Vegetativ organlarning tuzilishi va turlari
Download 97,5 Kb.
|
Vegetativ organlar
Vegetativ organlarning tuzilishi va turlariReja:
O`simliklar morfologiyasi fani gulli o`simliklarda 3 ta asosiy organ bor deb hisoblaydi. Bular: ildiz, poya, barg. Boshqa organlar esa, jumladan gul, tikan, gajak, kurtak, mevalar yuqoridagi organlardan shakli o`zgarishi natijasida kelib chiqqan. Yuksak o`simliklarning organlari bajaradigan vazifasiga qarab vegetativ va generativ organlarga bo`linadi. Vegetativ organlar o`simliklarni oziqlantirish, assimilisiya, gaz almapshnuvi va boshqa vazifalarni, generativ organlar esa jinsiy ko`payish vazifasini bajaradi. Vegetativ organlarning tuzilishidagi asosiy qonuniyatlardan biri qutblilikdir. Uning mohiyati shundan iboratki, o`simlikning uchki va quyi qismi morfologik va fiziologik jihatdan farq qiladi. Shu sababli u faqat uchiga qarab o`sadi. Qalamcha erga qo`yi qismi bilan ekiladi. Ikkinchi asosiy qonuniyat bu o`simlik organlarining simmetrik bo`lishidir. Ya`ni o`simliklarning bir xil qismlari gruppada mutanosib joylashadi. Ko`pchilik hollarda radial simmetriya uchraydi. Bunda silindrsimon poya va sharsimon meva aylanasining barcha graduslari bo`ylab tekislik o`tkazilgan deb faraz qilsak, bu tekisliklar ularni teng qismlarga bo`ladi. Bilateral simmetriyada esa o`simlik organi bo`ylab faqat ikkita o`zaro perpendikular tekislik o`tkazish mumkin. Masalan, yong`oq va bodomning mevasida. Monosimmetriyada esa bir o`simlik yoki uning organidan faqat bitta simmetrik tekislik o`tishi mumkin. Ba`zi o`simliklar tanasidan gullarni simmetrik qismlarga ajratadigan birorta ham tekislik o`tkazib bo`lmaydi, ular assimmetrik tuzilgan bo`ladi. Evolusiya jarayonida o`simliklarning turli organlari har xil vazifani bajarib, shunchalik metamorfozlashib ketadiki, hatto ularni ilgarigi holatini aniqlash juda qiyin bo`ladi. Masalan, gulning tojbarglari, no`xatning gajaklari o`zgargan bargdir. Tokning gajaklari esa o`zgargan novdadir. Shunday qilib, tashqi ko`rinishdan bir-biridan keskin farq qilib, kelib chiqishi bir xil bo`lgan organlar gomologik organlar deyiladi. Analogik organlar esa tashqi tomonidan bir-biriga o`xshash bo`lishi va bir xil funksiya bajarishi mumkin, lekin kelib chiqishi har xil bo`ladi. Analogik organlardan zirk va do`lananing tikani bir-biriga o`xshaydi va bir xil vazifani bajaradi, lekin kelib chiqishi har xil. Bir xil ekologik sharoitda yashaydigan turli xil sistematik guruhlarga mansub o`simliklarda o`xshash belgilar paydo bo`ladi. Masalan, quruq iqlim sharoitida o`sadigan amerika kaktuslari va afrika sutlamaguli morfologik jihatdan bir-biriga o`xshashdir yoki O`rta Osiyo sahrolarida o`suvchi torondoshlar oilasining vakili qandim, sho`radoshlar oilasining vakili sho`raning tashqi belgilari bir-biriga o`xshash bo`ladi. Shunday qilib, turli sistematik guruhlarga mansub o`simliklarni bir xil sharoitda yashashi oqibatida o`xshash morfologik belgilar hosil qilishi konvergensiya deyiladi. Evolusiya jarayonida dastlabki ahamiyatini yo`qotgan va batamom yo`qolib ketish oldida turgan organlar rudimentlar deyiladi. Masalan, sahroda o`sadigan saksovulning barglari kam suv bug`latishga moslashish natijasida reduksiyalashib, yupqa tangachalarga aylangan. O`simliklar olamida ko`pincha korrelyasiya hodisasini kuzatish mumkin. Uning mohiyati shundan iboratki, o`simliklar bir organinint rivojlanishi ikkinchisiga juda bog`liq bo`ladi. Masalan, daraxt va butalar shoxidagi yon kurtaklar faqat ikkinchi yilda normal rivojlanadi, agarda poyadagi barg yulib tashlansa, kurtaklar shu yilning o`zidayoq rivojlanib, yangi novda hosil qilishi mumkin. Paxtachilikda g`o`zani chilpish ana shunga asoslangan. ILDIZ, UNING TUZILISHI VA VAZIFASI. O`simlik hayoti uchun ildiz qo`yidagi muhim vazifalarni bajaradi:
Kelib chiqishiga ko`ra ildizlar asosiy va yon ildizlarga bo`linadi. Dastlab asosiy ildiz, keyin esa atrofga taralib yon ildizlar chiqadi. Ular asosiy ildizga perpendikulyar yoki ma`lum burchak ostida joylashishi mumkin. O`z navbatida yon ildizlar ham shoxlanib birinchi tartibli, ular ham shoxlanib ikkinchi tartibli ildizlar chiqadi va hokazo. Qo`shimcha ildizlar deb ataluvchi ildizlar esa asosiy va yon ildizlardan emas, balki, poyadan, hatto barglardan ham chiqadi. Bunday ildizlar o`simliklar yer ustki organlarining biror qismi nam tuproqqa ko`milib qolganda hosil bo`ladi. Masalan, makkajo`xori, tok, qandimda uni tez-tez kuzatish mumkin. Begoniyaning barglari ham qo`shimcha ildiz chiqaradi. Ildizlar tashqi ko`rinishiga qarab o`q ildiz va popuk ildizga bo`linadi. O`q ildizlarda asosiy ildiz yaxshi rivojlanib, erga chuqur kirib boradi. G`o`za, yantoq, beda kabi o`simliklarning ildizi bunga misol bo`la oladi. Popuk ildizlar ham asosiy ildiz o`sishdan to`xtagandan keyin hosil bo`lgan juda ko`p qo`shimcha ildizlardan iborat. Bu tipdagi ildizlar aksariyat holda bir pallali o`simliklar, xususan g`alladoshlarda uchraydi. Bulardan tashqari ildizning boshqa shakllari, masalan, ipsimon, duksimon, piyozboshsimon, konussimon kabilari ham uchraydi. Lavlagi, sabzi, turp kabi ildizmevalarning ildizi ana shunday ildiz. Ba`zi ko`p yillik o`simliklar yon ildizlarida qo`shimcha kurtak hosil qilish qobiliyatiga ega bo`lib, keyinchalik bu kurtaklardan ildiz bachkilari deb ataladigan yangi yer ustki poyalari o`sib chiqishi mumkin. Bular odatda gilos, terak, akasiya kabi daraxtlarda kuzatiladi. Ildizning poyadan ajralib turadigan belgilaridan biri unda barglar bo`lmaydi. Ildizlarning uchida ildiz qini bo`lishi ham ular uchun juda xarakterlidir. Yosh ildiz uchidan biroz yuqoriroqda epidermis hujayralari o`simtalari bo`lgan ildiz tukchalari bilan zich qoplangan. Ildiz tukchalarining vazifasi tuproqdan suv va oziq moddalarni so`rishdir. Shunday tukchalarning borligi ildizning so`ruvchi yuzasini 5-10, hatto 30-40 barobar oshiradi. Ildiz tukchalari suv va botqoq o`simliklarda , tekinxo`r o`simliklarda deyarli bo`lmaydi. Ildiz sistemasini uzunligi turli o`simliklarda turlichadir. Masalan, karamda 1,5 m, bedada 2 m, yong`oqda 20 m, yantoqda undan ham ortiq bo`ladi. Ildiz sistemasining umumiy uzunligi ham turlichadir. G`alla o`simliklarida 500-600 m bo`lgani holda bug`doy ildiz tuklarining jami uzunligi 20 km ga etadi. Qovoq ildizlarining jami uzunligi taxminan 25 km bo`lib, ular har kuni o`rta hisobda 300 m ga o`sadi. 1866 yilda rus olimi M. S. Voronin dukkakli o`simliklar ildizlarida tuganaklar shaklidagi shishlar borligini aniqladi. Keyinchalik ularning po`stloq parenximasi to`qimalariga alohida bakteriyalar kirib yashashi aniqlandi. Bu bakterilar tuproq va o`simliklar tuganagiga kirgan azotni o`zlashtiradilar, bakteriyalar nobud bo`lgach, o`zlashtirilgan azot to`proqda qoladi va hosildorlikni oshirish uchun xizmat qiladi. Shuningdek tuproqda yashovchi zamburug`lar ham gifalari bilan ildiz yuzasini, hatto hujayra oraliqlari va bo`shliqlarini egallab oladi. YUksak o`simliklar va zamburug`larning bu xilda birga yashashi mikoriza (gr.– “mikos” – zamburug`, “ridza” ildiz) deyiladi. Mikorizaning aqamiyati shundan iboratki, zamburug`lar qiyin eriydigan ba`zi zapas oziq moddalarni parchalash va eritishga yordam beradi. Shuningdek ildizning shimish qobiliyatini oshiradi, ularni vitaminlar bilan, ba`zan azot bilan ta`minlashga yordam beradi. Zamburug`lar o`z navbatida ildizlardagi uglevodlar bilan oziqlanadi. Mikorizaning mohiyati birinchi bo`lib rus olimi Kamenskiy tomonidan ochilgan bo`lib, bunday simbioz zamburug` uchun ham, yuksak o`simlik uchun ham foydali ekanligini ko`rsatib bergan. ILDIZ METAMORFOZI VA UNING ANATOMIK TUZILISHI. Bir qancha o`simliklarning ildizlari o`z faoliyatlari davrida metamorfozga uchrab, oziq moddalar to`playdigan joy bo`lib xizmat qiladi. Shu munosabat bilan ular yo`g`on va etli bo`ladi. Ularning bir necha xili mavjud. 1. Ildizmevalar. Asosiy ildiz o`z shaklini o`zgartirib, yo`g`onlashadi va o`zida zapas oziq moddalarni to`playdi, Bunga sabzi, sholg`om, turp, rediska, petrushkalar kiradi. 2. Ildiz tuganak asosiy ildizlardan tashqari yon va qo`shimcha ildizlar ham metamorfozga uchrashi mumkin va oziq moddalari saqlanadigan yo`g`on joy ildiz tuganaklari yoki ildiz g`uddalari deyiladi. Ular qishni o`tkazish uchun emas, balki , vegetativ ko`payish uchun xizmat qiladi. Bularga kartoshkagul, eryong`oq;, batat kabi o`simliklarning ildiz tuganaklar misol bo`ladi. 3. Tayanch ildizlarni poyadan chiqqan qo`shimcha ildizlar hosil qilib, ular poyani tik tutib turish uchun xizmat qiladi. Bunday ildizlarni makkajo`xori, oqjo`xorida kuzatish mumkin. 4. So`rgich ildizlar. Tekinxo`r o`simliklarda xlorofill donachalari bo`lmaganligi sababli ular boshqa o`simliklarning oziq moddalari hisobiga yashaydilar. Bunday o`simliklarda asosiy ildizlar o`rnida so`rg`ich ildizlar bo`ladi. Bu xildagi ildizlar zarpechak va shumg`iyada uchraydi. 5. Havo ildizlari. Bu xildagi ildizlar tropik o`simliklarda uchrab, uning poyasidan ildizlar chiqib havoda ochilib turadi va undagi suv bug`larini o`zlashtiradi. Masalan, monstera o`simligi ildizi. 6. Nafas oluvchi ildizlar. Botqoqliklarda o`sadigan ayrim o`simliklar, masalan, botqoq sarvida ildizga qo`shimcha kislorod kerak bo`lganda ular nafas oluvchi ildizlarni hosil qiladi. Ildizlar bajaradigan vazifasiga qarab har xil to`qimalardan tashkil topgan bo`lib, ular ildiz uchidan boshlab ma`lum tartibda joylashgan bo`ladi. Ildizning uchi, odatda ildiz qini bilan qoplangan bo`ladi va parenximatik hujayralardan iborat bo`ladi. Hujayralarning po`sti yupqa, tashqi tomoni shilimshiqdir. Bu esa tuproq zarrachalari orasida o`sayotgan ildizning harakatlanishini osonlashtiradi. Ildiz qinining ustida uning o`sish nuqtasi yoki konusi joylashgan. O`sish konusining hujayralari bir xil meristema hujayralaridan iborat. SHu hujayralarning uzluksiz ketma-ket ajralishi natijasida aktiv bo`linadigan birlamchi meristema hosil bo`lib, ildizni o`stiruvchi va uning orqasida ko`plab bo`linadigan mayda meristema hujayralarini qoldiradi. Ularning to`plami bo`linish zonasi deb ataladi. Keyinroq meristema hujayralaridan cho`ziq va ingachka hujayralar gruppasi ajralib chiqadi va ular o`sish konusidan bir muncha yuqori (1-1,5 mm) joylashadi. Ular o`sish yoki cho`zilish zonasini tashkil etib, hujayralar bo`linishdan to`xtaydi. Ildizning birlamchi gistologik elementlari paydo bo`lishi bilan uning uchinchi zonasi boshlanib, so`rish zonasi deyiladi. Ildizning bu zonasidagi epiblema hujayralarining bir qismi tashqi tomonga bo`rtib o`sadi va tukchalar hosil qiladi. Ular suv va mineral moddalarni so`rish uchun xizmat qiladi. Ildiz tukchalarining umri juda qisqa bo`lib, birin-ketin yangi tukchalar hosil bo`laveradi. Har bir tukcha 10-20 kungacha yashaydi. Ba`zilari esa yog`ochlanib 2 yilgacha so`rish qobiliyatini yo`qotmaydi. Ildizning shu zonadan yuqori qismi o`tkazish zonasi deyilib, undan yon ildizlar chiqadi. Ularda ikkilamchi tuzilgan elementlar paydo bo`lib, o`tkazish vazifasini bajaradi. POYA, UNING MORFOLOGIK TUZILISHI VA TIPLARI. Poya o`simlikning yer ustidagi bargsiz, kurtaksiz qismi bo`lib, bargni ildiz bilan morfologik va funksional bog`laydi. Uning asosiy vazifasi o`simlik shox-shabbasini ko`tarib tutib turish va suv hamda unda erigan mineral moddalarni ildizdan barglarga, bargda hosil bo`lgan organik modalarni ildizga o`tkazishdan iborat. U ba`zan suv va zapas oziq moddalarni to`plovchi ombor vazifasini ham bajaradi. Shuningdek poya nafas oluvchi organ ham hisoblanadi. Ayrim o`simliklarda esa assimilisiya va vegetativ ko`payish vazifasini ham bajaradi. Har xil o`simliklar poyasining shakli va uzun-qisqaliga juda xilma-xil bo`ladi. G`alladoshlarning yumaloq va ichi bo`sh poyasi poxol poya deyiladi. Labguldoshlarning poyasi to`rt qirrali, qiyoqlarniki uch qirrali va hokazo. Ko`pchilik o`simliklarda poya tik o`sadi. Bular aksariyat daraxtlar va ayrim o`t o`simliklari – g`o`za, beda singarilarda uchraydi. Ba`zi poyalar yer bag`irlab o`ralib, chirmashib o`sadi. Masalan, qovun, tarvuzlarda. Daraxt o`simliklarda chirmashib o`suvchi poyalilari lianalar deyilib, ular tropik o`rmonlarda ko`proq o`sadi. Ularning uzunligi 300 m gacha etadi. Barcha lianalarning poyasida etarli miqdorda mexanik elementlar bo`lmaganligidan, ularga tayanch kerak. Shu sababli o`zlariga turli yo`llar bilan tayanch topadi. Lianalar poyasi bilan chirmashib olishidan tashqari, ularda boshqa moslamalar, masalan, tayanchga o`raladigan jingalaklar (tokda), turli xil ilmoqlar (chirmashuvchi atirgulda) va soxta qo`shimcha ildizlar ham bor. O`simliklar poyasining sirti ham xilma-xil. Masalan, makkajo`xorida ular tuksiz, yalpizda mayin tukli, atirgulda dag`al tukli va tikanli bo`ladi. Poyalarning uzun-qisqaligi ham turlicha. Ayrim o`simliklarda ular bir necha mm bo`lgani holda, qarag`ayda 50 m, oqqarag`ayda 70 m, sekvoyya dendronda 135 m, evkaliptda 150 m gacha etadi. Shuningdek, poyaning yo`g`onligi ham turli-tuman. Zarpechak poyasi bir necha mm, chinorniki 5-6 m, Afrikada usuvchi boabab daraxtiniki 10-12 m, sekvoyya dendronniki 13 m gacha bo`ladi. Poyasining tipi va hayotining uzun-qisqaligiga qarab, barcha gulli o`simliklar: daraxt, buta, chala buta va o`t o`simliklarga bo`linadi. Daraxtlarning asosiy tanasi yaxshi rivojlangan va yog`ochi ikkilamchi tartibda yog`ochlanib yo`g`onlashgan ko`p yillik o`simliklardir. SHuningdek, shox-shabbasi yaxshi rivojlangan bo`ladi. Daraxtlarning umri ko`pchiligida 200-300 yil bo`lgani holda, ayrimlarida o`nlab asrlarga etadi. Xususan, eman 1500, sarvi va savr daraxtlari 3000, boabab 5000, sekvoyya dendron ayrim manbalarda 8000 yil yashashligi ko`rsatilgan. Butalar ham ko`p yillik o`simlik bo`lib, ularning ham tanasi ikkilamchi tartibda yo`g`onlashgan, lekin daraxtlardan farqli ravishda tanasi bir nechta bo`ladi. Ular yer yuzasidan boshlaboq shoxlaydi va bo`yi 4-5 m dan oshmaydi. Bodom, siren, na`matak , zirk, uchqat butalarga misol bo`ladi. Bo`yi 1 m dan oshmaydigan butalar ham bo`lib, ular butacha deb yuritiladi. Boyalish, teresken kabi O`rta Osiyo cho`llarida o`sadigan o`simliklar butachalarga misol bo`ladi. Chala butalar ham ko`p yillik o`simlik bo`lib, butalardan farqi shuki, ular poyasining faqat pastki qismi yog`ochlangan bo`lib, yog`ochlanmagan yuqorigi qismi qishda nobud bo`ladi. Shuvoqning cho`lda o`sadigan turlari , astragal, izen chala butalarning tipik vakilidir. O`t o`simliklarning yer usti organi vegetasiya davrining oxirida batamom nobud bo`ladi. Bu guruh o`z navbatida bir yillik, ikki yillik va ko`p yillik o`simliklarga bo`linadi. Bir yillik o`simliklar o`z hayot siklini bir vegetasiya davomida, ya`ni bahorda boshlab, kuzda tugatadi. Bularga g`alla ekinlari va qator madaniy o`simliklar misol bo`ladi. Ikki yillik o`simliklarning hayot sikli birinchi yili tugallanmay, ikkinchi yili ham davom etadi. Birinchi yili ular, odatda faqat to`pbarg yoki qisqargan poya hosil qiladi. Ikkinchi yili poya chiqarib gullaydi, meva tugadi va keyin nobud bo`ladi. Sabzi, lavlagi, karam, sachratqi va ko`pgina yovvoyi o`tlar ikki yillik o`simliklardir. Ko`p yilik o`t o`simliklarning hayot sikli bir necha yil davom etadi. Ularning yer ustki qismi qishda nobud bo`lib, qishlovchi piyozbosh, tuganak va ildizpoyalaridan bahorda qayta o`sib chiqadi. Ularning ayrimlari o`n yillab yashaydi (tovsag`iz). Ko`p yillik o`tlarga beda, sebarga, ayrim g`alladoshlar (suvbug`doyiq, oqso`xta) misol bo`ladi. NOVDA, UNING MORFOLOGIK TUZILISHI VA METAMORFOZI. O`simliklar morfologiyasida bargli poya novda deb yuritiladi. Barglarning poyaga birikkan joyida, odatda kichik bo`rtmalar hosil bo`ladi, ular poya bo`g`imlari deb ataladi. Bir bo`g`im bilan ikkinchi bo`g`im orasidagi masofa bo`g`im oralig`i deb ataladi. Novda o`qi bilan barg qo`ltig`i orasida hosil bo`lgan burchak barg qo`ltig`i deyiladi. Barg to`kilib ketgandan keyin novdada qolgan joy barg o`rni deyiladi. Har bir novda uchki kurtakdan rivojlanadi. Ularning boshlang`ich barglari birlamchi meristemadan iborat bo`lib, poyaning o`sish konusi deb ataladigan uchki qismini himoya qiladi. Poyaning o`sish konusi asosida boshlang`ich bargning mayda do`mboqchalari bo`ladi. Keyinchalik bu do`mboqchalardan primordial barg chiqadi. Birlamchi do`mboqchalar qo`ltig`ida ikkilamchi novdaning yon shoxlari o`sib chiqishiga asos bo`ladigan qo`ltiq kurtaklari vujudga keladi. Mo``tadil iqlim sharoitida uchki va yon kurtaklar qishda tinim holatiga o`tadi va ular qishlovchi kurtaklar deb yuritilib, bahorda qayta uyg`onadi. Ba`zan qo`ltiq kurtaklar uzoq vaqt tinim holatida bo`lishi va faqat poyaning uchi kesilganda yoki uchki kurtaklar olib tashlanganda o`sa boshlaydi. Bu kurtaklar yashirin kurtaklar deyiladi. Poyaning tashqi to`qimalari, ba`zan ichki to`qimalari, xususan, kambiydan qo`shimcha kurtaklar hosil bo`ladi. Ular ko`pincha poya va shoxlar kesilganda yoki to`nkaning chetlarida hosil bo`ladi. Yong`oq, qayin, zaranglarda bo`qoqlar ham ana shu kurtaklardan hosil bo`ladi. Bu bo`qoqlardan esa turli xil suvenirlar va idishlar tayyorlash mumkin. Uchki kurtaklardan o`sib chiqadigan novdalar, odatda, yuqoriga qarab o`sadi. Ular ba`zan yonga qarab o`sib sudraluvchi novda hosil bo`ladi. Ba`zi o`simliklar, xususan, majnuntol, qayinda novdalar pastga qarab o`sib yig`loqi formalar hosil qiladi. Novdalar bajaradigan vazifalariga qarab ham bir-biridan farq qiladi. Ularning ba`zilari o`simliklarning individual hayoti uchun xizmat qiladi va ularda faqat barglar hosil bo`ladi. Bunday novdalar vegetativ novdalar deyiladi. Boshqa novdalarda esa gul, meva, urug` hosil bo`lib ular generativ novda deb yuritiladi. Novdalar o`sish jarayonida yoki novda va yon kurtaklar hosil bo`lishi hisobiga shoxlaydi. Ma`lum sistematik guruhlarga mansub o`simliklar o`ziga xos ravishda shoxlanadi. Shoxlanishning 4 xili mavjud. Bular: dixotomik, monopodial, simpodial va soxta dixotomik. Dixotomik shoxlanishda poyaning uchidan ikki ayri novda chiqadi, bu novdalarning o`zi xam, o`z navbatida yana ikkita novda chiqaradi va hokazo. Bunday shoxlanishlarni suvo`tlar, moxlar va paporotniksimonlarda kuzatish mumkin. POYANING ANATOMIK TUZILISHI. Bir pallali o`simliklarning poyasi anchagina bir xil tuzilgan. Masalan, makkajo`xorining poyasi tashqaridan epidermis bilan qoplangan, uning ostida esa o`lik prozenxima joylashgan. Asosiy parenximaning markaziy qismidan tashqari joyida yopiq tolali naychalar bog`lami tartibsiz ravishda yoyilgan bo`lib, ular o`tkazuvchi mexanik to`qimalar bilan asosiy to`qimalar o`zaro bog`langan sistemasidan iborat. Bog`lamning markaziy qismi 2 ta to`rli yirik naychadan va 1-3 ta mayda spiral hamda halqali naychalardan va yog`ochlik parenximasining tirik hujayralaridan iborat. Bog`lamning tashqi qismi lub elementlari, to`rli naychalar va ularning yo`ldosh hujayralaridan tashkil topgan. Poyaning markazida joylashib, parenximaning yupqa po`stli o`lik hujayralaridan tashkil topgan qismi o`zak deyiladi. Ikki pallali o`simliklarning poyasi birlamchi yo`g`onlashib bo`lganidan keyin, kambiy hisobiga ikkilamchi yo`g`onlashadi va shu bilan bir pallalilar poyasidan farq qiladi. Ko`p yillik ikki pallali o`t o`simliklar poyasining to`qimalari dastlab bir pallalilarniki singari birin-ketin hosil bo`ladi. O`sish konusining birlamchi meristemasida po`st bo`lib, keyinchalik mexanik to`qima – kollenxima va po`stloq to`qimasi ajraladi. Po`stloq parenximasi tarkibida xloroplast bo`lgan yupqa devorli tirik hujayralardan iborat. Uning tagida lub tolalarining tutash halqasi, undan keyin poyaning markazida asosiy parenxima va prokambiy joylashadi. Prokambiyning markaziy tomonidagi hujayralaridan poyaning yog`ochliligi, tashqi hujayralaridan birlamchi lub hosil bo`ladi. Birlamchi yog`ochlik hujayralari markazdan chetga qarab, birlamchi lub esa, aksincha chetdan markazga qarab hosil bo`ladi. Ikkilamchi hosil qiluvchi to`qima kambiy ham prokambiydan hosil bo`ladi. Kambiy hujayralari to`siqlar yordamida poya yuzasiga parallel ravishda bo`linadi, bunda hosil bo`lgan ikkita hujayraning biri kambiy hujayraligicha qoladi, ikkinchisi esa, agar yog`ochlikka qaragan bo`lsa yog`ochlikni, agar lubga qaragan bo`lsa lubni hosil qiladi. Kambiy lub tomondan ko`ra ko`proq yog`ochlikka tomon bo`linadi. BARG, UNING VAZIFASI, MORFOLOGIK TUZILISHI VA TIPLARI. Barg o`simliklarda fotosintez, gaz almashinuvi va suv bug`latish kabi muhim vazifalarni bajaradi. Bulardan tashqari, ayrim o`simliklarda u oziq moddalar to`playdigan joy bo`lishi va vegetativ ko`payish vazifasini bajarishi mumkin. To`liq barg 3 qismdan: barg plastinkasi, barg bandi, yonbargchalardan iborat. Barg bandi uni mexanik ta`sirlardan saqlaydi va kerakli tomonga burilishi uchun xizmat qiladi. Yonbargchalar esa hamma o`simliklarda ham uchrayvermaydi. U mavjud bo`lgani holda ular assimilisiya vazifasini bajaradi va barg bandidagi kurtakni himoya qiladi. Ko`pchilik o`simliklar bandli bo`ladi. Lekin ayrim o`simliklarda barg plastinkasi bevosita poyaga birikib, ular bandsiz barg deyiladi. Barg bandida bitta barg plastinkasi bo`lsa oddiy, bir nechta barg plastinkasi bo`lsa murakkab barg deyiladi. Oddiy barglarga olma, terak, o`rik; murakkab barglarga akasiya, kashtan, sebargalarning barglari misol bo`ladi. Barg plastinkasining shakli turli-tuman bo`ladi. Ular yumaloq, cho`zinchoq, lanset shaklida, tuxum va teskari tuxum shaklida, oval, qilichsimon va boshqa shakllarda bo`ladi. Agarda barg plastinkasining chetlari tekis bo`lsa, ular tekis chetli barg deyiladi. Agar cheti kamroq o`yiqli bo`lsa tishli barg deyiladi. Barglarning o`yig`i o`tkir va do`ng joyi dumaloq bo`lsa kungurali barg deyiladi. Agar barg plastinkasining cheti barg enining to`rtdan bir qismigacha o`yilgan bo`lsa bo`linma barg deb ataladi. Bunday barglarni eman, zarang, g`o`za, chinor kabi o`simliklarda ko`rish mumkin. O`yiqlar barg plastinkasining yarmigacha borsa bo`lingan barglar deyiladi. Agar o`yiqlar bargning markaziy tomirigacha etgan bo`lsa ular qirrali barglar deyiladi. Sabzi va tarvuzning bargini bunga misol qilib ko`rsatish mumkin. Murakkab barglarning bir necha turi mavjud. Uch bargchali murakkab barglarga yo`ng`ichqa va sebarga misol bo`la oladi. Panjasimon murakkab barglar (lupin, nasha, kashtan) asosiy barg bandining uchiga panjasimon shaklda o`rnashgan. Patsimon murakkab barglar toq va juft bo`ladi. Toq patsimon barg bandiga bargchalar ketma-ket yoki qarama-qarshi joylashib, uchi ham bargcha bilan tugaydi. Akasiya, no`xat o`simliklari shunday barglarga ega bo`lib, ularda bargchalarning soni ham toq bo`ladi. Agar barg bandining uchi tikan yoki jingalak bilan tugasa, bargchalarning soni juft bo`ladi va juft patsimon barg deb ataladi. Yasmiq, no`xatak kabi o`simliklarda shunday barglar mavjud. Barglar novdada hamisha ma`lum qonuniyat asosida joylashadi.
BARG METAMORFOZI VA UNING ANATOMIK TUZILISHI. Qurg`oqchilik erlarida o`simliklar suvni kam bug`latish uchun ko`pgina barglarini tikanga aylantiradi. Kaktus, zirk, sparja o`simliklarida barglar mutlaqo tikanga aylangan. Ayrim o`simliklarda barg plastinkasining chetlari mayda tikanlarga aylanadi. Masalan, qushqo`nmas, govtikanda. Akasiya, kovul o`simliklarida esa yon bargchalar tikanga aylangan. Ba`zi bir o`simliklarda bargning butun yoki biror qismi ipsimon jingalakka aylanadi. No`xatak, burchoq, yasmiq o`simliklarining murakkab barglarining oxirgi bargchasi shaklini o`zgartirib, jingalakka aylangan. Suvda yoki botqoqda o`sadigan o`simliklarning barglari hasharotlarni tutib, hazm qilishga moslashgan. Botqoq rosinkasi, vegerina, muxolovka barglari hasharot qo`nishi bilan tukchalari ta`sirlanadi va ular yopilib, hasharotlarni ushlab qoladi. Braziliyada o`sadigan nepensis o`simligida esa barg bandining bir qismi ko`zachaga, barg plastinkasi esa qopqoqchaga aylangan bo`lib xasharotlar shu ko`zachaga tushishi bilan qopqoqcha yopiladi, ushlangan hasharotlar hazm bo`ladi. Piyozboshda barglar o`z xlorofill donachalarini yo`qotib rangsiz qobiqqa aylanadi va o`zida zapas oziq moddalarini to`playdi. Karam, aloe barglari esa etli bo`lib, ular ham o`zida zapas oziq moddalar yig`adi. Xlorofil donachalariga ega bo`lgan bu bargchalar organik moddalar ham hosil qiladi. Bargning ichki tuzilishi va plastinkasining morfologiyasi ana shu o`simlikning qaysi sistematik guruhga kirganligiga bog`liq. Barg yuzasi rangsiz, yupqa po`st bilin qoplangan. Po`stning tagida barg eti joylashgan. U yupqa selluloza po`stli, xlorofill donachali tirik hujayralardan iborat. Barg etini ko`pchilik hollarda mezofill deyilib, uning hujayralari o`lchami va shakliga ko`ra turli xil bo`ladi. Ko`pchilik o`simliklarda ular o`zaro zich joylashgan hujayralarning bir necha qavatidan iborat. Ular barg yuzasiga perpendikulyar joylashib, polisad yoki ustunsimon parenxima deb ataladi. Ularning hujayralarida juda ko`plab xloroplastlar bo`ladi. Ustunsimon parenxima ostida tarkibida xloroplastlari kam bo`lgan noto`g`ri shaklli hujayralardan iborat g`ovak to`qima joylashadi. Uning hujayralararo bo`shlig`i keng bo`ladi, ayniqsa ular suv o`simliklarida ko`p uchraydi va bu o`simliklar bargini suv yuzida suzib yurishiga yordam beradi. Barg etini tashkil etuvchi bu ikkala to`qima assimilyasiya vazifasini bajaradi va shu sababli assimilision to`qima deb ataladi. ADABIYOTLAR:
Download 97,5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling