Umumiy qoidalar
«Dispetcher ishining texnologiyasi» fani bo‘yicha kurs ishini bajarish mazkur fanning dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan ishchi dasturda ko‘zda tutilgan. Kurs ishi 5620200 – «Havodagi harakatni boshqarish» ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari tomonidan 6-semestr davomida bajariladi. Kurs ishi talaba tomonidan mustaqil tarzda bajarilishi zarur.
Kurs ishini bajarishdan maqsad: havodagi harakatga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha nazariy ma’lumotlarni to‘plash, tekshirish va tahlil qilish hamda keraklisini o‘rganish, hosil bo‘lgan amaliy ko‘nikmalarni esa aviadispetcherlik faoliyati vaqtida qo‘llashdan iborat.
1. KURS ISHINI BAJARISH BO‘YICHA USLUBIY KO‘RSATMALAR
1.1. Kurs ishi mavzusini tanlash
Talabalar umumiy topshiriq olishadi. Bu topshiriqni bajarish uchun zarur bo‘lgan qiymatlarni esa alohida variant ko‘rinishida guruh jurnalidagi tartib raqamlari asosida olishadi. O‘zaro variantlarni almashtirish va ko‘chirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
1.2. Kurs ishining tarkibi bo‘yicha qo‘yiladigan talablar
Kurs ishi quyidagi tarkibiy qismlardan iborat bo‘lib, ular ko‘rsatilgan tartibda kelishi zarur:
– muqova;
– topshiriq blankasi;
– mundarija;
– kirish;
– asosiy qism;
– xulosa;
– foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati;
– ilovalar (mavjud bo‘lsa).
Quyida kurs ishining tuzilishi batafsil izohlab berilgan bo‘lib, talabalar yuzaga kelgan savollar bo‘yicha murojaat qilish huquqiga egadirlar.
Kirish qismi kurs ishining majburiy qismi hisoblanadi. Kirish qismida mavzuning qisqacha izohi va dolzarbligi yoritilishi, qo‘yilgan maqsad va vazifalar shakllantirilishi, amalga oshirilayotgan tahlilning (yoki tadqiqotning) predmeti va obyekti aniqlab olinishi zarur.
Asosiy qism ikkita yoki uchta bo‘lim va ularning quyi bo‘limlaridan iborat bo‘lib, mantiqan va ketma-ketligi bo‘yicha o‘zaro bog‘langan bo‘lishi lozim.
Asosiy qism, eng avvalo, batafsil o‘rganilgan va eskirganligi sababli iste’moldan chiqarib yuborilmagan axborot manbaalarida (jumladan, Internet sahifalarida) yoritilgan ma’lumotlar asosida bajarilishi zarur. Ishni bajarish vaqtida ingliz tilidagi xorijiy adabiyotlardan foydalanish tavsiya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |