Toshkent Amaliy Fanlar Universiteti Tarix yo’nalishi 1-kurs 106-guruh talabasi
Arab yozuvida o’tkazilgan islohotlar
Download 35.67 Kb.
|
Saydullayeva Iroda. 2-referat
Arab yozuvida o’tkazilgan islohotlar.
O‘rta Osiyoning bizga ma’lum bo‘lgan eng qadimgi xalqlarini shaklar (saklar) va massagetlar tashkil etadi. Bu xalqlarning ham o‘z yozuvlari mavjud bo‘lgan. O‘rta Osiyo xalqlari bilan G‘arbiy Osiyodagi davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarning kuchayishi natijasida O‘rta Osiyoga G‘arbiy Osiyodan oromiy yozuvi kirib kelgan. Bungacha O‘rta Osiyoda fors mixxatidan foydalanishar edi. Oromiy yozuvi mixxatga qaraganda ancha sodda bo‘lib, taxminan yigirmata harfdan iborat bo‘lgan. Eramizdan avvalgi III-II asrlarda Xorazm, Baqtriya, Parfiya va So‘g‘d davlatlarida shu oromiy yozuvida kitoblar yozilgan. Shuningdek davlat ahamiyatiga molik diplomatik hujjatlar ham shu yozuvda rasmiylashtirilar edi. Bu davlatlarda qisman grek yozuvi ham iste’molda bo‘lgan. Oromiy yozuvida xat o‘ngdan chapga qarab yozilgan. Bu yozuvda unli tovushlarni ifodalash uchun harflar bo‘lmagan. Oromiy yozuvi zaminida fors yozuvi shakllangan. Umuman, eramizdan avvalgi IY asrdan eramizning IY asrigacha bo‘lgan davrda O‘rta Osiyoda, shu jumladan O‘zbekiston hududida ham quldorlik tuzumi mavjud bo‘lgan. Bu hududda o‘sha davrda bir necha mustaqil davlatlar mavjud bo‘lib, ularning har biri o‘z yozuviga ega edi. Bu yozuvlar quyidagilardan iborat: 1. Pahlaviy yozuvi. Bu yozuv oromiy yozuvidan kelib chiqqan eng qadimgi yozuvdir. Pahlaviy yozuvining ikki turi mavjud: 1 Pahlaviy yozuvi, 2. Arshakiy yozuvi. Pahlaviy yozuvidan keyinchalik so‘g‘d yozuvi, eramizning III asrida esa, qadimgi xorazm yozuvi shakllangan. Eramizning YI asrida yana shu yozuv asosida O‘rxun-Yenisey yozuvi paydo bo‘lgan. 2. So‘g‘d yozuvi. Zarafshon daryosi vohasi va hozirgi Qashqadaryo viloyati hududida So‘g‘d davlati (grekcha nomi-Sogdiana) mavjud bo‘lgan. Bu davlat qisman hozirgi Tojikistonning ayrim tumanlarini ham o‘z ichiga olgan. Bu davlatda so‘g‘d yozuvi deb ataladigan yozuvdan foydalanishgan. Bu yozuv oromiy yozuvining pahlaviy variantidan shakllangan. So‘g‘d yozuvi keyinchalik vujudga kelgan uyg‘ur yozuvi, mo‘g‘o‘l yozuvi va manchjur yozuvlari uchun asosiy element bo‘lib xizmat qilgan. Bu yozuvning dastlabki bosqichida harflar alohida-alohida yozilgan. Vaqt o‘tishi bilan ularni bir-biriga ulab yozish rasm bo‘lgan. 3. Baqtriya yozuvi. Bu yozuv Baqtriya davlati hududlarida amalda qo‘llanilgan. U oromiy-pahlaviy yozuvi variantlaridan biri bo‘lib, Baqtriyadagi mahalliy so‘zlashuv tiliga moslab, isloh qilingan yozuvdan iboratdir. 4. Parfiya yozuvi. Bu yozuv eramizdan avvalgi III-I asrlarda Parfiya davlati hududida amalda qo‘llanilgan. Parfiya davlati Kaspiy dengizining janubiy - sharqiy qirg‘oqlarini o‘z ichiga olgan. Bu hudud aholisi parfiy tilida so‘zlashgan. Bu til esa qadimgi fors tili variantlaridan biri bo‘lgan dariy tiliga yaqin bo‘lgan. Bu til fonetikasi va grammatikasi nuqtai nazaridan oromiy tilidan farq qilgan. Shuning uchun bu yozuv ham oromiy yozuvidan ma’lum darajada farq qiluvchi yozuv hisoblangan. 5. Qadimgi xorazm yozuvi. Bu yozuv oromiy yozuviga juda yaqin bo‘lgan. Bu alifbo Ahamoniylar dinastiyasi davridagi klassik oromiy yozuvi tarmoqlaridan biri hisoblanadi va u o‘zida qadimgi oromiy yozuvi an’analarini yaxshigina saqlab qolgan. Ushbu yozuv eramizning II asrigacha amalda qo‘llanib kelgan. 6. Avesto yozuvi. Aleksandr Makedonskiy (Iskandar Zulqarnayn) imperiyasi qulaganidan keyin, O‘rta Osiyodagi davlatlar, shuningdek Parfiya, Xorazm davlati, Eron o‘z mustaqilliklarini qayta qo‘lga kiritganlar. Eronda Sosoniylar dinastiyasi davlat tepasiga kelgach, o‘zlarining qadimgi muqaddas kitoblari bo‘lgan «Avesto»ni qayta tiklash masalalasi ko‘tarilgan. Ma’lumki, o‘n ikki ming mol terisiga yozilgan bu kitobni A.Makedonskiy o‘z yurtiga olib ketgan. Uning foydali tomonlarini o‘z faylasuflariga tanishtirib, so‘ng uni yo‘q qilib yuborgan edi. Biroq «Avesto» kitobi yozilgan yozuvni hech kim bilmagani va biladiganlardan hech kim hayot emasligi sababli, bu kitobni tiklash mumkin emas edi. Shu sababli eramizdan avvalgi YI-III asrlarda Eronda mazkur «Avesto» ni qayta yaratish maqsadida yangi yozuv ijod qiladilar va bu yozuv tarixga «Avesto yozuvi» nomi bilan kirgan. Keyinchalik bu yozuv pahlaviy yozuvi bilan bir qatorda mahalliy aholi tomonidan qo‘llana boshlagan. Bu yozuvda tilda mavjud bo‘lgan qisqa va cho‘ziq unlilar grek yozuvida qanday ifodalansa, shunday ifodalangan. Umuman unli tovushlarni ifodalash uchun esa, harflarning soni 35 ta bo‘lgan. Bu yozuv qadimgi fors tili hisoblangan dariy tilining fonetikasini hisobga olgan holda tuzilgan bo‘lgani uchun uzoq vaqt amalda qo‘llanib kelingan va eramizning YII asrigacha-arablarning bostirib kelgunigacha Eron hududida qo‘llanib kelingan. 7. Urxun-Yenisey yozuvi. Eramizning YI asriga kelib, O‘rta Osiyoda Turk xoqonligi davlati vujudga keldi. Bu davlat g‘arb tomondan Vizantiya bilan, janub tomondan Eron va Hindiston bilan, sharq tomondan Xitoy bilan chegaradosh bo‘lgan. Xullas, Azov dengizidan Uzoq Sharqqacha bo‘lgan ulkan territoriya bu davlatga qarashli bo‘lgan. Bu davlat turkiy qabilalar davlati bo‘lib, Urxun-Yenisey yozuvi bu davlatning yozuvi hisoblangan. Bu yozuv ham pahlaviy yozuvi asosida vujudga kelgan bo‘lib, unda so‘g‘d va oromiy yozuvlari elementlari mavjud bo‘lgan. 8. Uyg‘ur yozuvi. Bu yozuv so‘g‘d yozuvi variantlaridan biri bo‘lgan va Urxun-Yenisey yozuvi bilan parallel qo‘llanib kelgan. XIY-XYI asrlarda mo‘g‘o‘llar mo‘g‘o‘l tili xususiyatlarini hisobga olib bu yozuvni isloh qilishgan va mo‘g‘o‘l tili yozuvini yaratishgan. Keyinchalik uyg‘ur va mo‘g‘o‘l yozuvi asosida manchjur, oyrot, buryat tillari yozuvi vujudga kelgan. Xulosa qilib aytganda, O‘rta Osiyo xalqlari, shu jumladan, O‘zbekiston hududida yashagan xalqlar qadimdan o‘zlarining mustaqil davlatlariga ega bo‘lganlar. Shuningdek davlatchilikning muhim elementlaridan biri bo‘lgan yozuv masalasi ham bu hududlarda ijobiy hal qilingan bo‘lgan. Har bir davlat o‘zining mustaqil yozuviga ega bo‘lgan. Eramizning dastlabki yillarida Arabiston yarim orolining shimoliy-g‘arbiy qismida Nabatiylar davlati mavjud edi va bu davlatning yozuvi oromiy yozuvi edi. Bu yozuv nabatiylar davlatida ishlatilganligi sababli nabatiylar yozuvi deb ham atalgan. Bu alifbo 22 belgidan iborat bo‘lgan. Keyinchalik bu alifbodan hozirgi kunda Afrikaning shimoliy-g‘arbiy qismidan Hindistongacha bo‘lgan ulkan hududda amalda qo‘llanib kelinayotgan va arab yozuvi deb ataladigan yozuv shakllangan. Ilk arab yozuvining eng qadimgi yodgorliklari Janubiy Suriyadan topilgan bitiklar bo‘lib, ular eramizning IY-YI asriga mansubdir. Eramizning Y-YI asriga kelib, arab yozuvi Shimoliy Afrikaga ham tarqalgan edi. Arablar hayotidagi eng ulkan ijtimoiy-siyosiy va madaniy-ma’naviy burilish YII asrning boshlarida vujudga kelgan islom ta’limotidir. Bu ta’limotning beshigi o‘sha davrdayoq umumarab ahamiyatiga ega bo‘lgan savdo markazi Makka shahridir. Islom ta’limotining va uning birinchi kitobi bo‘lgan Qur’oni Karimning sharofati bilan deyarli savodsiz hisoblangan ko‘chmanchi arablar juda boy va rang-barang yozuvga ega bo‘lgan, sivilizatsiyalashgan va madaniy xalqqa aylangan. Shuning uchun ham Qur’on ya’ni kitoblarning onasi deb ataladi. Islom dini ildiz otib, aholi bu dinga e’tiqod qilishga boshlaganidan keyin, Qur’on va arablarning o‘sha davrdagi og‘zaki she’riyati asosida arab adabiy tili shakllana boshlagan. Arablarning harbiy sohadagi qo‘lga kiritgan yutuqlari, islom dinining qo‘shni hududlarda tarqalishi arab tilining obro‘-e’tiborini kuchaytirgan. YII asr oxirida (685-705 yy.) xalifa Abdulmalik davrida (ungacha to‘rtta dastlabki xalifalar va Muoviya, Yazid, Marvonlar xalifalik qilishgan edi) xalifalikning poytaxti Damashqda barcha davlat muassasalari va rasmiy yozishmalarni faqat arab tilida olib borish haqida farmon qabul qilindi va bu farmon xalifalikning barcha hududlari uchun umumiy deb e’lon qilindi. Chiqarilgan bu farmon arab tili va yozuvining jamiyatda tutgan mavqeini yanada mustahkamladi. Arab tilining rivojlanishi, uning xalifalikka tobe bo‘lgan hududlarda keng tarqalishi arab yozuvi va uning orfografiyasini takomillashtirish zaruratini keltirib chiqardi. Bu narsa esa, yozuvda isloh o‘tkazish masalasini ko‘ndalang qo‘ydi. Bu islohni amalga oshirishda o‘sha davrda Iroqning hukmdori bo‘lgan Al-Hajjojning tashabbusi va xizmati ulkan bo‘lgan. Yozuvda o‘tkazilgan bu islohotning vaqti aniq bilingan emas. Ehtimol u bosqichma-bosqich uzoq muddat davomida amalga oshirilgan va 680 yildan 780 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan. Umuman arab yozuvida o‘sha davrda o‘tkazilgan islohotning mohiyati qisqacha quyidagilardan iborat: Yuqorida aytganimizdek, nabatiy yozuvida 22 ta harf mavjud bo‘lgan. Bu harflar orasida 4 ta harf shaklan juda o‘xshash bo‘lgan. Ular deyarli bir xil yozilgan. Ilk arab yozuvida bu harflarni bir-biridan farqlash uchun ularning ustiga yoki ostiga nuqtalar qo‘yish joriy etilgan. Shundan keyin bu harflarning shakli bir xil yozilavergan va ular faqat tepa yoki pastdagi nuqtalar va ularning soni bilangina farqlangan. Hudda shunday uslub bilan nabatiy tilida bo‘lmagan, lekin arab tilida mavjud bo‘lgan undosh tovushlar uchun yettita harf ijod etilgan. Nabatiy yozuvidagi bitta harf arab tilida yo‘q bo‘lgan tovushni ifodalaganligi uchun u iste’moldan chiqarib yuborilgan. Shunday qilib 28 ta harfdan iborat bo‘lgan arab yozuvi shakllangan. Bu yozuvdagi bir-biridan shaklan farq qiladigan harflar nabatiy yozuvida bo‘lgani kabi 15 tadir. Nabatiy yozuvida so‘z tarkibidagi harflar asosan bir tomondan ulab yozilgan. Ilk arab yozuvida esa, harflarning ko‘pchiligi har ikki tomondan qo‘shib yozilgan. Shu sababli shakllanib takomiliga yetgan arab yozuvida har bir harfning so‘z boshida, o‘rtasida, oxirida yoziladigan va alohida shakllari ishlab chiqilgan va amalda qo‘llana boshlagan. Istisno tariqasida 6 ta harf ilgarigi xususiyatini saqlab qolgan va ular faqat o‘ng tomondagi harf bilan qo‘shib yoziladi. Shuning uchun ularning ikkitagina shakli mavjud. Shunday qilib, arab yozuvidagi 28 harfning 100 ta ko‘rinishi shakllangan. Ilk arab yozuvida ayrim harflarga nuqtalarning qo‘yilishi, ko‘pchilik harflarning har ikki tomondan qo‘shib yoziladigan shakllarini ishlab chiqish bilan bir qatorda harflarning o‘zaro katta-kichiklik normalari ham ishlab chiqilgan. Nabatiy yozuvida cho‘ziq unlilar harflar yordamida ifodalanar edi. Bu qoida arab yozuvida ham saqlab qolingan. Shuning uchun arab yozuvidagi __, __, __ harflari undosh tovushlarni ifodalash bilan birga cho‘ziq a, u, i unlilarni ham ifodalaydigan bo‘lgan. Qisqa unlilar esa, alohida harflar yordamida emas, balki shu unlilardan oldingi harflarning ostiga yoki ustiga qo‘yiladigan zabar, zer, pech harakatlari bilan ifodalanadigan bo‘lgan. Bu harakatlardan tashqari turli vazifalarni bajaruvchi bir necha qo‘shimcha harakatlar ham joriy etilgan. Shunday qilib, Qur’on va o‘sha davr og‘zaki poeziyasi talaffuz normalariga to‘la javob bera oladigan yozuv ishlab chiqilgan. Arablarning bu yozuv sistemasi YII asrning o‘rtalariga kelib, takomiliga yetgan. Shu tariqa arablar chetdan olib kirgan yozuvni takomillashtirish yo‘li bilan kelajakda yozma yodgorliklarni yaratish uchun juda qulay va ixcham yozuvga ega bo‘lganlar. Bunda har bir undosh tovushni ifodalash uchun alohida harf mavjud bo‘lgan. Unli tovushlar ham qo‘shimcha belgilar yordamida yozilish imkoniga ega bo‘lgan. Bundan tashqari bu yozuv ixchamligi bois tejamkor hisoblangan. Bu esa arab tilida kitob yozish an’anasining shakllanishida muhim shartlardan biri bo‘lgan. Arablar hukmronligining kengayishi, arablarning boshqa arab bo‘lmagan hududlarga tarqalishi, arab tili va islom dinining bosib olingan o‘lkalarning ziyoli aholisi orasida yoyilishi, arab tilining davlat tili sifatida mavqeining mustahkamlanishi va nihoyat arab yozuvida imlo qoidalarining ishlab chiqilishi-bularning hammasi arab yozuvida imlo qoidalarining ishlab chiqilishi-bularning hammasi arab yozuvining kelajakda yanada keng tarqalishiga zamin yaratgan. XI asrda arablarda shakllanagan fikrga ko‘ra, arab yozuvining dastlabki bosqichida faqat kufiy yozuvi mavjud bo‘lgan. Qur’oni karimning dastlabki nusxalari shu yozuvda ko‘chirilgan. Bu yozuv 4-xalifa Ali ibn Tolib tomonidan takomiliga yetkazilgan. Arab grafikasidagi boshqa xat turlari shu kufiy yozuvi asosida keyinchalik shakllangan xat turlaridir. X asrga kelib arab yozuvi yana isloh qilingan. Bu isloh Ali Muhammad ibn Ali ibn Muqla (272-328)-(886-940) nomi bilan bog‘liq. Bu kishi uch abbosiy xalifa qo‘lida vazirlik lavozimida ishlagan. U kufiy xati asosida sharq olamida keyinchalik mashhur bo‘lib ketgan olti xat turini yaratgan olimdir: muhaqqaq, suls, riqo, nasx, tavqi’ va rayhoniy xat turlari. Ibn Muqlaning bu ishini Eronlik olim Ali ibn Hilol davom ettirgan. Uning taxallusi Ibn Bavvob bo‘lgan va u 413-1022 yilda vafot etgan. U Sherozdagi mashhur kutubxonada xodim bo‘lib ishlagan. Islohot ishini undan keyin davom ettirgan shaxs so‘nggi abbosiy xalifa saroyida xattot bo‘lib ishlagan Yoqut Musta’simiydir (640-696)-(1242-1298 yy.) Ibn Muqlaning yaratgan sistemasi aniq matematik hisob-kitobga asoslangan mutanosiblik asosida qurilgan. Bunda harflarning shakli, diametri alif harfiga teng bo‘lgan aylana ichiga joylashtirilgan kvadrat, besh burchakka qiyoslab yaratilgan. Bu harflarning moduli esa, qamishqalamning bir harakati bilan hosil qilingan rombik shaklidagi nuqtadir. Bu nuqtalarning soni bilan harflarning katta-kichikligi aniqlangan. Umuman Ibn Muqlaning bu tizimida harflarning shakli va razmeri alifning uzunligiga teng bo‘lgan rombik nuqtalarning soni bilan aniqlangan. Natijada Ibn Muqla yaratgan olti xat turining hammasida harflarning yozuvdagi o‘rni, ularning hajmi ilmiy jihatdan aniqlab berilgan. Download 35.67 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling