Xankeldiyeva G. Sh., Muminova E. A., Mirzayev A. T., Asraqulov A. S global iqtisodiy rivojlanish (darslik)


Download 1.08 Mb.
bet61/176
Sana27.10.2023
Hajmi1.08 Mb.
#1728474
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   176
Bog'liq
Global iqtisodiy rivojlanish-hozir.org (1)

Savdo-siyosiy ochiqlik davlat makroiqtisodiy siyosatining tashqi savdo, fiskal, valyuta va boshqa yo‘nalishlari bilan aniqlanadi. U mamlakatlararo aloqalarni davlat chegarasining ikki tomonidagi rezidentlar va norezidentlarning o‘zaro iqtisodiy harakatlarini murakkablashtiruvchi sun’iy (hukumat joriy etgan) to‘siqlardan ozod qilish darajasi bilan o‘lchanadi. Bu ma’noda mamlakatning eng ma’qul ochiqligi – mamlakat ichida rezidentlar uchun berilgan bunday to‘siqlardan holi erkinlikdir. U yoki bu mamlakatning savdo-siyosiy ochiqligini aniqlash ancha murakkab, chunki rasmiy import to‘siqlari (tarif stavkalari) turli notarif to‘siqlar, dempingga qarshi choralar bilan almashtiriladi yoki kuchaytiriladi. Bundan tashqari, pasaytirilgan milliy valyuta kursining proteksionistik samarasini ham hisobga olish kerak.
Takror ishlab chiqarish ochiqligi bu – milliy iqtisodiyotning jahon xo‘jalik aloqalari tizimiga jalb etilganlik darajasi. U mamlakat eksporti va importi hajmining uning YaIM hajmiga nisbati bilan o‘lchanadi. Eksport va import – bu istalgan mamlakat milliy iqtisodiyotini tashqi muhit bilan bog‘lab turuvchi ikkita juda muhim kanaldir, uning takror ishlab chiqarish siklining ikki tarkibiy qismidir. Milliy mahsulotni yaratish, taqsimlash va iste’mol qilish jarayoni yaxshi amal qilishi uchun ular tashqi savdo aylanmasi orqali amalga oshirilishi kerak.
Ayrim G‘arb tadqiqotchilari bu jihatni sun’iy ko‘rinishga ega savdo-siyosiy ochiqlikdan farqli o‘laroq, tabiiy ochiqlik deb ham ataydilar. Biroq takror ishlab chiqarish ochiqligi mustaqil, savdo-siyosiy ochiqlikka qarshi turuvchi omil sifatida qaralmaydi, chunki uning import kabi tarkibiy qismi ko‘p jihatdan proteksionizm darajasiga, eksport qismi esa tashqi bozorlarda milliy kompaniyalarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish usullariga bog‘liqdir. Shunday qilib, takror ishlab chiqarish ochiqligi ma’lum ma’noda savdo siyosati bilan tuzatiladi. Lekin umuman olganda, u biror milliy xo‘jalikning holatini aks ettiruvchi ob’ektiv sharoitlar bilan aniqlanadi. Shuning uchun ikki yoki bir nechta mamlakatlarning integratsiyalashuv darajasini baholashda ularning o‘zaro savdo rejimlarini liberallashtirish emas, balki aynan takror ishlab chiqarish ochiqligi muhim sanaladi.
Takror ishlab chiqarish ochiqlik darajasi mamlakatning texnik-iqtisodiy rivojlanish darajasiga, uning ichki bozorining hajmi va tabiiy resurslar bilan ta’minlanganligiga bog‘liq. Bu omillarning birinchisi yuqorida ko‘rib o‘tildi. Lekin bir xil texnik-iqtisodiy rivojlanish darajasidagi takror ishlab chiqarish ochiqligi mamlakat ichki bozorining hajmiga bog‘liq. U qanchalik katta bo‘lsa, bu yerda ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlarning qanchalik ko‘p qismi mamlakat ichida iste’mol qilinsa, tashqi sotish bozorlariga ehtiyoji va iste’mol va investitsion tovarlar va xizmatlar importiga qaramlik shunchalik kichik bo‘ladi. Taxminan bir xil rivojlangan yetti mamlakatdan eng yirigi bo‘lgan AQShning iqtisodiyoti tovarlar va xizmatlar eksporti va importiga kamroq bog‘liq, Amerikaga qaraganda 62 marta kichik ichki bozorga ega Irlandiyada esa import bo‘yicha takror ishlab chiqarish ochiqligi deyarli 70 %, eksport bo‘yicha – 80 % ga teng. Juda kichik ichki bozorga ega Lyuksemburgda esa bu ikkala ko‘rsatkich 100 % dan ancha ortib ketadi. Ko‘rinadiki, bu qonuniyat rivojlanayotgan mamlakatlarda ham amal qiladi.
Nihoyat, takror ishlab chiqarish ochiqligi mamlakatning tabiiy resurslar – energiya resurslari, sanoat uchun xomashyo va aholi uchun oziq-ovqat bilan ta’minlanish darajasiga bog‘liq. Bu jihatdan kamroq ta’minlangan mamlakat o‘z ehtiyojlarini import hisobiga qondirishga majbur, bu esa savdo balansini muvozanatlashtirish uchun eksportni ko‘paytirishni talab qiladi. Lekin, ayni vaqtda, tabiiy resurslar bilan ta’minlanganlik, odatda, dastlabki sanoatlashtirish bosqichlaridan yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni shakllantirishga o‘tishni susaytiradi va shu orqali mamlakatning jahon xo‘jaligi aloqalariga tortilishini orqaga suradi.
Shunday qilib, mamlakat qanchalik yuqori texnik-iqtisodiy rivojlanish darajasiga, yalpi mahsulotning kichik hajmiga ega bo‘lib, tabiiy resurslar bilan kam ta’minlangan bo‘lsa, uning takror ishlab chiqarishdagi ochiqlik darajasi shunchalik yuqori bo‘ladi.
Biror integratsion guruhi a’zo mamlakatlarining o‘zaro takror ishlab chiqarish ochiqligining kattaligi ularning iqtisodiyotlari qanchalik bir-biriga singib ketganligini ko‘rsatadi. Turli savdo-iqtisodiy bloklar doirasida bunday singib ketish darajasini taqqoslash uchun ularning har birida uning o‘rtacha darajasini bilish zarur. Biroq uning o‘rtacha darajasini topish asosida ikkita qiyinchilikka ega. Ulardan birinchisi shundaki, yirik, o‘rta va mayda mamlakatlarning bir-biriga nisbatan turli darajada ochiqlikka ega.
Zamonaviy globallashayotgan dunyoda barcha mamlakatlar tez yoki sust darajada yanada yuqori texnologik ukladlar tomon, va demak, yanada murakkablashgan tarmoq ichki savdosi tuzilmasi, ishlab chiqarish jarayoni taqsimoti va ishlab chiqarish kooperatsiyasining turli-tuman shakllari tomon rivojlanib bormoqda. Tabiiyki, bu jarayonlarning barchasi milliy iqtisodiyotlar doirasi bilan cheklanmaydi va chegaralardan tashqariga chiqib ketadi. YuNKTAD mutaxassislari ta’kidlashicha, ishlab chiqarish ko‘lami, unumdorlik va texnologik nou-xaularning ma’lum darajasidan o‘tib ketgan firmalar tobora faolroq chet elda savdo qilishga intiladi. Eksport sotish bozorlarini kengaytiradi va ishlab chiqarish ko‘lami miqyosidan iqtisod qilishdan to‘laroq foydalanish imkonini beradi, shu bilan birga, firmalarni yangi mahsulotlar va jarayonlar, shuningdek, yangi raqobat xatarlari bilan sinaydi. Bunda o‘xshash iqtisodiy tuzilmaga va texnologik salohiyatga ega mamlakatlar o‘rtasidagi bu jarayon ma’lum rivojlanish darajasiga yetgandan so‘ng tezlasha boshlaydi.
Natijada milliy iqtisodiyotlarning takror ishlab chiqarish ochiqligi tezroq o‘sadi. Ma’lumotlarning ko‘rsatishicha, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar milliy iqtisodiyotlarining ochiqligi 80-yillarning o‘rtalaridan, aniqrog‘i, energetik inqirozni boshdan kechirgandan so‘ng, boshlab ortmoqda.
Bu an’ana, ayniqsa, oxirgi o‘n yillikning boshlariga kelib yanada kuchaydi. Bu o‘rinda gap mintaqaviy integratsiya ishtirokchilari blokining ichki ochiqligi to‘g‘risida emas, balki milliy iqtisodiyotlarning umuman barcha tashqi sheriklarga nisbatan ochiqligi to‘g‘risida bormoqda. Bloklarning ichki ochiqligi umumiy iqtisodiyotning tabiiyki, bir qismi sanalib,ancha kichik bo‘ladi.
Shunga qaramay, bloklardagi ochiqlikning o‘sib borishi asosida mintaqaviylashuv jarayonlariga tobora ko‘proq mamlakatlarni jalb qilish uchun sharoitlar yetiladi. Ularning o‘ziga teng yoki yuqori texnologik ukladga erishgan boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro harakat qilish qobiliyati asta-sekin ortib boradi.
Bunday jalb qilish asosan uch shaklda:
1) mavjud ko‘p tomonlama bloklarga yangi mamlakatlarning qo‘shilishi;
2) bunday bloklar bilan imtiyozli savdo munosabatlarini o‘rnatish (erkin savdo zonalari, bojxona ittifoqlari shaklida);
3) ikki tomonlama ittifoqlarni tashkil qilish ko‘rinishida amalga oshadi.
Shunday qilib, mintaqaviy integratsion jarayonlar katta yoki kichikroq bloklar doirasida amalga oshadigan dastlabki bosqich o‘z o‘rnini eski yoki yangi sanoatlashgan mamlakatlardan iborat mustahkam o‘zakka va o‘rtacha rivojlangan mamlakatlardan iborat chekka qismlarga ega yangi savdo-iqtisodiy tuzilmalarning shakllanishiga bo‘shatib beradi. Bunday tuzilmalar doirasida yirik bozor hududi, yuqori innovatsion salohiyat va qo‘shni mamlakatlarga ham kiritishga tayyor ortiqcha kapitalni jamlagan kuchli o‘zakka ega bloklar tomonidan tabiiy jalb qiluvchi kuchlar sifatida harakat qiladi. Ularning o‘z mintaqaviy blokiga qo‘shilishga tayyorgarlik ko‘rish bosqichida hamda blokka qo‘shilgandan so‘ng kuchli raqobat sharoitlariga moslashishlarni tezlashtirish maqsadida katta moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatishi muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, Yevropa Ittifoqi o‘n yillar mobaynida Sharqiy Yevropaning shunday maqomdagi nomzod mamlakatlariga yirik miqdorda yordam ko‘rsatgan60.
Zamonaviy bosqichning yana bir muhim an’ana bu- ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy bloklardan voz kechib, ko‘proq ikki tomonlama kelishuvlar asosida ishlash tomon yo‘nalishdir, ular sheriklarga ko‘proq harakatlanish erkinligini, alohida qiziqish uyg‘otuvchi tovarlar va xizmatlar turlari bo‘yicha imtiyozlar to‘g‘risida kelishib olish va kelishuvlar mazmunining o‘zini diversifikatsiyalash imkonini beradi.
Shu bilan birga ikki tomonlama alyanslar nafaqat qo‘shni mamlakatlar o‘rtasida, balki bir-biridan uzoqda joylashgan mamlakatlar o‘rtasida ko‘proq yuz beradi. Masalan, AQSh Avstraliya, Isroil, Singapur, Iordaniya, BAA va Ummon bilan, Hindiston Chili va Mavrikiya bilan, Singapur Iordaniya, Peru, Chili bilan, Yaponiya Meksika bilan shunday kelishuvlarga ega61.
Shunday qilib, jahon iqtisodiy makoni ikki tomonlama va ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy kelishuvlar tarmog‘i orqali tobora keng qamrab olinmoqda. Bu shuni anglatadiki, JST boshchiligida liberallashtirilayotgan xalqaro savdo bilan birga tobora kengroq mintaqaviy bozor makonlari paydo bo‘lmoqda, ular proteksionistik to‘siqlardan nisbatan holi bo‘lganligi sababli ham milliy iqtisodiyotlarning bloklarga qo‘shilishi uchun yanada qulay imkoniyat yaratadi.
Yaqin kelajakda bloklararo bunday kelishuvlarning yanada ko‘payishi kutilmoqda. Bu jarayonlarning har ikkalasi hozirgi kunda tez shakllanayotgan mintaqaviy va mintaqalararo savdo-iqtisodiy bloklar tarmog‘i vaqt o‘tishi bilan butunjahon erkin savdo zonasiga aylanishi mumkinligini ko‘rsatadi. JSTning barcha yoki deyarli barcha a’zolarini qamrab oluvchi bunday global tizim ko‘p jihatdan jahon hukumatlararo tashkilotlar o‘rnini egallashi, to‘liq egallamagan taqdirda hech bo‘lmaganda, uning xalqaro savdoni rivojlantirishga yordam beruvchi mexanizmi rolini kamaytirib bemalol uning o‘rnini bosishi mumkin.
Shu bilan birga uning rivoji iqtisodiy globallashuv va mintaqaviylashuv o‘rtasidagi mavhum ziddiyatga barham beradi. Bu ularning nafaqat hududiy mos kelishi tufayli, balki xo‘jalik hayoti baynalmilallashuvini rivojlantirish va barqarorlashtirishdagi maqsadlar mushtarakligi tufayli ro‘y beradi. To‘rtinchi, keyin esa beshinchi texnologik ukladning butun dunyo bo‘yicha tarqalishi bilan milliy iqtisodiyotlarning ham global doirada, ham makro va mikromintaqalar darajasida o‘zaro bog‘liqligi kuchayib boradi. Nihoyat, ularni ulkan integratsion aralashmaga aylantiradiki, bu yerda davlat chegaralarining ahamiyati kamayadi, ular hatto yo‘q bo‘lib ketishi ham mumkin.
Albatta, bu faqat taxmin, xolos. Xo‘jalik hayoti baynalmilallashuvining amalda rivojlanishi kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelishi va o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishi ham mumkin. Lekin dunyo hamjamiyati odida milliy iqtisodiyotlar o‘zaro bog‘liqligining kuchayishidan boshqa yo‘l yo‘q. Milliy xo‘jaliklar va ularni himoyalovchi mustaqil davlatlar davri asta-sekin, lekin izchil ravishda o‘tmishga aylanmoqda.



Download 1.08 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   176




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling