Xodim mehnat nizosini mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rib chiqishning har qanday bosqichida ushbu nizoni tugatishga haqlidir.
O‘n besh yoshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan xodimlarning yakka tartibdagi mehnat nizolari ota-onasidan birining yoki vasiysining ishtirokida mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rib chiqiladi.
Xodim, kasaba uyushmasi qo‘mitasi mehnat nizosini ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun advokatni, ekspertni yoki boshqa uchinchi shaxsni taklif etish huquqiga ega.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya o‘z majlisiga guvohlarni chaqirish, mutaxassislarni taklif etish huquqiga ega.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning talabiga binoan ish beruvchi (uning vakillari) komissiyaga zarur bo‘lgan hujjatlarni komissiya tomonidan belgilangan muddatda taqdim etishi shart.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning majlisi, agar har bir tarafdan komissiya a’zolarining kamida yarmi hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya majlisida ish beruvchining va kasaba uyushmasi qo‘mitasining teng miqdordagi vakillari ishtirok etishi kerak.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning vakolatga ega bo‘lmagan tarkibi tomonidan qabul qilingan qaror g‘ayriqonuniydir.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning har bir majlisida raisning vazifalari ish beruvchining va kasaba uyushmasi qo‘mitasining vakillari tomonidan navbatma-navbat bajariladi. Bunda raisning va kotibning vazifalari ayni bir majlisning o‘zida bir taraf vakillari tomonidan bajarilishi mumkin emas.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning birinchi majlisida komissiya a’zolarining (xodimlar va ish beruvchilar vakillarining) kelishuviga ko‘ra ushbu majlisning raisi va kotibi belgilanadi. Komissiyaning keyingi majlislarida har bir keyingi majlis uchun rais va kotib tayinlanib, majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni chaqirish ularning zimmasiga yuklatiladi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning majlisini rais ochib, qaysi nizo ko‘rib chiqilishi lozimligini, komissiya tarkibini e’lon qiladi. Rais taraflarning hozir bo‘lgan-bo‘lmaganligini, vakillarning vakolatini tekshiradi, shundan so‘ng komissiya majlisida ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |