FORUM ARAFASIDA
Pekinda “Bir makon,bir yo'l” loyihasi doirasidagi xalqaro hamkorlikka bag'ishlangan uchinchi oliy darajadagi forumga puxta tayyorgarlik ko'rildi.
□ Xorijdan xabar
Forum tadbirlari Xitoy poytaxtida 17-18-oktyabr kunlari bo’lib o’tadi. Xabar qilinishicha, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin taklifiga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro forum tadbirlarida ishtirok etish uchun Pekin shahriga tashrif buyuradi. Davlatimiz rahbari forum yalpi majlisida nutq so‘zlaydi va bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
140 dan ortiq mamlakatlar delegatsiyalari ishtirok etishi kutilayotgan tadbir arafasida butun shahar bo‘ylab “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi ramzi tushirilgan plakatlar osilgan.
Forumni keng miqyosda yoritishga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, unda qatnashish uchun 4 mingdan ziyod jurnalistlar ro‘yxatdan o‘tgan.
O‘tgan jumadan boshlab Pekindagi Olimpiya shaharchasida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot markazi o‘z faoliyatini boshladi. Bu yerda majlisni jonli efirda kuzatib borish imkonini beruvchi ish zonasi, tele va radiostudiyalar, brifinglar o‘tkazish uchun zal va dam olish hududlari mavjud.
Xorijiy jurnalistlarni Xitoy madaniyati va an’analari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ular uchun ko‘rgazma pavilyoni ham tashkil etilgan.
Shuningdek, oliy darajadagi forumning rasmiy sayti ham ishga tushirilgan bo‘lib, axborot portalida tadbir bilan bog‘liq yangiliklar xitoy va ingliz tillarida berib borilmoqda.
Ruslan KENJAYEV.
Pekin
Do'stlaringiz bilan baham: |