Umumiy pedagogika o‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan darslik


Download 2.64 Mb.
Pdf ko'rish
bet189/259
Sana18.10.2023
Hajmi2.64 Mb.
#1708313
1   ...   185   186   187   188   189   190   191   192   ...   259
Bog'liq
UMUMIY PEDAGOGIKA MAVLOMOVA (Восстановлен)

 
5. Abdulla Avloniy (1878-1934) 
Taniqli ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniy pedagogik fikr 
taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan, o‘z asarlarida o‘zbek 
xalqining eng yaxshi an’analarini, ta’lim-tarbiyaga oid muhim 
hayotiy masalani aks ettirgan pedagog, olimdir. 
Abdulla Avloniy 1878 yil 12 iyulda Toshkent shahrining 
Mergancha mahallasida, mayda hunarmand-to‘quvchi oilasida 
dunyoga keldi. Ota-onasi savodli kishilar bo‘lganlar. Abdulla 
Avloniy eski usul maktabini tamomlagandan keyin 12 yoshida 
madrasaga o‘qishga kiradi. U yozda ishlab ota-onasiga yordam 
qilar, boshqa vaqtlarda o‘qir edi. O‘ta iqtidorli bo‘lgan Abdulla 
Avloniy 15 yoshida she’rlar yoza boshladi. Dastlabki she’rlarida va 
“Hijron” degan maqolasida xalqni yangi usul maktablarida o‘qib-
o‘rganishga targ‘ib qildi. Avbdulla Avloniy 1907 yilda “Shuhrat”, 
“Osiyo” nomli yangi gazetalar chiqara boshladi, lekin chor 
amaldorlari tez orada gazetalarni yoptirib qo‘yadi. Abdulla Avloniy 
keyinroq “Sadoyi Turkiston” (1914‒1915), “Turon” (1917), 
“Ishtirokiyun” (1918) gazetalarida, “Kasabachilik harakati” (1921) 
jurnalida muharrir bo‘lib ishlaydi. Shundan so‘ng, u o‘zbek 
matbuotning zabardast vakili, o‘zbek matbuotning asoschilaridan 
biri sifatida taniladi. 
Abdulla Avloniy xalq orasida ilg‘or fikrlarni tarqatishda, ilm va 
ma’rifatni tashviq qilishda gazeta, jurnallarning roli g‘oyat katta 
ekanligini yaxshi bilar edi. U 1907 yili “Shuhrat”, “Osiyo” nomli 
gazetalar chiqarib unga muharrirlik qiladi. Gazetaning birinchi 
sonida matbuotning roli, gazetaning vazifasi haqida fikr yuritib, 
“Matbuot har insonga o‘z holini ko‘rsatuvchi, ahvol olamdan xabar 
beruvchi, qorong‘i kunlarni yorituvchi, xalq orasida ilm, ittifoq, 
himmat g‘oyalari”ni yoyuvchidir deb, baliqning suvsiz yashamog‘i 
mumkin bo‘lmagani kabi insonning ham ilmsiz yashamog‘i 
mumkin emasligini uqtiradi. 


418 
XX asr boshlarida O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida 
pedagogik fikrlarning rivojida Abdulla Avloniy alohida o‘rin 
egalladi, butun faoliyati davrida u o‘z xalqiga xizmat qiladigan 
komil insonni yetishtirish, uning ma’naviyatini shakllantirishga 
alohida e’tibor berdi. Abdulla Avloniy o‘zbek xalqining san’ati va 
adabiyoti hamda milliy madaniyatini, xalq ta’limi ishlarini yo‘lga 
qo‘yishda katta xizmatlar qilgan adib, jamoat arbobi va iste’dodli 
pedagogdir. Abdulla Avloniy o‘zbek ziyolilari ichida 
birinchilardan bo‘lib, o‘zbek xalq teatrini professional teatrga 
aylantirish uchun 1913-yilda “Turon” nomi bilan teatr truppasini 
tashkil qiladi. Biroq bu truppaning professonal teatrga aylanishi 
uchun katta to‘siqlar bor edi. Chor hukumatining mustamlakachilik 
siyosati xalqning ijtimoiy ongining uyg‘onishiga yordam 
ko‘rsatuvchi teatrlarning barcha shakllariga qarshi edi. Teatrga ana 
shunday salbiy munosabatda bo‘lgan bir paytda Avloniyning teatr 
truppasini tashkil qilish va ijtimoiy mazmundagi pesalarni 
sahnalashtirishi uning xalq ma’rifati yo‘lidagi zo‘r jasorati edi. 
Teatrshunos M.Rahmonov Avloniyning teatrchilik faoliyati haqida 
shunday yozadi: “Avloniy truppa uchun “Advokatlik osonmi?”, 
“Pinak”, “Ikki muhabbat”, “Portug‘oliya inqilobi” kabi dramalar 
yozdi, “Qotili Karima”, “Uy tarbiyasining bir shakli”, “Xiyonatkor 
oilasi”, “Badbaxt kelin”, “Jaholat”, “O‘liklar” kabi sahna asarlarini 
tatarcha va ozarbayjonchadan tarjima qiladi»
1
. Ammo bu asarlar 
nashr qilinmadi. 
Abdulla Avloniy “Usuli jaded” maktablari uchun to‘rt qismdan 
iborat “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” hamda “Birinchi muallim” 
(1912), “Turkiy guliston yoxud axloq” (1913), “Ikkinchi muallim” 
(1915), “Maktab gulistoni” (1917) kabi darslik va o‘qish kitoblari 
yaratdi. Bu asarlarida hamda publitsistik maqolalarida dunyo 
xalqlari madaniyatini, ilm-fanni, maktab va maorifni ulug‘lab, o‘z 
xalqini ilmli, madaniyatli bo‘lishga chaqiradi. 
XX asr boshlarida yangi maktablar uchun yozilgan alifbolar 
anchagina edi. Shular orasida Avloniyning “Birinchi muallim”i 
ham o‘ziga xos o‘ringa ega; “Birinchi muallim” 1917-yil 
1
M.Rahmonov. O‘zbek teatri tarixi (XVIII asrdan XX asr avvaligacha), «Fan», T., 1968-yil, 333-
bet.


419 
to‘ntarishiga qadar 4 marta nashr etilgan. Avloniy uni yozishda 
mavjud darsliklarga, birinchi navbatda Saidrasul Aziziyning 
“Ustozi avval”iga suyanadi (dars berish jarayonida orttirgan 
tajribalaridan samarali foydalanadi). Avloniyning “Ikkinchi 
muallim” kitobi “Birinchi muallim” kitobining uzviy davomidir. 
Biz birinchi kitobini, shartli ravishda, alifbo deb, ikkinchi kitobini 
xrestomatiya deb atasak joiz bo‘lar, desak xato bo‘lmas. Kitob 
maktabni olqishlovchi she’r bilan boshlanadi: 
Maktab sizi inson qilur, 
Maktab hayot ehson qilur, 
Maktab g‘ami vayron qilur, 
G‘ayrat qilib o‘qing, o‘g‘lon! 
Maktabdadur ilmu kamol, 
Maktabdadur husnu jamol, 
Maktabdadur milliy xayol, 
G‘ayrat qilib o‘qing, o‘g‘lon! 
Bu she’rda Avloniy maktabni insonning najot yo‘li, hayotning 
gulshani, kishilarni kamolot sari safarbar qiluvchi kuch, deb 
maqtaydi. Abdulla Avloniyning pedagogikaga oid asarlari ichida 
“Turkiy guliston yoxud axloq” asari XX asr boshlaridagi pedagogik 
fikrlar taraqqiyotini o‘rganish sohasida katta ahamiyatga molikdir. 
“Turkiy guliston yoxud axloq” asari axloqiy va ta’limiy tarbiyaviy 
asardir. Asarda insonlarni “yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlardan 
qaytaruvchi» bir ilm-axloq haqida fikr yuritiladi. Shu jihatlardan 
qaraganda bu asar Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Nosir 
Xisravning “Saodatnoma”, Sa’diyning “Guliston” va “Bo‘ston”, 
Jomiyning “Bahoriston”, Navoiyning “Mahbub ul-qulub”, Ahmad 
Donishning “Farzandlarga vasiyat” asarlari shaklidagi o‘ziga xos 
tarbiyaviy asardir. Abdulla Avloniy pedagog sifatida bola 
tarbiyasining roli haqida fikr yuritib “Agar bir kishi yoshligida nafsi 
buzulib, tarbiyasiz, axloqsiz bo‘lib o‘sdimi, allohu akbar, bunday 
kishilardan yaxshilik kutmoq yerdan turub yulduzlarga qo‘l 
uzatmak kabidur”, ‒ deydi. Uning fikricha, bolalarda axloqiy 
xislatlarning tarkib topishida ijtimoiy muhit, oilaviy sharoit va 
bolaning atrofidagi kishilar g‘oyat katta ahamiyatga ega. O‘zbek 
pedagogikasi tarixida Abdulla Avloniy birinchi marta 


420 
pedagogikaga “Pedagogiya”, ya’ni “Bola tarbiyasining fanidir”, 
deb ta’rif berdi. Tabiiy bunday ta’rif Avloniyning pedagogika 
fanini yaxshi bilganligidan dalolat beradi. Abdulla Avloniy bola 
tarbiyasini nisbiy ravishda quyidagi to‘rt bo‘limga ajratadi:
1. “Tarbiyaning zamoni”.
2. “Badan tarbiyasi”.
3. “Fikr tarbiyasi”.
4. “Axloq tarbiyasi” haqida hamda uning ahamiyati to‘g‘risida 
fikr yuritadi. “Tarbiyaning zamoni” bo‘limida tarbiyani yoshlikdan 
berish zarurligini, bu ishga hammani: ota-ona, muallim, hukumat 
va boshqalarning kirishishi kerakligini ta’kidlaydi. “Al-hosil 
tarbiya bizlar uchun yo hayot yo mamot, yo najot-yo halokat, yo 
saodat yo falokat masalasidur” deb uqtiradi, Avloniy. 
Tarbiya xususiy ish emas, milliy, ijtimoiy ishdir. Har bir 
xalqning taraqqiy qilishi, davlatlarning qudratli bo‘lishi avlodlar 
tarbiyasiga ko‘p jihatdan bog‘liq, deb hisoblaydi adib. Tarbiya 
zurriyot dunyoga kelgandan boshlanib, umrning oxiriga qadar 
davom etadi. U bir qancha bosqichdan ‒ uy, bog‘cha, maktab va 
jamoatchilik tarbiyasidan tashkil topgan. Avloniy tarbiyaning 
doirasini keng ma’noda tushunadi. Uni birgina axloq bilan 
chegaralab qo‘ymaydi. U birinchi navbatda bolaning sog‘ligi 
haqida g‘amxo‘rlik qilishi lozimligini uqtiradi. 
Avloniyning fikricha, sog‘lom fikr, yaxshi axloq, ilm-
ma’rifatga ega bo‘lish uchun badanni tarbiya qilish zarur. 
“Badanning salomat va quvvatli bo‘lmog‘i insonga eng kerakli 
narsadur. Chunki o‘qumoq, o‘qutmoq, o‘rganmoq va o‘rgatmoq 
uchun insonga kuchli, kasalsiz jasad lozimdir”. 
Abdulla Avloniy badan tarbiyasi masalasida bolani sog‘lom 
qilib o‘stirishda ota-onalarga murojaat qilsa, bolani fikr tomondan 
tarbiyalashda o‘qituvchilarning faoliyatlariga alohida e’tibor 
beradi. 
Bolalarda fikrlash qobiliyatini o‘stirish va bu tarbiya bilan 
muntazam shug‘ullanishi benihoya zarur va muqaddas bir vazifa. 
Binobarin, u muallimlarning “diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga 


421 
yuklangan muqaddas vazifadur... Negaki fikrning quvvati, ziynati, 
kengligi, muallimning tarbiyasiga bog‘liqdur”
1

Ayni zamonda muallif ta’lim va tarbiya uzviy bog‘liq ekanini 
ham ta’kidlaydi: “Dars ila tarbiya orasida biroz farq bor bo‘lsa ham, 
ikkisi bir-biridan ayrilmaydurgan, birining vujudi biriga boylangan 
jon ila tan kabidur”
2
deydi. Abdulla Avloniyning fikricha, inson 
butun borliqning ko‘rki va sharafidir. Inson o‘z go‘zalligi va 
murakkabligi bilan Koinotdagi barcha mahluqotlardan afzaldir. 
Butun mavjudot insonga xizmat qilishi kerak, chunki inson uning 
sohibidir. Chunki insonning aqli bor. U shu aql yordamida ilm 
egallaydi, ilm tufayli dunyoni boshqaradi.: 
“Aql, ‒ deydi Avloniy, ‒ insonlarning piri komili, murshidi 
yagonasidur, ruh ishlovchi, aql boshlovchidur. ...insonni 
hayvonlardan so‘z va aql ila ayirmishdur. Lekin inson aql va idroki 
soyasida o‘ziga keladirgan zarar va zulmlardan saqlanur. Yer 
yuzidagi hayvonlarni asir qilib, bo‘ynidan boylab, iplarining uchini 
qo‘llariga bergan insonlarning aqlidur”. Avloniy insonga va uning 
aqliga ana shunday yuksak baho beradi. “Ilm insonlarning madori, 
hayoti, rahbari najotidur. Agar aqlingni qo‘li nafsingni jilovini 
ushlasa, sani yomon yo‘llarga kirmoqdan saqlar. Har narsa ko‘p 
bo‘lsa, bahosi arzon bo‘lur, ammo aql esa ilm va tajriba soyasida 
qancha ko‘paysa, shuncha qimmatbaho bo‘lur”. 
“Turkiy guliston yoxud axloq” kitobi ma’rifatparvarlik 
g‘oyalarini targ‘ib qiladi. Abdulla Avloniy kitobda ilm to‘g‘risida 
bunday deydi: “Ilm dunyoning izzati, oxiratning sharofatidur. Ilm 
inson uchun g‘oyat oliy, muqaddas bir fazilatdur. Zeroki, ilm bizga 
o‘z axvolimizni, harakatimizni oyina kabi ko‘rsatur. Zehnimizni, 
fikrimizni qilich kabi o‘tkur qilmoq, ... Ilmsiz inson mevasiz daraxt 
kabidur...”. Avloniy ilmni umuman emas, balki uning amaliy va 
hayotiy foydalarini aytib, “Bizlarni jaholat, qorong‘ulikdan 
qutqarur. Madaniyat insoniyatni ma’rifat dunyosiga chiqarur, 
yomon fe’llardan, buzug‘ ishlardan qaytarur, yaxshi xulq va odob 
sohibi qilur... Alhosil butun hayotimiz, salomatimiz, saodatimiz, 
1
Abdulla Avloniy. «Ikkinchi kitob», 14-bet
2
O‘sha kitob, 15-bet.


422 
sarvatimiz, maishatimiz, himmatimiz, g‘ayratimiz, dunyo va 
oxiratimiz ilmga bog‘liqdur”
1

Adibning obrazli ifodasiga ko‘ra, ilm bamisoli bodomning 
ichidagi mag‘iz. Uni qo‘lga kiritish uchun mehnat qilish, ya’ni 
chaqib uni po‘chog‘idan ajratib olish kerak. U ilmning jamiyat 
taraqqiyotidagi rolini yaxshi tushunadi. Shuning uchun ham u, 
yoshlarni ilm sirlarini bilishga, hodisalar mohiyatini yechishga, 
kitob mutolaa qilishga chaqiradi. Uning fikricha, ilm agar jamiyat 
manfaatiga xizmat qilmasa, xalq farovonligi yo‘lida qo‘llanmasa, u 
o‘likdir. A.Avloniy o‘z ilmini amalda qo‘llay oladigan kishilarga 
yuksak baho beradi, ularni dono insonlar, deb ataydi. Abdulla 
Avloniy o‘tmish mutafakkirlari kabi yoshlarni foydali kasb - hunar 
egallashga chaqiradi. Adib boylik ketidan quvuvchilarni, ularning 
odamgarchilikka to‘g‘ri kelmaydigan ishlar bilan shug‘ul-
lanayotganini ko‘rib, ulardan nafratlanadi. Avloniy yoshlarni 
boylikka ruju qo‘ymaslikka undaydi. Boylikni o‘tkinchi bulutga 
o‘xshatadi. Abdulla Avloniy mehnatsiz kun kechirishni barcha 
yomon sifatlarning ibtidosi, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham u, 
mehnatni ulug‘laydi, mehnat kishining eng go‘zal fazilatidir, deydi.
“Turkiy guliston yohud axloq”ning birinchi sahifasidan to 
so‘nggi sahifasigacha Avloniyning insonparvarlik g‘oyalari 
ifodalangan. U hammadan burun xalq manfaatini ko‘zlaydi, xalqqa 
bajonu dil xizmat qilishni o‘zining muqaddas burchi deb biladi. 
Uning nazarida kishilar g‘amini yemagan, xalqdan uzoq turgan 
ig‘vogar, g‘iybatchi inson emas. Muallif chaqimchilik, g‘iybat, 
hasad, munofiqlik, yolg‘onchilik, ikkiyuzlamachilik haqida 
to‘xtalib, ularning insonlar hayotiga zararini atroflicha ko‘rsatib 
beradi. G‘iybatchi va chaqimchi kishilarni Avloniy buzoqboshiga 
o‘xshatadi. Buzoqboshi daraxt ildizini kemirib quritgani kabi 
chaqimchi va g‘iybatchilar ham kishilar o‘rtasidagi mehr-muhabbat 
daraxtini yemiradilar. Donishmandlardan biri aytganidek, “Mol va 
ashyo o‘g‘rilaridan ko‘ra odamlar orasida do‘stlik, ulfat, 
muhabbatni o‘g‘irlaydurgan odamlardan saqlanmoq lozimdir”
2
.
1
A.Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. 17-bet.
2
Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. 50-bet.


423 
Avloniy g‘iybatchilik va uning oqibatini shunday tahlil etadi: 
“Inson boshqa gunohlarini nafsning lazzati uchun qiladur. Ammo 
g‘iybat sohibi lazzat o‘rniga o‘z boshiga yo bir boshqa kishining 
boshiga bir balo hozirlaydur. Chunki, so‘z borib g‘iybat qilinmish 
kishining qulog‘iga yetar. G‘azab qoni harakatga kirar. G‘iybat-
chidan o‘ch olmoq fursatini poylar. Shunday qilub, g‘iybat soyasida 
ikki musulmon orasiga zo‘r dushmanlik tushar. Oxiri o‘lumgacha 
borur. Shul tariqa g‘iybatdan tug‘ulgan adovat cho‘zulmoqg‘a oid 
bo‘lib, dushmanlik zo‘rayub, o‘z oralaridagi xususiy janjallar ila 
aziz umrlarini uzdirub, umumiy xalq foydasi uchun ishlanadurgan 
milliy ishlardan mahrum bo‘lmaklari ila barobar aholining orasidan 
ittifoqning yo‘qoluviga sabab bo‘lurlar”
1
. G‘iybatni so‘ylamoq 
harom o‘lgani kabi eshitmoq ham haromdir. 
Rasuli akram nabiyi muhtaram sallalohu alayhi vasallam 
afandimiz: 
“G‘iybatdan saqlaningiz, g‘iybat zindondan ham yomon-
roqdur”, ‒ demishlar. Abdulla Avloniy 1934-yilning 25-avgustida 
Toshkentda vafot etdi. 
Abdulla Avloniyning ta’lim-tarbiya sohasidagi qarashlari 
o‘zbek xalqining ruhiyati, turmush tarzi, milliy qadriyatlari bilan 
chambarchas bog‘langan. Uning boy pedagogik merosi milliy 
maktab, milliy pedagogikani rivojlantirishda qimmatbaho manba 
bo‘lib xizmat qiladi. Shu ma’noda Avloniyning siymosi, faoliyati 
biz uchun qadrlidir. 

Download 2.64 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   185   186   187   188   189   190   191   192   ...   259




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling