Toshkent davlat yuridik universiteti jinoyat protsessual huquqi kafedrasi tosheva munisxon voxid qizi
-§. Taftish o‘tkazishni takomillashtirish va maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishning samaradorligini oshirish
Download 95.72 Kb.
|
18.05.2023 bmi
3.2-§. Taftish o‘tkazishni takomillashtirish va maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishning samaradorligini oshirish
Jinoyat-protsessual qonunchiligimizda belgilangan tartibga ko‘ra, dalil sifatida topish mumkin bo‘lgan hujjatlar aniq belgilangan va bu ro‘yxat o‘zgarmas hisoblanadi. Mazkur ro‘yhatda nazarda tutilgan maʼlumotlar dalil manbalari sifatida ham qabul qilinadi. Yuqorida kelitirb o‘tilgan qoidalardan ko‘rishimiz mumkinki, taftish natijalari JPKning 81-moddasida nazarda tutilmagan, taftish bayonnomasini tergov harakati bayonnomasi sifatida ham qabul qilib bo‘lmaydi, chunki taftish surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan o‘tkazilmaydi. Mazkur masala haqida olimlar o‘zlarining turli fikrlarini bildirib o‘tishgan bo‘lib, jumladan G.A.Shengelia “taftish dalolatnomasining dalillar ro‘yxatida aniq ko‘rsatilmasligi baho berish jarayonida uni dalillarning mustaqil turi sifatida tan olmaslikka asos bo‘lishi va shundan kelib chiqib, sud-ekspertizasi tayinlanishiga sabab bo‘lishi mumkin”, - degan mulohazani o‘zining asarlarida aytib o‘tgan. Shundan kelib chiqib, JPK 81-moddaning ikkinchi qismini quyidagi tahrirda o‘zgartirish: Bu maʼlumotlar guvohning, jabrlanuvchining, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspertning xulosasi, shuningdek taftish dalolatnomasi, ashyoviy dalillar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinotasvir va fotosuratlardan iborat materiallar, tergov va sud harakatlarining bayonnomalari va boshqa hujjatlar bilan aniqlanadi”. JPKning 69-moddasida mutaxassisni ishga jalb etish asoslari, tartibi belgilab berilgan. Ammo mutaxassisning protsessual qonunchilikda aniq belgilangan yuridik taʼrifi, ishtirok etgan holatlar bo‘yicha so‘roq qilish, bergan ko‘rsatmalari uchun javobgarlik masalasi haqida aniq qoida mavjud emas. Ammo hozirgi kunda jinoyat ishlarini yuritish davomida maxsus bilimga ega bo‘lgan shaxslarni so‘roq qilish, ularning ko‘rsatmalarisiz ishni to‘g‘ri hal etish mushkul. Shu sababli ham JPKda tergovchining mutaxassisni jalb qilish vakolati va uning protsessual shaklini tartibga solish zarur. Zero, JPKda tergovchining mutaxassis jalb qilish vakolati ko‘zda tutilmagan. Shu bilan birga mutaxassisni jalb qilish aynan qanday protsessual shaklga ega bo‘lishi belgilanmagan. Masalan, ekspertiza tayinlash to‘g‘risida protsessual qonunchilikda aniq tartib belgilab qo‘yilgan: ekspertiza tayinlash asosi, ekspert sifatida ishda ishtirok etuvchi shaxslar, eksretni so‘roq qilish, gumon qilinuvchi va ayblanuvchini ekspyertiza qarori va xulosasi bilan tanishtirish, espertga yoki qaror, xulosaga eʼtiroz bildirish kabi. Lekin mutaxassisni jalb qilishni shakli tergovchi ixtiyoriga qoldirilgan. Mazkur holat esa baʼzi vaziyatlarda gumon qilinuvchi va ayblanuvchining huquqlarini poymol qilinishiga olib kelishi mumkin. Sud-tergov amaliyotida surishtiruvchi, tergovchi yoki sudyalar o‘zlariga tushunarsiz bo‘lgan holatlarga oydinlik kiritish uchun mutaxassislarni jalb etish ko‘p uchraydi. Ammo mutaxassisning xulosasining daliliy ahamiyati, uni gumon qilinuvchi va ayblanuvchiga tanishtirish tartibi esa amaliyotda belgilab o‘tilmagan. Mutaxassislarning noto‘g‘ri yoki yolg‘on xulosa berishi uchun javobgarlikning yo‘qligi ularning fikrini, xulosasini dalil sifatida baholashni qiyinlashtiradi. Shu sababli ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 238-moddasida mutaxassis (taftishchi)ning bila turib noto‘g‘ri xulosa berishi, yolg‘on xulosa berishi, 240-moddasida mutaxassis (taftishchi)ning xulosa berishni rad etishi yoki bu ishdan bo‘yin tovlashi uchun javobgarlik belgilash jinoyat ishlari bo‘yicha jalb qilingan mutaxassislarning masʼuliyatini oshishi, o‘z navbatida dalillarning sifati yaxshilanishiga xizmati qiladi. Yuqoridagi tahlillardan ko‘rishimiz mumkinki, jinoyatlarni ochish va tergov qilish jarayonida, shuningdek jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov o‘tkazishda maxsus bilimlardan foydalanish doimo muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Ilm-fan, texnikaning bugungi kundagi erishayotgan yutuqlari yanada kengayib, takomillashuvi esa jinoyat ishlarida haqiqatni aniqlashda maxsus bilimlardan foydalanish kelajakda yanada ortishi va doimiy tarzda kengayib borishini anglatadi. Qonunchiligimizda tadbikorlik subyektlarning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish tizimi aniq tartibga solingan bo‘lsada, jinoiy qilmishlar aniqlangan hollarda taftish tayinlash va o‘tkazishda taftishchining huquq va majburiyatlari aniq belgilanmagan. Bu esa taftishchining protsessual maqomi qonunchilikda yetarli darajada belgilanmaganligi va u tomonidan amalga oshirilgan faoliyatning (taftishning) natijalarini jinoyat protsessida mavjud bo‘lgan yetarlilik, ishonchlilik, asoslanganlik, maqbullik kategoriyalari nuqtai nazaridan jinoyat ishida dalil sifatida foydalanilishiga to‘sqinlik qiladi. Jinoyat ishi yuzasidan maxsus bilimlardan foydalanishda yuzaga keladigan muammolardan yana biri shuki, tergovchi tomonidan taftish tayinlash va mutaxassis ajratish to‘g‘risidagi talabnomalar o‘z vaqtida vakolatli idoralar tomonidan bajarilmasligidir. Bunga sabab qilib, ko‘pgina hollarda taftishchi va mutaxassislarning jinoyat ishi yuzasidan taftish va tekshiruvlarda qatnashishi natijasida ularning bevosita idoraviy xizmat vazifalarini bajara olmasligi, xodimlar yetishmasligi kabi sabablar ko‘rsatiladi. Mazkur omillar esa tergov muddatining uzaytirilishiga olib kelishi bilan birgalikda taftish va tekshiruv sifatiga ham taʼsir qiladi. MJtKning 197-moddasida dalolatnoma va boshqa zarur hujjatlar, materiallar va maʼlumotlar taqdim etishning tekshirishlar va taftishlar o‘tkazishni, mutaxassislar ajratishni rad etishda, bo‘yin tovlashda ifodalangan prokurorning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish va uning talablarini bajarmaslik, eng kam ish haqining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi byelgilangan bo‘lsada, tergovchining talabi bo‘yicha tekshirishlar va taftishlar o‘tkazish, mutaxassislar ajratishni rad etish uchun javobgarlik belgilanmaganligi sababli MJtKning 197-moddasiga tegishli o‘zgartirish kiritib Dalolatnoma va boshqa zarur hujjatlar, materiallar va maʼlumotlar taqdim etishning tekshirishlar va taftishlar o‘tkazishni, mutaxassislar ajratishni rad etishda, bo‘yin tovlashda ifodalangan prokurorning, tergovchining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik belgilash zarur. Taftish o‘tkazishda yuzaga keladigan uslubiy muammolaridan biri, taftish o‘tkazishning metodlari eskirganligi hamda zamonaviy uslublarini ishlab chiqarish va qo‘llashga qaratilgan tadqiqotlar sonining kamligi bilan bog‘liq. Hozirgi kunda sug‘urta, kredit, lizing, audit kabi sohalarning jadal rivojlanishi, xizmatlar turining yangidan yangi ko‘rinishlari vujudga kelishi natijasida bu yo‘nalishdagi jinoiy qilmishlarni aniqlash va ochish uchun taftish olib borish metodlarini yangi ko‘rinishini amaliyotga joriy etish dolzarb hisoblanadi. Qonunda belgilangan tartibga ko‘ra, davlat soliq xizmati organlari rejali soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan davrda jinoiy suiisteʼmolliklar mavjudligini aniqlasa, taftish o‘tkazish uchun materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tegishli organlariga topshirishi kerak. Biroq davlat soliq organlaridagi taftishchilar rejali taftishlar o‘tkazishga ixtisoslashgan bo‘lib, jinoyat ishi bo‘yicha isbotlash predmetiga taaluqli masalalar yuzasidan yetarli bilim va malakaga ega bo‘lgan taftishchilarning kamligi jiddiy muammolardan biridir. Shu sababli taftishchilarni ixtisoslashtirish, ularning iqtisodiy jinoyatlarning yangi ko‘rinishlarini aniqlash va hujjatlashtirish yuzasidan bilim va malakasini oshirishni tizimli ravishda tashkil qilish zarur. Amaliyotda uchraydigan muammoli holatlardan yana biri shuki, taftish o‘tkazish vaqtida aniqlangan g‘ayriqonuniy holatlar yuzasidan maʼsul shaxslarning tushintirish xati berishdan bosh tortishi yoki tushintirish xatida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan faktlarni bildirganlik uchun xech qanday javobgar belgilanmaganligidir. Vaholanki ish yuzasidan masʼullardan tushintirish xati olish orqali holatning sababi, qancha vaqt davom etganligi, bu ish kimga daxldorligi va ish uchun muhim bo‘lgan boshqa holatlar aniqlanadi. JPKning 18711-moddasida taftish o‘tkazuvchi shaxslar o‘z vakolatlari doirasida tekshirilayotgan subyektning rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslaridan, moddiy javobgar xodimlaridan hamda boshqa xodimlaridan tushuntirishlar olish huquqiga ega ekanligi qayd qilingan bo‘lsada, taftishchining talabi bo‘yicha tushintirish berishdan bosh tortish, tushintirish xatida yolg‘on faktlarni keltirib, taftishchini chalg‘itish uchun xech qanday javobgarlik mavjud emas. Bu esa taftish davomida manfaatdor shaxslar tomonidan noto‘g‘ri ko‘rsatma berish orqali taftishchini chalg‘itishga hamda odilona hal etishga to‘sqinlik qiladi. Sababi taftishchi tushintirish xatida ko‘rsatilgan yolg‘on maʼlumotlarga asosan xulosa chiqarishi, keyinchalik tergovchi tomonidan aybsiz shaxsni jinoiy javobgarlikka tortilishiga olib kelmasligiga xech kim kafolat bermaydi. Tergov qilinayotgan jinoyat ishi bo‘yicha shaxsdan avval tushintirish xati olish, keyin uni yana so‘roq qilish ayniqsa katta xajmli jinoyat ishlari bo‘yicha, tergovchi va fuqarolarni vaqtini behuda sarflashga olib keladi. V.A.Krug va M.M.Plotnikov xech qanday daliliy ahamiyatga ega bo‘lmagan tushintirish xati o‘rniga, tergovchining taftishchi ishtirokidagi so‘roq qilish huquqini qonunan belgilashni taklif qilishgan1. Taftishchining tergovchi ishtirokisiz mustaqil ravishda tushintirish xati olishi, tergov sirining oshkor bo‘lishi, aybdor shaxslarning tergovdan yashirinishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli taftish jarayonida tushintirish berishdan bosh tortish va taftishchiga yolg‘on maʼlumotlar berganligi uchun tegishli javobgarlikni belgilash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Jinoyat protsessual kodeksining 179-moddasiga muvofiq, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining ekspertiza tayinlash va o‘tkazishdagi huquqlari belgilangan. Yaʼni iqtisodiy ekspertizalar o‘tkazish jarayonida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi o‘zining mazkur huquqlaridan foydalanishi mumkin, ammo taftish o‘tkazishdagumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining mazkur huquqlardan foydalanish tartibga solinmagan. Jinoyat protsessual kodeksining 18710-moddasida tekshirilayotgan subyekt mansabdor shaxslarining yoki vakillarining huquqlari va majburiyatlari belgilangan bo‘lsada Jinoyat protsessual kodeksining 179-moddasiga nisbatan ancha cheklangan. Bundan tashqari gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi tekshirilayotgan subyekt mansabdor shaxslari yoki vakillari bo‘lmagan hollarda (ishdan bo‘shatilganligi, kasalligi) ushbu huquqlardan yaʼni o‘ziga nisbatan dalil to‘plash jarayonida qatnashish va taftishchi oldiga savollar qo‘yish huquqidan umuman mahrum bo‘ladi. Yuqoridagilarga asosan Jinoyat protsessual kodeksining 46, 48-moddalariga o‘zgartirish kiritib ayblanuvchi va gumon qilinuvchining taftish va mutaxassis tekshiruvlarida ishtirok etish, ular oldiga savollar qo‘yish huquqini kafolatlash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek, Jinoyat protsessual kodeksining 53-moddasiga o‘zgartirish kiritib, himoyachining mutaxassislar fikrini olish va taqdim etish huquqini belgilash protsess ishtirokchilarining dalillar to‘plashdagi teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishini taʼminlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 11-dekabrdagi 20-sonli Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida Qarorining 5-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 3-bobida nazarda tutilgan kafolatlarni buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar, bunday harakatlar xususiyati va kelib chiqqan oqibatlarga bog‘liq ravishda, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladilar. Jinoyat Kodeksining 1922-moddasida tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, xuddi shuningdek tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) o‘tkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligi, jinoyat protsessida maxsus iqtisodiy bilimlarni qo‘llash subyektlari zimmasiga qo‘shimcha masʼuliyat yuklash bilan birga, tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlari ustunligini namoyon qiladi. Biroq, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibi tushunchasi qonun hujjatlari bilan to‘liq tartibga solinmagan bo‘lib, taftish qilishning hamma uchun umumiy va unifikatsiya qilingan tartibi mavjud emasligi o‘z yechimini kutayotgan muammolardan biridir. Masalan, taftish tushunchasining o‘zi, Jinoyat protsessual, Soliq, Budjet kodeksi, Moliya vazirligining idoraviy hujjatlarida turlicha talqin qilingan. Amaliyotda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga asos sifatida Soliq kodeksida taftish tushunchasining o‘rniga “soliq tekshiruvi” atamasi qo‘llanilgan. Sudga qadar ish yurituvida maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanish davomida hujjatlar va jinoyatning boshqa izlari bo‘lgan dalillarning yo‘q qilinishining oldini olish uchun qo‘llaniladigan taktik usullardan biri tovar-moddiy boyliklar va hujjatlar saqlanadigan bino va xonalarni surishtiruvchi, tergovchi yoki taftishchi tomonidan muhrlanishidir. Yaʼni ushbu holat hujjat va narsalarni olib qo‘yishni emas, balki xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan ulardan foydalanishni vaqtincha cheklashni nazarda tutadi. Faktik nazorat usullari ayniqsa, inventarizatsiya jarayonida bu samarador vosita, biroq muammo shundaki, ushbu holat qonunchilikda ko‘zda tutilmagan. Aynan ushbu holat binoning muhrlanganligi holatini buzish uchun javobgarlikni istisno qiladi. Masalaning qonuniy tartibga solinmaganligi surishtiruvchi, tergovchi yoki taftishchi tomonidan mansab vakolatini suiisteʼmol qilib, xo‘jalik yurituvchi subyektning huquqlarini poymol qilishiga, uning faoliyatini rasman bo‘lmasada amalda to‘xtatib qo‘yishiga sharoit yaratadi. Maʼlumki, amaliyotda maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishning shakllaridan bo‘lgan taftish va faktik nazorat usullarini qo‘llash jarayonida hujjatlar, pul mablag‘lari, tovar-moddiy boyliklari va uskunalar saqlanayotgan binolar muhrlanishi mumkin. Biroq, qonun hujjatlarida ushbu masalalar to‘liq tartibga solinmagan bo‘lib, Soliq Kodeksida va boshqa qonunosti hujjatlarda mansabdor shaxslarning taftish va faktik nazorat usullarini qo‘llash jarayonida binolarni muhrlash huquqi belgilanmagan. Binobarin, taftish va faktik nazorat usullarini qo‘llash jarayonida jinoiy qilmishlarini yashirish maqsadida sodir etilgan harakatlar uchun MJtKning 228-moddasiga asosan muhrlar (plombalar)ni qasddan buzish yoki yulib olish uchun maʼmuriy huquqbuzarlikka tortish uchun asos mavjud emas. Bundan tashqari, mazkur maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima jazosi belgilangan bo‘lib, mazkur jazo chorasi jinoiy javobgarlikka tortilishi muqarrar bo‘lgan shaxsni to‘xtatib qolishi qiyin. Binobarin, qonun hujjatlarida taftish va faktik nazorat usullarini qo‘llash jarayonida mansabdor shaxslarning binolarni muhrlash huquqini belgilash va buning uchun javobgarlikni kuchaytirish, taftish obʼektlarining daxlsizligi, o‘z navbatida taftishning sifatli bo‘lishiga xizmat qiladi. Shu sababli, taftish o‘tkazish jarayonida ish uchun ahamiyatli deb topilgan binolarni muhrlash asoslarini, qancha muddatga muhrlash mumkinligini qonunchilikda aniq belgilash, taftish o‘tkazishning mazkur tartibini, yaʼni muhrni buzganlik yoki unga qasddan shikast yetkazganlik uchun javobgarlik choralarini qonun bilan belgilash xo‘jalik yurituvchi subyektning huquqlarini poymol qilinishi, ularning faoliyatini o‘rinsiz to‘xtatib turish kabi salbiy holatlarni oldini oladi. Taftishning bevosita o‘tkazilishida yuzaga keladigan muammolardan biri xo‘jalik yurituvchi subyektlarda buxgalteriya hisobi yuritilmaganligi yoki hujjatlarni taqdim qilishdan bo‘yin tovlash hisoblanadi. Sababi, xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati avvalo buxgalteriya hujjatlarida aks etadi. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar mansabdor shaxslari tomonidan iqtisodiy jinoyat izlarini yashirish maqsadida, birlamchi buxgalteriya hujjatlarini yashirish yoki yo‘q qilish – jinoyatni yashirishning keng tarqalgan usullaridan biridir. Amaldagi qonunchilikda bunday harakatlar uchun tegishli javobgarlik belgilangan. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan birlamchi buxgalteriya hujjatlarini yo‘q qilish, JKning 227-moddasiga asosan yaʼni korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning qatʼiy hisobidagi hujjatlarini nobud qilish, ularga shikast yetkazish, ularni yashirish uchun jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Biroq, buxgalteriya hisobini umuman olib bormaslik yoki buxgalteriya hujjatlarini yo‘q qilish o‘rtasidagi farqni aniqlash, yaʼni xo‘jalik yurituvchi subyekt mansabdor shaxsining harakatlarida maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari mavjudligini aniqlash mushkul vazifa. MJtKning 2151-moddasiga asosan korxonaning moliya-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risidagi materiallarni taqdim etish tartibini buzish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan bo‘lib, biroq mazkur norma faqatgina bankrotlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha materiallarni taqdim etmaslik uchun javobgarlikni ko‘zda tutadi. Yuqoridagilarga asosan foyda (daromad) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarning hisobini olib bormaslik yoxud bunday hisobni belgilangan tartibni buzgan holda olib borish, boshqa jinoyatlarni sodir etish usuli bo‘lishi mumkinligi hisobga olib, MJtKda mazkur turdagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan jazo chorasini kuchaytirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Download 95.72 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling