482-modda. Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilangan noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash
Noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida xodimlar uchun xuddi ish vaqtining normal davomiyligida bo‘lgani kabi miqdorda amalga oshiriladi.
Zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash oshirilgan miqdorda belgilanadi.
Zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar mehnatiga to‘lanadigan haqni oshirishning eng kam miqdori normal mehnat sharoitlaridagi har xil turdagi ishlar uchun belgilangan tarif stavkasining (maoshning) to‘rt foizini tashkil etadi.
Mehnat haqini oshirishning aniq miqdorlari ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
483-modda. Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun har yilgi qo‘shimcha ta’til
Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun har yilgi qo‘shimcha ta’til qaysi joylarda ishlaganlik uchun mehnat haqiga tegishli koeffitsiyentlar belgilangan bo‘lsa, o‘sha joylarda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlarga beriladi.
Tabiiy-iqlim sharoitlari noqulay hududlarning ro‘yxati va bunday sharoitlardagi ish uchun beriladigan yillik qo‘shimcha ta’tilning eng qisqa davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan yillik qo‘shimcha ta’tillar belgilanishi mumkin.
484-modda. Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun mehnatga haq to‘lash koeffitsiyentlari
Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun mehnatga haq to‘lash koeffitsiyenti ayrim hududlardagi mehnat sharoitlarining xususiyatlari inobatga olingan holda xodimlarga to‘lanadigan kompensatsiya xususiyatiga ega bo‘lgan ustama turidir. Koeffitsiyentlarning eng kam miqdorlari va ularni qo‘llash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |