Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish – Markaziy Osiyoning barqarorligi va taraqqiyoti kafolatidir. Samarqanddagi xalqaro anjumanda so‘zga chiqar ekan, O‘zbekiston Prezidenti xavfsizlikka tahdidlarni “o‘ziniki va o‘zgalarniki” deb ajratishdan voz kechish, “yalpi xavfsizlik” tamoyiliga amalda rioya qilish zarurligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri da'vat qildi.
Tinch Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlarining Hind okeani va Fors ko‘rfazi portlariga eng qisqa yo‘lini ta'minlashi, Hindiston, Eron va Pokistonni Yevropa va Yaqin Sharq bozorlari bilan bog‘lashi mumkin.
Shu munosabat bilan Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatishning asosiy masalalari bo‘yicha keng va qat'iy xalqaro konsensusni tasdiqlash, mamlakatda milliy yarashuv bo‘yicha afg‘onistonliklar rahbarligida va ularning sa'y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston doimo Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy jihatdan tartibga solishning qat'iy tarafdori hisoblangan va shunday bo‘lib qoladi. Mamlakatimiz qo‘shni davlatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda.
Shu jihatdan Shavkat Mirziyoyev tomonidan Afg‘oniston bilan hamkorlikda joriy yilning 2018-yilning 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasidagi va mintaqaviy hamkorlik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasini o‘tkazish tashabbusining ilgari surilishi O‘zbekiston rahbariyatining mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash bo‘yicha umumiy strategiyasining ajralmas bo‘lagi hisoblanadi.
Mamlakatimiz afg‘on muammosiga bag‘ishlangan deyarli barcha xalqaro forumlarda faol ishtirok etmoqda. «Kobul jarayoni», «Moskva formati», «Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni» forumi, Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro aloqa guruhi, «ShHT – Afg‘oniston» aloqa guruhi, Afg‘oniston bo‘yicha mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi shular jumlasidandir.
2018- yil 19 yanvar kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi davomida O‘zbekiston va Afg‘oniston tomonidan Toshkent forumining qo‘shma taqdimoti tashkil etildi.
Toshkentdagi konferensiya 2018 yil 28 fevral kuni Afg‘oniston poytaxtida o‘tgan «Kobul jarayoni»ning ikkinchi yig‘ilishidan so‘ng bo‘ladi va xalqaro hamjamiyat tomonidan ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |