Qaytarilmaydigan xarajatlar. Qaytarilmaydigan xarajatlar oldin qilingan xarajatlar bo`lib, ularni qaytadan tiklash mumkin emas. Bu xarajatlar qaytarilmasligi uchun ham firmaning qaror qabul qilishiga ta′sir qilmaydi. Masalan, firma 100 mln. so`mga maxsus uskuna sotib oldi, lekin bu uskuna umuman kerak bo`lmay qoldi. Undan alternativ foydalanish varianti mavjud emas. Firma ushbu uskunani 60 mln. so`mga sotib, 40 mln. so`m zarar ko`rdi. Bunda 40 mln. so`m qaytarilmaydigan xarajat hisoblanadi va firmaning harakatiga ta`sir qilmaydi.
Bozor xo`jaligining asosiy elementlaridan biri firma hisoblanadi. Firma esa, egaligida alohida mol-mulki bo`lgan va o`ziga qarashli bo`lgan korxonada (korxonalarda) mustaqil xo`jalik faoliyatini amalga oshiradigan yuridik tashkilotdir. Firma maksimal foyda olish va iqtisodiy ne'matlarni ishlab chiqarish maqsadida resurslarni birlashtiradi. Firma tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradi.
Mulk shakli bo`yicha firmalar quyidagicha guruhlanadi: yakka mulk egaligi (yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo`jaliklari, fermer xo`jaliklari, xususiy firmalar); hamkorlikdagi mulk egaligi (xo`jalik shirkatlari (to`liq va kommandit), mas'uliyati cheklangan va qo`shimcha mas'uliyatli jamiyatlar, qishloq xo`jaligi shirkatlari, kooperativlar boshq.); korporasiya (aksiyadorlik jamiyati).
Yakka mulk egaligi o`z manfaatlari yo`lida biznesni mustaqil tashkil etish imkonini beradi. Yakka mulk egaligidagi firmalarning mulki bir kishiga tegishli bo`lib, bo`linmasdir.
Hamkorlik biznesni tashkil etishning yakka tadbirkorlikka nisbatan mukammalroq shakli hisoblanadi. Hamkorlikda ikki yoki undan ortiq sheriklar firma tashkil etish va uni birgalikda boshqarishga kelishib oladilar. Bunda ular firmani ta'sis etish jarayonida o`zlarining moliyaviy mablag`larini va ishbilarmonlik qobiliyatlarini ham birlashtiradilar. Shu bilan birga biznesni yuritish bilan bog`liq tadbirkorlik xatari hamda foyda yoki zararlarni o`zaro taqsimlaydilar.
Korporasiya biznesni mulk egalaridan aajratilgan tashkiliy-huquqiy shakli hisoblanadi. Korporasiya (aksiyadorlar jamiyati) ishtirokchilari uning majburiyatlari bo`yicha javob bermaydilar va korporasiya faoliyati bilan bog`liq zarar uchun o`zlariga qarashli aksiyalar qiymati doirasida javobgar bo`ladilar. Korporasiya uning mulkdorlaridan alohida yuridik shaxs maqomidagi firma hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |