Xalq tomosha san'ati


Download 28.53 Kb.
bet1/3
Sana20.12.2022
Hajmi28.53 Kb.
#1035710
  1   2   3
Bog'liq
XALQ TOMOSHA SAN’ATI


XALQ TOMOSHA SAN’ATI
Reja:
1. “Xalq tomosha san'ati” tushunchasi va uning mazmun mohiyati
2. Raqs san'ati
3. Turfa o‘yinlar
4. O’zbek qiziqchilik san’ati
Foydalanilgan adabiyotlar
Uzoq yillar davomida folklorshunosligimiz katta va murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tib, ijtimoiy fanlar qatoridan munosib o‘rin egalladi. Uning rivojlanish yo‘li tekis, sip-silliq bo‘lmagan, albatta. Folklorshunoslik xalq ijodini ideallashtiruvchi yoki, aksincha, mutlaqo inkor etuvchi, Alpomish dostoni, Shashmaqom muzikasi singari og‘zaki ijod namunalarini yozib olishda, nashr ettirishda va ilmiy tadqiqot ishlarida maqtansa arzigulik yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Ammo rostini aytganda, o‘zbek folklorshunosligi ko‘p vaqtgacha bir tomonlama (adabiyotshunoslik va etnografiya bir bo‘lagi sifatida) rivojlanib keldi. Bu holga, asosan, “folklor” terminini noto‘g‘ri tushunish sabab bo‘ldi.
Mana yuz yildirki, “folklor nima?” degan savol atrofida qizg‘in bahs boradi. Rus folklorshunoslari masalani xiyla oydinlashtirgan bo‘lsalar-da, bahslar hamon davom etib kelmoqda. Yanglishuvlar aksariyat “folklor” deb ataladigan voqyelikni turlicha tushunishdan kelib chiqadi. Ilgari folklor tushunchasiga qadimgi zamonlarning urf-odatlari, maqollari va shu kabilar kiritilgan. Keyingi davrlarda folklor ob'ektini, tushuncha doirasini belgilashda bir-biriga zid ikki tendensiya paydo bo‘ldi: biri butun xalq madaniyatini folklor deb qarab, tushuncha chegarasini nihoyatda kengaytirib yubordi, ikkinchisi folklor obektini faqat badiiy so‘zga oid asarlar bilangina cheklab, tushuncha doirasini nihoyatda toraytirib qo‘ydi. Birinchi tendensiya folklorni etnografiya bilan qorishtirib yuborsa, ikkinchisi uni faqat adabiyotshunoslik pozitsiyasidan turib talqin qiladi. Ikkala tendensiya ham to‘g‘ri emas, albatta. So‘nggi yillarda folklorni “xalq ijodi”, “xalq og‘zaki ijodi”, “xalq san'ati” deb ta'riflash boshlandi. Shulardan, bizningcha, “xalq san'ati” tushunchasi folklor mohiyatini to‘g‘riroq ifoda qiladi. Ammo shunda ham folklor butun xalq san'ati emas (masalan, xalq amaliy-dekorativ san'ati bunga kirmaydi), balki folklorshunos V.ye.Gusev ta'rifi bilan aytganda, xalq san'atining borliqni kollektiv xalq ijodining so‘z-musiqiy –xoreografik va dramatik formalarida badiiy aks ettiruvchi qismidir. Boshqacha qilib aytganda, folklorshunoslik fan sifatida xalqning badiiy so‘z ijodigina (maqol, latifa, ertak, doston, afsona, topishmoq kabi) emas, balki muzika ijodi (qo‘shiq, kuy, yalla, ashula, yor-yor, alla, xalq cholg‘ulari va xakozo) bilan xalq tomosha san'ati (xalq teatri, raqsi, sirki singari) ni ham o‘rganishi lozim.
O‘zbek folklorshunosligida ham bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan uch asosiy obekt bo‘yicha ish olib boruvchi filologik, musiqiy va “sahna” (teatr) yo‘nalishlari qaror topdi. Bu yo‘nalishlarning xizmati, saviyasi, obro‘-e'tibori bir xil emas. Shundan H.T.Zarifov asos solgan filologik folklorshunoslik o‘nlab yuqori malakali mutaxassislarga ega bo‘lib, fanning yig‘ish, o‘rganish va nashr etishdan iborat yetakchi sohalarida ko‘pgina muhim ishlarni amalga oshirdi, katta ilmiy tajriba orttirdi va maktab sifatida shakllandi. V.M. Belyaev, V.A.Uspenskiy, N.N.Mironov, ye.ye.Romanovskaya, Yu.Rajabiy, Il.Akbarov, F.M.Karomatov, K.A.Ahmedova kabi muzikashunoslarning xalq muzikasi bo‘yicha izchil olib borgan ishlari tufayli musiqiy folklorshunoslik ham shakllandi. Og‘zaki an'anadagi professional teatr, marosim, urf-odatlar bilan bog‘liq bo‘lgan “sahna” tomoshalari, xalq raqslari va sirk o‘yinlari bilan shug‘ullanish u qadar izchil bo‘lmadi. Lekin so‘nggi yigirma yil ichida teatrshunoslar tomonidan olib borilgan ekspeditsiya va ilmiy-tadqiqot ishlari folklorshunoslik hamda teatrshunoslik bazasida o‘ziga xos “sahna” folklorshunosligining maydonga kelishiga sabab bo‘ldi.
Avvalo “xalq tomosha san'ati” tushunchasi xaqida. O‘tmishda xalq san'atkorlari navro‘z bayrami, hosil shodiyonasi, xalq marosimlari, bayramlari va to‘ylari munosabati bilan tomosha berganlar. Ming-minglab odam to‘planadigan sayilgohlar va to‘yxonalarda birga yoki yonma-yon namoyish qilinadigan masxaraboz hamda qiziqchilarning chiqishlari, qo‘g‘irchoq o‘yin, dorbozlik, uloq, poyga, kurash , ko‘z bog‘lash , nayrangbozlik, muallaq, raqs, mavrigixonlik, ayiq, echki, fil, maymun, ilon o‘ynatish, qo‘chqor, xo‘roz, bedana urishtirish va hokazolar shular jumlasidandir. Ular aslida an'anaviy teatr, xalq raqsi, sirk san'ati va hatto sportga oid hamda har qaysisi o‘zicha mustaqil bo‘lsa-da, tomosha formasi (tomoshaviyligi va qiziqarliligi), ommaviy tomoshabinga mo‘ljallanganligi bilan yaxlit bir badiiy organizmni hosil qilib turgan. Shu sababli ularni “xalq tomosha san'ati” deb atasa bo‘ladi.
Albatta, xalq san'atkorlari o‘z xaq-xuquqi uchun kurashib keldilar. Ilg‘or fikrli olimu fuzalolar, shoirlar, allomalar ularning yoniga kirib, qo‘llaridan kelganicha ularni nohaq tuhmatlardan, ta'na toshlaridan, ta'qib va tazyiqdan asrashga urindilar, san'atga, xalq tomoshalariga nisbatan demokratik qarashlarni targ‘ib etdilar. Ammo xalq san'tkori ta'qib va tazyiqdan, ta'na-dashnomdan baribir qutulmadi, g‘aribu benavolikda kun kechirib keldi. Xalq san'atini tashkil etish, rivojlantirish, unga rahbarlik qilish hyech kimni qiziqtirmadi.
O‘zbek xalqining tomosha san'atini o‘rganishda uch davr ko‘zga tashlanadi. Birinchi-yozuvchilik va san'atkorlik bilan bog‘liq bo‘lgan amaliy davr. Bu davrda X.X.Niyoziy, undan so‘ng A.Qodiriy, G‘.Zafariy, K.Yashin, S.Abdulla va boshqalar ijtimoiy hayotni to‘g‘ri aks ettiruvchi, o‘quvchi va tomoshabinga manzur bo‘la oladigan badiiy asarlar yaratishga bel bog‘lar ekanlar, xalq hayoti, urf-odatlari, og‘zaki ijodiyotini o‘rgandilar, shu bilan bog‘liq holda tomosha san'atining ham birinchi tadqiqotchisi sifatida namoyon bo‘ldilar. Yozuvchilarning tomosha san'atiga oid kuzatishlari, bilimlari, yozib olgan namunalari aksar asarlari mazmuni va formasiga singdirib yuborilgan. Xamzaning “Maysaraning ishi” komediyasi bilan A.Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani bunga yorqin misol bo‘la oladi. Shu bilan bir qatorda yozuvchi va san'atkorlar o‘zbek xalqining tomosha san'ati xaqidagi fikr-mulohalarini maqola tarzida ham bayon etishga uringanlar. Bu o‘rinda G‘.Zafariyning “O‘zbek xalq teatrusi”, A.Qodiriyning “Kulgu xaqida” (1926 y.) nomli maqolalarini tilga olish kerak. Zero, ularda ilk marotaba tomosha san'ati, uning yetakchi turi bo‘lmish masxaraboz va qiziqchilar teatri to‘g‘risida ob'ektiv fikr yuritiladi. Xususan A.Qodiriyning mulohazalari e'tiborli, chunki u kulgi, ya'ni satira va yumor bilan bog‘liq bo‘lgan san'at ko‘rinishlarini ijtimoiy hayot, sinfiylik nuqtai nazaridan talqin etishga intiladi.
Tomosha san'atini o‘rganishdagi ikkinchi davr etnografik-folkloristik davrdir. Shu to‘g‘rida so‘z borarkan, A.K.Borovkovning “Dorboz” M.F.Gavrilovning “O‘zbekistonda qo‘g‘irchoq teatri” nomli risolalari, A.L.Troitskayaning “O‘zbekistonda xalq teatri”, ye.B.Baxtaning “Katta o‘yin” nomli yirik qo‘lyozma-tadqiqotlarini ta'kidlamasdan o‘tib bo‘lmaydi. Mazkur ishlarning fazilati shundaki, ularda tomosha san'atining rasm-rusumlari bilan bog‘liq holda ta'riflanadi. Shu bilan bir qatorda ularda har bir san'atga xos spetsifik xususiyatlarni ocha olmaslik, uni tashkil etuvchi tarkibiy qismlarni ko‘ra bilmaslik va nihoyat, shu soha san'atkorlarining mahoratini tahlil qilishda ojizlik ko‘rsatish kabi kamchiliklar uchraydi. Etnografik-folkloristik ishlarning ayrimlarida esa tomosha san'ati turining o‘tmishdagi hayotini o‘zgarmas, sobit, bir hodisa sifatida talqin etish maylini ko‘rish mumkin. Shuningdek, ba'zan u yoki bu san'at turi kelib chiqishiga ko‘ra Eronga tobe qilib ko‘rsatilib, uning mustaqilligi shubha ostiga olinadi. Bunga A.L.Troitskayaning xalq teatri va sirkiga bag‘ishlangan ishlarini misol qilib ko‘rsatish mumkin.
Uchinchi davr san'atshunoslar davridir. Tomosha san'atini o‘rganishda etnograflar to‘plagan xazinaga tayangan va uni qo‘lidan kelganicha boyitishga intilgan san'atshunoslar . Hamza nomidagi San'atshunoslik institutini O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qaramog‘iga olish bilan boshlandi. Bu yillar ichida tomosha san'ati sohalarini mutaxassis sifatida chuqur biladigan teatrshunos, san'atshunos, muzikashunos, raqsshunos olimlar yetishib chiqdi. Ular yaratgan qator ilmiy asarlar tomosha san'ati tarixini ilmiy metodologiya asosida o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etish bilan bir qatorda respublikamizda san'atshunoslik fanlarining shakllanishi va rivojlanishiga munosib hissa qo‘shdi. Shu jihatdan M.Rahmonovning “O‘zbek teatri”, “O‘zbek teatri tarixi”, M.X.Qodirovning “O‘zbek teatri an'analari”, “Xalq qo‘g‘irchoq teatri”, T.X.Obidovning “Dorbozlar qissasi”, “O‘zbek sirk ustalari”, T.Tursunovning “Karim qiziq”, L.A.Avdeevaning “O‘zbekistonda raqs san'ati”, “Tamaraxonim”, “Mukarama Turg‘unboeva”, R.Karimovaning “Farg‘ona raqsi”, “Xorazm raqsi”, “Buxoro raqsi” kabi qator monografiya, broshyura, ocherk va qo‘llanmalarini eslab o‘tish o‘rinlidir.

Download 28.53 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling