296-modda. Ichki mehnat tartibi qoidalari
Ichki mehnat tartibi qoidalari mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq ishga qabul qilish va xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi, mehnat shartnomasi taraflarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, ish rejimi, dam olish vaqti, xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan imtiyozlar va jazo choralari, shuningdek ushbu ish beruvchida mehnat munosabatlarini tartibga solishga oid boshqa masalalarni tartibga soluvchi ichki hujjatdir.
Ichki mehnat tartibi qoidalari ushbu Kodeksning 15-moddasiga muvofiq ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Ichki mehnat tartibi qoidalari intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlarning amal qilishi o‘ziga nisbatan tatbiq etiladigan xodimlarga ushbu ustavlar va nizomlarga zid bo‘lmagan qismi bo‘yicha qo‘llaniladi.
297-modda. Intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlar
Intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlar iqtisodiyotning muayyan tarmoqlari xodimlarining ayrim toifalariga, shuningdek ayrim davlat organlarining xodimlariga nisbatan tatbiq etiladigan normativ-huquqiy hujjatlar hisoblanadi, ushbu xodimlar tomonidan mehnat intizomining buzilishi o‘ta og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlar O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Prezidentining farmonlari, qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Intizom to‘g‘risidagi ustavlar va nizomlarda ularning amal qilishi o‘ziga nisbatan tatbiq etiladigan xodimlarning doirasi belgilanadi, xodimlarning, shuningdek intizomiy jazo choralarini qo‘llash huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslarning huquq va majburiyatlari, rag‘batlantirishlarning, intizomiy jazolarning turlari, ularni qo‘llash tartibi nazarda tutiladi.
298-modda. Mehnat tartibini tartibga soluvchi ichki hujjatlar qoidalarining haqiqiy emasligi
Xodimning holatini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik, jamoa kelishuvlari yoki jamoa shartnomasiga nisbatan yomonlashtiruvchi mehnat tartibini tartibga soluvchi ichki hujjatlar qoidalari haqiqiy emasdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |