544-modda. Yakka tartibdagi mehnat nizolarining taraflari
Yakka tartibdagi mehnat nizosining bir tarafi ish beruvchi, boshqa tarafi esa xodim, ilgari ushbu ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarda bo‘lgan shaxs, ish beruvchi mehnat shartnomasini tuzishni rad etgan taqdirda, ish beruvchi bilan shunday shartnomani tuzish istagini bildirgan shaxs bo‘ladi.
Yakka tartibdagi mehnat nizosining har bir tarafi o‘z huquqlarini himoya qilish uchun vakillarni jalb qilishga haqlidir.
545-modda. Yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiquvchi organlar
Yakka tartibdagi mehnat nizolari quyidagilar tomonidan ko‘rib chiqiladi:
mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalar tomonidan, bundan bevosita sudda ko‘riladigan nizolar mustasno;
sud tomonidan.
Xodim mehnat nizosini hal qilish uchun o‘z tanloviga ko‘ra mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaga yoki bevosita sudga murojaat etishga haqli.
Har qanday yakka tartibdagi mehnat nizosi mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada yoki sudda ko‘rib chiqishning istalgan bosqichida, sud alohida xonaga (maslahatxonaga) sud hujjatini qabul qilish uchun kirishidan oldin “Mediatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ko‘rib chiqish uchun mediatorga o‘tkazilishi mumkin.
546-modda. Xodimning pulga oid talablarini qanoatlantirish
Ish beruvchi xodimning pulga oid talablarini muddati cheklanmagan holda butun davr uchun qanoatlantirishga haqli.
Xodimning pulga oid talablari yakka tartibdagi mehnat nizosini ko‘rib chiquvchi mehnat nizolari bo‘yicha komissiya yoki sud tomonidan asosli deb topilgan taqdirda to‘liq miqdorda qanoatlantiriladi.
3-§. Yakka tartibdagi mehnat nizolarini mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rib chiqish tartibi
547-modda. Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyani tuzish
Jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra mehnat nizolari bo‘yicha komissiyani tuzish nazarda tutilishi mumkin.
Ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra yoxud jamoa shartnomasida nazarda tutilgan hollarda mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalar tashkilotlarning tarkibiy bo‘linmalarida tuzilishi mumkin.
Tashkilotning tarkibiy bo‘linmalaridagi mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalar tashkilotning mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalari faoliyat ko‘rsatayotgan ayni o‘sha asoslarda ish yuritadi. Yakka tartibdagi mehnat nizolari tashkilotlar tarkibiy bo‘linmalarining mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalarida jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan tashkilotning kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda aniqlanadigan ushbu komissiyalarning vakolatlari doirasida ko‘rilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |