Mahsulot tayyorlash. Uning hosilini KKS-6, KKS-9 kombaynlari yordamida yig‘iladi yoki shingillari kesib olinadi, quritiladi, yoriladi va don tozalash mashinalarida tozalanadi. Saqlanadigan urug‘larning namligi 8 %dan oshmasligi lozim. Bizning sharoitimizda har gektar sug‘oriladigan yerlardan 2-2,5 t.dan hosil olish mumkin.
6.3. Dorivor tirnoqgul
Dorivor tirnoqgul (kalendula lekarstennaya) – calendula officinalis L.ni yetishtirish texnologiyasi, xom-ashyosi, farmakalogik ta‘siri
Dorivor tirnoqgul — Salendula Officinalis L. astradoshlar – Asteraceae (murakkabguldoshlar – Compositae) oilasiga kiradi.
Bir yillik, bo‘yi 30-50 (ba’zan 60) sm.ga yetadigan o‘t o‘simlik. Ildizi shoxlangan o‘q ildiz. Poyasi qattiq, tik o‘suvchi, asos qismidan boshlab shoxlangan, qirrali bo‘lib, yuqori qismi bezli tuklar bilan qoplangan. Bargi oddiy, bandli, cho‘ziq-teskari tuxumsimon, sertuk, poyada ketma-ket joylashgan. Poyaning yuqori qismidagi barglari bandsiz, tuxumsimon yoki lansetsimon, gullari savatchaga to‘plangan. Mevasi – pista.
Iyun oyidan boshlab, kech kuzgacha gullaydi, mevasi iyuldan boshlab yetiladi.
Geografik tarqalishi. Bizda yovvoyi holda o‘smaydi. Manzarali o‘simlik sifatida Moldova, Ukraina, Rossiyaning Yevropa qismining janubiy tumanlarida hamda Kavkazda, dorivor o‘simlik sifatida esa Krasnodar o‘lkasida, Poltava va Moskva viloyatlarida o‘stiriladi.
Mahsulotning tashqi ko‘rinishi. Tayyor mahsulot diametri 5 sm (3-8 sm) bo‘lgan gulbandsiz yoki 3 sm.dan oshiq bo‘lmagan bandli sariq yoki to‘q sariq rangli butun savatchalardan tashkil topgan. Savatchaning o‘rama barglari kulrang-yashil tusli, bir-ikki qavat joylashgan bo‘lib, tor lansetsimon shaklli va o‘tkir uchli. Gul o‘rni yassi, bir oz botiq va tuksiz. Savatcha chetidagi tilsimon gullari 25-250 ta, 2-3 qator (maxsus navlarida 15 qatorgacha) bo‘lib, yuqori qismida 2-3 tishchasi bor. Savatchaning o‘rtadagi gullari naychasimon, besh tishli. Mahsulot kuchsiz, yoqimli hidga hamda bir oz sho‘r va achchiq mazaga ega.
Mahsulot namligi 14 %, umumiy kuli 11 %, 10 li xlorid kislotada erimaydigan kuli 2 %, gul bandining qoldiqlari, jumladan, tahlil vaqtida savatchalardan ajratilgan gulbandlari 6 %dan, gullari to‘kilib ketgan savatchalar 20 %, qo‘ng‘ir rangga aylangan savatchalar 3 %, poya va barg aralashmalari 3 %, organik aralashmalar 0,5 % va mineral aralashmalar 0,5 %dan oshmasligi hamda 70 % spirt yordamida ajratib olingan ekstrakt moddalari 35 %dan kam bo‘lmasligi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |