Xalqaro moliya bozori rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari


Download 225.96 Kb.
Sana29.10.2020
Hajmi225.96 Kb.
#137882
Bog'liq
Elmurod Matmurodov


Xalqaro moliya bozori rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari

Matmurodov Elmurod Ravshanbek o’g’li.

Urganch davlat universiteti “Turizm va iqtisodiyot” fakultetining Bug’alteriya hisobi va audit yo’nalishi 201-guruh talabasi.

Ematmurodov@gmail.com

Jahon iqtisodiyotida1 xalqaro moliya bozorining segmentlari tadrijiy ravishda muayyan bosqichlarda shakllangan (pastdagi-jadvalga qarang). Mazkur bozor taraqqiyotining oxirgi bosqichida fond segmenti va xalqaro derivativlar bozorlari jadal rivojlangan. Zamonaviy xalqaro moliya bozorining rivojlanish tendensiyalari quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

1. Moliya bozori barcha sektorlarining jadal sur'atlarda rivojlanishi bilan birga kechayotgan baynalminallashuv va globallashuv jarayonlarining chuqurlashuvi;

2. Transmilliy kompaniyalar, banklar va global moliya muassasalari, shuningdek, alohida davlatlar va davlatlar guruhlari o‘rtasidagi xalqaro raqobatning kuchayishi;

3. Chegaralarni oshib o‘tadigan moliyaviy oqimlarning yuqori sur’atlarda harakatlanishi va moliya bozorining tuzilmaviy sektorlari o‘rtasidagi aloqadorlikning oshishi;

4. Axborot tizimlari va elektron aloqa vositalarining jadal sur’atlarda rivojlanishi;

5. Bozorni bevosita tartibga solishning susaytirilishi;

6. Moliya bozori ishtirokchilari faoliyatining an'anaviy sohalari o‘zgarishi (universal banklar fond sektorida anderrayter, tashkillashtiruvchi va treyderlarga aylanmoqda; investitsiya banklari sindikatlashgan kreditlarni tashkillashtirmoqda, shuningdek, loyihalarni moliyalash bilan shug‘ullanmoqda; tijorat banklari, o‘z navbatida, investitsiya banklarining an’anaviy faoliyatlariga aralashmoqda va h.k.);

7. Moliya bozori ishtirokchilarining ixtiyoriy qo‘shilishi yoki yirik ishtirokchilar tomonidan o‘z tarkibiga olinishi jarayonlari kuchaymoqda, bu esa, o‘z navbatida, moliya bozorining barcha sektorlarida operatsiyalarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘lgan universal moliyaviy xoldinglarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda;

8. Moliya bozoridagi operatsiyalar riskini kuchayishiga sabab boluvchi derivativlar bilan bitimlar hajmi o‘sish tendensiyasiga ega;

9. AQSH dollari mavqeining tushishi va qadrsizlanishi, bu o‘z navbatida, xalqaro moliya bozoridagi muvozanatning buzilishiga, zamonaviy moliya bozorining inqirozdan keyingi rivojlanishiga shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi mumkin.

Xalqaro kapital harakatining zamonaviy holati bilan bog‘liq quyidagi tendensiyalar jahon iqtisodiyoti amaliyotda kuzatilmoqda:

1. Jahondagi kapitalni eksporti va importida rivojlangan mamlakatlar yetakchilik qilmoqda.

2. Xalqaro tadbirkorlik kapitali harakati tarkibida portfel investitsiyalar tomonga siljish tendensiyasi mavjud.

3. Xalqaro kreditlar va depozitlarning jahon investitsiyalari tarkibidagi ulushi jahon moliyaviy inqirozidan keyingi davrda kamayib bormoqda.

4. Jahon kapital eksportidagi Xitoyning ulushi o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lgan bir sharoitda, kapital importida AQSHning ulushi kamayish tendensiyasiga ega bo‘lmoqda. Shunga qaramay jahon kapital importida AQSHning ulushi hali-hamon saqlanib qolmoqda.

5. Sanoati rivojlangan mamlakatlarda chet el investitsiyalarini joylashtirishning asosiy sohasi bank-moliya sektori, xizmatlar sohasi (buning ichida axborot telekommunikatsiya sohasi eng yetakchidir), farmatsevtika, biotexnologiya, elektron sanoat, ilmiy va texnologik mashinalar ishlab chiqarish bo‘lsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda avvalgidek to‘g‘ridan to‘g‘ri chet el investitsiyalar neft-gaz qazib chiqarishga, mashinasozlikning alohida sektorlariga, agrosanoat kompleksiga jalb etilmoqda;

6. Jahon chet el investitsiyalari bozorida asosiy subyekt sifatida TMKlarning roli oshmoqda;

Xalqaro fond bozori rivojlanishining asosiy tendensiyalari quyidagilarda o‘z aksini topmoqda:

1. Fond bozorining tobora kengayib va chuqurlashib borishi;

2. Xalqaro fond aktivlari bilan hosila moliyaviy vositalar savdosining o'sishi;

3. Jahonning yetakchi moliyaviy markazlarida bozorning konsentratsiyasi;

4. Bozorning yangi vositalarni yaratishi;

5. Bozorning kompyuterlashuvi;

6. Xalqaro fond bozorida rivojlanayotgan mamlakatlar qimmatli qog‘ozlarining ahamiyatini ortishi.

Bundan tashqari, global moliyaviy inqiroz sharoitida fond bozorlarida quyidagi tendensiyalar yuzaga keldi:

— xalqaro fond bozorida kapitalni jalb etishning va operatsiyalarning asosini tashkil etgan holda xalqaro qarz qimmatli qog‘ozlari va xalqaro aksiyalar bozorining oxirgi o‘n yillikdagi hajmi olti barobardan ko‘proqqa oshgan, 2008-yil inqiroz davrida ularning o‘sishi sekinlashgan, xalqaro aksiyalar bozorining hajmi asosan rivojlanayotgan mamlakatlar hisobiga qisqargan bo'lsada, hozirda uiarning hajmi yana o'sish tendensiyasiga ega bo‘lmoqda;

— xalqaro qarz qimmatli qog‘ozlar va aksiyalar bozorida rivojlangan mamlakatlar, xalqaro qarz qimmatli qog‘ozlar bozorida moliyaviy institutlarning yetakchiligi saqlanib qolmoqda.

— rivojlanayotgan mamlakatlar fond bozorining iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha diversifikatsiyalashuv darajasini kichikligi inqiroz davrida uning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan;

— moliyaviy inqiroz sharoitida jahonning rivojlangan mamlakatlari fond birjalarida aksiyalar bozori kapitallashuvining YalMga nisbatan salmog‘i keskin pasaygan. Jahon mamlakatlari YalMga nisbatan aksiyalar bozori kapitallashuvi inqiroz davrida 55% ni, oxirgi besh yillikda rivojlangan mamlakatlarda qarz munosabatini ifodalovchi qimmatli qog‘ozlar YalMga nisbatan kamida 100% ni tashkil etishi kuzatilgan;

— rivojlanayotgan mamlakatlar fond birjalarida jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida aksiyalar va obligatsiyalar bo‘yicha savdolar hajmi kamaygan.

Xalqaro moliya bozorida 2 ta yonalish eng muxim o’rinda turadi.


  1. Xalqaro rivojlangan davlatlar(Amerika, Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqalar) eksportni yaxshilash;

Bu yo’l bilan ichki moliya bozoriga tashqi valyutani olib kirish va mamlakat ichkarisida infulyatsiya(pulning qadrsizlanishini) oldini olish va moliyani rivojlantirish mumkin.

Eksportni2 qanday yaxshilash mumkin?

AQShning Garvard universiteti professori M. Porter 1990 yilda iqtisodiy nazariya ishlab chiqadi. Bu nazariyani Janubiy Koreya birinchilardan bo’lib amaliyotga joriy etadi. Unga ko’ra, mamlakatning raqobatdoshligi milliy sanoatning doimiy ravishda rivojlanish hamda innovatsiyalarni ishlab chiqarishga qodirligi bilan belgilanadi. Uning negizida to’rtta muhim jihat, ya’ni mehnat, tabiiy resurslar, infratuzilma, bilim, kapital singari omillarga ega sharoitlar, ichki hamda tashqi talab, o’zaro aloqador (texnologik jihatdan biri-birini to’ldiradigan) va ko’makdosh tarmoqlar (tarkibiy buyumlar, yarimtayyor mahsulotlar hamda boshqalarni etkazib berish) rivojlanganligi va ichki bozordagi raqobat (bu omil istiqbolda firmaga tashqi bozorda raqobatda ustunlik beradi) yotadi.


Mavzu nuqtai nazaridan ushbu nazariyaning oxirgi ikki omili haqida batafsilroq to’xtalib o’tish joiz. Janubiy Koreyada klasterlarning shakllanishida bir-birini texnologik to’ldiradigan, aloqador ishlab chiqarishdagi rivojlanish omili aksariyat hollarda import qilinadigan tarkibiy buyumlarni hamda yarimtayyor mahsulotlarni mahalliylashtirish yo’li bilan ta’minlangan. Bu sanoatni modernizatsiyalashning amaliy vositasi sifatida ham qo’llanilgan. Xitoyning erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish va rivojlantirish bo’yicha tajribasi ham bunga yaqqol misol bo’la oladi. Bunday zonalarda investorlar uchun qat’iy talablar belgilangan, yangi mahsulot ishlab chiqarishni o’zlashtirish bo’yicha mahalliylashtirishning eng kam chegarasi o’rnatilgan.
Shu o’rinda mahalliylashtirish sanoat siyosatining vositasi sifatida faqatgina rivojlanayotgan mamlakatlarda, faqat import o’rnini qoplash maqsadidagina foydalanilmayotganini aytish kerak. Misol uchun, 2008-2009 yillardagi global inqiroz davrida dunyoda yuzdan ortiq yirik mahalliylashtirish dasturlari amalga oshirilgan. Ulardan 14 tasi AQShda, 5 tasi Kanadada ro’yobga chiqarilgan.
AQShda ishsizlikni kamaytirish maqsadi mahalliylashtirish choralarini qo’llashga undadi. Masalan, AQSh kongressi tomonidan “Amerika mahsulotlarini xarid qil” tamoyilini amalga oshirish hamda “American Recovery and Reinvestment Act” dasturi ijrosi doirasida mahalliylashtirishni rag’batlantirish mexanizmi sifatida davlat xaridlari uchun 787 milliard dollar ajratildi. Bundan tashqari, yangi tarmoqlarni rivojlantirish zarurati, yuqori texnologik ishlab chiqarishni, axborot texnologiyalarini, qayta tiklanadigan energiya manbalarini yo’lga qo’yish bo’yicha belgilab olingan vazifalar ham mahalliylashtirish siyosati uchun katta yo’l ochdi.
Demak, mahalliylashtirish shunchaki import o’rnini qoplash siyosati emas. Bu ish o’rinlarini yaratish, chet el investitsiyalari hamda texnologiyalarini jalb qilish va qo’shilgan qiymat global zanjiri (tayyor mahsulot ishlab chiqarishning zamonaviy taqsimoti)ga kirishni ta’minlaydigan samarali mexanizm hamdir. Prezident tomonidan mahalliylashtirish dasturlarini shakllantirish hamda amalga oshirish jarayoni tanqidiy baholangani ham aynan yuqori qo’shilgan qiymatga ega raqobatdosh mahsulotlar eksporti uchun ishonchli asos yaratish zarurati bilan bog’liqdir.
Ichki bozordagi raqobat haqida gap ketganda, shuni qayd etish kerakki, u ko’p jihatdan sanoatdagi tarkibiy muammolar bilan bog’liq bo’lib, tashqi bozordagi raqobatga bardosh bera olmaydi. Shuning uchun ham Harakatlar strategiyasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatdoshligini oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarni import qilishga alohida urg’u berilgan. Chunki bularsiz raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarishning iloji yo’q. Qo’shilgan qiymat global zanjiriga (yoki texnologik zanjir) kirish uchun to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarni jalb etish ham ana shunday vositalardan biri hisoblanadi. So’nggi bir yarim yil mobaynida yangi texnologiyalarni joriy qilish, jumladan, ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini o’tkazish, ta’lim tizimini rivojlantirish hamda klasterlar shaklida yangi sanoat komplekslarini yaratish bo’yicha amalga oshirilgan siyosat aynan ushbu maqsadga qaratilgan.

Oqilona protektsionizm
O’zbekistonda xom ashyo tovarlarini chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulot eksportini kengaytirishga e’tibor tobora kuchaytirilmoqda. BMT tomonidan qo’llaniladigan Bosh imtiyozlar tizimidan farq qiladigan milliy tarif imtiyozlari tizimi joriy etilgan. Mamlakatda mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlari yo’lida aksariyat import qilinadigan tayyor mahsulotlarga nisbatan yuqori boj to’lovlari o’rnatilgan. Bu amaldagi savdo rejimi himoya xususiyatiga ega ekanligidan dalolat beradi. Bunday mexanizm dunyoning ko’plab mamlakatlari tomonidan qo’llaniladi. Masalan, AQShda sanoat tovarlari bozorini himoya qilish maqsadida maxsus tariflarni o’rnatish amaliyoti mavjud.
Ammo shuni qayd etish kerakki, milliy iqtisodiyotimizda bugungi kunda barcha turdagi import qilinadigan tovar pozitsiyalari bo’yicha boj to’lovlari belgilangan edi (boj to’lovi, QQS va aktsiz). Bunda 30 foizdan oshmaydigan tovar pozitsiyalari bo’yicha mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarilardi. Bunday haddan ziyod himoya choralari savdo tartib-taomillari muvozanatini buzadi hamda narx omillari nafaqat ichki bozorda, balki eksport tovarlari qiymatining ham oshishiga olib keladi. Shuning uchun mahalliy eksport qiluvchilar raqobatdoshligini kuchaytirish zarurati nuqtai nazaridan ham barcha turdagi tovarlar pozitsiyasi bo’yicha boj to’lovlarini qayta ko’rib chiqish maqsadga muvofiq sanaladi. Biz raqobatda qiyosiy ustunlikka ega bo’lgan eksport pozitsiyalari bo’yicha muayyan muddatga import cheklovlarini saqlab qolish maqsadga muvofiq. Ammo import o’rnini bosuvchi ishlab chiqarishni rag’batlantirish uchun cheklovlarning haddan tashqari ko’payishi vaqt o’tishi bilan teskari natija berishi mumkinligini ham unutmaslik lozim. Ya’ni eksport qiluvchilar tashqi bozordan ichki bozorga o’z mahsulotlarini yo’naltirishdan manfaatdor bo’ladi va shu yo’l bilan eksport hajmining kamayishiga olib keladi.
Shulardan kelib chiqib, qolaversa, Jahon savdo tashkiloti hamda boshqa xalqaro tashkilotlar qoidalariga muvofiq, aksariyat rivojlanayotgan mamlakatlar so’nggi yigirma yil davomida import tariflarini kamaytirish choralarini amalga oshirib kelishdi. Rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiy siyosatida eksportni rag’batlantirishning muqobil usullari yanada ko’proq qo’llanilmoqda. Misol uchun, infratuzilmani yaxshilash, telekommunikatsiyani rivojlantirish, davlat, moliya va transport xizmatlari sifatini oshirish pirovardida eksport qilinadigan tovarlarning ichki tranzaktsion sarfini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi. Ekspertlar fikricha, bunday xarajatlar mahsulot tannarxining 30 foizigacha etadi. Ushbu omil mamlakatimiz eksport qiluvchilari raqobatdoshligini oshirish uchun ishga solinmagan muhim zaxira hisoblanadi.
Bundan tashqari, yurtimizning istiqbolda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo’lishga intilishini inobatga oladigan bo’lsak, JST a’zolari o’z milliy ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish hamda eksportni rag’batlantirish uchun foydalanish huquqiga ega bo’lgan sanoat siyosati mexanizmlarini ko’rib chiqish talab etiladi.
Xalqaro amaliyotda ishlab chiqarishni subsidiyalash, soliq va moliyaviy imtiyozlar berish, davlat kafolati bilan kreditlar ajratish singari moliyaviy vositalar keng tarqalgan. Ulardan samarali foydalanish milliy eksportyorlarning yuqori darajada raqobatdoshligini oshirishga xizmat qiladi. Mohiyatan yuqorida sanalgan mexanizmlar ham himoya choralari hisoblanadi. Ular Tarif va savdo bo’yicha bosh bitim klassifikatsiyasida notarif protektsionizm vositalari qatoriga kiritilgan. Ular qariyb har jabhada qo’llaniladi.
Shu bilan birga, milliy iqtisodiyotning raqobatdoshligini oshirish uchun mahalliy eksport qiluvchilarning ichki raqobatini rivojlantirish lozim. JSTga a’zo-davlatlar tajribasini inobatga olgan holda, raqobatga mas’ul institutlar rolini kuchaytirish nuqtai nazaridan amaldagi “Raqobat to’g’risida”gi Qonunni qayta ko’rib chiqish vaqti keldi. Qonunning mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rag’batlantirishga oid qismlari, ayniqsa, atroflicha ko’rib chiqilishi lozim. Qonunda barcha maqsad va tamoyillar aniq-ravshan bayon etilishi kerak, raqobat muhitini yaratish vositalari esa transparent, ochiq-oshkora bo’lmog’i hamda ular to’g’ridan-to’g’ri amal qilmog’i lozim.

XXI asrni raqobat boshqaradi
Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan belgilab berilgan iqtisodiy islohotlar ko’p qirrali bo’lib, XXI asrning muvaffaqiyatli rivojlanayotgan mamlakati uchun samarali sanoat siyosatini olib borishga qaratilgandir. Mahalliylashtirish dasturlari milliy eksportning raqobatdoshligini ta’minlashga doir choralar bilan uyg’un ravishda amalga oshirilishi kerak. Bunda eksport faoliyatini yo’lga qo’yish, uni nazorat hamda monitoring qilishning yangi tizimi joriy etilishi va ishlab chiqilayotgan “yo’l xaritalari” sanoat ravnaqi hamda mamlakat raqobatdoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Hukumat tomonidan belgilanadigan tartibga soluvchi qoidalar esa import o’rnini qoplash siyosatini eksportni kengaytirishga yo’naltirish imkonini beradi.

  1. Turizm sohasini yaxshilash;

Turizm sohasini yaxshilash orqali chet eldan keluvchi turistlardan chet el valyutasi orqali savdo qilib O’zbekistonga chet el valyutasini kiritish mumkin.\

Turizm3 sohasini qanday rivojlantirish mumkin?

Sayyohlik (turizm) sohasi dunyo iqtisodining eng jadal rivojlanayotgan sohalaridan biridir. Uning keng qamrovli taraqqiyoti esa, ko‘plab mamlakatlar uchun katta daromad manbaiga aylanib bormoqda.

BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti ma'lumotida 2015 yilda dunyo bo‘yicha 1 milliard 184 million sayyoh qayd etilgan bo‘lsa, 2016 yil yakuni bo‘yicha bu ko‘rsatkich 1 milliard 235 millionga ya'ni, 3.9 foizga oshgan. Sayohatchilarga ko‘rsatilgan eksport xizmatlari qiymati 2015 yilda qariyb 1,5 trillion AQSh dollarini tashkil qilgan. 2016–2017 yillarda ham bu raqamlarda katta tafovutni ko‘rish mumkin.

Bundan ko‘rinib turibdiki, sayyohlik sohasi bugungi kunning eng muhim iqtisodiy sohalaridan biriga aylandi. Shu bois dunyoning ko‘plab davlatlari ushbu sohani yanada rivojlantirish, bu borada tegishli infrastrukturani jahon standartlari darajasida yaratish va sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha barcha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.



Turizmning samaradorlik darajasi quyidagi raqamlarda o‘z aksini topgan:

2015 yilda eng ko‘p xorijlik mehmonlarni qabul qilishda Fransiya (83,7 million), AQSh (74,8 million), Ispaniya (65,0 million), Xitoy (55,6 million) va Italiya (48,6 million) kuchli beshlikda turishibdi. Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya va Meksika kuchli o‘ntalikdan joy olgan. Biroq bu ko‘rsatkich bo‘yicha Yevropa va Osiyoning bir nechta shaharlari yetakchilik qilmoqda. Bunga misol qilib Hongkong (27,7 million), London (17,4 million), Singapur (17,1 million), Bangkok (16,2 million) va Parij (15,0 million) singari shaharlarni keltirish mumkin.



150-o‘rin O‘zbekiston uchun aslo xos emas

Afsuski, O‘zbekiston bu sohada hali ancha orqada ekanligini ko‘rish mumkin. Xususan, Butunjahon turizm va sayohatlar bo‘yicha kengashi (BTSK) tomonidan berilgan bahoga ko‘ra, O‘zbekiston sayyohlar tashrifi bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida 150-o‘rinni egallaydi.

Yurtimiz jahon sayyohlik bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga qaramasdan, turistlarga qulay sharoit yaratish, servis xizmatini yaxshilash, sayyohlik obidalarining jozibadorligini oshirish va reklamani kuchaytirish darajasi juda past. Shuning uchun bu borada sezilarli o‘sish haqida fikr yuritish ana shu omillarga bog‘liq.

Turizm bo‘yicha raqobatbardosh mamlakatlar reytingida dunyodagi (madaniy zaxiralar, arzon infratuzilma, sayyohlik mahsulotlari narxi, xavfsizlik darajasi, xalqaro shaffoflik jihatidan) eng jozibador 140 ta sayyohlik maskani qayd etilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxatda Qozog‘iston 85-o‘rin, Qirg‘iziston 116-o‘rin, Tojikiston 119-o‘rinni egallagan, O‘zbekiston esa Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida eng oxirgi o‘rinda turibdi va bu reytingga kiritilmagan.

Yaqinda rasmiy saytlardan birida 2017 yilning birinchi yarmida yurtimizga 1 million 800 ming nafar sayyoh tashrif buyurgani, bu ko‘rsatkich 2016 yilga qaraganda 17 foizga oshgani haqidagi maqolaga ko‘zim tushdi. Nazarimda, ushbu raqamlarda biroz mubolag‘a bordek. Chunki o‘zim aynan sayyohlik sohasida ishlayotganim bois, shunday fikrdaman. Buning sabablarini maqolam davomida ko‘rsatib o‘tishga harakat qilaman.

Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti. Sayyohlar oqimini yanada oshirish, ularni ohanrabodek jalb qilish uchun nima qilishimiz kerak?

O‘zbekiston katta tarixiy-madaniy merosga – 7300 dan ortiq qadimiy-me'moriy va arxeologik obidalarga ega. Ularning ko‘pchiligi Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Qo‘qon va Toshkent shaharlarida joylashgan. Yurtimizdagi 200 dan ziyod tarixiy yodgorlik va obidalar YuNeSKOning madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Nahotki shuncha tarixiy va boy madaniy meroslarimiz bo‘la turib, ularni dunyoga tanita olmasak? Buning uchun bizda arzigulik va maqtagulik boy tarixiy merosimiz yetarli. Birgina Fransiyaning Parij shahriga yiliga 15 million sayyoh tashrif buyurar ekan. Biz esa har yili sayyohlar sonini sanashdan, o‘tgan yildagidan biroz ko‘paygan bo‘lsa, uni baralla ovoza qilishdan nariga o‘tmayapmiz. Nahotki yirik bir sayyohlik salohiyatiga ega davlat bo‘la turib, bitta shaharchalik natijaga erisha olmasak?

Raqamlarda mamlakatimizga 1 million 800 ming nafar sayyoh tashrif buyurgani qayd etilgan. Agar mamlakatimizda asosiy sayyohlik mavsumi mart oyining o‘rtalarida boshlansa va dastlabki mavsum yakuni iyun oyi so‘ngiga qadar bo‘lsa, shu davr mobaynida shuncha sayyoh kelib ketishini tasavvur qilish qiyin.

Qolaversa, bizda mehmonxonalar yetarli emas, bori ham Yevropa mamlakatlarining mehmonxonalari narxi bilan deyarli teng va har yili narx sezilarli darajada o‘sib bormoqda. Bu borada yana Parijga «murojaat» qiladigan bo‘lsak, u yerda shahar va uning atrofidagi hududlardagi mehmonxonalar soni 4.260 tani tashkil etar ekan. Bizda esa bu ko‘rsatkich respublika miqyosida 4 yarim barobarga past, ya'ni, yurtimiz bo‘yicha atigi 750 ta mehmonxona mavjud.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda turizmning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 2 foizni tashkil etadi. Bu judayam past ko‘rsatkich. Turizm faoliyatini amalga oshirgan firma va tashkilotlarning soni esa 433 tadan iborat.

Turizm davlat rahbari e'tiborida

Joriy yilning 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga Murojaatida barcha sohalar qatorida turizm sanoati borasida quyidagi fikrlarni bildirdi:

«Hozirgi kunda milliy iqtisodiyotga yuqori daromad keltiradigan istiqbolli tarmoqlardan biri – bu turizmdir. O‘zbekiston turizm sohasida dunyo bo‘yicha ulkan salohiyatga ega bo‘lgan davlat hisoblanadi. Yurtimizda 7300 dan ortiq madaniy meros obektlari mavjud va ularning qariyb 200 tasi YuNeSKO ro‘yxatiga kiritilgan.

Shu bilan birga, mamlakatimizning betakror tabiati, go‘zal dam olish maskanlari imkoniyatlaridan foydalanib, yangi turistik yo‘nalishlar ochish mumkin. Bu sohaga jahon brendlarini faol jalb etgan holda, biz ziyorat turizmi, ekologik, ma'rifiy, etnografik, gastronomik turizm va bu sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratishimiz zarur. Bu borada davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini qo‘llash sohani taraqqiy ettirishda keng imkoniyatlar ochishini hisobga olishimiz lozim.

Samarqand, Buxoro, Toshkent shaharlaridagi muqaddas qadamjolar va yodgorliklarni ziyorat qilish dasturini rivojlantirish va jadallashtirish zarur. Ichki turizm sohasidagi katta imkoniyatlarni ham to‘liq ishga solish lozim».

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2016 yil 2 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni sohada uchrayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etib, uni izchil rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Prezidentimiz mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida turizm haqida so‘z yuritar ekan, bunday serdaromad soha rivoji e'tibordan chetda qolib kelayotgani, uning O‘zbekiston iqtisodiyoti taraqqiyotiga qo‘shadigan hissasini oshirish, tarixiy va madaniy qadriyatlarimizni targ‘ib qilish, shuningdek, valyuta zaxiralarini to‘ldirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rilishi zarurligini alohida ta'kidladi.

Turist — investitsiya degani

Prezidentimiz dunyoning 33 ta mamlakatida O‘zbekiston elchixonalari faoliyat ko‘rsatayotgan elchilarga qarata qilgan onlayn murojaatida O‘zbekistonga xorijiy ivestitsiya hamda turistlarni jalb qilishni, ayniqsa, har bir elchiga har kuni 10 nafar sayyoh jo‘natishga e'tibor berishni ta'kidladi. Ya'ni, turist ham investitsiya degani, degan g‘oyani ilgari surdi.

Davlat rahbarining yurtimizda barcha sohalar qatorida turizmga ham katta e'tibor qaratishi bu sohada ko‘zga tashlanib kelinayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish choralarini jadallik bilan amalga oshirilishida dasturulamal bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. O‘zbekiston yirik turizm salohiyatiga ega mamlakatlar qatorida o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega ekan, demak biz mavjud imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishimiz kerak.

Hozirgacha xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston haqida ko‘proq ma'lumotlarni targ‘ibot qilishda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Xususan, bugungi kunda yurtimizga tashrif buyurayotgan aksariyat sayyohlar turizm firmalari tomonidan jalb etilmoqda. Yevropaning deyarli barcha mamlakatlarida O‘zbekiston haqida aholida yetarlicha ma'lumot yo‘q. Ular aynan turfirmalar orqali eshitib, qiziqish bildirib kelishmoqda.

Shu sohada xizmat qilayotganim bois, ko‘plab xorijiy sayyohlar bilan suhbatda bo‘laman. Qolaversa, Yevropa mamlakatlarida ijodiy uchrashuvlarda ishtirok etib kelaman. Aynan shunday uchrashuvlarda ko‘plab shu kabi ko‘plab fikrlar bildiriladi.

Yevropaliklarning O‘zbekiston haqidagi tasavvurlari

2014 yildan boshlab o‘z hisobimdan Germaniya va Shveytsariya davlatlarida madaniy-ma'rifiy, adabiy-badiiy tadbirlar uyushtirib kelyapman. 2017 yilning bahor va kuz oylarida ham ana shu faoliyatimni davom ettirib, «O‘zbekiston – Buyuk ipak yo‘lining marvaridi» loyihasi doirasida Germaniyaning 27 ta shahrida tadbir o‘tkazdim. Unda 1000 nafardan ortiq olmoniyalik ishtirok etishdi. Uchrashuvlarda O‘zbekiston, uning shonli o‘tmishi, qadriyatlari, urf-odat va ana'analari, me'moriy obidalarga boy shaharlari haqida so‘zlab berdim. Tadbir so‘nggida ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tadi. Ana shunday muloqotlar davomida ayrim germaniyaliklar yurtimiz haqida umuman boshqacha tasavvurda bo‘lganliklari haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.

Ular Yevropa mamlakatlarining ommaviy axborot vositalari, xususan, radio, televideniye, gazeta va jurnallar hamda internet nashrlarida O‘zbekiston haqida ma'lumot deyarli yo‘qligi, bori ham salbiy ruhda yozilganini bildirishdi va bu albatta, juda achinarli hol.

Yevropaliklarning aksariyati O‘zbekiston Afg‘oniston bilan chegaradosh mamlakat bo‘lgani bois sayohat qilish uchun juda xavfli hudud, deb hisoblashadi. Eng fojiali tomoni shundaki, aholining ayrim qatlamlari O‘zbekistonni hali ham Rossiyaga tobe' mustamlaka mamlakat, deb bilishar ekan.

Qariyb bir yarim oy davomida bo‘lib o‘tgan tadbirlar davomida Germaniyaning o‘ndan ortiq nufuzli televideniye va radiolarida ko‘rsatuv va eshittirishlar, shuningdek, 30 dan ortiq bosma nashrlarda O‘zbekiston haqida ijobiy fikrlar bildirgan maqolalar chop etildi.

Dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk sarkarda va davlat arbobi, sohibqiron Amir Temur barpo etgan qudratli Mavorounnahr saltanatining dovrug‘i o‘rta asrlarda butun dunyoga mashhur bo‘lgan. Shunday ekan, o‘sha saltanatning bugungi zamonaviylik kasb etgan ko‘rki va tarovatini yanada kengroq targ‘ib qilish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, xorijlik sayyohlarni yanada kengroq jalb etish bugungi kunning eng dolzarb masalasi hisoblanadi.

Ularning O‘zbekiston haqidagi tasavvurlarini quyidagi havolalardan o‘qib olishingiz mumkin: The Paper (China), Lonely Planet, Suitcase Magazine(Print Version kommt bald raus), Go Girl Guides (Blog),  London Evening Standard,  The Travel Magazine, Huffington Post,

A piece of Viola.



Turizmni rivojlantirishga doir talab va takliflar

Yurtimiz ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan barcha islohotlar negizida Vatan, xalq manfaati turibdi. Barcha sohalarda islohotlar amalga oshirilyapti. Bunday ijobiy o‘zgarishlar, rivojlanishni yangi bosqichga ko‘tarish uchun, hammamiz o‘z vazifamizni chin yurakdan ado etishimiz, fidoyi bo‘lishimiz lozim. Turizm sohasini rivojlantirish va sayyohlar sonini oshirish borasida soha mutaxassisi sifatida takliflarim quyidagicha:

- Turizm sohasida faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlarni berish hamda yer oldi-berdi ishlari yengillashtirilib, jahon andozalariga javob beradigan mehmonxonalar sonini ko‘paytirish, shu orqali raqobatni kuchaytirish, mehmonxona narxlarini arzonlashtirish. Chunki turpaketlar narxi oshgan sayin, yurtimizga keladigan sayyohlar soni ham pasayib boradi. Buning natijasida ular ancha arzon narxlarga ega bo‘lgan boshqa mamlakatlarga borishni afzal ko‘rishadi.

- «O‘zbekiston havo yo‘llari» bilan kelishgan holda, aviabiletlarni onlayn xarid qilishni yo‘lga qo‘yib, shaffof onlayn xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi ham juda dolzarb masala. Rivojlangan mamlakatlarda aviakassa tushunchasi kundalik hayotda hech qachon ishlatilmaydigan so‘z. Turizm taraqqiy etgan biror bir davlatda hech kim aviakassaga borib aviachipta xarid qilmaydi. Biror mamlakatga borgisi kelgan odam uyini tark etmagan holda hamma ishlarini kompyuterdan turib bajaradi. Ko‘pgina yevropaliklar mendan: «Nega sizlarda «O‘zbekiston havo yo‘llari» rasmiy veb-sahifasidan onlayn chipta sotib olishning imkoni yo‘q?», deb so‘rashadi. Agarda reys amalga oshmay qolsa, aviakompaniya veb-sahifasida bu haqda hech qanday ma'lumot berilmaydi. Menimcha, agarda bu yo‘nalishda ham islohotlar olib borilsa, yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarning soni keskin oshadi.

- «O‘zbekiston temir yo‘llari»da ham biletlarni onlayn sotib olish tizimini yana ham mukammallashtirilsa, nur ustiga a'lo nur bo‘lardi. Qolaversa, «Afrosiyob» tezyurar poyezdiga yirik sayyohlik guruhlariga biletlarni sotib olish ancha mushkul ish. 40 kun qolganda tizimda biletlarni sotib olish imkoni bo‘ladi. Lekin kassaga borsang, biletlar soni allaqachon cheklangan.

- Yaqinda Toshkent shahridagi Islom Karimov nomli xalqaro aeportga Frankfurtdan uchib keldim. Ahvol ilgariga nisbatan ancha yaxshilangan. Navbatda ko‘p turmaysiz, chet el fuqarolariga alohida xizmat ko‘rsatuvchi darcha mavjud, umuman olganda, muhit ancha ijobiy holatda. Lekin jomadoningni naq bir soat kutasan. Xudo ko‘rsatmasin, Frankfurt reysi bilan bir vaqtda Rossiya va Turkiya reyslari ham qo‘nsa, urdi xudo... Sayyohlarning aksariyati «olijanob», naq ikkita reys chiqib bo‘lgach, keyin chiqishadi. Shuning uchun sayyohlar uchun samolyotdan tushgan zahoti alohida yashil yo‘laklar yaratilsa va ular qanaqa reys bir vaqtda kelishidan qat'i nazar, tezroq aeroportni tark etishga imkoni bo‘lsa, ushbu sohani rivojlantirishda ancha ijobiy natijaga erishgan bo‘lar edik.

- Men shu Vatanni sevib ardoqlovchi barcha fidoyi yurtdoshlarim singari O‘zbekistonni rivojlanishi tarafdoriman va bunda, albatta, yurtimiz tinchligi hamma narsadan ustun, deb bilaman. Bu borada mamlakatimizda barcha chora-tadbirlar ko‘rilgan. Lekin shunday bo‘lishiga qaramasdan, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarga bir davlatdan bizning yurtimizga chegara orqali o‘tayotganda ular uchun ham alohida tizim yaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ya'ni, ularni cho‘chitmasdan tekshiruvdan o‘tkazib, ozroqqina xushmuomalalik bilan chegaradan o‘tkazish.

- O‘zbekistonni turistik davlat sifatida yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan soha mutaxassislari bilan hamjihatlikda O‘zbekiston to‘g‘risida bitta ixcham «sayyohlar uchun qo‘llanma» tayyorlanib, uni barcha tillarga tarjima qilib, arzon narxda yoki agarda imkoni bo‘lsa, bepul chet sayyohlik firmalariga tarqatish. (Har gal Yevropada bo‘lsam, albatta kitob do‘konlarida soatlab vaqt o‘tkazaman, afsuski O‘zbekiston to‘g‘risida birorta sifatli fotoalbom yo‘q. Butun dunyo mamlakatlari (mubolag‘asiz) to‘g‘risida kitoblar mavjud. Albatta O‘zbekiston to‘g‘risida sayyohlar uchun qo‘llanmalar 3–4 ta bor, lekin uni o‘zbeklar emas, yurtimizga kelib ketgan sayyohlar yoki chetdan kelgan soha vakillari o‘zi bilganicha yozishgan).

- O‘zbekiston haqida qiziqarli ma'lumotlar bilan fotoalbomni turizm sohasi mutaxassislari bilan hamkorlikda (ularning g‘oyalari bilan) nashrga tayyorlab, turli tillarda yuqori sifatda chop etish. Uning narxi qimmat bo‘lmasligi zarur va O‘zbekistonda barcha kitob do‘konlari hamda sayyohlar tashrif buyuruvchi do‘konlarda sotishni yo‘lga qo‘yish. Bu loyiha ustida ijodiy guruhim bilan hozirda ishlamoqdaman.

- Yurtimiz, urf-odat va an'analarimiz, milliy qadriyat va boy tarixiy merosimiz haqida hujjatli va badiiy filmlar konkursi e'lon qilinsa va eng saralarini rag‘batlantirib, ular yaratgan filmlarni ingliz, nemis va boshqa tillarga dublyaj qildirib, xalqaro konkurslarda qatnashsak, sayyohlar soni oshishi tayin.



- Yilning eng go‘zal va tartibli xonadoni, ko‘chasi, mahallasi, qishlog‘i, tumani, shahri, viloyati ko‘rik tanlovlari e'lon qilinsa va har yili ularni rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yilsa, bizning tanti va tirishqoq yurtdoshlarimiz o‘z yashab turgan joyini yaqin yillarda «jannat»ga aylantirib yuborishi aniq. Rivojlangan Yevropa davlatlarida bu juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Germaniyada har yilgi tanlovda ko‘p joylar mahalliy aholi tashabbusi bilan obodonlashtiriladi. Shuning uchun Germaniyaning qaysi qishlog‘i yoki shahriga borsang, ko‘zing quvonadigan darajada hamma joyni bezab qo‘yibdi. Bu esa, o‘z navbatida, sayyohlarni o‘ziga jalb etishi tayin.

Foydalanilgan adabiyotlar:



  1. Xalqaro moliya munosabatlari darslik

https://fayllar.org/j-x-ataniyazov-e-d-alim-ardonoy-xalqaro-moliya- munosabatlari.html?page=25

  1. http://xs.uz/uz/post/eksportni-kengajtirishning-muhim-sharti

  2. https://kun.uz/uz/news/2018/01/02/uzbekistonda-turizm-kaj-avolda-va-uni-rivozlantiris-ucun-nimalar-kilis-kerak-mutahassis-takliflari

Download 225.96 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling