xodimning shaxsga doir ma’lumotlarini g‘ayriqonuniy ravishda foydalanilishdan yoki yo‘qolishdan ish beruvchining shaxsiy mablag‘lari hisobidan himoya qilishni ta’minlashi;
xodimlarni va ularning vakillarini ish beruvchida mavjud bo‘lgan, xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish tartibini belgilaydigan, shuningdek ularning ushbu sohadagi huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi hujjatlar bilan imzo qo‘ydirib tanishtirishi;
xodimlarning vakillari bilan birgalikda xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish choralarini ishlab chiqishi shart.
Agar ushbu Kodeksda va boshqa qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ish beruvchi va uning vakillari xodimning jamoat birlashmalaridagi a’zoligi yoki kasaba uyushmasidagi faoliyati to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarini olish hamda ularga ishlov berish huquqiga ega emas.
Ish beruvchining vakillari tomonidan xodimning shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalanish faqat xodimning mehnat majburiyatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Ish beruvchining xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishni amalga oshirayotgan vakillari o‘zlariga ishonib topshirilgan yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi sababli o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan shaxsga doir ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.
177-modda. Xodimning o‘zining shaxsga doir ma’lumotlari himoya qilinishini rad etishi to‘g‘risidagi mehnat shartnomasi shartlarining, ichki hujjatlar qoidalarining haqiqiy emasligi
Xodimning o‘zining shaxsga doir ma’lumotlari himoya qilinishini rad etishini nazarda tutuvchi yoki xodimning o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish sohasidagi holatini qonunchilikka nisbatan yomonlashtiruvchi mehnat shartnomasining, xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi boshqa kelishuvlarning shartlari, ichki hujjatlarning qoidalari haqiqiy emasdir.
178-modda. Xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlarini saqlash, ulardan foydalanish va ularni berish
Xodimlarning shaxsga doir ma’lumotlarini saqlash, ulardan foydalanish va ularni berish tartibi ushbu Kodeks hamda boshqa qonunlar talablariga rioya etgan holda ish beruvchi tomonidan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |