"zamonaviy lingvistika"


- va 8-ma’ruza. Lingvomadaniyatshunoslik fanining yo‘nalishlari


Download 321.66 Kb.
bet6/39
Sana16.06.2023
Hajmi321.66 Kb.
#1504671
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   39
Bog'liq
zamonaviy lingvistika

7- va 8-ma’ruza. Lingvomadaniyatshunoslik fanining yo‘nalishlari.
REJA:
1. Lingvomadaniyatshunoslik fanining an’anaviy va zamonaviy lingvistik fanlar
bilan bogliqligi.
2. Lingvomadaniyatshunoslikning yo‘nalishlari:
a) diaxronik lingvomadaniyatshunoslik va uning tadqiqot obyekti;
b) chogishtirma lingvomadaniyatshunoslik va uning tadqiqot obyekti;
c) lingvomadaniy leksikografiya va uning tadqiqot obyekti.

Lingvomadaniyatshunoslik fanining an’anaviy va zamonaviy lingvistik fanlar bilan chambarchas bog‘liq. Til – etnik belgi. Bir xalq tilining boshqa xalq tili bilan bo‘lgan munosabatini aniqlash orqali etnograf xalqlar o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqani kuzatishi mumkin. Tilshunos u yoki bu tilni o‘rganishda xalq etnografiyasi materiallaridan foydalanadi. Ayniqsa, dialektal leksikani o‘rganishda etnografik ma’lumotlar qo‘l keladi.


Tilshunoslikning etnografiya bilan aloqasi tillarni tasnif qilishda, xalqlarning tarixiy taraqqiyotini tilda o‘z aksini topishini o‘rganishda ham namoyon bo‘ladi. Tadqiqotning bu yo‘nalishi etnolingvistika deb ham yuritiladi.
Til o‘ziga xos xususiyatga ega insoniy hodisa bo‘lib, shu vaqtning o‘zida inson tafakkurining samarasi va tafakkurning moddiy shakli hamdir. Til yordamida insonlar o‘zlari va boshqalar uchun tushunarli tarzda fikr va his-tuyg‘ularini ifoda qiladilar. Shuning uchun til haqidagi fan tafakkur qonunlarini va inson psixikasini o‘rganuvchi fanlar mantiq va psixologiya bilan bog‘liqdir.
Til – fikr ifodalash quroli. Fikr esa mantiqda o‘rganiladi. Grammatikaning kategoriyalari mantiq kategoriyalarni ifodalaydi. Mantiq bilan grammatikaning ob’ektlari – fikr va til o‘zaro bog‘liq. Tilshunoslik psixologiya bilan ham o‘zaro bog‘liqdir. Psixologiya – inson ruhiy jarayonining qonuniyatlarini o‘rganadigan fan. Tilshunoslik bilan psixologiya o‘rtasida mavjud bo‘lgan muammo psixolingvistikada o‘rganiladi. Psixolingvistika inson nutq faoliyati qonuniyatlarini o‘rganadigan, tilshunoslik bilan psixologiya fanlarini bir biriga uzviy bog‘laydigan yangi sohadir. Tilning lug‘at boyligini yod olish mumkin, ammo gaplar sonini yod olish yoki eslab qolishga inson qodir emas. Darhaqiqat, inson ma’lum miqdordagi tajriba va qoidalar yordamida cheksiz miqdorda yangidan-yangi jumlalarni yaratish qobiliyatiga ega. Psixolingvistika fanining asosiy maqsadlaridan biri ana shu qobiliyatning rivojlanish qonuniyatlarini ilmiy asosda o‘rganishdir.
Modomiki, til – inson fikrini amalga oshirish vositasini tashkil qilsa, u insoniy madaniyatning rivojlanish va mavjudligini ro‘yobga chiqaradi va barcha qoidalarning ifoda vositasi hisoblanadi. Madaniyatning shunday sohasi borki, unda til qurilish materialidek yoki bo‘lmasa, xuddi musavvirning bo‘yoqlari yoki haykaltaroshning loyi va marmaridek xizmat qiladi.
Bu – adabiyotdir.
Adabiyotshunoslik va tilshunoslik faqatgina chegaradosh emas, balki bir-biriga singuvchi sohalardir. Yozuvchining ijodi o‘rganilayotganda, uning asarining tili ham o‘rganiladi, tilshunos uchun material sifatida badiiy adabiyot xizmat qiladi. Tilshunoslik va adabiyotshunoslik filologiyani tashkil qiladi. Tilshunoslik bilan adabiyotshunoslikning aloqasi ayniqsa stilistika, adabiy til tarixi, adabiyot muammolarini o‘rganishda yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Til – ijtimoiy hodisa bo‘lib, shu bilan birga u insonning fiziologik tuzilishi, nerv sistemasi, miyasi, nutqiy apparati bilan bog‘liqdir.
Inson fiziologiyasi, xususan, akademik I.B. Pavlovning 2-signal sistemasi nazariyasi tilshunoslik faniga ham qo‘shilgan ulkan hissa bo‘ladi.
Inson oliy nerv sistemasining faoliyatini o‘rganish tovushlarning o‘zgarish qonuniyatlarini assimmilyatsiya va dissimilyatsiya kabi fonetik hodisalarni ilmiy tushunishga imkon beradi. Til tovush tarzida mavjuddir, buni fizik hodisa sifatida ko‘rishimiz mumkin. Tabiatdagi xohlagan tovush alomatlari inson nutqining akustik tovushida ham mavjud. Shundan ma’lum bo‘ladiki, tilshunoslik fizika bilan ham bog‘liqdir.
Nutq tovushlari xususiyatlarini (ohang, ton, tembr va hokazolar), nutq tovushlarini tasnif qilish prinsiplarini o‘rganishda fizika fanining hissasi bor.
Til – fikrni ifoda qilish va yetkazishning asosiy vositasidir, lekin tildan tashqari boshqacha – imo-ishoralar, mimika, sonlar, tasviriy san’at va boshqalar yordamida ham yetkazish mumkin. Har xil signallar, o‘xshashliklar va farqlarni aniqlaydigan fan semiotika deyiladi.
Fanda anchadan beri texnik vositalar yordamida uzoq masofalarga xabarlarni yetkazishga harakat qilingan. Hozirgi paytda bu telefon, radio, televideniya, elektron mashinalar (axborot beruvchi mashinalar), kompyuter, faks, uyali telefonlar, “internet”, elektron pochtalar, sun’iy yo‘ldosh yordamidagi aloqalar shular jumlasiga kiradi.
Umuman, keyingi paytda tilshunoslikning amaliy ahamiyati tobora ortib bormoqda. Chet tillarini o‘qitish, mashina yordamida tarjima qilish,turli xildagi lug‘atlarni tuzishda matematika, fizika, kibernetika kabi tabiiy fanlarning tilshunoslik bilan munosabati mustahkamlanmoqda.
Shuni qayd qilib o‘tish kerakki, tilshunoslik bilan bog‘liq fanlar va ularning tarmoqlari tilning ushbu fanlar nuqtai nazaridan eng ahamiyatli aspektini o‘rganadi. Masalan: sotsiolingvistika - tilning eng ahamiyatli aspekti – tilning ijtimoiy hodisa ekanligini, tilning jamiyat hayoti bilan chambarchas bog‘liq ekanligini, ya’ni tilning kommunikativ aloqa vositasi funksiyasini tadqiq etadi.
Mantiq uchun eng ahamiyatli bo‘lgan aspekt – til bilan tafakkur, mantiq bilan til kategoriyalarining o‘zaro munosabatidir. Nutq faoliyatini kuzatish afaziya (nutq buzilishi) turlarini tasnif qilish natijasida fiziolog oliy nerv sistemasining faoliyatini, nutq jarayonini o‘rganadi. Ammo fiziolog bilan sotsiologning yoki psixolog bilan faylasufning tilga bergan ta’rifi bir xil bo‘lavermaydi.
Xulosa, tilshunoslik til haqidagi mustaqil fan bo‘lib, uning obyekti – til tilshunoslikdan tashqari bir necha fanlar tomonidan o‘rganilishni talab qiladigan murakkab sohadir. Tilning mohiyatini o‘rganish va tilshunoslik fanining predmetini aniqlash masalasi, o‘z navbatida, tilni o‘rganadigan boshqa fanlarning yutuqlarini nazarda tutishi va tilshunoslikning asosiy muammolarini hal qilishda ularni hisobga olishni taqozo qiladi.
Tilshunoslikning xilma-xil ijtimoiy, tabiiy, texnik fanlar bilan aloqasi, uning boshqa fanlar orasida tutgan o‘rni haqidagi masala murakkab hisoblanadi. Rostdan ham o‘ylab ko‘rganimizda tilshunoslikni qanday fan sirasiga kiritish kerak?
Antik davr va O‘rta asrlarda Yevropada tilshunoslik falsafaning ajralmas bir bo‘lagi bo‘lgan. Bu falsafiy g‘oyalarning ustunligi va tilshunoslikni hali alohida soha bo‘lib ajralib chiqmaganligidan dalolat beradi.
Faqatgina XIX asrda tilshunoslik maydoniga alohida fan sohasi bo‘lib kirib keldi, shunga qaramay falsafa mantiq va psixologiya bilan bog‘liqligini yo‘qotmadi. Ilmiy tilshunoslikning asoschilari – eng yirik tilshunoslar, yetuk faylasuf ham bo‘lganlar. Bular – Y.Grimm, B.Gumbold, Butsdt, Chernoshevskiy va boshqalardir.
Bu ikki fan o‘rtasidagi munosabat til haqidagi fanni boyitish bilan bir qatorda unga oid ilmiy tadqiqotlarni olib borishni qiyinlashtirgan va predmetni chegaralarini yuvib yuborgan. Tilshunoslik chegaradosh sohalarga ko‘rinmay qolgan.
XIX asrning o‘rtalariga kelib tilshunoslikni ijtimoiy sohalardan ajratishga urinishlar boshlandi. Bu Darvin ta’limotining rivojlanishi tufayli amalga oshdi. Tilshunoslikda “natural maktab” oqimi paydo bo‘ldi. Uning asoschisi nemis olimi A.Shleyxer edi. U birinchi bo‘lib biologiya qonunlarini “insoniy organizm”ga ko‘chirish kerakligini aytdi va tilshunoslikni tabiiy fanlar safiga qo‘shdi. Bu tilshunoslik uchun “ozodlik” hisoblanmas, aslida u tabiiy fanlarga “asir”ga tushib qolgan edi.
XX asrning 20 yillarida tilshunoslikni alohida soha deb chiqish, uning tadqiqot predmetini aniqlash, chegaradosh sohalardan ajratish, shvetsar Ferdinand de Sassyur tomonidan e’lon qilingan shiorda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Uning aytishicha, tilni “o‘zida va o‘zi uchun” o‘rganish kerak.
Ferdinand de Sassyurning fandagi asosiy xizmati shundan iboratki, u birinchilar qatorida tilning murakkab hodisa ekanligini aniqlagan holda, yangi mukammal va aniq shakllangan umumiy tilshunoslik nazariyasini yaratib berdi. Uning ilmiy g‘oyasi tilning murakkab, ziddiyatlarga boy, ko‘p tomomnlama hodisa ekanligiga asoslangan.
Ferdinand de Sassyur fikricha, til kishilik jamiyatida bajaradigan funksiyasiga ko‘ra aloqa quroli, fikrning tabiati jihatdan qaraganda madaniy-tarixiy va ijtimoiy hodisadir. Ichki tuzilishiga ko‘ra til sof belgi-ishoralar tuzishdir.
Tilshunoslik fanining chegarasini, predmetini aniqroq aniqlash maqsadida Ferdinand de Sassyur til bilan nutqni ajratib, ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yadi. Uning fikricha, til nutq faoliyatining faqat bir tomonini tashkil etadi. Til nutqqa ziddir. Til bilan nutqning asosiy farqi – til ijtimoiy, nutq esa individual hodisadir. Garchi til bilan nutqning o‘zaro munosabatida Ferdinand de Sassyur bog‘lanishni e’tirof etsada, ikkala hodisani alohida-alohida o‘rganishni tavsiya qiladi. Fanning bu ikkala tomonini o‘rganish uchun Ferdinand de Sassyur til lingvistikasi va nutq lingvistikasini o‘rganish kerak deydi. U lingvistikani ichki va tashqi lingvistikaga ajratib, ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yadi. “Belletristlar” uchun chegaradosh masalalarni (til va madaniyat, til va tarix, til va ong va h. k.) taqdim qilib, “tashqi lingvistika” deb nomlab, tilshunoslarga “ichki lingvistika” bilan shug‘ullanishlarini aytgan. Bu yo‘nalishlar hozirgi zamonda struktural tilshunoslik asoslari hisoblanadi. Strukturachilar “ichki lingvistika” (“mikrolingvistika”)ni, “tashqi lingvistika” (“makrolingvistika”)ga qarshi qo‘yishadi. Ular tilshunoslikni ijtimoiy va tabiiy fanlardan faqatgina predmet tadqiqotlari masalasida emas, balki metodlar masalasida ham ajratmoqchi bo‘ldilar. Yangi metodlar izlab, strukturachilar tabiiy fanlarga: fizika va matematikaga murojaat qilishdi, yangi tadqiqotlar tizimini ishlab chiqishdi. Bu metodlar fizik-matematik metodlarga ko‘p jihatdan o‘xshash edi. Ayrim hozirgi zamon chet el tilshunoslari til haqidagi fanning o‘rnini aniq fanlar ichida deb biladilar. Bu fikrning to‘g‘riligini tilshunoslikning texnik fanlar bilan ham aloqasida ko‘rishimiz mumkin. (Masalan, axborot nazariyasi, kibernetika fanlari bilan bog‘liqlik). Keyingi paytlarda kompyuter tilshunosligining rivojlanishi , televideniya, kompyuter, faks, uyali telefonlar yordamida hozirgi zamon amaliy masalalari yechilmoqda. Shunday bo‘lsa ham til – o‘zining kelib chiqishi, asosiy vazifalari, rivojlanish va o‘zgarish xarakteriga qarab, ijtimoiydir, so‘zsiz til haqidagi fan ijtimoiy fandir.
Barcha fanlarga o‘xshab, u o‘zining tadqiqot doirasiga ega. Bu tilning muloqot va fikrni ifoda qilish vositasi ekanligidir. Tilning tuzilishi, kelib chiqishi, rivojlanishi va boshqa masalalar uning doirasini tashkil qiladi. Lekin bu doira aftonom emas. Bir qator ichki lisoniy masalalar - masalan tilning kelib chiqishi, rivojlanishi, tarqalishi va hokazolar boshqa ijtimoiy fanlar yordamida ham yechiladi. Chunki tilshunoslikni izalyatsiya qilish sun’iy va kuchsizdir. Bundan tashqari, teskari bog‘liqlik boshqa fanlarning tilshunoslikka tobeligi mavjud. Masalan, aloqa muhandislari nutqni uzoq masofaga yyetkazish bilan bog‘liq lisoniy masalalarni bilishlari shart. Biror bir xalqning tarixini va madaniyatini o‘rganayotgan olim, albatta, shu xalqning tiliga murojaat qiladi. Chunki til asosiy manba. Unda xalq haqida, uning madaniyati haqida yetarli ma’lumot mavjud.
Jamiyatning amaliy ehtiyojlari uchun tilshunoslikning ishlatilishi, amaliy tilshunoslik deb ataladi va til haqidagi fanning tarqalish doirasini kengaytiradi. Bu kursimizda biz hozirgi zamonda dolzarb va muhim fan sohalaridagi o‘zaro aloqalarga ahamiyat beramiz, ularga to‘xtalib o‘tamiz.
Tilshunoslikdagi muhim masalalardan biri til va nutqning o‘zaro munosabati, farqi va ularning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashdir, chunki yaqin vaqtlargacha bu ikki hodisa, ya’ni til va nutq atamalari bir ma’noda qo‘llanib, bir-biridan farq qilinmay kelindi. XX asrning 60-yillaridan boshlab, nutq va til masalasiga alohida e’tibor berila boshlandi, ularning mohiyati, tuzilishi va jamiyatdagi o‘rni haqida maxsus asarlar yuzaga keldi.
Yuzaki qaraganda til va nutq aynan bir masalaga o‘xshaydi. Shuning uchun ham ular ko‘pincha aralashtirib yuboriladi. Til bilan nutqni o‘zaro qorishtirib yuborish, ayniqsa, til mutaxassislari uchun kerakli hol emas.
Albatta til ham, nutq ham kishilik jamiyatining ma’lum bir davrida tarixiy taraqqiyot natijasida yuz bergan ijtimoiy-tarixiy hodisalardandir. Ma’lumki, sobiq sovet tuzumi davrida til va nutqning paydo bo‘lishi borasida F.Engelsning “Maymunning odamga aylanish jarayonida mehnatning roli” nomli asari asosiy manba bo‘lib kelgan. To‘g‘ri, kishilarning kundalik hayoti, doimiy ish faoliyati, bir-birlariga nimalarnidir aytish ehtiyojini tug‘diradi. Uzoq davom etgan tarixiy taraqqiyot jarayonida kishilar yashash, o‘zlarini mudofaa-muhofaza qilish uchun jamoa bo‘lib mehnat qilish chog‘ida til vositasi bilan o‘zaro aloqa bog‘lash zaruriyati yuz beradi. Ana shu zaruriyat natijasida inson tili vujudga keladi. Til ijtimoiy hodisalardan bo‘lib, kishilar orasida eng muhim aloqa, aralashuv vositasi qurolidir. Kishilar ana shu vosita yordamida o‘zaro farqlashadi, gaplashadi, biror nimani tushuntiradi yoki tushunadi, bayon qiladi yoki so‘raydi, o‘z his-tuyg‘usini ifodalaydi.
1. Bir yoki bir necha fonema birikmasidan iborat bo‘lgan; 2. Tabiat va jamiyatdagi biror narsa-hodisani bildiradigan, uning nomini ataydigan; 3. Biror ma’no - ongimizda paydo bo‘lgan tushunchalarni ifodalaydigan hodisadir. So‘z tushunchaning “moddiy” ifodasi, uning tayanchidir.
Grammatika tildagi so‘z va fonemalarga hayot bag‘ishlovchi, ularni tartibga soluvchi, boshqaruvchi hodisadir.
Qisqasi, tilning grammatik qurilishi haqidagi fandir. U nutq uchun qolip, model yaratadi, tilning grammatik qurilishi haqidagi qonun-qoidalar yig‘indisi, to‘plamidir.
Xullas, til elementlariga fonemalar tizimi, grammatik qoidalar, umumiy lug‘at tarkibi, barcha so‘zlar kiradi.
Til hali aytilmagan, gapirilmagan, ammo kishi xotirasida, ongida saqlanib turgan potensial imkoniyat sanaladi. Bu jihatdan til imorat uchun tayyorlab qo‘yilgan materialga o‘xshaydi.
Nutq til birliklari-elementlarining, ya’ni so‘zlar, morfemalar, iboralar, fonemalarning grammatik qonun-qoidalar asosida fikr olishuv, gaplashuv chog‘ida reallashuvi, ro‘yobga chiqishi, namoyon bo‘lishidir.
Bunda inson til elementlarining hammasidan emas, balki ma’lum bir qismidan foydalanadi. Masalan: Qayerga? Xo‘p. Kelasizmi? Demak, nutq og‘izdan tashqariga chiqqan, reallashgan hodisadir. Til ong, miya, xotiradagi hodisa, nutq talaffuzida namoyon bo‘ladigan organlari, ularning harakati bilan bog‘langan hodisadir.
Nutq ilgari aytilgan, hozir aytilayotgan va endi aytiladigan narsa bo‘lishi mumkin.
Til va nutq o‘zaro bog‘liq, bularning birisiz ikkinchisi bo‘lmaydi. Tilning mohiyati nutqda ochiladi. Shu holatda til-nutq ikki vazifani bajaradi: 1) biror millat yoki xalq tili shu til egalarini birlashtiradi; 2) bir xalqni ikkinchi xalqdan ajratadi.
Ma’lumki, fikr olishuvda hamma birdaniga gapirmaydi. Odatda, bir kishi gapiradi, boshqalar eshitadi.
Demak, nutq xususiy tarzda yuz beradi. Uni bir kishi, ayrim shaxs aloqa jarayonida amalga oshiradi, vaholanki, til elementlari shu til egasi bo‘lmish kishilarning hammasida mavjud. Masalan, o‘qituvchi bilan auditoriyada o‘tirgan talabalarning o‘zaro aloqasini chog‘ishtiring.
Nutq kishilarga ta’sir qilish, ularni birlashtirish, eshituvchini biror narsaga undash, jalb qilish, ishontirish kabi xususiyatlarga ega. Masalan, tibbiyotda nutq kishilarning til orqali bir-biri bilan muomala va aloqa qilishning alohida usuli, eng muhimi, chunki o‘zaro aloqaning boshqa vosita va usullari ham bor. Masalan, imo, ishora.
Xullas til va nuqning ayrim farqlari ham bor:
1.Til xalq uchun barobar xizmat qiladi, deylik boy va kambag‘al bir tilda gaplashadi, ammo undan foydalanishda, ya’ni nutqda har kim yoki ayrim guruhlar, so‘zlarni o‘ziga ma’lum ma’noda qo‘llayveradi. Masalan, o‘g‘rilar, sozandalar, qimorbozlar, dallollar...
2.Til aloqa quroli, materiali - nutq aloqa shakli.
3.Tilni ko‘pchilik, xalq yaratadi - nutqni har bir shaxs yaratadi, shuning uchun ham til hamma uchun bir xil, nutq esa ijro bo‘lish jihatdan har xil, chunki har kimning o‘z nutqi bor.
4.Tilning hayoti uzoq, xalq hayoti bilan bog‘liq, nutqning hayoti qisqa - u aytilgan paytdagina mavjud. Nutq kishining hayoti bilan bog‘liq: u o‘lsa, uning nutqi ham o‘ladi, til saqlanadi.
5.Til statik, turg‘un hodisa - nutq dinamik, faol qo‘llanuvchi hodisa, doimo harakatda: u eshitiladi, yoziladi, sezgi organlariga ta’sir qiladi.
6.Tilning hajmi keng, noaniq(albatta chegarasiz emas), nutqniki aniq; u dialog, monolog, matn, kitob ko‘rinishiga ega, ammo nutq elementlarining reallashish shakli ko‘p: men, meni, menda, mening.
7.Ayrim shaxsning ayni paytda bir necha tili bo‘lishi, ya’ni ko‘p tilli bo‘lishi mumkin, ammo nutqi ayni zamonda bitta bo‘ladi.
8. Tilda fonema, nutqda tovush mavjud, ya’ni fonema til hodisasi, tovush nutq hodisasi. (Nutq tovushlari ayrim holda tasavvur qilinganda fonema sifatida xotirada saqlanadi).
9. Tilda qisqartish xos emas, ammo nutqda qisqartish xarakterlidir. Masalan: Muhammad, Mohira va Mamat, Moh.
Xuddi shuningdek, tildagi o‘zgarishlar nutqdagi o‘zgarishlarning ko‘rinishidir, chog‘, bog‘ga, keldi, ya’ni bog‘ga, ketdi til hodisasi, boqqa, ketti nutq hodisasi.
10. Nutq intonatsiyalar, mimika, imo-ishora ishtirok etsa, tilda bular bo‘lmaydi.
11. Nutq kishilarning qaysi tilda gaplashayotganini, qaysi tilda foydalanayotganini bildiradi. Har bir tilning yashashi kishilarning shu tilda gaplashib turishiga bog‘liq, aks holda til o‘ladi. Masalan: Qadimgi yunon, lotin, eski xorazm tillari “o‘lik” tilga aylangan. Binobarin, bu til bo‘lmasa, nutq yo‘q, nutq bo‘lmasa tafakkur yo‘q.
12. Til ijtimoiy hodisa, nutq anotomik-fiziologik asosga esa, shuning uchun nutq psixik hodisa. Albatta, nutqda ham ijtimoiylik mavjud, chunki u ham til va ong bilan barobar rivojlangan, ular bilan uzviy bog‘liq.
13. Til birligi fonema, so‘z, morfema, nutq birligi esa allofon (tovush), allomorf, glossa (so‘zning konkret realizatsiyasi), so‘z birikmasi, gap.
Madaniyat-inson faoliyati va shu faolliyatning ahamiyatini belgilovchi ramziy qurilmalar va asarlar majmuidir. Madaniyat musiqa, adabiyot, badiiy tasvir, me’morchilik, teatr, kinematografiya, turmush tarzi kabi faoliyatlarda namoyon bo‘lishi mumkin. Antropologiyada "madaniyat" atamasi ostida mahsulotlar va ularni ishlab chiqarish, estetik ma’no berish, hamda shu jarayonlarga bog‘langan ijtimoiy munosabatlar tushuniladi. Bu ma’noda madaniyat o‘z ichiga san’at, fan va ma’naviy tizimlarni oladi.
Madaniyat — jamiyat, inson ijodiy kuch va qobiliyatlari tarixiy taraqqiyotining muayyan darajasi. Kishilar hayoti va faoliyatining turli ko‘rinishlarida, shuningdek, ular yaratadigan moddiy va ma’naviy boyliklarda ifodalanadi.
"Madaniyat." tushunchasi muayyan tarixiy davr (antik madaniyat.), konkret jamiyat, elat va millat (o‘zbek madaniyati), shuningdek, inson faoliyati yoki turmushining o‘ziga xos sohalari (mas, mehnat madaniyati, badiiy madaniyat, turmush madaniyati)ni izohlash uchun qo‘llaniladi. Tor ma’noda "Madaniyat" atamasi kishilarning faqat ma’naviy hayoti sohasiga nisbatan ishlatiladi.
"Madaniyat" arabcha madina (shahar) so‘zidan kelib chiqqan. Arablar kishilar hayotini ikki turga: birini badaviy yoki sahroiy turmush; ikkinchisini madaniy turmush deb ataganlar. Badaviylik — ko‘chmanchi holda dasht-u sahrolarda yashovchi xalqlarga, madaniylik — shaharda o‘troq holda yashab, o‘ziga xos turmush tarziga ega bo‘lgan xalqlarga nisbatan ishlatilgan.
Madaniyat - umuminsoniy hodisa, faqat bir xalqqa tegishli, faqat bir xalqning o‘zigina yaratgan sof madaniyat bo‘lmaydi va bo‘lishi ham mumkin emas. Har bir milliy madaniyatning asosiy qismini shu millat o‘zi yaratgan bo‘lsada, unda jahon xalqlari yaratgan umuminsoniy madaniyatning ulushi va ta’siri bo‘ladi, albatta. Madaniyat hech qachon sinfiy hodisa bo‘la olmaydi. U barchaga baravar xizmat qiladi. Masalan, san’at va adabiyot durdonalari, me’morlik obidalari, maqomlar, fan yutuqlari va boshqa barchaga tegishlidir.
Madaniyat kishilar faoliyatining faqat moddiy natijalari (mashinalar, texnik inshootlar, san’at asarlari, huquq, axloq normalari va h.k.)ni emas, shu bilan birga, kishilarning mehnat jarayonida voqe bo‘ladigan subyektiv kuch-quvvatlari va qobiliyatlari (bilim va ko‘nikmalari, ishlab chiqarish va professional malakalari, intellektual, estetik va axloqiy kamoloti, dunyoqarashi, ularning jamoa va jamiyat doirasidagi o‘zaro muomalalari)ni ham o‘z ichiga oladi.
Madaniyatning 2 asosiy turi — moddiy va ma’naviy ishlab chiqarishga qarab moddiy va ma’naviy madaniyatga bo‘linadi. Moddiy madaniyat moddiy faoliyatning barcha sohalarini hamda uning natijalari (mehnat qurollari, turar joy, kundalik turmush buyumlari, kiyim-kechak, transport, aloqa vositalari va boshqalar)ni o‘z ichiga oladi. Ma’naviy madaniyatga ong , ma’naviyat sohalari kiradi (bilim, axloq, ta’lim-tarbiya, huquq, falsafa, etika, estetika, fan, san’at, adabiyot, mifologiya, din va boshqalar).
Har bir jamiyat o‘z madaniyati va tiliga ega. Jamiyatlarning almashinishi bilan madaniyat tipi ham o‘zgaradi, biroq bu hol madaniyat taraqqiyoti uzilib qolganini, eski madaniyat yo‘q bo‘lib madaniy meros, o‘tmish qadriyatlardan voz kechilganini anglatmaydi. Zotan, har bir yangi jamiyat o‘zidan ilgarigi jamiyatning madaniy yutuklarini zaruriy ravishda meros qilib oladi va ularni ijtimoiy munosabatlarning yangi tizimiga kiritadi.
Madaniyatshunoslik fanini o‘rganishda madaniyat so‘zining ma’no-mazmunini bilish, idrok qila olish muhim o‘ringa ega. Madaniyat so‘zi Madina shahri nomi bilan bog‘liq holda kelib chiqqan. Madina - to‘liq arabcha nomi Madinat-Rasulilloh, ya’ni payg‘ambar shaxri hisoblanib, obodonchiligi, ko‘rkamligi bilan Arabistondagi aholi yashaydigan boshqa manzilgoxlardan ajralib turar edi. Shuningdek, Madina Makkadan keyin musulmonlar ibodat qiladigan eng yirik shahardir. SHu tarika madaniyat so‘zi bizning o‘lkamizga Madina shahri nomi bilan, islom dini bilan bog‘liq tarzda kirib kelgan.
Fanda, odamlar o‘rtasidagi mulokatda madaniyat so‘zi bilan bir qatorda kultura so‘zi ham ishlatiladi. Kultura so‘zi lotincha "culture" so‘zidan olingan bo‘lib, "ishlov berish", "ekib o‘stirish" ma’nosini bildiradi. Rus faylasuflari N.Berdyayev va V.Rozinovlar "kultura" so‘zining "kult" ya’ni diniy ibodat, siginish so‘zidan kelib chiqqanligini kayd etganlar.
Hozirgi paytda insoniyat faoliyatining ko‘pgina sohalarida madaniyat yoki kultura so‘zi qo‘llaniladi. Qadimgi Rimda madaniyat deganda shaxsning tarbiyalanganlik, ma’rifatlilik darajasi tushunilgan. Keyinroq madaniyat deganda shaxsning qadr-qimmati, takomilligi tushunilgan. Nemis faylasufi F.SHiller kishilardagi insoniylik fazilatlarini, uning ichki dunyosi, ma’naviylik darajasini madaniyat deb tushuntirgan. Amerikalik madaniyatshunos olim Eduard Teylor (1832-1917) madaniyat atamasini ilm-fanga kiritdi. Teylor o‘zining "Pervobbitnaya kultura" (1871) asarida: "madaniyat keng ma’noda kishining jamiyat a’zosi sifatida o‘zlashtirgan bilimi, e’tikodi, san’ati, axloq- odobi, qonun-qoidalari va boshqa bir qator qobiliyatlari va odatlari yigindisidan tashkil topadi", deb ta’kidlaydi.
Faylasuf va madaniyatshunos V.M.Rozin iborasi bilan aytganda "Kancha yirik madaniyatshunos bo‘lsa shuncha nazariyalar, tushunchalar mavjud" (V.M. Rozin. Kulturologiya. Uchebnik. - M., 1998, 49-bet). Darhaqiqat, E.Teylor zamonida madaniyatning 7 ta ta’rifi bo‘lgan bo‘lsa, 1950 yillarda uning soni 150 taga, hozirgi kunda esa madaniyatga berilgan tushunchalar soni 400 taga yetadi. Bu ta’riflar umumlashtirilsa madaniyat so‘zining ma’no-mazmunini quyidagicha tushunish mumkin:

  1. Madaniyat-uzoq tarixiy taraqqiyot jarayonida insoniyat tomonidan yaratilgan moddiy va ma’naviy boyliklar, asori-atikalar yigindisi.

  2. Madaniyat - u yoki bu jamiyatga xos falsafiy qarashlar, ilm, fan, maorif, san’at, axloq, din, huquq, siyosat, maishiy xizmat ko‘rsatish darajasini aks ettiruvchi omillar, ijtimoiy taraqqiyot darajasi.

  3. Madaniyat - insonlar hayotida, jamiyat rivojida shakllangan milliy, umuminsoniy qadriyatlar majmui.

  4. Madaniyat - har bir kishining tarbiyalanganligi, insoniylik fazilatlari va ijodiy faoliyatining ifodasidir.

Madaniyatni qo‘llanilishiga karab shaxsiy, oilaviy, kasbiy, tabaqaviy, milliy madaniyat, jamiyat madaniyati, umuminsoniy madaniyat kabi shakllarga bo‘lib o‘rganish ham mumkin. Kundalik hayotda "muomala madaniyati", "mehnat madaniyati", "nutq madaniyati", "ishlab chiqarish madaniyati", "xizmat ko‘rsatish madaniyati", "dam olish madaniyati", "huquqiy madaniyat" kabi tushunchalar ham qo‘llaniladi.
Madaniyat inson hayotida muhim vazifalarni bajaradi. Ular orasida quyidagilarni alohida ta’kidlab ko‘rsatish mumkin.
Madaniyat, avvalo, ijtimoiy vazifalarni, ya’ni shaxsni, odamni inson qilib shakllantirish va tarbiyalash vazifasini bajaradi. Madaniyat har bir shaxsning insoniyat yaratgan bilimlarni, ma’naviy qadriyatlarni, tartib-qoidalarni o‘zlashtirib olish, tarbiyalash, jamiyatning to‘la huquqli a’zosi sifatida faoliyat yuritish qobiliyatini shakllantirish vazifasini bajaradi. Insonning tabiat hukmronligidan ajralib chiqishi madaniyatga xos ayrim elementlarning shakllanishi bilan birga sodir bo‘ladi. Aynan madaniyat orqali har bir shaxs jamiyatda to‘plangan tajribalarni, an’analar va urf-odatlarni turmush tarzini o‘zlashtiradi, ular keyingi avlodlarga etkaziladi.
Madaniyat axborotlarni o‘zlashtirish, bilish, tushunish vazifasini bajaradi. Madaniyat inson uchun dunyoni bilish, dunyo to‘g‘risida turli ma’lumotlar, axborotlar olish, ularni avloddan avlodga o‘tib borishini ta’minlaydi.
Madaniyat tartibga soluvchi vazifani ham bajaradi, ya’ni kishilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni belgilangan tartib-qoidalar, axloqiy-huquqiy normalar asosida tartibga solishga xizmat qiladi.
Madaniyat kishilar o‘rtasida o‘zaro fikr almashuv bilan bog‘liq bo‘lgan, aloqa uchun xizmat qiladigan vazifani bajaradi. Bu borada til asosiy vosita rolini o‘ynaydi. Gap shundaki, madaniyatning bir qator sohalari - fan, san’at, texnika va boshqalarning o‘ziga xos tili bo‘lib, ularni bilmasdan turib madaniyatni to‘laligicha bilib bo‘lmaydi.
Qadriyat, hayotda qadriyatlarga moslashish, qadriyatlarni mo‘ljallab ish tutish madaniyatshunoslik fanining muhim kategoriyasidir.
Kishilar ongida qadriyat kategoriyasi turli narsa va hodisalarni taqqoslash orqali shakllanadi. Inson dunyoni anglab olgandagina, dunyoda sodir bo‘lgan va bo‘layotgan hodisalar, voqealar, o‘zgarishlarni tushunib yetgandagina, o‘zining hayoti uchun nimalar muhim yoki muhim emasligini, nimalarsiz yashash mumkin yoki mumkin emasligini ajrata oladi. Tabiiyki, har bir inson o‘z qadriyatlar dunyosini o‘zicha aniqlaydi. Demak, qadriyatlar bu narsalar emas, balki narsalarga, hodisalar va boshqalarga munosabatdir. Shunday qadriyatlar borki, ularsiz ma’lum davr madaniyati kemtik, noqulay bo‘lib qoladi. Shaxs madaniyati misolida bu holatni quyidagicha tasvirlash mumkin bo‘ladi: qadriyat shunday narsaki, usiz biron shaxsning to‘la yoki qisman mavjudligi o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Masalan, oshiq bo‘lib qolgan odam uchun o‘z sevgilisi, ota-ona uchun o‘z farzandi, olim uchun ilm-fan shunday qadriyatki, undan mahrum bo‘lsa hayotning qizig‘i qolmaydi. Har bir davr madaniyatining shunday qadriyatlar tizimi borki, ularsiz mazkur madaniyatning mavjudligi mazmunsiz bo‘lib qoladi.
Qadriyatlar - borliq va jamiyat, narsalar, voqealar, hodisalar, inson hayoti, moddiy va ma’naviy boyliklarning ahamiyatini ko‘rsatish uchun qo‘llaniladigan tushuncha. Qadriyatlarni madaniyat singari moddiy va ma’naviy qadriyatlarga ajratish mumkin. Moddiy qadriyatlarga insonlar uchun jismoniy qulayliklar yaratuvchi xo‘jalik, texnik, sog‘liq, jinsiy juftlik, boylik, qulay maishiy shart-sharoitlar, toza suv, sifatli oziq-ovqat va boshqalarni kiritish mumkin.
Milliy qadriyatlar murakkab ijtimoiy-ruhiy hodisa bo‘lib, u millatning genofondi, tili, turmush tarzi, madaniyati, tarixi, urf-odatlari, an’analari, milliy ongi, moddiy va ma’naviy boyliklari, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha jihatlarida namoyon bo‘ladi. O‘z milliy qadriyatiga ega bo‘lmagan millat yo‘q. Milliy qadriyatlarning sohibi muayyan millatdir. Millatning tanazzuli ayni holda milliy qadriyatlarning tanazzuli hamdir. Har bir millat o‘z qadriyatlarini yaratuvchisi, asrab-avaylovchisi va kelajakka yetkazuvchisi hamdir. Millat siyosiy jarayonlar natijasida biror imperiya yoki davlatga qaram bo‘lib qolganda ham o‘z milliy qadriyatlarini saqlash tuyg‘usi yo‘qolib ketmaydi, milliy qadriyatlari ma’lum darajada saqlanib qoladi.
Umuminsoniy qadriyatlar - odamzod uchun, kishilik jamiyati uchun eng qadrli bo‘lgan narsalar, hodisalar, faoliyat va boshqalarning umumijtimoiy qadrini, ahamiyatini ifodalash maqsadida qo‘llaniladigan tushunchadir. Umuminsoniy qadriyatlar kategoriyasining mazmunini to‘liq anglab yetish uchun, avvalo, umuminsoniylik tushunchasining ma’nosini bilmoq zarur. Umuminsoniylik deganda odamlar uchun umumiy bo‘lgan mezonlar, obyektiv va subyektiv holatlar, xususiyatlar, shart-sharoitlar va boshqalar tushuniladi.
Umuminsoniy qadriyatlar deganda umumjamiyat, butun insoniyat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan, insoniyatning mavjudligi, o‘tmishi, buguni va kelajagini, yashashning asosiy yo‘nalishlari, qonun-qoidalari, talab va tartibotlarini, odamlarning eng azaliy orzu-umidlari va idealarini o‘zida aks ettiradigan qadriyatlar nazarda tutiladi. Butun insoniyat uchun umumiy foydalanish imkonini beradigan universal texnologiyalar, ishlab chiqarish, boshqarishni tashkil etish, kosmonavtika, kibernetika, axborot texnologiyalari umuminsoniy qadriyatlar jumlasiga kiradi. Umuminsoniy qadriyatlarga madaniyat, ma’naviyat, fan, din, san’at, huquq, siyosat, ijtimoiy ong shakllari bilan bog‘liq yutuqlar, kashfiyotlar, yaratilgan boyliklar, ma’naviy kamolotning yo‘nalishlari, vositalari kiradi. Inson, uning hayoti, yaxshilik, go‘zallik, adolat, haqiqat, erkinlik, tenglik, do‘stlik, muhabbat, baxt-saodat, vatanparvarlik va hokozolar umuminsoniy qadriyatlarning eng oliysi, ideal qadriyatlardir. Inson mohiyatan o‘zida madaniyat tashuvchi va madaniyat yaratuvchi mavjudotdir.
Nazorat uchun savol va topshiriqlar:
1. Lingvomadaniyatshunoslik fanining an’anaviy va zamonaviy lingvistik fanlar
bilan bog‘liqligini izohlang.
2. Lingvomadaniyatshunoslikning qanday yo‘nalishlari mavjud?
3. Diaxronik lingvomadaniyatshunoslikning tadqiqot obyekti nima?
4. Chogishtirma lingvomadaniyatshunoslikning tadqiqot obyekti nima?
5. Lingvomadaniy leksikografiyaning tadqiqot obyekti nima?
6. Lison va nutqni farqlang.
7. Madaniyat nima?
8. Qadriyat nima va uning ko‘rinishlarini sharhlang?

Download 321.66 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   39




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling