TSSRda madaniyat ziddiyatli tarzda rivojlangan. Bir tomondan, yangi hokimiyat sovet maktablari, gaz. va jurnallar, madaniymaʼrifiy shoxobchalari (klublar, madaniyat uylari, qizil choyxonalar) tashkil qilishga alohida eʼtibor qaratib, mahalliy aholi ongiga kommunizm gʻoyalarini singdirishga harakat qilgan. Ikkinchi tomondan, milliy ziyolilar (Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Munavvarkori va boshqalar) milliy manfaatlarni ximoya qilib, sovet hokimiyati bilan murosa qilgan holda xalqqa maʼrifat tarqatish bilan ham shugʻullanganlar. 1918-yil 12 mayda Oʻrta Osiyodagi dastlabki oliy oʻquv yurti — Musulmon xalq dorilfununi (qarang Oʻzbekiston milliy universiteti)ga asos solingan. 1920-yil avgustda TSSRning Yettisuv viloyati, Sirdaryo va Zakaspiy viloyatlarining bir qismi yangi tashkil qilingan Qozogʻiston ASSR (RSFSR tarkibida; 1936-yildan Qozogʻiston SSR) tarkibiga kiritilgan. 1924-yil noyabr oyining oxirida Oʻrta Osiyoda oʻtkazilgan milliyhududiy chegaralanish natijasida TSSR tugatilib, uning hududi yangi tuzilgan Oʻzbekiston SSR, Turkmaniston SSR, Tojikiston ASSR (Oʻzbekiston SSR tarkibida; 1929-yildan Tojikiston SSR), shuningdek, K°raqirgʻiz (Qirgʻiziston) muxtor viloyati (RSFSR tarkibida; Qirgʻiziston SSR), Qoraqalpoq muxtor viloyati (Qozogʻiston ASSR tarkibida; keyinchalik Qoraqalpogʻiston ASSR, 1936-yildan Oʻzbekiston SSR tarkibida) tarkibiga kiritildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |