University of business and science nodavlat oliy ta’lim
MUHTARAM YOSHLARG‘A MUROJAAT
Download 130.22 Kb.
|
1 2
Bog'liqYuldasheva F. (Yoshlarga murojaat)
MUHTARAM YOSHLARG‘A MUROJAAT
Har bir mamlakatda islohot va madaniyat asbobig‘a tavassul va tashabbus etmoqlik harakati u mamlakatning yoshlari tarafidan zuhur eta boshlagani kabi, bizning Turkistonda ham madaniyat eshigi manzalasida bo‘lgan makotibi ibtidoiyya ila intiboh va islohot jarchisi bo‘lgan milliy matbuot g‘ayratlu yoshlarning harakoti maorifparvaronalari soyasida vujudga keldi. Shuning uchun har bir milliy havoyijimizdan bo‘lgan mushkul ishlarda yolg‘iz yoshlarimizni marja’ va umidgoh tutib, alardan yordam so‘raymiz (mollari yoki so‘zlari ila millat foidasig‘a yordamlari tekgan ba’zi ulamou ag‘niyomiz ham yoshlar qatoridadurlar). Muhtaram birodarlar! Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib— taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat eng avval, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘payturmaguncha taraqqiy yo‘lig‘a kirub madaniyatdan foydalanmas. Madaniyati hoziradan mahrum qolub, sanoe’ va maorif salohi ila qurollanmagan millat esa, dunyoda rohat va saodat yuzini ko‘rolmas. «Muborizai hayot» maydonida mutlaqo mag‘lub bo‘lur, oyoqlar ostida ezilur, diniy, iqtisodiy ishlarda o‘zgalarning asiri bo‘lub, bora-bora milliyat va diyonatini ham ho‘ldan berur. Ana ushbu yo‘llar ila oxiri mahv va nobud bo‘lub ketar. Binoan alayh, yer yuzidagi barcha millatlar o‘z bolalarini ibtidoiy tarbiyasig‘a va maktablarning har jihatdan intizom va akmolig‘a ahamiyat berub bolalarini milliy va diniy ruhda mukammal suratda yetushdurarlar. Aning uchundurki, o‘zga millatlar diniy va milliy hissiyotg‘a molik bo‘lub, har ishda diyonat va milliyatni muqaddam tutarlar. Va luzumi kelganda bu yo‘lda molu jonlarini fido etmoqg‘a hozir turarlar. Mana, hozirgi urushlar va iqtisodiy tortishlar diyonat va milliyat hissiyoti natijasidur. Eidi, bizni Turkistonda munday hissiyotlar qayda? Modomiki, biz turkistoniylar nlmu maorifdan haqqincha istifoda etmaymiz. Fazoyili insoniyadan sanalgan shaylar qanday hosil bo‘lur? Chin insoniyat nimadan iborat ekanligini qaydan bilurmiz? Bizlarda bir fazilat bor bo‘lsa, ul ham faqat taassuboti johilonadan iboratdur. Demak, bizlar hozirgi nimokla diyonatimizni yolg‘uz taassub soyasida saqlab turubmiz. Lekin ushbu tamaddun asrida ilmsiz quruq taassub ila ham yashab bo‘lmas. Chunki zamonamiz shunday zo‘rki, ozgina fursatda churuk taassubotimizni asosidan qo‘parub tashlaydur. Shuning uchun zamonaning muhlik asbobig‘a qarshu muqovamat etadurgon bir narsa bor bo‘lsa, ul-da maorifdur. Tahsili maorifni ibtidoiy qismi muntazam maktablar bo‘lgan uchun endi biz Turkiston musulmonlarig‘a ibtidoiy maktablarni ko‘payturmoq lozimdur. Tabiiy, maktab muallimsiz ko‘paymas. Hozirda esa Turkistonda muallim oz bo‘lub, muallimlarga ehtiyojimiz shadiddur. Chunki bu kunlarda yangi maktab havaskoroni kundan-kun ziyodalashmoqdadurki, muallimlar mavjud bo‘lgan taqdirda har yil Turkistoida yuzlarcha maktab ochmoq mumkindur. Endi ushbu mushkul hollarni nazari e’tiborga olub, Turkiston yoshlari muallim yetushdurmoqning chorasini topmoqlari lozimdur. Agar bukungi yoshlarimiz ushbu muhim vazifa va xizmatni ifo etmakga qasd eta boshlasalar, muallim yetushdurmoqni chorasi ham topilsa kerak. Chunonchi, Turkistonda muallim chiqormak uchun dorilmuallimin bo‘lmasa ham, har shaharda usuli ta’limdan xabardor bir-ikki nafar muallim, albatta, bordur. Ana, muallimlikka tolib kishilarni alarning huzurig‘a yuborub, 3-4 oy zarfida usuli ta’limdan xabardor qildurmoq mumkindur. Agar boyafarz, ushbu xidmatni muallimlarimiz iltizom qilmasalar, ul holda muallimlikka havaskor yoshlarni biroz zahmatlik bo‘lsa ham, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkandda Munavvar-qori janoblarining maktabig‘a yubormoq kerakdurki, mushorun alayhning munday toliblarni maalmamnuniyat qabul etmoqlarig‘a amindurmiz. Ishta, muhtaram qarindoshlar, millatimizning tilagi va eng zo‘r ehtiyoji ushbu shaylar ediki, nazari oliylaringiza arzu taqdim etduk. Endi g‘ayrat sizlardan, tavfiq Oldodandur. Yuqoridagi maqolalardan ko‘rinib turibdiki, Behbudiy zamonasi yoshlarini bilim olishga targ‘ib etib, bilimli insonlar xech qachon kam bo‘lmasligini takidlagan. Bundan tashqari ota onalarga farzandlarini ilim olishlari uchun sarflangan mablag‘ albatta o’zining mevasini berishini uqtirgan. Shuningdek, ma’rifat va madaniyat yo‘q bo‘lsa jamiyat tanazzulga uchrashini bayon qilgan. Bu maqolalar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Asalari bilan inson bolasi o‘rtasidagi farq haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Yigirma kunlik asalarini guldan gulga qo‘nib, asal yig‘ayotganini ko‘p ko‘rgandirsiz. Inson farzandi esa faqatgina ikki yoshdan oyoqqa turadi, gapirishni o‘rgana boshlaydi. 6-7 yoshida maktabga boradi. O‘qishni, yozishni o‘rganadi. Litsey, universitetni tugatguniga qadar ko‘p o‘qiydi, o‘rganadi, intiladi, izlanadi. Chunki yashash uchun hayotni, insonlarni o‘rganishga muhtojdir. Foyda, zararni bilishga majburdir. Biroq asalari bolasi-chi? U asal yig‘ishni o‘rganishi uchun na o‘qishga, na oliy o‘quv yurtini bitirishga ehtiyoji bor. U dunyo hayotiga mukammal holda yuborilgan. Inidan chiqar chiqmas ishini boshlaydi. Biz esa yigirma kun yoki yigirma yil, umr bo‘yi o‘rganishga muhtojmiz. Shuning uchun beshikdan qabrgacha ilm olishga, o‘rganishga buyurilganmiz. Inson qobiliyatini bilim va tajriba bilangina oshiradi. Bilim ozuqadir. Aql va qalb u bilan oziqlanadi. Bilim muvaffaqqiyat. Bilimsizlik esa mag‘lubiyatdir. Bilim jasoratdir. Bilimli kishi muammolarni jasorat bilan yengadi. Bilim durbinga o‘xshaydi. Chigal masalalarni u hal etadi. To‘siq g‘ovlar ustidan uning yordamida oshib o‘tamiz. Bilim nurdir. Yo‘limizni u bilan yoritamiz. Bilimsizlik esa barcha yomonliklarning manbaidir. Bilimsiz inson o‘ziga eng katta yomonlikni qilgan bo‘ladi. Johil kishining tik tura olmaydigan qopdan farqi yo‘q. Sa'diy bilimsizlikni urush dovuliga o‘xshatadi. Ovozi baland ichi esa bo‘sh. Go‘zal tushunchalar, bilim javharlari bilan to‘ldirilmagan zehn sandiq foydasiz va zararli narsalar bilan to‘ladi. Bilmaslik ayb emas, o‘rganishga intilmaslik aybdir. Ibn Mas’ud inson bilmaganini bilishi ham ilmdir, deydi. Chunki inson bilmaganini bilsa, o‘rganishga intiladi. Ilm o‘rganish faqat maktabga xos emas. Maktab insonga kalit beradi. U kalit bilan ilm xazinalarini insonning o‘zi ochadi. Ilm eng katta sarmoyadir, inson har yoshda, har yerda va har vaqt sarmoyasini ko‘paytirishni istaydi. Ilm bilan inson o‘zini o‘zi tarbiyalashi kerak. Balki muammolarga duch kelarmiz. Ba'zi qiyinchiliklarni boshimizdan o‘tkazarmiz, ammo unutmaslik kerak: Har qanday qiymatli narsa osonlik bilan qo‘lga kiritilmaydi. Download 130.22 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling