Aniq ta’riflashda ta’riflanuvchining mazmuni bevosita unda fikrlanayotgan predmetning muhim belgilarini ko‘rsatish orqali ochib beriladi. Shunga ko‘ra Dfn = Dfn qismlarining hajmi teng, moslik munosabatida bo‘ladi. Masalan, «Kvadrat- ichki burchaklari – 360° teng geometrik shakl». Bunday ta’riflash mohiyatan real ta’rif hisoblanadi.
Noaniq ta’riflashda esa ta’riflanuvchi tushunchaning mazmuni ma’lum bir kontekstda ochiladi. Aniq ta’riflashning turlaridan biri – bu eng yaqin jins va tur belgilarini ko‘rsatish orqali ta’riflashdir. Bunday ta’riflash ikki bosqichda olib boriladi. Birinchi bosqichda ta’riflanuvchi tushunchaning eng yaqin jinsi topiladi, ya’ni u tur sifatida qanday jinsga kirishligi aniqlaniladi. Ikkinchi bosqichda ta’riflaniluvchi tushunchada ifodalanayotgan predmetning (turning) shu jinsga kiruvchi boshqa turlardan farqlanadigan muhim belgisi topiladi.
Aniq real ta’rifning ikkinchi turi genetik ta’rifdir.
Genetik (grekcha genetikos- so‘zdan olingan bo‘lib, «paydo bo‘lish» degan ma’noni ifodalaydi) ta’riflash deb predmetning paydo bo‘lishi, uning qanday usulda shakllanishi bo‘yicha beriladigan ta’rifga aytiladi. «Konus – bu uchburchakning o‘z o‘qi atrofida aylanishidan hosil bo‘lgan geometrik shakldir», «O‘zbekiston Respublikasi – bu sobiq ittifoq barham topgandan so‘ng 1991 yil 1 sentabrda o‘z mustaqilligini Markaziy Osiyo mamlakatlaridan birinchi bo‘lib qo‘lga kiritgan demokratik davlatdir» ta’riflari genetik ta’riflardir.
Genetik ta’riflash jins va tur orqali ta’riflashning o‘ziga xos shakli hisoblanadi. Chunki predmetning qanday tarzda paydo bo‘lishining o‘zi ayni paytda uning muhim belgisi ekanligini ko‘rsatadi. Darhaqiqat, uchburchakning o‘z o‘qi atrofida aylanishi natijasida paydo bo‘lishi geometrik shakllardan faqat konusga, o‘z mustaqilligiga birinchi bo‘lib erishish MDH respublikalardan faqat O‘zbekistonga xosdir.
Aniq ta’riflash bir qator qoidalarga rioya qilishni talab etadi. Bular:
1. Ta’riflash mutanosib bo‘lmog‘i kerak. Mazkur qoidaning talabiga muvofiq, ta’riflanuvchi va ta’riflovchi tushunchalarning hajmi o‘zaro teng bo‘lishi kerak. YA’ni: Dfd = Dfn.
Do'stlaringiz bilan baham: |