Franklar davlatida huquqning asosiy belgilari. G‘arbiy Yevropa mamlakatlari davlatlarining rivojlanishi bilan birga ularning huquqiy tizimlari ham rivojlanib bordi. Feodal tarqoqlik davrida huquq «partikulyarizmi», ya’ni butun mamlakat uchun yagona huquqning yo‘qligi bartaraf etilishi, ayniqsa tabaqa-vakillik monarxiyasi davridan boshlab jadallashdi. G‘arbiy Yevropaning qit’a qismi mamlakatlarida huquq shakllarining o‘zaro yaqinlashuvi yuz beradi. Angliya feodal huquqi alohida rivojlanib boradi. Shu tariqa G‘arbiy Yevropa huquqi ikki qismga, ya’ni ingliz-sakson huquqi va qit’a huquqiga ajraladi.
Huquq manbalari varvarlar haqiqatlaridan iborat bo‘lib, ular odat huquqini o‘zida mujassam etgan. Ayrimlari rim huquqi bilan aralashgan. Ular «sali», «ripuar», «alleman», «bavar», «sakson», «tyuring» haqiqatlariga bo‘lingan. V asr va IX asr boshlarida vujudga kelgan.
Bundan tashqari, huquq manbalari qatoriga dastlabki qonun hujjatlari sifatida qaraluvchi qirollar edikti (qonunlar to‘plami), farmonlari (bonni), farmoyish-qonunlari (kapitulyariy)ni kiritish lozim. Shuningdek, qirolning immunitet yorliqlari, qoida yorliqlari, odat huquqi va cherkov huquqini ham kiritish maqsadga muvofiqdir.
Huquq manbalari u yoki bu masalani tartibga solish bo‘yicha ajratilmagan bo‘lib, unda ko‘pgina masalalarga oid qoidalar o‘z aksini topgan. Chunonchi, franklar qirolliklarida huquqiy tartibga solish o‘zaro farq qiladi.
Huquqiy tartibga solishda mulkiy munosabatlar, majburiyatlar, nikoh va oila, meros hamda jinoyat va jazo sohalariga alohida yondashish uchraydi.
Jinoyat va jazo masalalarida jinoyatchi va jabrlanuvchining ijtimoiy ahvoli inobatga olingan. Og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lib, ordaliya instituti amal qilgan. Jarima jazo ham qo‘llanilgan.
Fransiya davlati (IX asrning o‘rtasi – XVIII asr oxiri). Verden shartnomasi asosida tashkil topgan davlatlar ichida eng yaxliti «g‘arbiy franklar» davlati bo‘lib, u keyinchalik tashkil topgan Fransiyaning asosi bo‘ldi. G‘arbiy franklar davlati aholisining asosiy ommasi endi tashkil topayotgan fransuz xalqidan iborat bo‘lib, alohida shimoliy roman tilida ilk fransuz tilida gaplashgan. Poytaxti Parij shahri bo‘lib, X–XI asrlarda davlat Fransiya deb atala boshlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |