5. Xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlari, shuningdek, mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilariga (agar bunday bitimda nol darajali stavka qo‘llanilishi nazarda tutilgan bo‘lsa) nol darajali stavkani qo‘llashda qoplanishi lozim bo‘lgan soliq summasi ushbu Nizomning 7 va 8-boblarida belgilangan tartibda o‘ziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi. 6. Soliq summasi o‘rnini qoplash masalasi qoida tariqasida soliq to‘lovchi hisobga olingan joydagi davlat soliq boshqarmasi tomonidan, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha esa Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va qaror qabul qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi topshirig‘iga asosan soliq to‘lovchining arizasi va taqdim etilgan hujjatlari soliq to‘lovchi hisobga olingan joydan o‘zga joydagi soliq organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi va qaror qabul qilinishi mumkin. 7. Soliq summasi soliq to‘lovchiga soliq organining soliq summasi o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi qarori asosida soliq summasini qoplash (qaytarish) to‘g‘risidagi ariza tushgan sanadan e’tiboran oltmish kundan, ushbu Nizomning 6-bobida ko‘rsatilgan tartibda esa yetti kundan kechiktirmay qaytarilishi lozim. 2-bob. Soliq summasini qoplash uchun asos bo‘luvchi hujjatlar va ularni taqdim etish tartibi 8. Soliq summasining qoplanishi soliq to‘lovchining ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi qo‘shilgan qiymat solig‘ining qoplanishi lozim bo‘lgan summasini qaytarish to‘g‘risidagi arizasi asosida amalga oshiriladi. 9. Ariza soliq to‘lovchi hisobga olingan joydagi soliq organlariga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali taqdim etiladi. 10. Xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlari tomonidan soliq organiga bevosita yoki buyurtma xati bilan pochta, aloqasi xizmati orqali ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi ariza taqdim etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |