Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining amal qilishi o‘quvchi kasal bo‘lgan vaqtga, harbiy yig‘inlarni o‘tash vaqtiga yoxud taraflarning kelishuviga ko‘ra uzaytiriladi.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining amal qilish muddati davomida uning mazmuni faqat taraflarning kelishuviga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin.
377-modda. Ishlab chiqarish ta’limining shakllari
Ishlab chiqarish ta’limi yakka tartibda, brigada, kurs mashg‘ulotlari shaklida va boshqa shakllarda tashkil etiladi.
378-modda. Ishlab chiqarish ta’limining vaqti
O‘quvchining hafta ichidagi ishlab chiqarish ta’limi vaqti xodimlarning mazkur toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasidan oshmasligi kerak.
Tashkilotda ishlab chiqarish ta’limini o‘tayotgan o‘quvchilar, ish beruvchi bilan kelishilgan holda mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan to‘liq ozod qilinishi yoki bu ishni to‘liq bo‘lmagan ish vaqti shartlarida bajarishi mumkin.
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining amal qilishi davrida o‘quvchi ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilinmasligi, shuningdek ishlab chiqarish ta’limi bilan bog‘liq bo‘lmagan xizmat safarlariga yuborilmasligi kerak.
379-modda. Ishlab chiqarish ta’limi davrida o‘quvchilarga haq to‘lash
O‘quvchilarga ishlab chiqarish ta’limi davrida stipendiya to‘lanadi, uning miqdori ishlab chiqarish ta’lim shartnomasida belgilanadi va olinayotgan malakaga bog‘liq bo‘ladi, lekin qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak.
380-modda. Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligi
Ishlab chiqarish ta’limi shartnomasining o‘quvchining holatini ushbu Kodeksda, qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan shartlarga nisbatan yomonlashtiruvchi shartlari haqiqiy emasdir.
381-modda. Ishlab chiqarish ta’limi tugallanganidan keyin o‘quvchilarning huquq va majburiyatlari
Ishlab chiqarish ta’limini muvaffaqiyatli tamomlagan ish qidirayotgan shaxslarga o‘zi ta’limni o‘tagan ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzilganda sinov muddati belgilanmaydi.
Agar o‘quvchi ishlab chiqarish ta’limi tugaganidan keyin ishlab chiqarish ta’limi shartnomasi bo‘yicha va (yoki) mehnat shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarini uzrli sabablarsiz bajarmasa, shu jumladan ishga kirishmasa, u ishlab chiqarish ta’limi vaqtida olingan stipendiyani ish beruvchiga uning talabiga ko‘ra qaytarib beradi, shuningdek ish beruvchining ishlab chiqarish ta’limi o‘talishi munosabati bilan qilingan, o‘qish tugaganidan keyin haqiqatan ishlab berilmagan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarilgan boshqa xarajatlarining o‘rnini ushbu Kodeksning 348-moddasiga muvofiq qoplaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |