221-modda. Xodimlarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatish va ularni davolash-profilaktika muassasalariga olib borish
Ish beruvchi ish joyida kasal bo‘lib qolgan xodimlarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan choralar ko‘rishi shart.
Ish joyida og‘rib qolgan xodimlarni davolash-profilaktika muassasalariga olib borish, zarur hollarda, ish beruvchining hisobidan amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risida”gi nizom II bobining 1 va 2-bandlari.
222-modda. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni hisobga olib borish va tekshirish
Ish beruvchi ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni o‘z vaqtida tekshirishi va hisobga olib borishi shart.
Jabrlanuvchining talabiga binoan tekshiruv tugagan kundan e’tiboran uzog‘i bilan uch kun ichida ish beruvchi shu baxtsiz hodisa to‘g‘risida dalolatnoma berishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni (yangi tahriri) 26-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risida”gi nizom.
223-modda. Mehnatni muhofaza qilishning holati ustidan nazorat qilish va tekshiruv o‘tkazish
Mehnatni muhofaza qilishning holati ustidan davlat nazorati va tekshiruvini davlat organlari amalga oshiradilar.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining (yangi tahriri) 31-moddasi ikkinchi qismining birinchi, beshinchi xatboshilari.
Mehnatni muhofaza qilishning norma va qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoat tekshiruvini kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlari amalga oshiradilar.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining (yangi tahriri) 31-moddasi ikkinchi qismining birinchi, beshinchi xatboshilari.
Do'stlaringiz bilan baham: |