Ustoz – ma’rifat bogʻboni Qashqadaryo viloyati Koson tumani 32 dmtt mudirasi N. Rasulova
Download 14.91 Kb.
|
“Ustoz – ma’rifat bogʻboni”
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ustoz
Ustoz – ma’rifat bogʻboni Qashqadaryo viloyati Koson tumani 32 DMTT mudirasi N.Rasulova Inson tugʻilganidanoq ichsam, yesam, tanisam, bilsam deydi. Uning bu istaklarini birinchi bosqichda, avvalo, ota-onasi amalga oshiradi. Kishiga ota-onasidan tashqari bu dunyoning sir-sinoatlarini chuqurroq oʻrgatuvchi, ma’rifat ulashuvchi yana bir buyuk zod borki, uning mehnatini hech narsaga qiyoslab boʻlmaydi. Albatta, bu benazir inson ustozdir. Ustoz soʻzida xuddi Hazrat Navoiyning “Farhod”iga oʻxshab (Firoq-u, rashk-u, hajr ila dod) ma’nolar bisyor. Ustoz shogirdiga umid bilan bilim beradi, sabr bilan oʻrgatadi, tavoze (kamtarlik) bilan oʻrnak boʻladi. Oqillarcha yoʻl tutib, uning ichki dunyosini ziynat-la bezaydi. Shubhasiz, mana shunday xislatlarga ega inson tarbiyalagan shogirdda bunyodkor gʻoyalar shakllanib, u kelajakda komil inson boʻlib yetishadi. Ustozlarning mehnati juda mashaqqatlidir. Xuddi bogʻbon niholni parvarishlab, baquvvat daraxt qilganidek, ustoz ham oʻz oʻquvchisiga haqiqiy bilim berib, uning ma’naviy dunyosini boyitadi. Oʻqituvchilik kasbi bogʻbonlikdan-da qiyin. Bogʻbonning nihol qilib oʻstirgan daraxti vaqti kelib qurib qolsa, uni kunda qilib yoqadi. Lekin oʻqituvchining oʻzi tarbiyalagan oʻquvchisi noqobil chiqsa, oʻzi yonadi. Shifokorlar “Gippokrat” qasamini ichganidek, oʻqituvchilar ham ishga kirishidan oldin chuqur bilim va adolatga tayangan holda mashgʻulotlarni olib borishga, kelajak avlodni ma’rifatli qilib, komil inson ruhida tarbiyalashga qasamyod qilishadi. Ustoz bor kuch va bilimini safarbar etgan holda shogirdiga bilim berib, hayotda mustaqil qadam qoʻyishiga koʻmaklashadi. Bu mashaqqatli yoʻlda oʻzi zahmat cheksa-da, maqsadidan chekinmaydi, ya’ni oʻquvchisini haqiqiy bilim sohibi qilib tarbiyalaydi. Bizda yana bir sharqona an’ana: ustoz-shogirdlik an’anasi borki, u orqali murg’ak qalblarga ezgu xislatlar kurtak otadi. Ushbu an’ana qadimdan shakllanib, bugungi kunda taraqqiy etib kelmoqda. Bizning Koson tumanimizdagi 32-sonli DMTTda ham ana shunday an’ana davom etib kelmoqda. Tarbiyachilar bolalarni kutib olishidan boshlab, ularni ota-onalariga topshirgunlariga qadar ularga mehr bilan sabr-toqat-la ta’lim-tarbiya beradilar. O’zlaridagi bor bilimni berishga harakat qiladilar. Jajji qalblarga ma’rifat urug’ini qadashdan sira ham charchashmaydi. Zero, buyuk shoirimiz Furqat ma’rifatni ko’ngillarning sururi, ko’rar ko’zlarning nuri, deb to’g’ri aytgan. Bu foniy dunyodan qancha buyuk mutafakkirlar oʻtgan boʻlsalar, barchasining daholigi ustozlari bergan saboqlari tufaylidir. Mashhur mutasavvuf olim Soʻfi Olloyor oʻzining “Sabot ul-ojizin” asarida har bir insonning hayotida, albatta, bir yetuk ustoz boʻlishi lozimligini ta’kidlagan. Bu haqidagi fikrini mazkur asarning “Har bir ishda yetuk ustoz istamakning bayoni” bobida keltirib oʻtgan: Agar boʻlmasa yoʻl boshlaguvchi pir, Solur boʻynungga nogoh domi tazvir. Agar bo’lmasa bir sohib karomat, Emas mumkin kishi yetgay salomat1. Haqiqatan ham, hayotda ustoz koʻrmagan odamlarga qarang-a, turli xil yoʻllarga kirib, nafs qurboni boʻlishmayaptimi? Yuqorida keltirilgan bayt orqali har bir inson ma’rifatli, ya’ni bilimli boʻlib, oq-u qorani tanishi uchun uning hayotida ustozlarning oʻrni nihoyatda ahamiyatli ekanligini bilishimiz mumkin. Qadimdan yoshi ulugʻlar duoga qoʻl ochishganda: “Ollohim ikki dunyo saodatin nasib aylasin”, - deb bejizga aytishmagan. “Saodat” soʻzi oʻzida katta ma’no tashiydi. “Sabot ul-ojizin” asarida ushbu fikrimizning tasdigʻini koʻrishimiz mumkin. Aningdek hodigʻa qilsang itoat, Saodatdir, saodatdir, saodat2. Kishi saodatga, albatta, ustozlari bergan bilimi tufayligina erishadi. Yogʻayotgan qor zarralari bir-birini takrorlamaganidek, oʻqituvchi ham boshqalardan farqlanadi. Jumladan, uning koʻzi bitta boʻladi, chunki u barcha oʻquvchisini bir koʻzda koʻradi. Bagʻrikengligi sababli ikkala qoʻli mudom ochiqdir. Oyoqlari doimo izlanishda boʻlgani bois hech qachon tinim neligini bilmaydi. Boshiga tashvish tushsa ham sinfxonaga kirar ekan, ularning barchasini yodidan chiqaradi. Oʻzidagi bor yomon illatlarni yoʻqotishga harakat qiladi. Chunki u oʻquvchisiga shu jihatdan ham oʻrnak boʻlishi kerak-da. Mana haqiqiy ustoz qanday boʻlishi kerak. Zero haqiqiy, fidoyi ustoz oʻz shogirdini yurtiga sadoqat bilan xizmat qiladigan, yetuk kadr sifatida tarbiyalaydi. Hurmatli Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir”3. Har bir kishi baxtni turlicha tushunadi. Shoirlar uchun oʻzlari yozgan she’rni san’atkorlar tomonidan kuylangani baxt. Bogʻbon uchun daraxti hosilga kirib, meva bergani baxt. Ustoz uchun esa shogirdi ma’rifatli boʻlib, oʻz yoʻlini topib olgani baxt. Mana shunday baxtga erishganlar haqiqiy MA’RIFAT BOG’BONLARIDIR. 1 Сўфи Оллоёр. Саботул ожизин. – Тошкент: Чўлпон, 1991. -44 бет. 2 Сўфи Оллоёр. Саботул ожизин. – Тошкент: Чўлпон, 1991. -46 бет. 3 Shavkat Mirziyoyevning O’qituvchi va murabbiylar kuniga bag’ishlangan tantanali marosimdagi nutqi. Download 14.91 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling