Ustoz erkin vohidov haqida


Download 188.07 Kb.
bet1/3
Sana23.10.2023
Hajmi188.07 Kb.
#1717446
  1   2   3
Bog'liq
USTOZ ERKIN VOHIDOV HAQIDA


USTOZ ERKIN VOHIDOV HAQIDA
Anvar OBIDJON
O’zbekiston xalq shoiri

XALQQA KERAK BO’LISH BAXTI
Harbiydan qaytgan yilim ashaddiy kitobxon do‘stim Abdusalom qo‘limga bir kitobni tutqazib: “Manavini yaxshilab o‘qing-u, shunaqa shoir bo‘lishga ko‘zingiz yetmasa, she’r yozishni yig‘ishtirib qo‘yaqoling”, dedi. Kitobni olib, hayronlanib boqdim – qalin muqova ham eski patakdek titilib ketishi mumkinligini umrimda birinchi bor ko‘rib turishim edi.
— Bu kitob uyma-uy yurib, yarim qishloqni aylanib chiqdi, — deya, ko‘nglimdagini sezgandek, gap qistirdi Abdusalom.
Muqovadagi yozuvlar qirtishlanib ketgani uchun, ichki betni ochdim, “Erkin Vohidov. Yoshlik devoni” degan bitiglarga ko‘zim tushdi. Kitobni o‘sha kuniyoq o‘qib chiqdim… keyin takror va takror o‘qiyverdim…
Tun bilan yig‘labdi bulbul
G‘uncha hajri dog‘ida,
Ko‘z yoshi shabnam bo‘lib
Qolmish uning yaprog‘ida.
Ko‘z yumar bo‘lsam, ko‘zim –
Oldida paydo gul yuzim,
G‘uncha ko‘z ochmog‘i bor
Bulbul ko‘zin yummog‘ida…
O‘ta yoqimli, o‘ta chiroyli edi bu g‘azallar. Hatto xushbo‘y va totli tuyulardi. Ularni o‘qigan o‘zbek, agar ichida ozgina yalini bo‘lsa, o‘shanda tobora kamsitilib, o‘z uyining burchagiga tiqib qo‘yilgan ona tilini o‘zgacha bir iftixor ila sevib qolmasligi mumkin emasdi.
“Yoshlik devoni” hanuz qo‘lma-qo‘l yurar, undagi har ikkinchi g‘azal allaqachon qo‘shiqqa aylangan, oradan yillar o‘tsa-da, bu kitob tegrasidagi “g‘ala-g‘ovur”lar sira to‘xtamasdi. Bir munaqqid muallifni ko‘klarga ko‘tarsa, boshqasi she’riyatimizni “jangovar barmoq”dan chalg‘itib, “nozikmijoz aruz” sari burishda ayblashga urinardi. Bu kitobning tilimiz qadr-qimmatini oshirish, bobomeros ko‘hna janrni qayta jonlantirishdagi ahamiyati ustida to‘xtalish har ikki tomonning ham xayoliga kelmayotgani tajjublanarli edi.
Isyonkorlik, chorlovchanlik, olishqoq falsafa, teran mushohada she’riyat kemasining yelkani uchun yo‘lchi shamol vazifasini o‘taydi, shiddatiga shiddat qo‘shadi. Ammo bu shiddat ko‘psonli “oddiy she’rxonlar”ni o‘ziga eliktiruvchi unsurlar – so‘zlar shirasi, tasvir nafosati, ifoda nazokati ila uyg‘unlasha olmas ekan, she’r quruqshoqlanib, qofiyalashtirilgan nasr tusiga kiradi, ta’sir doirasi torayadi, bir to‘p ziyolilar davrasidan nariga o‘tishi qiyin kechadi. Shu ikki muhim jihatni o‘z ijodida omixtalashtira olish kamdan-kam shoirga nasib etgan. Erkin Vohidov she’riyatining qudratiga ham, ommaviyligiga ham eng avvalo o‘sha mo‘’jizakor uyg‘unlik sababchi bo‘lsa, ne ajab?
Aruz jozibasini barmoq tig‘dorligiga uyqashtirib, tuyg‘ular to‘foniga nazokat baxsh etish yo‘lida yoniqib izlanayotgan shoir shunday yozadi:
Men esam
O‘tmishu kelajak aro
O‘rta yo‘lda qolgan bechoradirman.
Ular yuragimda
Qilsa mojaro,
Kelishtirmoq bilan ovoradirman.
Bu bechoralik, bu ovoralik juda tez o‘zgarayotgan zamonda G‘arb va Sharqni imkon qadar kelishtirish, ovro‘pocha ko‘ylakni sharqona yeng va yoqalar bilan ibolashtirishga intilish, har qanday sharoitda ham millatning o‘zligidan biron-bir nishona asrab qolishga urinish edi.
Umumiylik va o‘zlik, kurash va nafosat hech qachon bir-biriga xalaqit bermasligini, istak va iqtidor bor joyda ular birlashgan kuchga aylana olishini shoir o‘zining juda ko‘p she’rlari, ayniqsa milliy g‘urur ramziga aylangan “O‘zbegim” qasidasi misolida yaqqol namoyishlab berdi. Go‘zal iboralarning ketidan quvish, bezanchoq satrlarga iliqish so‘z keskirligiga putur yetkazishi muqarrarligini urg‘ulovchi qarashlarga Erkin akaning “Sharqiy qirg‘oq”, “Arslon o‘rgatuvchi”, “Ona tilim o‘lmaydi”, “Manfaat falsafasi”, “Qumursqalar jangi” she’rlari, “Inson”, “O‘zimga savol”, “Vatandan yaxshi yor bo‘lmas”, “Xayol”, “Samarqand” g‘azallari, “Ruhlar isyoni”, “Nido” dostonlari o‘ziga xos bir raddiyadir.
Ijodda faylasuflik bilan odmilikni, qahru nafrat bilan odamiylikni, kurashuvchanlik bilan go‘zallikni uyqash tarzda namoyon qila olish uchun shoirga iste’dodli bo‘lishning o‘zi kamlik qiladi shekilli. Chamasi, bunday qalamkashlarda bolalarcha beg‘uborlik, o‘smirlarcha noziktabiatlik, oshiq yigitlarga xos majnunnamolik, darveshona oshuftahollik, ruhoniylarcha pokizafe’llik, gulchilarga monand chiroysevarlik tuyg‘ulari ko‘proq tomir otgan bo‘ladi. Bunday kishilar odatda bosiq, bezarar ko‘rinishadi, nohaqlikka duch kelganda ham jazavalanib bahslashishni eplasholmaydi, hadikchilik, o‘chkorlik, hasadgo‘ylik hissi ulardan tamoman begona. Shu xususiyatlar Erkin akada ham bo‘rtib turadi, uni yaqindan bilganlarning ko‘z o‘ngida har vaqt kichikfe’l inson, ochiqyuz suhbatdosh, nozikta’b shoir qiyofasida gavdalanadi. Erkin akadan birovlarga faqat yaxshilik yuqishi mumkin.
Erkin Vohidov ijodini bor ko‘lami bilan kuzatgan kishi bir narsadan hayratga tushmog‘i tayin – shoir qay ishga, qay janrga qo‘l urmasin, ularning birontasiga “ikkinchi darajali” degan tamg‘ani bosib bo‘lmaydi. Shoirning ommaga suyuklilikda birgina “Kelinlar qo‘zg‘oloni” bellasha olishi mumkin bo‘lgan “Oltin devor” komediyasi Milliy teatrimiz sahnasini qariyb o‘n besh yil gullatib turdi. “Istambul fojiasi” dramasining jurnaldagi matni talashib o‘qilib, hali sahnalashmasdanoq mashhur bo‘lib ketdi.
Shoirning satirik she’rlari kulgi ixlosmandlari orasida tez tilga tushdi. “Siyosiy saboq”, “Majlis qiling”, “Sen menga tegma”, “Shaharmi bu, qishloqmi bu”, “Yomonning so‘zi” yanglig‘ she’rlar o‘zbek nazmiy satirasini yangi pog‘onaga ko‘tardi. Matmusa turkumiga kiruvchi hajviy she’rlar katta dovrug‘ qozondi. Bular “qizil imperiya”ning siyosiy o‘yinlariga, do‘lvari ishlariga ochiq-oydin parodiya edi.
O‘zini tarjimachilikda sinab ko‘rmagan adib kamdan-kam topilsa kerak. Erkin Vohidovning tarjimonlikdagi faoliyatini alohida bir maktab deyish mumkin. Nemis tili bo‘yicha yaxshi mutaxassis hisoblangan bir olim do‘stimiz: “Ruslarda “Faust”ning bir necha xil mukammal tarjimalari bor, Erkin aka ular bilan tanishib chiqqan bo‘lishi tabiiy. Shunga qaramay, tarjimon bu asarni o‘ta o‘ziga xos tarzda, asliga juda yaqinlashtirib o‘girgani meni lol qoldirdi”, degan edi. Rasul Hamzatovdan o‘girilgan “Mening Dog‘istonim” asari katta shov-shuvga sabab bo‘lib, jurnalda bosilishi to‘xtatib qo‘yilgani hamon esimizda. Erkin akaning tarjimachilikdagi iste’dodi Sergey Yesenin she’rlarini o‘zbekchaga ag‘darishda alohida yarqirab ko‘rindi. Nihoyatda shirador tarjima bois Yesenin o‘zbekning o‘z shoiriga aylandi, o‘zbek she’riyatida yesenincha “sheva”li shoirlar paydo bo‘la boshladi.
Eng katta xarsang ham tog‘ bo‘lolmaganidek, nechog‘li zo‘rligidan qat’i nazar, bitta adib adabiyot yaratolmaydi. Shuni yaxshi bila turib, elatning dong‘ini jahonga yoyishdagi muhim omillardan bo‘lgan milliy adabiyotning manfaatini shaxsiy shon-shuhratidan yuqori qo‘ya olishga hamma adib ham o‘zida yetarlicha kuch topa olavermaydi. Bunga kuch topa olish uchun o‘zining ertasidan ko‘ra, yurti va xalqining charag‘on kelajagini ko‘proq o‘ylashga, shu yo‘lda kuyinib yashashga odatlanmoq kerak bo‘ladi.
O‘tgan asrning oltmishinchi, yetmishinchi yillarida “Guliston” jurnali erkparvarlik va millatparvarlik shiori ostiga jipslashgan o‘tyurak qalamkashlarning bosh minbari maqomini oldi. Bunga o‘sha davrdagi bosh muharrirlar Ibrohim Rahim, so‘ngroq Asqad Muxtorning jasorat maydonida nom qozonishga tashnalikdan ko‘ra el-yurt taqdiriga kuyunchaklik tuyg‘usi ko‘proq turtki bo‘lgani shubhasizdir. Saksoninchi yillarga kelib, “Yoshlik” jurnali o‘z davrining “Guliston”iga aylandi. Bosh muharrir Erkin Vohidov gulistonchi ustozlar yo‘lidan borib, eng iqtidorli yoshlardan iborat jamoa tuzdi, bu bilan ertaga hatto o‘zini ham soyasida qoldirib ketishi mumkin bo‘lgan qalami o‘tkir “adibcha”lar asarlariga jurnalning eshigini lang ochib qo‘ydi. Hozirgi o‘zbek adabiyotining faxri bo‘lib turgan qalamkashlarning bir qanchasi ijod yo‘lini o‘sha jurnaldan boshlagan sobiq “adibcha”lardir. Erkin aka uchun fuqarolik shoirlikdan azizroq ko‘rinib kelgan bo‘lsa, ajabmas…
— Erkin Vohidov yetmishga kirganmish.
— Qo‘ysang-chi, shoir ham chol bo‘larkanmi?
— Ie, chol bo‘lmay, nima – to‘rt yoqdan quda-andalar iskanjasida, bir etak nevara.
— Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Shoirmi – bizga she’r yozib bersin, ichimizdagi gaplarni bilib, hammaga aytsin. Cholmish-a! Shuyam bahona bo‘ptimi?
…Shu asno, beixtiyor xayolga cho‘masan kishi. Hatto yetmishga kirib ham o‘z xalqiga kerak bo‘laverishdan ortiqroq baxt bormikan dunyoda? Agar bor bo‘lsa, u nima?
Shoirdan esa tashvish tortishga hojat yo‘q. Xalqi unga har qachon kerak – zero, u xalqi bilan tirikdir.
U kunlarni tiklar xayolim,
Yodga kelar barcha, barchasi…
Odamlar,
Siz mening hayotim,
Har biringiz umrim parchasi.
Manba: “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2006 yil 8 dekabr soni.

Download 188.07 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling