Yollash shartnomalari. Ular uch xil, ya’ni ashyolarni ijaraga olish, xizmatchilarni yollash va pudrat shartnomalaridan iborat bo’lgan. Ularning uchalasi ham oldi-sotdi shartnomasi kabi konsensual va sinallagmatik shartnomalar bo’lgan. qadimgi Rimda dastlab shartnomalar iqtisodiyotning rivojlanishi bilan ana shunday turlari kelib chiqqan. Keyinchalik shunday turlarga bo’lingan.
Narsalarni ijaraga olish. Bunda quyidagi belgilar mavjud bo’lgan:
A. Ijaraga beruvchi (lokator)ning majburiyatlari:
1) xaridorga buyumni to’liq, bus-butun holatda berish;
2) alohda belgili narsani berish;
3) vaqtinchalik foydalanish uchun berish;
4) lozim bo’lib qolsa, ijarachining huquqlarini himoya qilish;
5) agar ijaraga beruvchining aybi bilan ashyoda kamchilik borligi ma’lum bo’lsa, uni tuzatish uchun ketgan xarajatlarni to’lash.
B. Ijaraga oluvchining majburiyatlari:
1) shartnomada belgilangan vaqt tugashi bilan ashyoni qaytarish;
2) ashyoni bus-butun holatda qaytarish;
3) shartda ko’rsatilgan haq bilan birga qaytarish;
4) olingan ashyodan uning tayinlanish maqsadi bo’yicha foydalanish;
5) ashyodan shartnoma shartlariga muvofiq foydalanish.
Ijara haqining pul yoki ashyo bilan to’lash mumkin bo’lgan. Masalan, yerni ijaraga olib ishlagan kishi hosilning bir qismini berishi mumkin bo’lgan. Prekor usulida, masalan, shartnoma bir yilga tuzilgan bo’lsa, agar ijaraga beruvchi indamasa, o’z-o’zidan yana bir yilga cho’zilavergan. Ijara haqini qismlarga bo’lib, ya’ni har uch oyda, har yili, har oyda to’lash ham mumkin bo’lgan. Ijaraga olgan kishi ashyoni yana boshqa odamga ijaraga berishi ham mumkin bo’lgan. Ijarachining shu mulkka (masalan, yerning holatini yaxshilash, imoratlarni ta’mirlashga va h. k.) sarflagan xarajatlarini qoplash ancha murakkab masala bo’lgan va sud orqali da’vo tartibida hal etilgan.
Ijara shartnomasi quyidagi hollarda bekor qilingan:
1) shartnoma muddatining tugashi;
2) ijarachining ikki yil ichida ijara haqini to’lamasligi;
3) ashyodan noto’g’ri foydalanish;
4) berilgan ashyo ijaraga beruvchining o’ziga kerak bo’lib qolgan taqdirda.
Do'stlaringiz bilan baham: |