Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartini joriy etish tartibi
O‘zbekiston Respublikasida davlat ta’lim standartini joriy etish, muvofiqlashtirish, unga metodik rahbarlik qilish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat ta’lim standartini joriy etish, shu jumladan, umumta’lim fanlari bo‘yicha ta’lim mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan minimal talablarni, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilariga qo‘yiladigan malaka talablarini tasdiqlash pedagogik tajriba-sinov ishlari muvaffaqiyatli yakunlanib, ularga ekspert baho berilgach amalga oshiriladi. Davlat ta’lim standartiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori asosida umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomi tasdiqlandi.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari barcha umumta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etiladi va quyidagi tamoyillarni belgilab beradi.
- Umumiy o‘rta ta’limning maqsadi va vazifalarini
- Umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish tizimini
- Umumta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish tizimini
- O‘quvchilar sog‘lig‘ini muhofaza qilishni
- Pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni
- Umumiy o‘rta ta’limni boshqarishni
- Moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minotini
Umumiy o‘rta ta’limning vazifalari quyidagilardan iborat:
o‘quvchilar tomonidan muntazam bilimlar olinishini ta’minlash, ularda bilim olish ehtiyojini rivojlantirish, bazaviy o‘quv, ilmiy va umummadaniy bilimlarni shakllantirish;
o‘quvchilarda milliy hamda umumbashariy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish asosida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, o‘z Vataniga va xalqiga sodiq fuqaroni shakllantirish;
ta’limning uzluksizligini va izchilligini, umumta’lim muassasalari o‘quv dasturlarining o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quv dasturlari bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash;
ta’lim-tarbiya jarayoniga o‘qitishning zamonaviy va innovatsion pedagogik uslublarini hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali ta’lim sifatini oshirish;
o‘quvchilarning individual ijobiy xususiyatlarini aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ularning yuksak darajada ta’lim-tarbiya olishlari, ijodiy imkoniyatlarini shakllantirish va rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratib berish;
mehnat qilish va mustaqil ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini ongli ravishda tanlash va kasbiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishda ko‘maklashish.
Do'stlaringiz bilan baham: |