Учебное пособие подготовлено на основе типовой программы дисциплины «Гидрология рек»
Fanning boshqa tabiiy fanlar bilan bog‘liqligi
Download 6.22 Mb. Pdf ko'rish
|
1.3. Fanning boshqa tabiiy fanlar bilan bog‘liqligi, amaliy ahamiyati Daryolarning hosil bo‘lishi, hududlar bo‘yicha joylashishi, shuningdek, ularning gidrologik rejimi tabiat zonalariga xos bo‘lgan - zonal va xos bo‘lmagan - azonal omillar (joyning relyefi, geologik tuzilishi)ga bog‘liq. Shu bog‘liqliklarni o‘rganishda daryolar gidrologiyasi boshqa tabiiy fanlar - iqlimshunoslik, meteorologiya, geologiya, gidrogeologiya, geomorfologiya va tabiiy geografiya kabi fanlarning ma’lumotlaridan keng foydalanadi. Daryolar gidrologiyasi daryolarda kechadigan kimyoviy va biologik jarayonlarni hamda ulardagi suv massalarining tabiiy xususiyatlari, sifati va biologik resurslarini gidrofizika, gidroximiya (suv kimyosi), gidrobiologiya fanlari bilan hamkorlikda o‘rganadi. Shuningdek, mazkur fan daryolarda kuzatiladigan suv massalarining harakati qonuniyatlarini o‘rganishda gidrodinamika va gidravlika qonunlari hamda usullaridan, daryo oqimi elementlarini gidrologik hisoblash va prognozlashda esa matematik usullardan, zamonaviy hisoblash texnikasi - kompyuter texnologiyalaridan keng foydalanadi. Quyida shu masalalar ustida kengroq to‘xtalamiz. 11 Daryolarning suv rejimi ularning to‘yinish sharoitlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Ma’lumki, daryolar atmosfera yog‘inlari, muzliklar, ko‘llar, botqoqliklar, yer osti suvlari hisobiga to‘yinadi. Shu jihatdan olib qaraganda, “Daryolar gidrologiyasi” fani quruqlik gidrologiyasining ko‘lshunoslik, glyasiologiya, yer osti suvlari gidrologiyasi (gidrogeologiya) kabi bo‘limlari yutuqlaridan keng foydalaniladi. Ikkinchi tomondan esa, yuqorida qayd etilganidek, daryo oqimining shakllanishi uning havzasida kechadigan tabiiy-geografik hamda gidrometeorologik jarayonlar bilan bog‘liqdir. Bundan ko‘rinib turibdiki, daryolar gidrologiyasining rivojlanishida geomorfologiya, tuproqshunoslik, botanika, iqlimshunoslik, meteorologiya kabi fanlar sohasida erishilgan yutuqlar muhim ahamiyat kasb etadi. Daryo o‘zanida kuzatiladigan hodisalar, jumladan, suv sathi tebranishlari, suvning oqish tezligi va sarfi, loyqa oqiziqlar harakati, o‘zan jarayonlari, suvning turli agregat holatlari va boshqalarni o‘rganishda “Daryolar gidrologiyasi” fani gidrometriya, gidravlika, gidrofizika, gidrodinamika kabi fanlarning tadqiqot usullariga tayanadi. Ma’lumki, daryoning o‘zi tabiiy-geografik landshaftning vaqt bo‘yicha o‘zgaradigan elementi hisoblanadi. Ikkinchi tomondan, ushbu element, ya’ni daryo tabiiy sharoit majmualari, suv oqimining erozion faoliyati va inson ta’sirida bo‘ladi. O‘z navbatida, daryo oqimi tabiiy- geografik majmualarning rivojlanishida muhim omil hisoblanadi. Daryo oqimi bilan birga, unda erigan kimyoviy va biogen moddalar, turli mikroelementlar, tuzlar harakatga keladi. Demak, daryolar tabiatda energiya va modda almashinuvining uzluksizligini ta’minlaydigan transport vazifasini ham bajaradi. Yer sirtidagi daryolarning soni bir necha millionni tashkil etadi. Tabiiyki, ularning har birini alohida o‘rganish imkoniyati cheklangan. Shuning uchun ham hozirgi kunda daryolar gidrologiyasi ma’lum tabiiy- geografik rayonlar uchun xos bo‘lgan umumiy qonuniyatlarni o‘rganish, hududlarni asosiy gidrologik belgilari bo‘yicha rayonlashtirish yo‘lidan bormoqda. Daryolarning suv sathi va suv sarfi, harorat rejimi va muzlash hodisalari, loyqa oqiziqlari va o‘zan jarayonlaridagi o‘zgarishlar qonuniyatlarini o‘rganishda mutaxassislar ularda ko‘p yillar davomida muntazam ravishda amalga oshirilgan gidrologik kuzatishlar natijalariga tayanadilar. Bu turdagi ishlar bilan gidrologiyaning gidrometriya bo‘limi shug‘ullanadi. Daryolar suv rejimini o‘rganish bilan bog‘liq bo‘lgan kuzatishlar, maxsus tadqiqotlar faqat gidrologik stansiyalar va postlardagi kuzatishlar 12 bilan cheklanib qolmaydi. Ulardan tashqari maxsus binolar va dala sharoitiga o‘ta yaqinlashtirilgan laboratoriyalarda ham daryolar gidrologiyasiga oid ilmiy tajribalar, tadqiqotlar amalga oshiriladi. Ularni birlamchi qayta ishlash, umumlashtirish va bu ishlarda matematik statistika usullarini qo‘llash asosida bajariladigan hisoblashlar zamonaviy kompyuterlarda amalga oshiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda daryolarda gidrologik kuzatishlarni amalga oshirish, ma’lumotlarni to‘plash, saqlash, qayta ishlash, umumlashtirish va zarur bo‘lganda ularni iste’molchilarga yetkazib berish jarayoni to‘laligacha kompyuter texnologiyalarini qo‘llashga asoslangan. Daryolar gidrologiyasi qadimdan to shu kunga qadar inson talablariga bog‘liq holda rivojlanmoqda. Hozirgi kunda xalq xo‘jaligining daryolar gidrologiyasi bilan bog‘liq bo‘lmagan sohasini topishning o‘zi qiyin. Xalq xo‘jaligining, qishloq xo‘jaligi, gidroenergetika, daryo transporti (kemalar qatnovi, yog‘och oqizish), ko‘priksozlik va yo‘l qo‘rilishi, suv ta’minoti, baliqchilik kabi sohalarining rivojlanishi daryolar, ularning suv resurslari bilan bog‘liqdir. Daryolarning suv resurslari qayta tiklanadigan tabiiy resurs sifatida gidroenergetikada bitmas-tuganmas energiya manbaidir. Ana shu GESlar uchun suv to‘playdigan suv omborlarini loyihalash, qo‘rish va ularni ekspluatatsiya qilishda daryolarning loyqa oqiziqlari, harorat rejimi va muzlash hodisalarini o‘rganish muhim. Daryolar suv resurslaridan yanada samarali foydalanish uchun ular oqimi miqdorini qisqa, uzoq va o‘ta uzoq muddatli prognozlash zarur bo‘ladi. Bunday prognozlar ilmiy asoslangan usullar va uslublarga tayanadi. O‘z navbatida, prognozlash usullarining aniqligi daryo va uning havzasida amalga oshirilgan gidrometeorologik kuzatishlar sifati, ularning ishonchliligi, davomiyligi bilan bog‘liqdir. Ushbu masalalar daryolar gidrologiyasining gidrologik pronozlar bo‘limida aniq ko‘rib chiqiladi. Yirik issiqlik elektrostansiyalari, shaharlar va aholi punktlarining issiqlik ta’minotida ham katta miqdorda suv ishlatiladi. Shuning uchun ham ularni loyihalashda suv manbalari – daryolarning oqim ko‘rsatkichlarini bilish zarurdir. Daryo suvlarining eng yirik iste’molchisi qishloq ho‘jaligidir. Ayniqsa, respublikamiz kabi qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi sug‘orma dehqonchilikka asoslangan. Bunday erlarda daryolarning chuchuk suv resurslari cheklangan. Shuning uchun yerlarni sug‘orishda yaylovlar va yaylov chorvachiligini suv bilan ta’minlashda suvdan nihoyatda tejamkorlik bilan foydalanish zarur. Bunday sharoitda daryo oqimining vegetatsiya davridagi miqdorini va, umuman, oqimining yil 13 davomida oylar va mavsumlar bo‘yicha taqsimlanishini bilish kerak bo‘ladi. Ushbu masalalarni hal etishda daryolar gidrologiyasi ularni hisoblashning nazariy asoslari hisoblanadi. Suv transporti, kemalar qatnovi masalalarini ijobiy hal etish daryolar gidrologiyasida o‘rganiladigan loyqa oqiziqlarning harakatlanish mexanizmi, o‘zan jarayonlari bilan bog‘liqdir. Bundan tashqari, kemalar qatnovi daryolarda kam suvli davrlarda ularning chuqurlashish, muzlash va muzdan halos bo‘lish vaqtlariga ham ehtiyoj sezadi. Ko‘priklar va boshqa kommunikatsiya tarmoqlarini, ular katta yoki kichik daryoda bo‘lsin, ularda to‘linsuv yoki toshqin davrlarida kuzatiladigan eng katta - maksimal suv sarflarini bilish kerak bo‘ladi. Tog‘li hududlarda temir yo‘l yoki ovtomobil yo‘llariga qurilgan ko‘priklar ko‘pincha sel toshqinlaridan zarar ko‘radi. Shuning uchun ham keyingi yillarda daryolar gidrologiyasida sel toshqinlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Daryolar gidrologiyasida suv sarfi, suv sathi, chuqurligi, o‘zan jarayonlari haqida to‘plangan bilimlar kommunal maishiy ichimlik, sanoat korxonalari suv ta’minoti, baliqchilik va boshqa sohalarda juda muhimdir. Umuman olganda, daryolarni har tomonlama o‘rganish, ular suv rejimini ilmiy asosda tashkil etish kelajakda ularda mumkin bo‘lgan miqdoriy va sifat o‘zgarishlarini oldindan bilish mamlakatimiz xalq xo‘jaligi barcha tarmoqlarining, qolaversa, iqtisodiyotining kelajakda barqaror rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Download 6.22 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling