Xankeldiyeva G. Sh., Muminova E. A., Mirzayev A. T., Asraqulov A. S global iqtisodiy rivojlanish (darslik)
Global inqirozlarning jahon ishchi kuchi miqyosi va tarkibiga ta’siri, xalqaro ishchi kuchi bozorini tartibga solish vositalari
Download 1.08 Mb.
|
Global iqtisodiy rivojlanish-hozir.org (1)
8.6. Global inqirozlarning jahon ishchi kuchi miqyosi va tarkibiga ta’siri, xalqaro ishchi kuchi bozorini tartibga solish vositalari
Ma’lumki, hozirgi vaqtda jahonda ro‘y berayotgan moliyaviy inqiroz va uning oqibatlari jahon iqtisodiy tizimining turli sohalariga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Odatda, retsessiya uzoq muddatli iqtisodiy tendensiyalarga kuchli ta’sir o‘tkazmaydi. Biroq global inqirozlar aholi daromadlari va bandligiga uzoq muddatli, hatto doimiy ta’sir etish kuchiga ega bo‘ladi. Bu ta’sir rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda turlicha namoyon bo‘ladi. Hozirda ko‘plab mutaxassis va ekspertlar tomonidan jahon moliyaviy inqirozining global tus olishi va iqtisodiy inqiroz jarayonlarining kuchayishi retsessiya va iqtisodiy pasayishni, investitsion faollik ko‘lami cheklanib borishini, talab va xalqaro savdo hajmining kamayishi hamda jahonning ko‘plab mamlakatlariga ta’sir ko‘rsatadigan jiddiy ijtimoiy talafotlar sodir bo‘lishi mumkinligi e’tirof etilmoqda. Xususan, 2008 yilda jahon miqyosida bevosita xorijiy investitsiyalar oqimi 20% gacha pasayganligi kuzatilgan. 2009 yilda ham jahon yalpi ichki mahsuloti hamda pasayishi, bevosita xorijiy investitsiyalar ko‘lamining yanada pasayishini kuzatilgan. Xalqaro savdo hajmi qariyb 15% dan ortiqroqqa pasaygan. Bu holat esa ishsizlik darajasining ortishi bilan bog‘liq jiddiy ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu, o‘z navbatida, ijtimoiy transfertlarning ko‘payishi davlat xarajatlarining o‘sishiga olib keladi. Shunga ko‘ra, hukumatlar darajasida inqirozdan chiqish bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqishda bandlik masalalarini, talabni rag‘batlantirish orqali ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan keskin choralarni ko‘rish masalasini ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda. Moliyaviy inqiroz tezda mehnat bozoridagi inqirozga aylandi. 2009 yilda iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlarda ishsizlik darajasi 9 % dan ortib ketdi. Global moliyaviy inqiroz davrida AQShda ishsizlik bu darajadan allaqancha oshib ketdi. 2009 yil may oyida 2007 yil dekabriga nisbatan 6 mln. ish joyi yo‘qotilgan, ishsizlarning umumiy soni esa 14,5 mln. dan ortib ketdi. Ispaniyada 2009 yil aprelda umumiy ishsizlik darajasi 15 %ga, migrantlar orasida esa 28 %ga yetdi156. Inqirozdan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlarga migrantlarning ko‘pchilik qismi yashaydigan mamlakatlar, ya’ni rivojlangan mamlakatlar kiradi. Inqirozning migrantlarga salbiy ta’sirini nafaqat rivojlangan mamlakatlarda, balki Fors ko‘rfazi, Sharqiy Osiyo va G‘arbiy Afrikada ham kuzatish mumkn. Mehnat bozoridagi inqiroz eng avvalo migrantlar uchun yomon ta’sir ko‘rsatadi, chunki mamlakatlar inqirozli holatlarda birinchi navbatda xorijiy ishchilarni ishdan bo‘shatadi. O‘rtacha olganda migrantlar yoshroq bo‘lib, pastroq malakaga va ish stajiga ega, odatda, vaqtinchalik lavozimlarda ishlaydi va siklli rivojlanuvchi tarmoqlarga jamlangan. Bu esa pasayish paytida eng zaif hisoblangan guruhga xos tavsiflardir. O‘tkazilgan tahlillardan ma’lum bo‘ldiki, iqtisodiy pasayish davrida migrantlar o‘z vatanida yashovchilarga nisbatan ko‘proq ish yo‘qotadi. 1998-2008 yillarda 14 ta Yevropa mamlakatining yalpi ichki mahsulot va ishsizlik bo‘yicha choraklik ko‘rsatkichlari asosida aniqlanishicha, retsessiyani boshdan kechirgan mamlakatlarda migrantlar orasida ishsizlik darajasi boshqa guruhlarga nisbatan tezroq o‘sadi. IXRT a’zo mamlakatlarida migrantlarning katta qismi siklli rivojlanuvchi tarmoqlarda, jumladan, qayta ishlash sanoati, qurilish, moliya, ko‘chmas mulk, mexmonxona va restoran xo‘jaligi kabi tarmoqlarda jamlangan. IXRTning deyarli barcha yuqori daromadga ega a’zo mamlakatlarida migrantlarning 40 foizi shu tarmoqlarda mehnat qilgan va bu sohalarda ish joylarining qisqarishi eng ko‘p kuzatilgan. Migrantlarning ko‘chishiga inqirozning naqadar kuchli ta’sir etishini aniqlashda bir qancha omillarni hisobga olish kerak. Ushbu omillarga vatanida va chet elda bevosita rivojlanish istiqbollari, migratsiya, chet elda yashash va qaytish tavakkalchiligini anglash va kuchayib boruvchi to‘siqlar kiradi. Ishchilarni jalb qiluvchi ayrim asosiy mamlakatlar qaytish uchun qulay imkoniyatlar (bonuslar, chiptalar, ijtimoiy to‘lovlar bo‘yicha yirik mablag‘lar) yaratib berdi, shu bilan birga mamlakatga kirish va yashash bo‘yicha to‘siqlarni ham ko‘paytirdi. 2008 yil mobaynida inqirozning kuchayishi natijasida rivojlangan mamlakatlarga migrantlar oqimining kamayganini ko‘rish mumkin. Buyuk Britaniyada mamlakatda yashayotgan xorijliklardan milliy sug‘urta kartochkalariga talabnomalar soni 25 %ga kamaydi. AQSh aholini ro‘yxatdan o‘tkazish byurosi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar 2007 yil sentyabrdan 2008 yil avgustigacha meksikalik migrantlar oqimining 25 %ga kamayganini ko‘rsatdi. Bu tendensiyalar 2009 va 2010 yillarda ham davom etganligi kuzatiladi. Biroq bunday teskari oqimlar paydo bo‘lmasligi ham mumkin. 1970-yillarda Yevropa mamlakatlarining gastarbayterlar uchun dasturlar tajribasi ko‘rsatishicha, teskari oqimlarning hajmi qabul qiluvchi mamlakatga qaytish istiqbollariga, mamlakatning ijtimoiy ta’minot tizimiga, oila a’zolarining ehtiyojlari va o‘z vatanidagi shart-sharoitlarga bog‘liq. Hozircha global inqirozlarning migratsiya modellariga ta’siri noaniq. Avvalgi retsessiyalarning ko‘rsatkichlari inqiroz turli oqibatlarni keltirib chiqarishini ko‘rsatadi. Avstraliya, Argentina, Braziliya, Kanada, Buyuk Britaniya va AQSh mamlakatlari misolida o‘rganilganda, 1850-1920 yillarda mamlakatda ish xaqining pasayishi immigratsiyaga cheklovlarning zaiflashishiga olib kelgan. Ayrim olimlarning ta’kidlashicha, Yevropada uzoq muddatli iqtisodiy stagnatsiya, tarkibiy ishsizlik va malakasiz ishchi kuchiga pasaygan talab davrini boshlab bergan 1973 yildagi neft inqirozi migratsiya modellariga shunday ta’sir ko‘rsatdiki, natijada nisbatan boyroq bo‘lgan Yaqin Sharq mamlakatlari yangi ishchi kuchini jalb qiluvchi markazga aylandi. 1980-yillarda Meksikada import o‘rnini qoplash siyosatining tanazzulga uchrashi AQShga ommaviy migratsiya oqimini keltirib chiqardi va bu holat 1986 yilda bexosdan AQShda immigratsion islohotning o‘tkazilishi bilan rag‘batlantirildi. Shu bilan birga 1990-yillar oxirida ro‘y bergan janubiy-sharqiy Osiyodagi moliyaviy inqirozning xalqaro migratsion oqimlarga uzoq muddatli ta’siri kuzatilmaydi. Hozirgi bosqichda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tuzilmaviy o‘zgarishlar turi va ko‘lamini aniq aytib berish qiyin. Ayrim olimlarning fikricha, rivojlangan mamlakatlarning muayyan tarmoqlarida inqirozning boshlanishi va faol rivojlanishi rivojlanayotgan mamlakatlar, ayniqsa, Osiyo mamlakatlarining o‘rnini kuchaytirishi va hatto jahon iqtisodiyotining tubdan o‘zgarishiga ham olib kelishi mumkin. Jahon moliyaviy inqirozining pul o‘tkazmalar hajmiga ta’sirini tahlil qiladigan bo‘lsak, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, inqiroz boshlanganda Yevropa mamlakatlaridan Afrikaga pul o‘tkazmalar miqdori oshdi. Bunga sabab, ko‘pchilik migrantlar mehnat qilayotgan mamlakatlardagi bank hisoblarini yopib, pul mablag‘larini o‘z yurtiga o‘tkaza boshladilar va 2008 yilda bu ko‘rsatkich rekord darajaga yetdi. Biroq keyingi davrda ularning miqdori tabiiy ravishda ancha qisqardi. 2009 yilda asosiy ishchi kuchini qabul qiluvchi mamlakatlarda boshlangan va global tus olgan iqtisodiy inqiroz rivojlanayotgan mamlakatlarga pul o‘tkazmalarining hajmi qisqarishiga olib keldi. O‘tkazmalarga kuchli bog‘langan mamlakatlarga, jumladan, Bangladesh, Misr, Salvador va Filippinga pul oqimi jiddiy qisqardi. Inqiroz turli mamlakatlar va turli mintaqalarda pul o‘tkazmalar hajmiga har xil ta’sir ko‘rsatdi. Tahlillarga ko‘ra, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga pul o‘tkazmalari nisbiy va miqdoriy jihatdan eng ko‘p qisqardi. Bu Yevropa Ittifoqiga a’zolik va Rossiyadagi kuchli iqtisodiy ko‘tarilish orqasidan kelgan kuchli teskari oqim bilan tushuntiriladi. Moldova va Tojikistonda YaIMda pul o‘tkazmalarning ulushi dunyo bo‘yicha eng yuqori (mos ravishda 45 va 38 foiz) bo‘lib, global moliyaviy inqiroz ta’sirida 2009 yilda ular 10 % ga tushdi. Salvadorda YaIMning 18 %ni tashkil qiluvchi pul o‘tkazmalarning jiddiy foizli qisqarishi ro‘y beradi. Sahroi Kabirdan Janubiy Afrikaga pul o‘tkazmalarning ¾ qismi inqirozdan katta zarar ko‘rgan AQSh va Yevropadan kelib tushgan. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi ko‘plab mamlakatlar iqtisodiyotiga hanuzgacha o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Buni dunyoning aksariyat mamlakatlarida ishsizlik darajasi ortib borayotganligi bilan ham izohlash mumkin. Mamlakat mustaqil kasaba uyushmalari Federatsiyasining ma’lum qilishicha, inqiroz paytida Rossiyada 2,6 million kishi rasmiy ishsizlar ro‘yxatiga olingan. Ro‘yxatga olinmaganlari bilan qo‘shib hisoblaganda esa ishsizlarning umumiy soni 2010 yil yanvar oyi oxirida 6,8 million kishini tashkil etgan. Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2010 yilning 24 fevralidan 3 martigacha bo‘lgan muddatda Rossiyada ishsizlik 0,1 foizga kamaygan bo‘lsa-da, ammo yil davomida ishsizlik darajasining yana pasayishi kuzatilgan. Global inqiroz sharoitida ishsizlik darajasi ortib, bu birinchi galda fan va xalq ta’limi, sanoat, qurilish materiallari va ko‘mir ishlab chiqarish sohalariga o‘z ta’sirini ko‘rsatish taxmin qilinmoqda. Download 1.08 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling