Uzluksiz ma’naviy tarbiyaning kontseptual asoslari


Download 147.62 Kb.
bet1/13
Sana29.04.2023
Hajmi147.62 Kb.
#1401742
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Bog'liq
02.10. Uzliksiz ma\'naviy tarbiya o\'quv uslubiy majmua yangi


1-Mavzu: Yangi davr shiddati va ta’lim-tarbiya tizimiga quyilayotgan qatiy talablar.
Reja:
1. “Uzluksiz ma’naviy tarbiyaning kontseptual asoslari” fanining predmeti, mavzu doirasi, tarkibi, maqsad va vazifalari.
2. Ma’naviyat tushunchasi, uning mazmun va mohiyati. Ma’naviyat tarixiy hodisa sifatida.
3. Ma’naviyatning jamiyat hayotidagi o‘rni. Ma’naviyatning asosiy kategoriyalari.
4. “Uzluksiz ma’naviy tarbiyaning kontseptual asoslari” fanining metodologik asosi masalasi.
5. “Uzluksiz ma’naviy tarbiyaning kontseptual asoslari” tarixiy-nazariy fan sifatida. Uning ijtimoiy-gumanitar fanlar tizimidagi o‘mi.
Uzluksiz ma’naviy tarbiyaning kontseptual asoslari” fanining predmeti, mavzu doirasi, tarkibi, maqsad va vazifalari. TARBIYA– shaxsda muayyan jismoniy, ruhiy, axloqiy, ma’naviy sifatlarni shakllantirishga qaratilgan amaliy pedagogik jarayon, insonning jamiyatda yashashi uchun zarur bo‘lgan xususiyatlarga ega bo‘lishini ta’minlash yo‘lida ko‘riladigan chora-tadbirlar yig‘indisi. Tarbiya insonning insonligini ta’minlaydigan eng qadimgi va abadiy qadriyatdir.
Tarbiya – har bir insonning hayotda yashashi jarayonida orttirgan saboqlari va intellektual salohiyatlarining ijobiy ko‘nikmasini o‘zgalarga berish jarayoni.
Chunonchi, tarbiya keng sotsial ma’noda ijtimoiy hodisa sifatida qo‘llanilganda jamiyatning barcha tarbiyaviy vositalarini o‘z ichiga oladi.
Tarbiyaning ob’ektiv qonunlari – o‘quv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish va ijtimoiy hayotning shaxsni, uni o‘ziga xosligi hamda sifatlarini shakllantirish talabalardagi turg‘un bo‘lgan an’analardir.
Darhaqiqat, tarbiya ijtimoiy hayot uchun zarur bo‘lgan hodisalardir. Tarbiya yuksak ma’naviy, jismoniy barkamollik, yaxshining yomondan farqini anglash, yuksak insoniy fazilatlarini shakllantirish qudratiga egadir. Tarbiya kishilik jamiyatining xamma bosqichlarida rivojlanib, o‘sib, avloddan-avlodga vorislik vazifasini bajaradigan hodisa. Lekin har bir jamiyatda tarbiyaning maqsadi, vazifasi, mazmuni o‘ziga xosligi bilan farq qiladi.
Tarbiyasiz alohida odam ham, kishilik jamiyati ham mavjud bo‘la olmaydi. Chunki odam va jamiyatning mavjudligini ta’minlaydigan qadriyatlar tarbiya tufayligina bir avloddan boshqasiga o‘tadi.
Pedagogik adabiyotlarda «Tarbiya» atamasi keng va tor ma’nolarda ishlatiladi. Keng ma’noda tarbiya inson shaxsini shakllantirishga, uning jamiyat ishlab chiqarishi va ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy hayotida faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan barcha ta’sirlar, tadbirlar, harakatlar, intilishlar yig‘indisini anglatadi. Bunday tushunishda tarbiya faqat oila, maktab, bolalar va yoshlar tashkilotlarida olib boriladigan tarbiyaviy ishlarni emas, balki butun ijtimoiy tuzum, uning yetakchi g‘oyalari, adabiyot, san’at, kino, radio, televidenieva boshqalarni ham o‘z ichiga oladi. Shuningdek, keng ma’nodagi tarbiya tushunchasi ichiga ta’limva ma’lumotolish ham kiradi.
Tor ma’noda tarbiya shaxsning jismoniy rivoji, dunyoqarashi, ma’naviy-axloqiy qiyofasi, estetik didi o‘stirilishiga yo‘naltirilgan pedagogik faoliyatni anglatadi. Buni oilava tarbiyaviy muassasalar hamda jamoat tashkilotlari amalga oshiradi. Ta’lim va ma’lumot olish tor ma’nodagi tarbiya ichiga kirmaydi. Lekin har qanday tarbiya ta’lim bilan chambarchas bog‘liq holdagina mavjud bo‘ladi. Chunki ta’lim va ma’lumot olish jarayonida shaxsning faqat bilimi ko‘payibgina qolmay, balki axloqiy-ma’naviy sifatlari qarortopishi ham tezlashadi.
Tarbiya har qanday jamiyat va har qanday mamlakathayotida halqiluvchi ahamiyat kasbetadi. Yosh avlodning, umuman, jamiyat a’zolarining tarbiyasi bilan yetarlicha shug‘ullanmagan mamlakat turg‘unlikva inqirozga mahkumdir. Negaki, o‘sishi va rivojlanishi uchun har qanday jamiyatda ham moddiy va ma’naviy boyliklar ishlab chiqarish to‘xtovsiz ravishda yuksalib borishi lozim. Buning uchun yosh avlodmoddiy va ma’naviy boyliklar yetishtirishni ajdodlari darajasida, ulardan ham yaxshiroq ishlab chiqara bilishlari kerak. Yosh avlodda ana shunday moddiy va ma’naviy qobiliyatlarni shakllantira bilish uchun esa, jamiyat uzluksiz ravishda samarali faoliyat ko‘rsatadigan tarbiyaviy ishlar tizimiga ega bo‘lishi lozim.
Tarbiya jamiyat taraqqiyotining turli davrlarida turlicha izohlab kelingan. Sho‘ro zamonida hukmron kommunistik mafkura tarbiyaga sinfiy va partiyaviy hodisa sifatida yondashishni talab etgan. Shuning uchun ham sinfiy jamiyatda tarbiya faqat sinfiy xususiyatga ega bo‘ladi va turli sinflarning tarbiyasi bir-biriga qarama-qarshi turadi, degan qarash qaror topgan. Holbuki, dunyo ilmi, ayniqsa, Sharq tarbiyashunosligi va o‘zbek xalq pedagogikasi tajribasi tarbiyaning sinfiy ko‘rinishga ega emasligini isbot etdi. Shuningdek, kommunistik mafkura tazyiqi tufayli tarbiyada ijtimoiy muassasalarning o‘rniga ortiqcha baho berildi, bu jarayonda irsiy va biologik xususiyatlar deyarli hisobga olinmadi.
Sho‘rolar pedagogikasida tarbiya orkali har qanday odamni istagan ijtimoiy qiyofaga solish mumkin, degan qarash hukmron bo‘lganligi uchun ham uning shaxsni shakllantirishdagi o‘rniga ortiqcha baho berildi. Tarbiyalanuvchi shaxsining tarbiyaga berilish yoki berilmaslik xususiyatlarining hisobga olinmasligi tarbiyaviy tadbirlarga mahliyo bo‘lishdek pedagogik xatolikka olib keldi. Buning natijasida tarbiya maqsadsiz bo‘lib qoldi, tarbiyalanuvchilarga alohida shaxssifatida emas, istalgan ijtimoiy yo‘nalishga solinishi mumkin bo‘lgan qiyofasiz to‘da, olomon tarzida qarash qaror topdi, Bu holtarbiyaning samarasizligiga olib keldi. Chunki tarbiyaning asosiy ob’ekti bo‘lmish shaxs va uning o‘ziga xoslik jihatlari unutilgan edi. Sho‘ro pedagogik tizimidagi kamchiliklarning ildizi, asosan, manashu yondashuv tarziga borib taqaladi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, tarbiya va unga bog‘liq jarayonlarga yangi hamda sog‘lom pedagogik tafakkurga tayangan holda yondashuv qaror topa boshladi. Uni izohlashda g‘ayriilmiy sinfiy-partiyaviy yondashuvdan voz kechildi. Tarbiyaning milliyligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun xalq pedagogikasi boyliklari, o‘zbek mutafakkirlarining pedagogik qarashlari sinchkovlik bilan o‘rganilayotir. Natijada, O‘zbekiston pedagogika fani va amaliyotida oila tarbiyasining ham, ijtimoiy tarbiyaning ham o‘ziga xos o‘rni borligi tan olina boshlandi. Shuningdek, tarbiyada irsiy va biologik omillar ham hisobga olinadigan bo‘ldi. Ayni vaqtda, shaxsning shakllanishida tarbiyaning o‘rniga keragidan ortiq baho berish ham barham topdi. Bu hol tarbiyaga doir hodisa va holatlarni to‘g‘ri izohlash, tarbiyaviy tadbirlar tizimini to‘g‘ri tayin etish imkonini berdi.
Yoshlarini barkamol insonlar qilib tarbiyalash borasida qaysi yo‘lni tanlamoq, nimalarga diqqat-e’tiborni qaratmoq lozim? Nima qilganda ijobiy natijaga erishiladi? Bu savollar tarbiya fanining eng muhim muammolari hisoblanadi. O‘zbekistonning hozirgi davri, bundan keyingi taraqqiyoti va istiqboli hamda mustaqilligining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, madaniy-ma’naviy zaminlarini mustahkamlash uchun yosh avlodga dunyo standartlari talabi darajasida bilim berishimiz suv va havodek zarurdir. Demak, oldimizda turgan eng muhim va dolzarb muammolardan biri - O‘zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroni, har bir millat, elat kishilarini va ularning farzandlarini barkamol insonlar qilib tarbiyalash, mustaqil respublikamizning ongli fidoiysiga aylantirishdir. Chunki jamiyat manfaati yo‘lida o‘zidagi barcha bilim, qobiliyat va iste’dodini baxshida etishga tayyor turgan yetuk insonlar, uddaburon yoshlar, fidoiylar bo‘lmasa, O‘zbekistonni dunyodagi eng ilg‘or davlatlar safiga qo‘shish qiyin kechadi. Yoshlarimizni tarbiyalash uchun birinchi galda sharq mutafakkirlarining duru javohirga teng ma’naviy meroslari dasturilamal bo‘la oladi. Abu Nasr Forobiy, Axmad Yassaviy, Baxovuddin Naqshband, Ismoil Al-Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Firdavsiy, Amir Temur, Navoiy va Bobur singari jahonga taniqli va shular singari boshqa aql egalarining ijtimoiy-siyosiy, falsafiy ta’limotlariga tayanib ish ko‘rilsa tarbiya ta’sirchanligi yanada mukammallik kasb etadi. O‘zining o‘tmish madaniy merosini chuqur bilmagan va e’zozlamagan odam, o‘z shajarasini, avlod-ajdodlari bosib o‘tgan yo‘lni, milliy istiqlolimiz, erkimiz va ozodligimiz yo‘lida jasorat ko‘rsatgan Shiroq, To‘maris, Jaloliddin Manguberdi va boshqa buyuk zotlar, xalq qasoskorlarining nomlari, kurashlarining tub mohiyatini ilg‘ay olmaydi. Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinib turibdiki, yosh avlodlarni tarbiyalab yetishtirish – muqaddas burchimiz, or-nomusimiz. Lekin, ijobiy axloqiy xislatlarni tarbiyalab yetishtirish oddiy, jo‘n ish emas. U kunlab, oylab, yillab va hatto o‘n yillab oliy maqsad yo‘lida sabr-toqat, chidam va qat’iyatlilik, irodaviy sifatlarni safarbar etishimizni taqozo etadigan insoniy vazifamizdir. Hozirgi paytda mamlakatimizda yoshlar orasidan eng iqtidorli, salohiyatlilarini tanlab, saralab olib, ularning ilmiy, madaniy-ma’naviy jihatdan kamolotga erishishlari, zamonaviy fan-texnika asoslarini chuqur o‘zlashtirib olishlari uchun g‘amxo‘rlik qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining ertangi hayoti, porloq istiqboli nazarda tutilib, ko‘pgina yoshlar bir qanchi xorijiy mamlakatlarga tahsil olish uchun yuborilishi fikrimizning isbotidir. Respublikamizda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunni hayotga joriy etish, ta’lim-tarbiyani, sog‘liqni saqlash ishlarini, umumiy tibbiyot muammolarini zamonaviy talablar darajasida olib borish, maktablarni takomillashtirish, o‘rta maxsus bilim yurtlari va oliy o‘quv yurtlariga kirish imtixonlarini test usulida o‘tkazish borasidagi ishlar ham madaniy-ma’naviy taraqqiyotimizda o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Jamiyat taraqqiyoti va shaxc kamoloti uchun bo‘lgan ma’naviy va axloqiy poklanish, iymon, insof, diyonat, or-nomus, mehr-oqibat, keksalarga hurmat singari insoniy fazilatlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Hammasining zaminida yosh avlodga oilada, umumiy ta’lim maktablarida, xalq ta’limi tizimining boshqa tarmoqlarida beriladigan ta’lim-tarbiya yotadi.
Umuman olganda, o‘sib kelayotgan yosh avlodni zamonamiz ruhiga mos, barkamol inson bo‘lishlari uchun, tarbiyaning tarkibiy qismlari (aqliy, axloqiy, jismoniy, mehnat, estetik tarbiya va politexnik ta’lim) ga yangicha nigoh tashlash va o‘sha ta’limni amalga oshirish yo‘llarini ishlab chiqmoq lozim.
Aqliy tarbiya barkamol inson tarbiyasining yetakchi tarkibiy qismi bo‘lib o‘quvchi yoshlarni tabiat va jamiyat, kishi tafakkuri hakidagi bilimlar tizimini ilg‘ab olishi, ularda ilmiy dunyoqarash, yuqori onglilik xislatlarini parvarishlash, fan asoslaridan xabardor qilish, tafakkur va nutq qobiliyatlarini o‘stirishni maqsad qilib qo‘yadi. Aqliy tarbiyani shunday tashkil etish lozimki, toki o‘quvchilar aql-zakovatli, ob’ektiv dunyoni yaxlit idrok etadigan, o‘zligini tushunadigan, hayotda tutgan o‘rnini anglab yetadigan, o‘z oldida turgan vazifalarni ongli bajara oladigan, insoniy qadr -qimmatni ulug‘laydigan bo‘lishsin. Inson kamolotida ilm egallash ulkan fazilatlardan biri hisoblanadi. Hadis kitoblarida har bir mo‘min-musulmon uchun ilmning naqadar zarurligi bayon etilgan. «Beshikdan to qabrgacha ilm izla» degan purma’no hadisi-shariflar so‘zimiz dalilidir. Demak, islom ta’limotida ilm eng oliy maqsad – dunyoni bilish uchun zarurat deb uqtirilgan. Bilim dunyoni bilish doirasida cheklanmaydi, balki shaxs ma’naviyatini boyitishda ham bosh omil bo‘la oladi. Muhammad alayhissalom o‘z hadislarida - «Ilmga ilm olmoq yo‘li bilan erishilgaydir. Ilmu hunarni Xitoyga borib bo‘lsa ham o‘rganinglar... Ilm egallang. Ilm sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘iz damlarda yo‘ldosh, baxtli daqiqalarda rahbar, qayg‘uli onlarda madadkor, odamlar orasida - zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir» deganlar. Shuningdek, Hadisi sharifda: «Ilm olmakka intilish har bir muslim, muslima uchun qarzu farz» deyiladi.
Yusuf Xos Hojib o‘z asarlarida bilimni yuksak qadrlaydi. Bilim va bilimdonlikni his eta olmoq, uni tushunmoq darkorligi, bilimdon bo‘lish asosan tarbiya bilan chambarchas bog‘liqligi, bola qanchalik erta tarbiya qilinsa, shuncha yaxshiligi haqida yozadi: «Agar kimda bo‘lsa aql, ilm, zehn, uni madh etib sen, tugal er degin, ziyod bo‘lsa kimda o‘quv, uquv, aql, bilim, yomon va kichik bo‘lsa ham maqtagin». Alisher Navoiy «Farhod va Shirin» dostonida ilm orqali "Farhodning aql-idrokli, bilimdon, hunarmand, kamtar, insonparvar, irodali va e’tiqodli inson bo‘lganligini ko‘rsatadi. Demak, yuqorida ta’kidlanganidek, yoshlar aqlini o‘stirish uchun birinchi galdagi vazifa ilm olishga da’vat etishdir. Maktab o‘quv rejasida ko‘rsatilgan fanlarni egallash tabiatning va kishilik jamiyatining taraqqiyot qonunlarini bilib olishga imkon beradi. O‘quvchilarni fan asoslari bilan qurollantirmay turib ularda ilmiy dunyoqarash shakllantira olmaymiz. Ilmiy dunyoqarashsiz aqliy tarbiya haqida gapirish safsatabozlikdan boshqa narsa emas. O‘quvchilarga aqliy tarbiya berishda birinchi galda uning fikrlash, his qilish, tasavvur, xayol va xotira kobiliyatlarini o‘stirish, ichki dunyosini ma’naviy jihatdan boyitish haqida o‘ylamoq lozim. Shu bilan birgalikda oilada, maktabda bolalarga chala -chulpa, yarim-yorti bilimlar bermay, ma’lum tizim asosida fanga tegishli bilimlar berishni tashkil etish darkor. Bir so‘z bilan aytganda aqliy tarbiya yosh avlodning mehnat qilish qobiliyatlarini o‘stiradi va ularni ijtimoiy hayotga tayyorlaydi.

Download 147.62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling