Abu Iso Muhammad at-Termiziy (824-892) ham hadisshunoslik ilmini yuksak bosqichga ko’targan yorqin siymolardandir. O’rta asrlar davrining yirik madaniy markazlaridan sanalgan Termiz shahri atrofida (Bug’ qishlog’i - hozirgi Sherobod ntumani) tavallud topgan bo’lg’usi alloma o’z ona yurtida dastlabki ma’lumot olganidan so’ng O’rta Osiyoning Urganch, Buxoro, Samarqand kabi yirik shaharlarida bilimini takomillashtiradi. Bundan ham etarli qanoat hosil qilmagan, hamisha ilmga chanqoq at- Termiziy Sharq mamlakatlariga sayohatga chiqadi. Shu tariqa, u uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makka, Madina singari shaharlarda yashab, ilm-fanning turli sohalaridan-ilm al-qiroat, ilm al-bayon, fikh, tarix va ayniqsa hadis ilmidan o’sha zamonning yirik ustozi buzruklaridan ta’lim oladi. Ayni paytda at-Termiziyning o’zi ham yuzlab shogirdlarga mehribon ustoz bo’lib, ularning hadis ilmining bilimdonlari sifatida shuhrat topishlariga katta homiylik ko’rsatgan. At-Termiziydan bizgacha katta ilmiy meros etib kelgan. Uning asosiy asarlari sirasiga «Al-Jomi’» («Jamlovchi»), «Al-ilal fi-l-hadiys» («Hadislardagi og’ishmalar»), «Risola fi-l-xilof va-l-jadal» («Hadislardagi ixtilof va baxslar haqida risola»), «At-tarix» («Tarix») kabilarni nisbat berish mumkin. Biz tilga olayotgan tarixiy davrning yana bir muhim jihati shundaki, bunda islom dini va uning asosiy tamoyillarini har tomonlama chuqur tadqiq etish hamda rivojlantirishga o’z hissasini qo’shgan, tasavvuf va tariqat ilmida benazir bo’lgan vatandosh allomalarimiz faoliyatiga ham bir nazar tashlab o’tmog’imiz joiz bo’ladi. Avvalo, tasavvuf – bu odamlarni halollikka, poklikka undovchi barcha musulmonlarning o’z halol mehnati bilan kun ko’rishini, boshqalar kuchidan foydalanmaslikni, ijtimoiy adolat qoidalariga rioya etishni targ’ib etuvchi ta’limotdir. Ulug’ ajdodlarimiz – Xoja Ahmad Yassaviy, Abduholiq G’ijdivoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiylar ana shu ruhdagi g’oyalarni ilgari surgan edilar. Zero, «Yassaviya», «Kubraviya», «Naqshbandiya» tariqatlarida insonlar Alloh yo’lida, haq yo’lida tinimsiz toat-ibodat, tavba-tazarru qilish barobarida ularning peshona terisini to’kib, halolu pok mehnat qilish, doimiy sa’y-harakatlarda bo’lishlari kerakligi urg’ulanadi. Jumladan, «Yassaviya» ta’limotida poklik, halollik, to’g’rilik, mehr-shafqat, o’z qo’l kuchi, halol mehnati bilan hayot kechirish, Alloh visoliga etishish yo’lida insonni botinan va zohiran har tomonlama takomillashtirish kabi ilg’or umuminsoniy qadriyatlarning ifodalanganini ko’ramiz. Bu hol boshqa islomiy ta’limotlar uchun ham birdek xosdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |