20-modda. Qaramoqda deb hisoblanuvchi oila a’zolari
Ushbu Qonunning 19-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan oila a’zolari, agar ular marhumning to‘liq boquvida bo‘lgan yoki undan yordam olib turgan bo‘lsalar, bu yordam ular uchun doimiy va asosiy kun kechirish mablag‘ining manbai hisoblangan bo‘lsa, marhumning qaramog‘ida turgan deb hisoblanadilar.
Marhumning biron turdagi pensiya olayotgan oila a’zolari, agar marhumning yordami ular uchun doimiy va asosiy kun kechirish mablag‘ining manbai hisoblangan bo‘lsa — boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasiga o‘tish huquqiga egadirlar.
21-modda. Boquvchining pensiya olish huquqini beruvchi ish staji
Mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligiga chalinganlik oqibatida vafot etgan boquvchining oilasiga, shuningdek marhum pensionerning oilasiga pensiya boquvchining ish stajidan qat’i nazar tayinlanadi.
Basharti, boquvchi vafot etgan kunga qadar unga nogironlik pensiyasi tayinlanishi uchun zarur ish stajiga ega bo‘lgan (17-modda) bo‘lsa, umumiy kasallik yoki ish bilan bog‘liq bo‘lmagan mayiblanish oqibatida vafot etgan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanadi.
Boshqa mamlakatlardan ko‘chib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining oilalariga, basharti, boquvchi O‘zbekiston Respublikasida ishlamagan bo‘lsa, pensiyalar quyidagi hollarda tayinlanadi:
a) boshqa mamlakatlarda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olgan oilalarga — boquvchisining ish stajidan qat’i nazar;
b) pensiya olmagan oilalarga — basharti, boquvchi ishlash to‘xtatilgan kunga qadar tegishli stajga ega bo‘lgan (17-modda) bo‘lsa, mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligiga chalinganlik oqibatida vafot etgan taqdirda esa — boquvchining ish stajidan qat’i nazar.
22-modda. Ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiya
Umumiy kasallik oqibatida vafot etgan hamda nogironlik pensiyasini tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan (17-modda) boquvchisini yo‘qotgan oila a’zolariga pensiya boquvchining bor stajiga mutanosib ravishdagi miqdorda (29-modda) tayinlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |