Har qaysi davr oʻzining mashhur shaxslari — xalqni ilhomlantirib yutuqlarga boshlovchi yetakchilar, donishmand olimlar va maʼrifatparvar insonlar faoliyatiga tayanadi. Jumladan, yangi Uygʻonish davri ham. Bilimli, ijodkor va ilgʻor fikrlovchi shaxslar boʻlmas ekan, taraqqiyotga erishish mushkul. Ilm-fan, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, madaniyat — xullas, barcha sohada yangilik yaratishga qodir boʻlgan kishilargina jamiyatni oʻzgartira oladi. Bunday insonlar qatlami esa oʻz-oʻzidan shakllanib qolmaydi. Yangi bilimlar, gʻoyalar va falsafiy qarashlar asosida yangi fikr yuzaga keladi. Zamondan orqada qolgan qoloq taʼlim tizimi esa kelajakka poydevor qoʻyadigan avlodni tarbiyalab, uni ulkan bunyodkorlikka chorlay olmaydi. Shavkat Mirziyoyev prezidentlik lavozimiga kirishganidan buyon amalga oshirilgan, puxta oʻylangan qadamlarning mazmun-mohiyati ham shunda. Taraqqiyotning eng ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda davlatimiz rahbari iqtisodiy soha bilan birga ilm-fan, innovatsiya, taʼlim-tarbiya, salomatlik va sport, madaniyat va sanʼatni eng oldingi qatorlarga qoʻyishi bejiz emas, albatta. Zotan, tarix sabogʻi har doim kishiga nimani aynan qanday oʻzgartirish lozimligini uqtirib turadi. Birgina bolaning shaxsini shakllantiruvchi oʻqituvchilarga boʻlgan munosabatni olaylik. Ular oʻz ustida ishlash, yangi pedagogik texnologiyalarni oʻqib-oʻrganish, xalqaro tajribani, sohadagi eng soʻnggi yangiliklarni muntazam kuzatib borish oʻrniga qogʻozbozlikka, asl vazifasiga kirmaydigan turli yumushlarga koʻmilib qolgandi. Boz ustiga, olayotgan oylik maoshi haminqadar boʻlgan muallimni roʻzgʻor tebratish tashvishi ham qiynardi. U maktabdan ortib oʻzini oʻtga-choʻqqa urishga ham majbur edi. Ana shunday holatda oʻqituvchilardan taʼlim-tarbiyaning yuqori sifatini talab qilish mumkinmidi?! Vijdon tarozisiga solinsa, bunga ularning fiziologik imkoniyatlari yetmasligini barchamiz ham bilardik. Shunga qaramay, barkamol avlodni kamolga yetkazishni ulardan talab qildik. Bu, taʼbir joiz boʻlsa, sahroda chanqab arang ketayotgan insondan suv soʻrash bilan barobar edi
Do'stlaringiz bilan baham: |