91-modda. Ish joyini o‘zgartirish
Mehnat shartnomasida shartlashib olinmagan ish joyini o‘zgartirish mehnat shartlarini o‘zgartirish deb hisoblanmaydi va bu haqda xodim bilan kelishish talab qilinmaydi.
92-modda. Boshqa doimiy ishga o‘tkazish
Boshqa doimiy ishga o‘tkazishga (xodimning mehnat vazifalarini o‘zgartirishga) — unga boshqa mutaxassislik, malaka, lavozimga oid ishni topshirishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Agar obyektiv sabablarga ko‘ra (100-modda ikkinchi qismining 1, 2 va 6-bandlari va 106-moddaning 2-bandi) mehnat shartnomasida belgilab qo‘yilgan mehnat vazifasi doirasida ishni davom ettirish mumkin bo‘lmasa, ish beruvchi xodimga mutaxassisligi va malakasiga muvofiq keladigan ishni (xodim bajarayotgan ishiga yoki egallab turgan lavozimiga nomuvofiq bo‘lsa, mutaxassisligi bo‘yicha bir muncha kam malaka talab etiladigan boshqa ishni), bunday ish bo‘lmagan taqdirda esa, — korxonada mavjud bo‘lgan boshqa ishni taklif etishi shart. Xodim boshqa ishga o‘tishdan bosh tortgan yoki korxonada muvofiq keladigan ish bo‘lmagan taqdirda, mehnat shartnomasi umumiy asoslarda bekor qilinishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 89-moddasi to‘rtinchi qismi va VI bobi 4 paragrafi (“Mehnat shartnomasining bekor qilinishi”).
93-modda. Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bo‘yicha vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish
Xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi.
Boshqa ishga o‘tkazish muddati tugagach, ish beruvchi xodimga uning avvalgi ishini berishi shart.
94-modda. Xodimning tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish
Xodimning vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish haqidagi iltimosi, agar bu iltimos uzrli sabablar tufayli kelib chiqqan va bunday ish korxonada mavjud bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan qanoatlantirilishi kerak.
Vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish uchun uzrli sabablar ro‘yxati, shuningdek boshqa ishga o‘tkazilganda mehnatga haq to‘lash tartibi jamoa shartnomasida belgilab qo‘yilishi mumkin, agar bunday shartnoma tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
Xodimlarning sog‘lig‘i holatiga ko‘ra vaqtincha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan xoli bo‘lgan ishga o‘tkazish, shuningdek homilador ayollarni va ikki yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni vaqtincha ana shunday ishga o‘tkazish ushbu Kodeksning tegishincha 218, 226 va 227-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |