Smena davomida o‘limga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish omillari bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari o‘ta xavfli mehnat sharoitlaridir.
Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlari deganda xodim tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishga va uning cho‘l joylarda, baland tog‘li, borish qiyin bo‘lgan joylarda, shuningdek noqulay ekologik vaziyatga ega bo‘lgan joylarda istiqomat qilishiga noqulay ta’sir ko‘rsatadigan tabiiy-iqlim, geografik, ijtimoiy-iqtisodiy va tibbiy-biologik omillar yig‘indisi tushuniladi. Mehnat qilish uchun noqulay tabiiy-iqlim sharoitlariga ega bo‘lgan joylar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
474-modda. Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish
Mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish asosida aniqlanadigan, mehnat sharoitlari xodimning mehnat qobiliyatiga va sog‘lig‘iga nomaqbul ta’sir ko‘rsatadigan ish o‘rinlarida band bo‘lgan xodimlar mehnat faoliyatini noqulay mehnat sharoitlarida amalga oshiruvchi xodimlardir.
Mehnat sharoitlarini, ish o‘rinlaridagi mehnat jarayonining og‘irligi va tig‘izligini hamda asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfini baholash, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini aniqlash, shuningdek mehnat sharoitlarini, mehnat jarayonining og‘irligi va tig‘izligini qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiqlashtirish maqsadida o‘tkaziladigan tadbirlar majmui ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazishdir.
Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
475-modda. Mehnat faoliyatini noqulay mehnat sharoitlarida va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida amalga oshiruvchi xodimlarga qo‘shimcha kafolatlar
Mehnat faoliyatini noqulay mehnat sharoitlarida, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida amalga oshiruvchi xodimlarga mehnatni muhofaza qilish, ish vaqti, ta’tillar, mehnatga haq to‘lash, shuningdek boshqa mehnat sharoitlari borasida qo‘shimcha kafolatlar beriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan xodimlarga kafolatlarning eng past darajasi qonunchilikda belgilanadi. Jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan boshqa ichki hujjatlarda mazkur toifadagi xodimlarga qo‘shimcha kafolatlar berish nazarda tutilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |