʻl uzatib: 

— Forsiyni sizchalik bilmasam kerak, har holda usta koʻrmaganman, koʻp soʻzlashmaganman ham, — dedi 

Asadulla. 

Koʻz qarashlaridan kiborligi sezilib turgan Xmaringa bu gap xush yoqib, jilmaydi. 

— Boshladik boʻlmasa, — dedi u Asadullani yozuv stoliga taklif qilib. — Xoʻ-oʻsh, amirning birinchi gapi shunday, 

— Xmarin oyoqlarini chalishtirib olgancha ogʻzaki tarjima qila ketdi. Asadulla esa yozib bordi. Maktub



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

15

yarimlaganda Xmarin maktubni Asadullaga uzatdi. — Bir chekib olay, oʻzingiz ermak qisib turing. 



— Shu yerda chekavering, Nikolay Zaxarovich, — dedi nozir kuldonni u tomon surib. Xmarin minnatdorchilik

bildirib, papiros tutatdi-da, koʻzini sal qilib, Asadullaga razm soldi. 

Asadulla uning nayrangini fahmlab, ichida kulib qoʻydi-yu, sir boy bermay ishni davom ettirdi. «Podsho xizmatida

boʻlgani uchun nozir unga ishonqiramay, meni chaqirtirgan. Bu dimogʻdor janob haligi gapimga ishonib, endi meni

sinab koʻrmoqchimi?.. «Asadulla xat mazmunini yaxshi tushunsa-da, soʻzlarni ruschada qiyomiga yetkazib ifoda

etishga qiynaldi. Shuning uchun tarjimani daf’atan boshlay olmadi. Xmarin unga e’tibor bermaganday xotirjam

papiros tutataverdi. Asadulla uzoq oʻylab, maktub tarjimasini davom ettirdi.

«... Oliy hazratlari, mening buyuk va qadrli doʻstim, Buyuk Rusiya davlatining prezidenti! Siz insoniyatning doʻstlari 

boʻlmish oʻz yoʻldoshlaringiz ila baqamti adolatli va oliyjanob vazifani — odamlarning farogʻati hamda farovonligi 

xususida qaygʻurmoqni zimmangizga olganingiz boisi va dunyodagi yurtlar, dunyodagi xalqlarning ozodligini, teng 

huquqliligini ovoza etganligingiz uchun men mustaqil va ozod Afgʻonistonning shu doʻstlik xatini taraqqiyot yoʻliga 

intilmish afgʻon xalqi nomidan ilk bora sizga yubormagimdan sarfarozdirman. 

Sof yurakdan bildirgan hurmat-ehtiromim buyuk doʻstim tomonidan lutfan qabul etilajak, deb hohish bildiraman va 

chin yurakdan ishonaman. 

Hijriy sanasining 1337 yili, rajab ul murajaba oyining 6-kuni, ya’ni nasariy sanasining 1919 yili, 7 apreli. 

Sizning doʻstingiz Omonullo». 

Asadulla xatni nozirga uzatdi. Nozir koʻzoynagini burniga qoʻndirib, tezgina oʻqib chiqdi. 

— Demak, uchinchi maktubimiz hali ularga yetib bormabdi. Lekin... niyatlari yaxshi, juda yaxshi. Nihoyat, 

mustaqillik nima ekanini anglashibdi. 

Xmarin Asadullaning tarjimasini oʻqishga oshiqsa ham sirtiga chiqarmadi. Stol ustidagi ikkinchi xatni olib, koʻz 

yugurtirdi. 

— Bunisi «umrlari uzoq boʻlgur tashqi ishlar ministriga», «umrlari uzun boʻlgur amirning» pok niyatlarini tasdiq 

etuvchi noma. Horijiya noziri Mahmud Tarzi imzolagan. Sharqliklarning odati shunaqa. Har bir soʻzi takallufga 

toʻydirilgan, gaplari yolgʻonmi, chinmi ajratib boʻlmaydi. Umuman... diplomatiya tiliga juda mos. 

Bu gap Asadullaga malol kelib, manzirat qilib oʻtirmadi: 

— Janob Xmarin, — dedi u norozi ohangda, — buni Yevropada aytsangiz yarashardi. 

— Ha, ha, Nikolay Zaxarovich, — dedi nozir uning gapini boʻlib, — kesatiqlaringiz oʻrinsiz. 

— Kesatayotganim yoʻq, meni kechiring, — dedi Xmarin oʻrnidan turib. — Chindan ham diplomatiya tili takallufga 

boy boʻlishi kerak. Qoidasi shunaqa. Umuman... diplomatiyada soxtalik mavjud. Genri Uolten degan diplomatning 

bir gapi bor: «Elchi oʻz davlati manfaatlari yoʻlida boshqa mamlakat ahlini ustalik bilan aldash uchun horijga 

yuboriladigan rostgoʻy, halol odamdir», deydi. Jan Labryuyer esa: «Diplomatning vazifasi oʻzi aldanmagani holda 

boshqalarni alday olishdan iborat», deydi. Satou esa... 

— Janob Xmarin, qoʻying bu gaplarni. Kim oʻzi ularingiz? 

— Ularmi? — Xmarin nozirga qarab, yelka qisdi. — Ular mashhur diplomatlar. Biri ingliz, biri frantsuz... 

— Ana koʻrdingizmi, oʻzgalarni aldash ularga yarashadi, bizga emas. 

— Siz, Asadulla Mir... kechirasiz... 

— Mira’lamovich, deb eslatdi nozir. 

— Ha, Mira’lamovich, diplomatiya siyosatidan bexabar boʻlsangiz kerak. Har bir davlat, kim boshqarishidan qat’i 

nazar, oʻzga davlatlar bilan diplomatik aloqalar oʻrnatishga majbur. Diplomatik aloqalarning ea oʻz qonun-qoidalari 

bor. 


— Aldashni asos qilib olgan qoidalarimi? Yoʻq, bu bizga toʻgʻri kelmaydi. Eski dunyoning bunday diplomatiyasi 

bizga toʻgʻri kelmaydi. 

— Yangisi, ma’quli bormi? 

— Unisini bilmayman. Lekin... boʻlishi kerak, boʻladi. Bir-birini aldash bilan qanaqa doʻstlik oʻrnatish mumkin, hech 

tushunolmayapman. 

— Bu haqda keyinroq bafurja mulohaza qilamiz, — dedi nozir, ularni murosaga keltirish niyatida. — Hozir



Tohir Malik. Savohil (II- qism)

16

Tarzining maktubini tarjima qili beringlar. Shu bugunoq Moskvaga yetkazishimiz kerak. 



Asadulla Turkijroqoʻm majlisida Xmarin nomzodini eshitganida, bir narsaga hayron boʻlgan edi: shu paytgacha

podshoga astoydil xizmat qilgan, kimlardir asos solgan diplomatiya qoidalarini toʻgʻri deb biluvchi bu odamga

shunday vazifani qanday ishonib topshirishdi ekan? Faqat shaxsiy taassuroti emas, balki mana shu mulohazalar

paydo boʻlgani uchun ham Xmarin nomzodi Asadullada ikkilanish uygʻotgan edi. Tal’at maqsumning, soʻng Rafiq

Irisovning gaplaridan keyin bu ikkilanish qayta uygʻondi. Karki sari yurishga oʻzi buyruq bergani holda aybni

oʻzgaga yuklashi esa shubha eshigini ochib yubordi... 

Tunni kemada oʻtkazdilar. Kun yoyilganda «majruh» vagonlarga joylashib, «qaydasan Koʻshk», deb yoʻlga chiqdilar.

Shuvalovning yarasi xavfli emas ekan, doktorlar uning safarga chiqishiga monelik bildirmadilar.



Download 0.51 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling