25-modda. Xodimlar vakillik organlari a’zolarining mehnat sohasidagi qo‘shimcha kafolatlari
Xodimlarning vakillik organlari a’zolariga o‘zlarining vakillik faoliyatlarini amalga oshirishlari munosabati bilan ish beruvchi tomonidan biron bir shakldagi ta’qib qilinishdan himoya etish kafolatlanadi.
Vakillik organlari tarkibiga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan xodimlarga intizomiy jazo berishga, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, shuningdek vakillik organlari tarkibiga saylangan xodimlar bilan mehnatga oid munosabatlarni ularning saylab qo‘yiladigan lavozimdagi vakolati tugaganidan keyin ikki yil davomida ish beruvchining tashabbusi bilan mahalliy mehnat organining oldindan roziligini olmay turib bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Vakillik organlaridagi saylab qo‘yiladigan lavozimlarga saylangani munosabati bilan ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilgan xodimlarga ularning saylab qo‘yiladigan lavozimdagi vakolati tugaganidan keyin avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud bo‘lmasa, — avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakillik organlari tarkibiga saylangan xodimlarga tegishli ish (lavozim) berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda ular qonun hujjatlarida yoki jamoa shartnomalari, kelishuvlarida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanadilar.
.
26-modda. Xodimlar vakillik organlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilishning taqiqlanishi
Xodimlar vakillik organlarining qonuniy faoliyatiga har qanday tarzda to‘sqinlik qilish taqiqlanadi.
Xodimlar vakillik organlarining faoliyatini ish beruvchi yoki u vakil qilgan shaxslar tashabbusi bilan tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan harakatlarni sodir qilgan ish beruvchi yoki u vakil qilgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladilar.
(26-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |