476-modda. Mehnat faoliyatini noqulay mehnat sharoitlarida amalga oshiruvchi xodimlarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish
Ish beruvchi noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarning dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (ish jarayonida) majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilishini tashkil etishi shart.
Bajarilishi chog‘ida dastlabki va davriy majburiy tibbiy ko‘riklar o‘tkaziladigan noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarning ro‘yxati hamda majburiy tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
477-modda. Noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi
Mehnat jarayonida zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari ta’siriga duchor bo‘ladigan xodimlarga haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi. Bunday ishlar ro‘yxati va ularni bajarishdagi ish vaqtining aniq davomiyligi jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, agar ular tuzilmagan bo‘lsa — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish asosida belgilanadi.
O‘ta zararli va o‘ta xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining cheklangan davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
478-modda. Noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarning har kungi ishi (smenasi) davomiyligi
Noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarning har kungi ishi (smenasi) davomiyligi olti kunlik ish haftasida — olti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa — yetti soatu o‘ttiz daqiqadan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarning har kungi ishi (smenasi) davomiyligi:
Do'stlaringiz bilan baham: |