Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti «sotsiologiya»
Download 0.98 Mb.
|
Sotsiologiya darslik
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ibn Xoldun (Ibn Xoldun Abdurahmon Abu Zayd, 1332-1406)
Ibn Sino (980-1037) Sharqda “Shayhur-rais” – “olimlar boshlig‘i” nomini olgan, uyg‘onish davri madaniyatining yirik qomusiy olimlaridan biri. Allomaning bizgacha 242ta asari yetib kelgan bo‘lib, ular falsafa, ilohiyot, tasavvuf, tabobat, mantiq kabi sohalarga bag‘ishlangan. Ular orasida “Kitob ash-shifo”, “Donishnoma”, “Kitob ul-insof”, “Tib qonunlari kitobi” bugungi kunda ko‘pchilik tomonidan o‘qib o‘rganiladi. Olimning “Solomon va Ibsol”, “Yusuf qissasi” nomli risolalarida uning ijtimoiy, ma'naviy, ahloqiy qarashlari o‘z ifodasini topgan. Uning komil insonni shakllantirishga doir qarashlarida ilk uyg‘onish davri mutafakkirlari kabi ma'naviy qadriyatlarning moddiy hayot qadriyatlaridan ustun bo‘lishiga moyillik kuchliligi sezilib turadi22.
I.Karimov o‘z asarida olimga quyidagicha ta'rif beradi: “Ibn Sinoning butun faoliyati dunyo taraqqiyotini insonparvarlik ruhida, ya'ni ma'naviy negizda rivojlantirishga ulkan ta'sir o‘tkazdi, deb aytishga barcha asoslar bor23”. Arab tarixchisi va mutafakkiri Ibn Xoldun (Ibn Xoldun Abdurahmon Abu Zayd, 1332-1406) o‘zining asarlarida sotsiologiyaga oid fikrlarini ilgari surib, mazkur bilimlarini “ilm al-ijtimo” nomi bilan yuritgan. Shuning uchun Sharqda aynan shu mutafakkir sotsiologiya fanining asoschisi sifatida tan olinadi. Olim 1370 yilda yozilgan “Kitob ul-Ibar” asarining muqaddimasida o‘zining tarixiy sotsiologik nazariyasini bayon qilgan. U insoniyat ijtimoiy fikri rivojlanishi tarixida birinchi bo‘lib, jamiyat va uning ichki rivojlanish qonuniyatlari hamda taraqqiyot an'analari haqidagi fanni yaratdi. Olim “Muqaddima” (1381) asarining kirish qismidagi dastlabki bo‘limni “Kishilarning umumiy ijtimoiy hayoti to‘g‘risida”, deb nomlagan. Ibn Xoldun tomonidan yaratilgan sotsiologik ta'limotning asosiy mohiyati quyidagilardan iborat: 1) Insonlarning o‘zaro sotsial munosabatlari va ularning mohiyati jamiyatning vujudga kelishini, uning mavjudligini, turmush tarzining asosiy shart-sharoitlarini belgilab berib, aholining mazmunli hayot kechirishi uchun asos bo‘ladi. 2) Insonning jismoniy qiyofasi va kishilar ruhiyatining shakllanishida tabiiy fizik, ya'ni jo‘g‘rofiy muhit hamda sotsial muhit muhim o‘rin egallaydi. 3) Insonga tabiat kuchlari bilan birgalikda g‘ayritabiiy kuchlar ham ta'sir ko‘rsatadi. Insonlarning ijtimoiy mohiyati ularni mazkur kuchlardan qutilish imkoniyatlarini birlashish orqali qidirishga undaydi. 4) Insoniyat jamiyati insonlarning o‘z manfaatlari asosida o‘zaro birikmasidan tashkil topadi. 5) Insonlarning bunday birlashmalarini boshliqlar boshqaradi. Boshliqlar Olloh tomonidan tayinlanmaydi. Ular insonning hayot vositalariga bo‘lgan intilishi hamda tabiiy ehtiyojlari asosida sodir bo‘ladi. Ibn Xoldun shu fikri bilan Arastuning “inson siyosiy mavjudot” degan g‘oyasiga nisbatan muholif qarashni shakllantirgan. 6) Insonning ijtimoiy mavjudot ekanligi uning ma'naviy tabiati hamda tabiiy ehtiyojlari belgilab beradi. Kishilar mavjud ekan ularning ehtiyoj va intilishlari o‘rtasida farq bo‘lishi tabiiy va ayrim aholi guruhlari hamda shaxslar o‘rtasida kelishmovchilik, qarama-qarshiliklar sodir bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida tartibni o‘rnatish va tashkil qilish ehtiyojini yuzaga keltiradi, bu vazifani “hokimiyat” amalga oshiradi. Mulkiy va mulkka aloqador bo‘lgan munosabatlarni davlat tartibga solib, jamiyatda regulyativ va nazorat funksiyalarini amalga oshiradi. Olimning fikricha, jamiyatda yuzaga keluvchi oddiy xalqning norozilik kayfiyati asosan boshqaruvda band bo‘lgan hukmron sinf vakillarining adolatsiz qarorlari va o‘z imkoniyatlarini suiste'mol qilishi, zo‘ravonlikka asoslangan siyosatidir. Shuning uchun Ibn Xoldun tomonidan boshqaruvchi hukmdor adolatli va adolatsiz shoh toifalarga ajratilgan. Olimning nazaridagi adolatli shohning siyosati shu qadar adolatli va uddaburon bo‘lishi kerakki, amalga oshirilayotgan qarorlar xalq tomonidan zo‘ravonlik yoki majburlov sifatida qabul qilinmasligi, xalq tazyiqni his qilmasligi kerak. Adolatli hukmdor boshqargan jamiyat aholisi o‘zini kuchli, erkin va himoyalangan his etadilar va jamiyat ravnaqi yo‘lida qudratli bunyodkor kuchga aylanadilar. Shu bois, mutafakkir shohlarga maslahat berib, xalq erkinligini xaddan ortiq bo‘g‘maslikka va erkinlik berishga chaqiradi: “Agar tarbiya kuch ishlatish, qo‘rqitish yo‘li bilan bo‘lar ekan, u xoh o‘quvchi, xoh qul, xoh xizmatkor bo‘lsin, tahdid soluvchi qo‘rquv hissi natijada fuqaro ruhining o‘sishiga to‘sqinlik qiladi, harakatchanlikni so‘ngdiradi va uning o‘rniga yalqovlik, aldash, yolg‘onchilikni kuchaytiradi. Bu hislatlar aynan shu zo‘ravonlik ta'sirida yuzaga keladi24”. Mazkur g‘oyalar Ibn Xoldun sotsiologik qarashlarining muhim xulosalaridan bo‘lib, unda boshqaruv va konflikt sotsiologiyasiga doir fikrlarni ko‘rish mumkin. Download 0.98 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling