Xalqaro mehnat taqsimoti: milliy iqtisodiyot uchun imkoniyatlar va risklar
Xalqaro mehnat taqsimotida O`zbekistonning o`rni
Download 122.2 Kb.
|
Xalqaro mehnat taqsimoti milliy iqtisodiyot uchun imkoniyatlar
1. Xalqaro mehnat taqsimotida O`zbekistonning o`rni
Xalqaro mehnat taqsimoti degan tushunchaning ma`nosi shundan iboratki, u mamlakatlarni ma`lum tovarlar ishlab chiqarishga ixtisoslashuvi va ular bilan jahon bozorida qatnashuvini bildiradi. Xalqaro mehnat taqsimotida muayyan tovarlar ishlab chiqarishga ixtisoslashuv har qanday davlatning jahon bozorida o`z mavqei va o`rniga ega bo`lishini ta`minlaydi. Masalan, samolyotsozlikda AQSh, audio va videoapparatura ishlab chiqarishda Yaponiya, chinni idishlar ishlab chiqarishda Xitoyning jahon bozorida salmoqli nufuzga ega ekanligi yuqoridagi fikrimizning dalili bo`la oladi. Bu deganimiz, ushbu davlatlar faqat shu mahsulotlari bilangina mashhurdirlar, degan ma`noni bildirmaydi. Ular, xususan, o`zlarining yuqori sifatli avtomobillari, elektron-hisoblash mashinalari, to`qimachilik va yengil sanoat mollari bilan ham jahon bozorida faol qatnashib keladilar. Muayyan tovarlar ishlab chiqarishga ixtisoslashuv orqali jahon bozorida qatnashish, asosan, mamlakatning eksport salohiyatiga bog`liq, ya`ni buning uchun mustahkam xomashyo bazasi, zamonaviy ishlab chiqarish vositalari va malakali ishchi kuchi mavjud bo`lishi kerak. Har qanday davlat ham xalqaro mehnat taqsimotida o`zining ixtisoslashuvini belgilar ekan, ko`rsatib o`tilgan resurslarning mavjudligidan kelib chiqadi. Xalqaro mehnat taqsimoti har bir mamlakat iqtisodiyoti bilan integratsiyalashuvi (qo`shilishi) va uning tarkibiy qismiga aylanishini ta`minlaydi. Boshqacha qilib aytganda, turli mamlakatlar iqtisodiyoti xalqaro mehnat taqsimoti natijasida yakkalangan holatdan chiqib, davlatlararo xo`jalik tizimiga kirib boradi. Bu jarayon milliy doiradagi xo`jaliklar va alohidalashgan tovar ishlab chiqaruvchilarni umumjahon bozoriga tortadi. Xalqaro mehnat taqsimotining takomillashib borishi mamlakatlar o`rtasida fan-texnika, ishlab chiqarish, savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga olib keladi. Bozor iqtisodiyotiga o`ta boshlagan O`zbekiston uchun xalqaro mehnat taqsimotida o`z o`rnini topib olish va jahon bozorining faol ishtirokchisiga aylanish naqadar muhim vazifa ekani endi o`quvchiga ma`lum bo`lgani shubhasizdir. O`zbekiston Respublikasi maydoni bo`yicha jahon davlatlari orasida 55-o`rinni egallaydi. Uning maydoni Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi etakchi mamlakatlardan kattaroq. Birlashgan Millatlar tashkiloti ma`lumotlariga qaraganda, sayyoramizning umumiy yer maydoni 135,6 million kv.km.ni tashkil etadi. O`zbekiston ulushiga uning 0,3 foizi to`g`ri keladi. Mamlakatimiz Osiyo qit`asining 1 foiz maydonini egallaydi. O`zbekistonda tabiiy resurslar salohiyati ko`p tarmoqli xo`jalikni rivojlantirish uchun yetarli bo`lib, uning tarkibida energetika va boshqa tayanch tarmoqlarni yuksak sur`atlar bilan rivojlanishiga imkon beruvchi boyliklar salmoqli o`rin egallaydi. Mamlakatimizda jahon oltin zahirasining 5 foizi, tabiiy gazning 2 foizi mavjud. Qator rangli metallar va uran zahiralari bo`yicha ham O`zbekiston jahonda yetakchi o`rinlardan birida turadi. Umuman olganda, mineral xomashyo resurslarining aniqlangan zahiralari 3 trillion dollardan ko`proq deb baholanmoqda. O`zbekiston bir qator sanoat va qishloq xo`jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo`yicha jahon miqyosida ajralib turadi. Mamlakatimiz qorako`lning umumjahon miqdorining deyarli choragini, paxta tolasining 7 foizini, qazib olinayotgan oltin va tabiiy gazning 3 foizini, ipak xomashyo va quruq mevalarning 2 foizini, uzum, kanop, junning taxminan 1 foizini ishlab chiqaradi. Aviatsiya texnikasi, oltingurgut kislotasi, mineral o`g`itlar, rangli metallar, kalava ip, gazlamalar, o`simlik yog`i, meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishda ham O`zbekiston muayyan ulushga ega. O`zbekiston sanoatining ayrim tarmoqlari texnikaviy murakkab mahsulotlar ishlab chiqara oladi. Bizga ma`lumki, O`zbekiston gaz qazib chiqarish bo`yicha MDH davlatlari ichida 3-o`rinda va jahon miqyosida gaz qazib chiqaruvchi yirik davlatlar o`nligida, oltin zahiralari bo`yicha 4 va uni qazib chiqarish bo`yicha 7-o`rinda, uran zahiralari bo`yicha 7, kumush ishlab chiqarish bo`yicha 11-o`rinda turadi. Ko`rinib turibdiki, O`zbekiston bir qator tovarlar ishlab chiqarish va ular bilan jahon bozorida qatnashish uchun katta ekport salohiyatiga ega. Binobarin, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish va tarkibiy qayta qurishda tashqi bozorga ko`proq mahsulotlar chiqarish muhim omil bo`lib xizmat qiladi. Shuni e`tiborga olib, O`zbekistonda davlat mustaqilligining ilk davridan boshlab mamlakatimiz Prezidenti I.Karimov hukumatning tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi ishlarini faollashtirishga alohida e`tibor qaratdi. Hukumatning bu sohada olib borayotgan siyosati savdo balansida ijobiy qoldiqqa erishish, eksport va importning tarkibiy tuzilishini tubdan o`zgartirishga qaratilgan. Shu bilan birgalikda, tayyor mahsulotlar eksportini keskin oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlatlar, hududlar va alohida shaxslar u yoki bu tovarni ishlab chiqarishga ixtisoslashib, uni keyinchalik boshqa buyumga almashtirishdan faqat yutadilar. Chunki mamlakatlar, birinchidan, tabiiy va mehnat resurslari hamda sarmoyalar bilan ta`minlanganliklariga ko`ra bir-birlaridan ancha farq qiladilar, ikkinchidan, turli tovarlarni birdek samarali ishlab chiqarish uchun yetarli texnologik imkoniyatlarga ega emaslar. Masalan, Yaponiya tabiiy resurslarga ega bo`lmagan holda yuqori malakali ishchi kuchiga ega, shu sababli u yuqori malaka talab qiladigan ko`plab tovarlarni kam mehnat sarf etib, tayyorlashi mumkin. Aksincha, Avstraliya katta resurslarga ega bo`lgan holda yetarli mehnat resurslari va kapitalga ega emas. Shuning uchun u yerda bug`doy, gurunch, go`sht etishtirish samaraliroqdir. Braziliyada arzon kofe etishtirish uchun hamma sharoit yetarli bo`lsa, Kanada arzon bug`doy yetishtirish imkoniyatiga ega. Vaqt o`tishi bilan mamlakatning turli tovarlar ishlab chiqarishdagi imkoniyatlari va samaradorligi o`zgarishi mumkin. Masalan, biror davlat asosan xomashyo ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo`lsa, keyinchalik ishchi kuchi sifatining o`sishi, asosiy kapitalning ko`payishi natijasida sanoat mahsulotlari, tayyor tovarlar ishlab chiqarishi mumkin. Masalan, Sho`rolar davrida O`zbekistonda yetishtirilgan paxtadan olingan tolaning 4-4,5 foizigina mamlakatda qayta ishlangan bo`lib, uning asosiy qismi arzon baholarda ko`proq Rossiya ip-gazlama korxonalariga etkazib berilgan va boshqa xorijiy davlatlarga sotilgan edi. Endilikda mamlakatga ko`p miqdorda xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarning kirib kelishi tufayli paxta tolasidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni jahon bozoriga olib chiqish yildan-yilga ko`payib bormoqada. Xalqaro mehnat taqsimoti va tovar ayirboshlashda mamlakatlar, yuqorida ta`kidlanganidek, bir xil imkoniyat va sharoitlarga ega emaslar. Bu hol ularning jo`g`rofiy joylashuvi, tabiiy resurslarining tarkibi va zahiralari, mamlakatning iqtisodiy rivojlanish darajasi, iqtisodiyotning tuzilishi, ichki bozorning hajmi kabi omillar bilan belgilanadi. Ana shu omillar ta`sirida turli mamlakatlarda bir xil tovarlarni ishlab chiqarishdagi xarajatlar darajasi ham turlicha bo`ladi. Shuning uchun har bir mamlakat jahon bozorida o`zida ishlab chiqarish uchun xarajat ko`proq bo`ladigan, tabiiy yoki boshqa sharoitlarga ko`ra umuman o`zida ishlab chiqarib bo`lmaydigan tovarlarni sotib olishga intiladi. O`zbekiston iqtisodiyotida paxta xomashyosini ishlab chiqarish katta o`rin egallaganligi sababli, mamlakatning tashqi savdo hajmi va balansi ham ko`p jihatdan ushbu mahsulotni ishlab chiqarish hajmiga bog`liq. 2000 yilda mamlakatimizdan tashqi bozorga chiqarilgan tovarlar hamji 3 mlrd. 264,7 mln. dollarni tashkil etgan bo`lsa, undan 897,7 mln. dollar yoki 27,5 foizi paxta tolasi hissasiga to`g`ri keldi. Undan 5 yil muqaddam, ya`ni 1996 yilda paxta tolasini eksport qilishdan tushgan valyuta mablag`lari jami eksportning 38 foizini tashkil etgan edi. Paxta tolasining mamlakat eksportidagi ulushining kamayishi 2 ta sabab tufayli sodir bo`ldi. Birinchidan, o`tgan yillar ichida paxta tolasining jahon bozoridagi narxi deyarli 2 barobar tushib ketdi. Ikkinchidan, tolani mamlakat ichida qayta ishlash hajmlari ko`paygani tufayli uni eksport qilish bir muncha kamaydi. Paxta tolasining eksportdagi ulushining kamayishi kelajakda ham saqlanib qolishi mumkin. Chunki u tayyor mahsulot emas, balki xomashyo hisoblanadi. Chetga, ya`ni jahon bozoriga xomashyo chiqarishga qaraganda, tayyor mahsulot chiqarish ko`proq foyda keltiradi. Bu haqda respublika Prezidenti I.Karimov ham ko`p marta uqtirib o`tgan. Shuning uchun tayyorlanayotgan paxta tolasining tobora ko`proq qismini mamlakatimizda qayta ishlab, undan tayyor gazlamalar va kiyim-kechaklar tayyorlash, mamlakat ehtiyojlaridan ortig`ini eksport qilish strategik vazifa hisoblanadi. O`zbekiston eksportida elektr energiya va yonilg`i, kimyo mahsulotlari, rangli metallar, mashina va uskunalar, engil avtomobillar, oziq-ovqat mahsulotlari ham salmoqli o`rin egallaydi. Eksport salohiyati mavjud bo`lgan tarmoqlarga yirik sarmoyalarning kiritilishi tufayli eksportbop mashinalar, neft mahsulotlari va paxtadan tayyorlanayotgan mahsulotlar ishlab chiqarish ko`lamlari yildan-yilga ko`payib bormoqda. O`zbekistonning tashqi savdo aloqalari MDH mamlakatlari bilan bir qatorda AQSh, Janubiy Koreya, Olmoniya, Yaponiya, Frantsiya, Italiya, Turkiya, Malayziya, Shveytsariya, Belьgiya va boshqa o`nlab mamlakatlar bilan ham yo`lga qo`yildi. O`zbekistonning tashqi savdo aloqalarida Rossiya muhim o`rin egallab kelmoqda. Ikki davlat o`rtasida imzolangan “1998-2007 yillarda iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish haqida”gi Shartnoma ikki tomonlama rivojlanishga xizmat qilmoqda. O`zbekistonning AQSh, Janubiy Koreya, Germaniya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Italiya, Yaponiya kabi mamlakatlar bilan savdo aylanmasi kengayib bormoqda. O`zbekistonning Sharq va G`arbni bog`lovchi mintaqada joylashganligi tashqi savdo aloqalarining izchil ravishda olib borilishiga sharoit yaratadi. 1996 yil 21 iyunda Florentsiyada Evropa Ittifoqi bilan O`zbekiston Respublikasi o`rtasida sheriklik va hamkorlik to`g`risida bitim imzolandi. 1999 yilga kelib mazkur shartnoma Yevropa Ittifoqiga kirgan barcha mamlakatlar tomonidan ratifikatsiya qilingach, kuchga kirdi hamda O`zbekiston tovarlari uchun Yevropa bozorlariga yo`l ochildi. O`zbekiston xalqaro transport kommunikatsiyalarini qurish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda. Bu loyihalarni amalga oshirish natijasida O`zbekistonning Evropaga, Fors qo`ltig`iga, Hindiston, Yaponiya va Tinch okeani mintaqalariga chiqishiga va jahon hamjamiyati bilan tashqi aloqalarni mustahkamlashiga katta imkoniyatlar tug`iladi. O`zbekistonning tashqi iqtisodiy hamkorlik sohasida obro`-e`tibori yildan-yilga ortib borayotganini alohida ta`kidlab o`tish lozim. Hozircha mamlakatimiz Jahon savdo tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega. Bu tashkilot jahon savdo tizimini tartibga solishda markaziy o`rinni egallaydi. Jahon savdosining 95 foizidan ortig`i unga a`zo mamlakatlarga to`g`ri keladi. Hozirgi paytda O`zbekistonning mazkur tashkilotga qabul qilinishi masalasi o`rganilmoqda. Unga a`zo bo`lish O`zbekistonga dunyoning 130 dan ortiq mamlakatlari bilan mustahkam savdo aloqalari o`rnatishiga va o`zining tovarlari bilan jahon bozorlariga hech qanday to`siqlarsiz chiqishiga imkon yaratadi. Download 122.2 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling