Zahiriddin muhammad bobur ijodining o‘zbek adabiyoti va tarixida tutgan o‘rni va ahamiyati
Download 21.39 Kb.
|
Primova Sevinch
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kalit so ‘zlar
- Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR IJODINING O‘ZBEK ADABIYOTI VA TARIXIDA TUTGAN O‘RNI VA AHAMIYATI Primova Sevinch Bahodir qizi Chirchiq davlat pedagogika universiteti O`zbek tili va adabiyoti yo`nalishi 1-kurs talabasi ANNOTATSIYA Ushbu maqolada shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur merosining o‘zbek tili, adabiyoti, tarixi, etnografiyasida tutgan o‘rni va ahamiyati haqida so‘z boradi. Kalit so‘zlar: temuriyzoda, memuar asar, “Boburnoma”, «Xatti Boburiy», g‘azal, ruboiy. Zahiriddin Muhammad Bobur XV-XVI asr Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston tarixida chuqur va o`chmas iz qoldirgan buyuk shaxs, nodir iste’dod egasi. Bobur Mirzo Amir Temur hukmronligidan so‘ng Temuriylar davlatini bir qadar birlashtirishga muvaffaq bo`lgan temuriyzoda hukmdordir. Bobur Mirzo shaxsi to‘g‘risida so‘z borganda, albatta, XV-XVI asrlarda O‘rta Osiyo xususan Movarounnahr, Xuroson tarixiga alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Chunki Mirzo Bobur bu davr tarixida, siyosiy va adabiy hayotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shaxs bo‘lgan. Zahiriddin Muhammad Boburni tarixda nafaqat buyuk hukmdor balki, o‘zidan boy adabiy-memuar meros qoldirgan adib sifatida ham bilamiz. U o’zbek adabiyotidagi dastlabki nasriy-memuar, tarixiy-ilmiy asar “Boburnomani” yaratgan. Qadimiy Movarounnahr va undagi xalqlar hayoti haqida jonli guvohlik beruvchi asarlar orasida “ Boburnoma “ alohida ajralib turadi. Ajoyib lirik shoir, o’zbek adibi Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan yaratilgan bu asar ijtimoiy – tarixiy, ilmiy–.– tabiiy va adabiy lingvistik ma’lumotlar xazinasidir. Unda 1494-yildan 1530-yilgacha O’rta Osiyo, Afg’oniston va Hindistonda kechgan voqealar bayon etilgan. Zahiriddin Muhammad Boburning tarjimayi holi, asosan, “Boburnoma”da yoritilgan. Shoirning o’z qo’li bilan, ona tili – turkiy (eski) o’zbek tilida yozilgan bu kitob o’zbek adabiyoti tarixida tarjimayi hol adabiy shaklning mukammal namunasi bo’la oladi. O‘tmish adabiyot va tarix, musiqa va san’atdan yaxshi xabardor bo‘lgan, diniy ta’limotga chin ixlos qo‘ygan Bobur har doim olimu fozillar davrasida bo‘ldi, xususan ijod ahliga, kasbu hunar sohiblariga samimiy ehtirom ko‘rgazib homiylik qildi, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib turdi. “Boburnoma” da ilm – fan, san’at va adabiyot ahllariga ham katta o’rin berilgan. Bobur Navoiy, Jomiy, Binoiy, Muhammad Solih, Hiloliy, Sayfi Buxoriy, Husayn Udiy kabi qator shoirlar va san’atkorlar haqida ma’lumot beradi, ularning asarlardan namunalar keltiradi, ba’zan hayoti, faoliyati va shaxsiy sifatlari haqida qiziqarli faktlarni keltiradi. "Boburnoma" bu kishilarning hayoti va faoliyatini o’rganishda, ularning madaniy hayotdagi o’rnini belgilashda juda ahamiyatlidir. Z.M.Bobur “Mubayyin al-zakot”, “Muxtasar”, “Harb ishi”, “Musiqa ilmi”, “Kobul devoni”, “Hind devoni” kabi bir qator asarlari ham mashhur. Afsuski, “Harb ishi”, “Musiqa ilmi”, “Kobul devoni” singari asarlari topilmagan. Boburning yuqorida keltirilgan asarlaridan tashqari, «Xatti Boburiy», shuningdek musiqa san’ati va harb ishlariga maxsus bag‘ishlangan qator risolalari ham bo‘lgan. «Xatti Boburiy»da muallif arab alifbosini tahrir etib, yozuvni soddalashtirish va osonlashtirish maqsadida uni turkiy til va talaffuz mezonlariga moslashtirgan. Hozirda Boburning 119 g‘azali, bir masnu she’ri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qit’alari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham o‘rin olgan. Boburning ulkan san’atkorligi shundaki, shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga ko‘tara oladi va natijada asarlarida olg‘a surilgan g‘oyalar umuminsoniy qadriyatlar darajasiga ko‘tariladi. Bobur ijodida, xususan, she’riyatida kindik qoni to‘kilgan ona yurtini dildildan qo‘msash, uning tuprog‘iga talpinish, g‘ariblik azoblaridan o‘tli hasrat, yoru diyor soginchi va visol ilinji, taqdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosozliklaridan nola badiiy tahlil etiladi. Darhaqiqat, Bobur ijodiga nazar tashlar ekanmiz, ko‘pgina she`rlari hasbi hol mazmunida bo‘lib, mavzu jihatdan vatan va unga bo‘lgan sog‘inch asosiy o‘ringa chiqdi. Uning ijodida o‘z hayoti bilan baqamtilik sezilib turadi: shoh sifatida boshiga tushgan qiyinchiliklarni qog‘ozga tushirdi. Zero, vatandan ayrilik, Vataniga hukmdor bo‘lolmagani shoir nazdida o‘z “xato”laridan biri ekanligini yozdi. Tarixiy asarlarga nazar tashlar ekanmiz, o‘sha davrda Movarounnahrdagi ijtimoiy-siyosiy muhit Boburning yurtda uzoq vaqt hukmdorlik qilishiga yo‘l bermagan. Boburning o‘zi xususidagi yuqoridagi ayblovi esa uning o‘ziga nisbatan talabchanligidan, kamtar inson bo‘lganidan dalolat beradi. U benihoyat aziyat chekib, o‘zga yurtga (avval Kobulga) ketishga majbur bo‘ladi. Shoir bu haqda quyidagi g‘azalda shunday deydi: El bilmasa holatim, bilur yor, Holimdin erur Xudoy ogoh. Kobul sori gar azimat etsang, Qurbon qilay o‘zni sanga, ey shoh! Bobur yana o‘tluq oh chekting, Kuydurmasun elni oh nogoh! Ko‘rinadiki, Bobur hayotidagi turli qiyinchiliklar, qarama-qarshiliklar, garchi u zakovat bobida ham munosib tarbiya ko‘rgan bo‘lsa-da, uning aql charxini yanada o‘tkirlab, donishmandga aylantirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ma`lumki, Bobur adolatli podshoh sifatida, hukmron bo‘lgan yurtlarda ham adolatli siyosat yuritdi. Xalqni ma`rifatga, bunyodkorlikka chorladi. Ma`naviy hayotga salbiy ta`sir etuvchi omillardan voz kechib, jamiyat hayotida ularni ta`qiqlab qo‘ydi. Hind xalqi hayoti va madaniyatining gullab-yashnashiga yuksak hissa qo‘shdi. O‘zining ilm-u irfoni bilan ma`rifatni yanada rivojlantirdi. Ammo umr bo‘yi uning xayolini Vatan, unga bo‘lgan intilish band etdi: Ne yerda bo‘lsang, ey gul andadur chun joni Boburning, G‘aribing‘a tarahhum aylagilkim, andijoniydir. Demak, Bobur ijodida vatan motivi g‘oyat yuksak ahamiyat kasb etadi. Zero, u o‘zga yurtda oshyon qurgan bo‘lsa-da, o‘z yurtini, o‘zligini unutmagan chin o‘zbek farzandidir. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari, bebaho ilmiy va ijodiy merosini o‘rganish va o‘rgatish orqali bilim, tafakkurimiz ortadi, dunyoqarashimiz kengayadi va og‘zaki va yozma nutqimiz yanada ravon va go‘zal bo‘ladi. Demakki, buyuk ajdodimiz ijodini ,,ko‘p va xo‘b’’ o‘rganmog‘imiz, ularning ibratli va shonli hayot yo‘llarini o‘zimizga dasturilamal qilib olmog‘imiz zarur. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: Sh.Sariyev ,,Adabiyot fanidan yaxlit o‘quv-didaktik qo‘llanma” Sharq nashriyoti Toshkent 2014 «Ma’naviyat yulduzlari», «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent -2011 Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” Toshkent “IJOD-PRESS” 2020 www.ziyonet.uz Download 21.39 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling