Kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining talablari ularning saylab qo‘yiladigan kollegial organlari tomonidan qo‘yiladi va ijtimoiy sheriklik taraflariga yuboriladi.
Ushbu moddaning ikkinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan talablar jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) bo‘yicha tegishli davlat organiga yuborilishi, shu jumladan elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin. Bu holda jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) bo‘yicha davlat organi talablarni jamoaviy mehnat nizosining boshqa tarafi olganligini tekshirishi shart.
572-modda. Xodimlarning va ular vakillarining talablarini ko‘rib chiqish
Ish beruvchilar xodimlarning o‘zlariga yuborilgan talablarini ko‘rib chiqish uchun qabul qilishi shart.
Ish beruvchi qabul qilingan qaror to‘g‘risida kasaba uyushmasi qo‘mitasiga xodimlarning talablari olingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida yozma shaklda xabar beradi.
Ish beruvchilarning (ish beruvchilar birlashmalarining) vakillari kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining, agar tegishli darajada kasaba uyushmalari mavjud bo‘lmasa, xodimlar boshqa birlashmalarining o‘zlariga yuborilgan talablarini ko‘rib chiqishi va qabul qilingan qaror haqida ularga ko‘rsatilgan talablar olingan kundan e’tiboran bir oy ichida xabar berishi shart.
573-modda. Yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari
Jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) tartibi quyidagi bosqichlardan iborat:
nizoni yarashtirish komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqishdan;
nizoni mediator ishtirokida ko‘rib chiqishdan;
nizoni mehnat arbitrajida ko‘rib chiqishdan.
Jamoaviy mehnat nizosi taraflarining hech biri yarashtiruv tartib-taomilida ishtirok etishdan bosh tortishga haqli emas.
Jamoaviy mehnat nizosi taraflarining vakillari, yarashtirish komissiyasi, mediator, mehnat arbitraji, jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organi yuzaga kelgan jamoaviy mehnat nizosini hal etish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan barcha imkoniyatlardan foydalanishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |