Xalqaro innovatsion universitet pedagogika fanlari kafedrasi


Diniy kitoblarning tarbiyaviy ahamiyati. Qur’oni Karim – axloqiy – falsafiy ta’limotlar manbai


Download 0.76 Mb.
bet10/35
Sana23.11.2023
Hajmi0.76 Mb.
#1796001
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   35
Bog'liq
Boshlang\'ich va uzluksiz ta\'lim pedagogikasi MAJMUA

Diniy kitoblarning tarbiyaviy ahamiyati. Qur’oni Karim – axloqiy – falsafiy ta’limotlar manbai.
Islom g‘oyalari, musulmonchilikning talablari, huquqiy va axloqiy me’yorlari «Qur’on» va uning tafsirlari, «Hadisi sharif», shariat qoidalari bitilgan qo‘llanmalar hamda ilohiyotga oid adabiyotlar mazmunida batafsil ifodalangan.
«Qur’on» - dunyo madaniyatining ulkan boyligi, musulmonlarning muqaddas kitobi bo‘lib, arab tilida «qiroat» ma’nosini anglatadi. «Qur’on» 114 suradan iborat, ularning 90 tasi Muhammad alayhis-salom Makka shahrida, 24 tasi esa Madina shahrida istiqomat qilgan davrlarda nozil bo‘lganligi to‘g‘risida manbalarda ma’lumotlar keltiriladi. «Qur’on» g‘oyalari kishilarni tenglik, birodarlik, tinch-totuv yashash va ezgulikka undaydi. Shunga ko‘ra, u katta axloqiy qimmatga ega. «Qur’on» g‘oyalarining ma’naviy-axloqiy xususiyatlari xususida so‘z yuritilar ekan, uning insonning ma’naviy kamolga yetishishida qay darajada muhim o‘ringa ega ekanligiga amin bo‘lamiz.
Qur’oni Karim kishilarni tinch-totuv yashash, birodarlik, tenglik, saxiylik va bir-biriga mehr-muhabbat ko‘rsatishga undaydi. «Qur’on»ning axloqiy qimmati insonning ma’naviy kamolotga erishishida rioya etishi lozim bo‘lgan talablari bir butun holda mujassam eta olganligi bilan belgilanadi. Shu bois u necha asrlardan buyon insoniyatning eng ulug‘ qadriyatlaridan biri sifatida e’zozlanib kelinmoqda.
Aslini olganda, islomda ilohiy va dunyoviy hodisalar alohida-alohida olib qaralmaydi. Islom ta’limotida insonning ruhiy va jismoniy kamolotiga ham birdek e’tibor beriladi.
Islomiy g‘oyalar odamlarni yaxshilikka da’vat etadi, ularni yomonlikdan qaytaradi. Insonparvarlikni targ‘ib etib, razolatni qoralaydi, odob-axloq, ruhiy- ma’naviy poklik, mehnat qilish hamda yer yuzini obod va go‘zal etishga undaydi. U adolat, tenglik, tinchlik, erkni targ‘ib etadi.
Buni biz «Qur’on»ning inson kamolotga erishishidagi ahamiyati, uning insonga va butun borliqqa nisbatan munosabati mazmunidan ham bilsak bo‘ladi. Sura va oyatlar vositasida zohir etilgan musulmon olami, xususan, islom diniga e’tiqod qiluvchi xalqlarning madaniyati, ma’naviyati va ma’rifatiga oid qarashlar axloqiy me’yorlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, inson kamoloti avvalo uning bilim va tafakkur darajasi bilan belgilanadi. Islom dini asrlar davomida insonlarni chuqur bilim olish, ilm-fan sirlarini puxta egallash, o‘zlashtirilgan bilimlar asosida ijtimoiy faoliyatni tashkil etishga undab kelgan. Ilm-fan, ma’rifat taraqqiy etgan jamiyatgina ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlanadi. «Qur’on»ning «Zumar» surasi 9-oyatida kishilarni ilm o‘rganishga da’vat etuvchi shunday fikrlar bayon etiladi: «Ayting: Biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo‘lurmi? Darhaqiqat, faqat aql egalarigina pand-nasihat qila olurlar».
Islomda insonning aqliy kamoloti va tafakkurini rivojlanttrishga katta e’tibor beriladi: bular ilm va haqiqatni dalillar yordamida isbotlash, so‘zlaganda va amaliy harakatni tashkil etganda aniqlikka e’tibor berish, fikr yuritishda va muayyan faoliyatni yo‘lga qo‘yishda o‘zgalarga taqlid qilishdan saqlanish maqsadga muvofiq ekanligi qayta-qayta uqtiriladi.
«Qur’on»da ilm ishonchli dalillar bilan asoslash, taqlid qilishga yo‘l qo‘ymaslik masalalari ham talqin etilgan. Unda har bir fikrni ko‘r-ko‘rona, aql ishlatmasdan ilgari surish qoralanadi. Mavjud bilimlar mohiyatini tahlil etish asosida ular orasidan eng to‘g‘ri va maqbul deb topilgan g‘oyalarni tanlab olish maqsadga muvofiq ekanligi uqtiriladi: «Mening bandalarimga - so‘zga quloq tutib, uning eng go‘zaliga (ya’ni najotga eltuvchi rost so‘zga) ergashadigan zotlarga xushxabar bering! Ana o‘shalar Alloh hidoyat qilgan zotlardir. Va ana o‘shalargina aql egalaridir» («Zumar» surasi, 18-oyat). Har bir fikrni diqqat bilan tinglab, uning mohiyatini chuqur anglab, tushunib, so‘ngra unga rioya etganlar haqiqiy aql egalaridur. Albatta, ilm aqliy mushohada yordamida o‘zlashtiriladi. «Qur’on» g‘oyalari inson o‘zida aqliy mushohada yuritish ko‘nikmalarini o‘zlashtirishga undaydi. «Qur’on»da sabr-qanoatga ham yuksak axloqiy fazilat sifatida katta e’tibor beriladi.
«Qur’on»da ta’kidlanganidek, sabrli, sabotli bo‘lish bu qiyinchiliklarga bardosh berish, yomon kishilar yetkazgan nohaqliklarga chidash, boshga tushgan musibatlarga nisbatan bardoshli bo‘lishdan iboratdir. Quyida keltiriluvchi oyatlarda qayd etilgan fikrlarga rioya etish insonda sabr-toqat hamda matonat kabi xislatlarni tarbiyalaydi: «Va, albatta, sizlarni xavfu xatar, ochlik, molu jon va meva-chevalarni kamaytirish kabi narsalar bilan imtihon qilamiz. Biror musibat kelganda: «Albatta biz Allohning (bandalarimiz) va albatta, biz u zotga qaytguvchilarmiz», deydigan zotlarga xushxabar bering (ey Muhammad)! Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovat (ma’rifat) va rahmat bordir. Ana o‘shalar haq yo‘lini topguvchilardir» («Baqara» surasi, 155-157-oyatlar).
Yuqorida keltirilgan oyatlar mazmunidan anglanadiki, sabrli kishilar hayotda doimo to‘g‘ri yo‘lni tanlab oladilar, har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradilar, musibatlar oldida bosh egmaydilar. Qur’onu karim insonni sabr- bardoshli bo‘lishga undaydi. Bu esa har bir kishining eng oliy xislati sanaladi.
«Qur’on»da insonda tarkib topishi kerak bo‘lgan oliy xislatlardan yana biri sadoqat deb ta’lim beriladi.
Har bir jamiyatning ravnaqi shu jamiyatda yashayotgan kishilarning o‘z vatani va xalqiga bo‘lgan sadoqatiga ham bog‘liqdir. Zero, sadoqat bor joyda ishonch, e’tiqod mayjud bo‘ladi. Jamiyat a’zolarining vatani hamda xalqiga nisbatan sadoqatli bo‘lishlari jamiyat ravnaqmi ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etuvchi omillardan biri hisoblanadi. «Qur’on»da sadoqat barcha yaxshiliklarning debochasi sifatida, rostgo‘ylik ma’nosida ham talqin etilgan. Sadoqat o‘zgalarning omonatiga xiyonat qilmaslik, bergan va’dasiga vafo etish kabi holatlarni ham ifoda etadi.
«Qur’on»da kishilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yaxshilash to‘g‘risida ham gap boradi va bu oliy darajadagi insoniy xislat bo‘lib, pok qalbli kishilargina bunga erisha oladi, deyiladi. Jamiyat a’zolarining bunday xislatga ega bo‘lishlari ham jamiyatda, ham odamlar orasida tinchlik va osoyishtalikning barqaror bo‘lishiga zamin hozirlaydi. Shu bois ham kishilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqani mustahkamlash musulmonchilikning asosiy talablaridan biri sanaladi.
Islom dinining muqaddas kitobi «Qur’on»da yaxshilik tushunchasi ostida rostgo‘ylik, omonatga xiyonat qilmaslik, saxiylik, shijoat va boshqa barcha fazilatlar nazarda tutiladi.
Qur’oni karimda insondagi eng zarur xislatlardan sanalgan olijanoblik haqida ham fikr yuritiladi. Olijanoblik - yaxshilikning o‘zi uchun emas, boshqalar uchun ham zarurligini anglash istagidir. Demak, olijanoblik ruhiy holat bo‘lib, inson kamolotini ko‘rsatuvchi xislatdir. «Qur’on»ning bir qancha oyatlarida shirinsuxanlik, to‘g‘ri so‘z va muomala madaniyati borasida so‘z yuritiladi. Muomala madaniyatiga rioya qilish qonun-qoidalari Islom dini g‘oyalari yaratilgunga qadar ham shakllangan bo‘lsada, biroq Islom ta’limotigina uning asl mohiyati, inson kamoloti va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini to‘la ravishda ochib berdi. Shirinso‘zlilik insonning muomala madaniyatiga ega ekanligini ko‘rsatadi, uning obro‘sini oshiradi, elning hurmatiga sazovor qiladi. Shu bois «Qur’on»da har bir insonning shirinso‘z bo‘lishi ham o‘zi uchun, ham jamiyat uchun foydali ekanligiga alohida ta’kidlanadi. Boshqa oyatda esa, Alloh kishilarni so‘zlashganda past ovoz bilan so‘zlashga undaydi: «Kishilarga chiroyli so‘zlar so‘zlangiz» («Baqara» surasi, 53-oyat).
So‘zlashganda ochiq yuzli bo‘lish, qo‘pollik qilmaslik, xushmuomala bo‘lish odoblari hayotda tinchlik va baxt-saodatga eltuvchi yorug‘ yo‘l sifatida talqin etiladi. Haqiqatan ham so‘zlashish madaniyati har bir inson uchun eng zarur, unga baxt-saodat, jamiyatga esa ravnaq keltiradigan muhim fazilatdir. Keltirilgan misollardan ayon bo‘lmoqdaki, muomala madaniyati barcha davrlarda ham insoniylikning eng ulug‘ sifati tarzida talqin etilgan. Zero, xalqaro maydonda davlatlar o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni o‘rnatishda ham muayyan davlatning rasmiy vakili sanalgan elchilarning so‘zlashuv madaniyati qoidalarining mohiyatidan nechog‘li xabardor bo‘lishlari hamda ularga qat’iy amal qila olishlari nihoyatda muhimdir.
«Qur’on»da yaxshi fazilatlarga ega kishilar bilan hamsuhbat bo‘lish insonning kamolotga erishuvini ta’minlovchi omillardan biri ekanligi ham alohida ta’kidlanadi. Bu yaxshilar bilan do‘st bo‘lish imkoniyatini yaratadi, do‘stni dushmandan ajrata olish layoqatining shakllanishiga imkon tug‘diradi, o‘ziga nisbatan hamkor - do‘st tanlashga yordam beradi.

Download 0.76 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   35




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling