215-modda. Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berish va o‘qitish
Xodimlarga texnika xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi, yong‘in chiqishdan saqlanish va mehnatni muhofaza qilishning boshqa qoidalari haqida yo‘l-yo‘riqlar berish hamda xodimlarning mehnatni muhofaza qilishning hamma talablariga rioya etishlarini doimiy ravishda tekshirib borish vazifasi ish beruvchi zimmasiga yuklatiladi.
Ish beruvchi xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qishlarini ta’minlashi va ularning bilimlarini tekshirib turishi shart.
Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘quvdan, yo‘l-yo‘riqdan o‘tmagan va bilimlari tekshirilmagan xodimlarni ishga qo‘yish taqiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining (yangi tahriri) 25-moddasi va “Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash to‘g‘risida”gi namunaviy nizom ( ro‘yxat № 272, 14.08.1996-y.).
216-modda. Mehnatni muhofaza qilish tadbirlariga ajratiladigan mablag‘lar
Mehnatni muhofaza qilish tadbirlarini o‘tkazish uchun belgilangan tartibda mablag‘lar va zarur materiallar ajratiladi. Bu mablag‘ va materiallarni boshqa maqsadlarga sarflash man etiladi. Mazkur mablag‘ va materiallardan foydalanish tartibi jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, — ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi.
Mehnat jamoalari, ularning vakillik organlari mehnatni muhofaza qilishga mo‘ljallangan mablag‘lardan foydalanilishini tekshirib boradilar.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining (yangi tahriri) 16-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 12-noyabrdagi 245-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda mehnatni muhofaza qilish jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
Do'stlaringiz bilan baham: |